Home / MAQOLALAR / OʻRTA ASRLARDAGI ISLOM MADANIYATIDA INTЕLLЕKTUAL TARAQQIYOTNING VUJUDGA KЕLISHIDA VORISIYLIK ANʼANALARI: TADQIQOTLAR TAHLILI

OʻRTA ASRLARDAGI ISLOM MADANIYATIDA INTЕLLЕKTUAL TARAQQIYOTNING VUJUDGA KЕLISHIDA VORISIYLIK ANʼANALARI: TADQIQOTLAR TAHLILI

Oʻzbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyib, barcha sohalarda oʻzgarishlar roʻy berayotgan bugungi kunda ilm-fanga yangicha yondashuvlarni olib kirish dolzarb vazifaga aylandi. Shu bois har bir fanda fundamental tadqiqotlar olib borish, yangicha xulosalarni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Islom dini va falsafasiga doir tadqiqotlarni chuqurlashtirish, arab-musulmon sivilizatsiyasiga bugungi kun nuqtai nazaridan yondashish kerak. Shuning uchun ham falsafa tarixiga doir tadqiqotlarni kengaytirish, unda islom madaniyati va falsafasida ilmiy-intellektual faoliyat rivojlanishiga oid izlanishlarning mantiqiy izchilligini taʼminlash zarur. Bu orqali bugungi kunda islomning asl insonparvarlik mohiyatini, ilmni qadrlovchi jihatlarini ochib berish mumkin boʻladi. Zero, Prezidentimiz aytganidek: “Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi, jaholatga qarshi – maʼrifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash boʻyicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” degan nom bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilish haqida bildirilgan taklifimiz jahon miqyosida keng qoʻllab-quvvatlanmoqda” [1:482]. Bunday islohotlarni jadallashtirish, ilmiy tadqiqotlarni koʻpaytirish, ilm-fanni rivojlantirish, umuman olganda, jamiyatning maʼrifatlilik darajasini oshirish orqali jaholatga qarshi samarali kurashish mumkin boʻladi.

Gʻarb va Sharq olimlari, sharqshunoslari islom falsafasining Yevropa falsafasi va xristian ilohiyoti, hind va fors madaniy merosi bilan bevosita yoki bilvosita aloqasi borligini eʼtirof etadi. Oʻrta asrlarga tegishli ilmiy manbalarda ham bu argument toʻla isbotlangan. Islom falsafasi suriyaliklar, arablar, eronliklar, turkiy xalqlar, barbarlar va boshqa millat vakillarining dunyoqarashi va asarlari asosidagi murakkab fikriy jarayonning hosilasidir. London imperial kolleji professori Rim Turkmaniyning fikricha: “Islom tamadduni faqat qadimgi yunon falsafasinigina saqlab qolgani yoʻq. Musulmonlar insoniyatning asrlar davomida toʻplagan intellektual-ilmiy merosini toʻliq egallab, nafaqat astronomiya va matematika, balki boshqa barcha bilimlarni ham oʻzlashtirdi va bashariyatni mutlaqo yangi ilmiy darajaga olib chiqdi. Arablar gʻoyatda qiziquvchan, izlanuvchan odamlar edi. Tarjimonlik harakatining dastlabki yillaridan boshlab islom olimlari yangi, inqilobiy gʻoyalarni ilgari surdi” [2:61]. Natijada keyinchalik Yevropa madaniyatiga taʼsir koʻrsatgan, ilm-fani uchun nazariy asos boʻlgan meros yaratildi. Ulardan gʻarbliklar asrlar davomida foydalandi.

Sharqshunos olimlarning tahliliga koʻra, ummaviylarga qaraganda abbosiylar davrida ilm-fan yaxshi rivojlangan va buning uchun yetarlicha tinch va ragʻbatlantiruvchi ijtimoiy muhit shakllangan. Tarixchi olim B.Abduhamidovning fikricha, ummaviylar hukmronligi yillarida diniy ilmlar va arab tiliga eʼtibor berilgan boʻlsa, abbosiylar davrida tabiiy-ijtimoiy va boshqa fanlarga eʼtibor kuchaydi [3:10]. Abbosiylar sulolasining intellektual madaniyat yaratish istagi nafaqat islom saltanatidagi, balki dunyoning koʻplab olimlarini ham oʻziga jalb qildi. Biroq bu ummaviylar davrida ilm-fan rivojlanmadi, degani emas. Ummaviylar xonadonidan chiqqan xalifalar deyarli bir asr davomida hokimiyatni mustahkamlash bilan band boʻldi. Bu jarayon ular davrida ilm-maʼrifat abbosiylar davridagidan koʻra biroz sustroq rivojlanishiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

