Home / ALLOMALAR / XOLIS TOSHKANDIY VA ABDUQAYUM VAHMIY IJODIDA ISLOM TARIXI VOQЕALARINING BADIIY TALQINI (XIX ASR)

XOLIS TOSHKANDIY VA ABDUQAYUM VAHMIY IJODIDA ISLOM TARIXI VOQЕALARINING BADIIY TALQINI (XIX ASR)

Oʻzbek mumtoz adabiyotida XIX asr qissanavislik anʼanasining sermahsul davri hisoblanadi. Ayniqsa, bu davr ijodkorlari islom tarixi boʻyicha oʻziga xos badiiy ijod namunalarini yuzaga keltirgan. Ular islom tarixi voqealarini, din targʻibotchilari boʻlgan tarixiy shaxslarning faoliyati va saʼy-harakatlarini, jangovar sifatlarini xalqona uslubda sodda va ravon tarzda badiiy talqin etdi. Natijada xalqning orzu-istaklarini oʻzida mujassamlashtirgan didaktik asarlar maydonga keldi.

Xolis Toshkandiy va Abduqayum Vahmiyni islom tarixi voqealarini qalamga olgan va xalq orasida mavjud qissalarga eng koʻp murojaat etgan ijodkorlar sifatida tilga olish mumkin. Taxminan 1778-1780 yillarda tavallud topgan va asl ismi Shoh Hakim boʻlgan Xolis Toshkandiyning “Qissai Shoh Jarir”, “Zevarshoh va Qusam ibn Abbos”, “Imom Hasan va imom Husayn” kabi qissalari islom tarixi voqealarini badiiy ifodalagan tarixiy-jangnoma asarlar hisoblanadi.

“Qissai