Bu davrda Yaqub Rahoviyning ilohiyot va falsafaga doir asarlari ommalashishi erkin fikr mavjud boʻlganidan dalolat beradi. London imperial kolleji professori Rim Turkmaniyning fikricha: “Bu yerda musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar, sobiylar va boshqa olimlar yonma-yon ishlagan. Turli maktab vakillari hamkorlik qilgan bu erkin ijodiy muhit ularga yangi-yangi kashfiyotlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo etgan” [4:61]. Natijada islom madaniyati yanada rivojlangan.

Alambe Jourdanning 1819 yilda nashr etilgan “Arastu asri yunon hujjatlarining arab tiliga qilingan tarjimalari tanqidi” kitobi yunon madaniyati va ilmiy merosining arab mintaqasiga kirib kelishi va koʻrsatgan taʼsirini yorituvchi dastlabki manbalardan biridir [2:18-19]. Bu manbada islom falsafasiga xristian sivilizatsiyasi, yunon falsafiy taʼlimotlari va lotin tilidagi ilmiy yutuqlarning taʼsiri ochib berilgan. 1852 yili Ernest Renanning “Ibn Rushd va uning falsafasi” [7:65] nomli kitobi nashr etilgan va unda bu mutafakkirning qarashlari shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan omillar va yunon falsafasining taʼsiri yoritib berilgan. Solomon Munkning “Yahudiy va arab falsafasi majmui” [8:88] nomli asarida yahudiylar va arablarning ilmiy-intellektual faoliyatidagi oʻziga xosliklar, oʻxshash jihatlar va vorisiylik asoslari tahlil qilingan. Islom falsafasining shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan Gʻarb madaniyati anʼanalari va diniy taʼlimotlarining asoslari oʻrganilgan va bu asar hozirgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Oʻtgan asrning boshida De Boyer “Islomda falsafa tarixi” [9:122] asarini nashr ettirgan va unda islom falsafasi va ijtimoiy fikr rivojining oʻziga xos xususiyatlari, erishgan yutuqlari, faylasuf olim va mutafakkirlarning islom nuqtai nazaridan pozitsiyalari tahlilini keltirgan. Shuningdek, bu davrda De Lasi Oleariyning “Islomiy tafakkur va uning tarixdagi oʻrni” [10:124] asari ham nashr etilgan va unda islom diniy-falsafiy tafakkurining shakllanishi, rivojlanishi va oʻziga xos goʻzal shaklga ega boʻlishiga taʼsir koʻrsatgan ijtimoiy muhit va madaniyatlarning aloqasi va vorisiyligi tadqiq etilgan. Shu bilan birga, Kruz Hernandezning “Andaluziya musulmon falsafasi” [11:174], Montgomeri Uottning “Islom falsafasi va ilohiyoti” [12], Henri Korbonning “Islom falsafasi tarixi” [13:82], Mojed Faxriyning “Islom olamida falsafa dovoni” [14:88] kitoblari nashr etilgan. Bu asarlarda ham islom falsafasining shakllanishi va rivojlanishiga ilmiy-intellektual faoliyatning, ilmiy yutuqlarning yuzaga kelishiga taʼsir koʻrsatgan omillar, tashqi taʼsirlar, Gʻarb falsafasining kirib kelish jarayonlari tahlil qilingan.

Abbosiylar davrida islom ilm-fani va madaniyati rivojiga taʼsir koʻrsatgan eng asosiy omillardan biri erkin ijtimoiy muhit va ragʻbatlantiruvchi sharoit yaratilishi boʻlgan. Bu davrda ilm va ilm ahliga nisbatan izzat-hurmat shunchalik yuqori darajada ediki, bunday holatni na biror davr, na biror mamlakatda, hatto koʻklarga koʻtarib maqtalgan Yevropada ham uchratmaymiz [16:198].

Islom falsafasining shakllanishiga nafaqat yunon madaniy va ilmiy merosi, balki Eron va Hindistondagi falsafiy fikrning rivoji, ilmiy va diniy taʼlimotlarning taʼsiri ham kuchli boʻlgan. Natijada u sayqallanib borgan va oʻzida tarli madaniyatlarning ijobiy jihatlarini mujassamlashtirgan.

Faylasuf olim M.Qodirovning fikricha: “Eng qadimgi arab tilidagi manba boʻlgan Ibn Nadimning “Al-fehrist” (“Roʻyxat”) kitobidagi maʼlumotlarga koʻra, birinchi marta kimyo, astronomiya va tabobatga doir asarlarni arab tiliga tarjima qilish tashabbusi Ummaviy amir Xolid ibn Yazidga taalluqli ekan. Ilgari zardushtiylik dinida boʻlib, keyin islomga kirgan Abdullo ibn Muqaffaning hind olimi Bidpoy Hakimning “Kalila va Dimna” asarini paxlaviy tilidan arabchaga tarjima qilgani katta ahamiyatga ega boʻldi. Uning qadimgi fors tilidan arab tiliga qilgan tarjimalaridan “Xudoynoma” (“Qadimgi fors davlatchiligi tarixi”), “Oyinnoma” (“Yoʻl-yoʻriqlar, urf-odatlar”), “Mazda kitobi”, “Anushervonning hayot yoʻli” va boshqa adabiy-axloqiy risolalari islom mintaqasi madaniyatining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan” [17:13]. Shunday ekan, islom falsafasi oʻz davrida turli madaniyatlar kesishuvi, uchrashuvi, hamkorligi va oʻzaro sintezlashuvining hosilasi sifatida yuzaga keldi va oʻzida boshqa madaniyatlarning eng goʻzal anʼanalarini takomillashtirganini namoyon qildi.

Mashhur tarjimon Ibn Muqaffa Abbosiy xalifa Mansur uchun Arastuning “Kategoriyalar” (“Maʼqulot”), “Birinchi analitika” (“Tahlile avval”), Porfiriyning “Isogʻuchi” (“Mantiqqa kirish”) asarlarini arab tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, bu xalifaning hukmronligi davrida Arastuning bir nechta risolasi, Ptolemeyning “Almagest”, Yevklidning “Geometriya usuli” va boshqa bir qancha asarlar arab tiliga tarjima qilingan. Zero, G.E.fon Gryunebaumning fikricha: “Agar grek, suryoniy va eroniy madaniyat orqali oʻtgan ellinistik merosning taʼsiri boʻlmaganda, klassik musulmon madaniyati yuksak darajaga erisha olmagan boʻlur edi” [14:45]. Shuningdek, London qirollik kolleji professori Peter Adamsonning taʼkidlashicha: “Yevklidning “Ibtidolari” matematika tarixida eng ulkan inqilob yasagan asarlardan biridir. Yevklid uni qadimiy Yunonistonda, Arastu va Aflotun davrida yozgan. Uning sahifalarida chizmalar juda koʻp, chunki bu geometriyaga oid kitobdir. “Ibtidolar” qadimiy yunon olimlari uchun ham, zamonaviy olimlar uchun ham ilmiy ijod namunasi boʻlib, undagi bilimlar birlamchi asoslarga suyangan holda hosil qilingan. Biroq eng qizigʻi shundaki, Yevklid qalamiga mansub bu kitob IX asrda Bagʻdodda Yevropa xalqlari tiliga yunonchadan emas, arab tilidan tarjima qilingan. Tarjima keng koʻlamli ilmiy loyiha doirasida amalga oshirilgan. Abbosiy xalifalarning amriga muvofiq, qadimgi yunon olim va faylasuflarining asarlari arab tiliga tarjima qilingan” [13:26]. Olimning xulosalaridan koʻrinadiki, bu davrda tarjimonlikka sharafli faoliyat sifatida qaralgan va unga hukmdorlar yetarlicha moliyaviy mablagʻ yoʻnaltirgan. Bu esa ilmiy-intellektual faoliyatning rivojlanishiga asos boʻlgan.

Oʻrta asrlar islom falsafasi va madaniyatining yutuqlaridan keyinchalik yevropaliklar ham bahramand boʻldi. Irlandiyalik arabshunos olim M.Uott “Islomning Oʻrta asr Yevropasiga taʼsiri” nomli asarida boshqa yevropalik olimlardan farqli oʻlaroq, quyidagi haqiqatni tan olgan: “Yevropaliklar ayniqsa falsafa va tibbiyot sohasida musulmon madaniyatidan qanchalik qarzdor ekanini toʻliq his qilganicha yoʻq. Koʻpincha musulmon madaniyatining ijobiy taʼsiri va koʻlamini pasaytirish, hatto tamoman esga olmaslikka urinamiz. Bizning musulmonlar bilan yaxshi munosabatimiz ularning oldida qanchalik qarzdor ekanimizni tan olishga majbur qiladi. Buni yashirish yoki tan olmaslik soxta gʻururdan boshqa narsa emas” [13]. Yevropaliklar Sharq xalqlarini mensimay, oʻzini qanchalik baland olmasin, ularga madaniyat, sanʼat, adabiyot, turmush tarzi, kiyinish va hokazolar arab-musulmon madaniyatidan oʻtgani ayni haqiqat.

Xulosa qilganda, ilk Oʻrta asrlarda islom madaniyati va falsafasining shakllanishida va rivojlanish choʻqqisiga chiqishida, Gʻarb madaniyati, yunon ilmiy merosi va xristian dunyoqarashining taʼsiri yuqori boʻlgan boʻlsa, Oʻrta asrlarning ikkinchi va uchinchi davrida Sharq madaniyati va ilm-fani yutuqlari Gʻarb olamiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Umuman olganda, arablar Eron, Xindiston va Xitoyning madaniy yutuqlarini sintezlangan va takomillashgan koʻrinishda yevropaliklarga taqdim etgan. 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Sh.M.Mirziyoyev. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. 2-tom. –T.: Oʻzbekiston, 2018.
  2. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Olam va odam, din va ilm. –T.: HILOL-NASHR nashriyoti. 2019.
  3. B.Abduhalimov. Baytul hikma va Markaziy Osiyo olimlarining Bagʻdoddagi ilmiy faoliyati. –T.: Oʻzbekiston, 2010.
  4. A.Jourdain. Recherches critiques sur Lʼage et Lʼorigine des traductions dʼAristote. –Paris.
  5. E.Renan. Averroes et Lʼaverroisme. –Paris, 1882; Renan. De philosophia peripatetica apud Suros. –Paris, 1852.
  6. S.Munk. Melanges. De philisophie juive et arabe. –Paris, 1859.
  7. De Boer, T. J. Geschichte der Philosophie in Islam. –Stuttgart, 1901.
  8. Oʻleary, De Lacy. Arabic Thought and its Plase in History. –1922.
  9. Czuz Hernandes, M. Filosofia hispano-musulmana. –Madrid, 1957.
  10. Watt W. M. Islamic Philosophy and Theology. –Edingburgh, 1962.
  11. Corbin H. History de la Philosophie islamique. –Paris, 1964.
  12. ماجد فخرى. سير فلسفه در جهان اسلام.//Mojed Faxriy. Islom olamida falsafa davoni. –Tehron, Tehron universiteti nashriyoti. Hijriy 1372/1983.
  13. F.Sulaymonova. Sharq va Gʻarb. –T.: Oʻzbekiston, 1997.
  14. M.Qodirov. Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharqning falsafiy tafakkuri (Oʻrta asrlar). Oʻquv qoʻllanma. –T.: ToshDSHI nashriyoti. 2009.
  15. G.E.Gryunebaum. Osnovnыye chertы arabo-musulmanskoy kulturы. –M. 1981.
  16. Nikolas Resher. K istorii arabskoy logiki. (Arab mantigʻi tarixiga doir). –Pitsburg. Izd-vo Pitsburgskogo universiteta. 1963.
Ilyosjon SIDDIQOV,
Fargʻona Davlat universiteti
falsafa kafedrasi katta oʻqituvchisi,
falsafa doktori (PhD)

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …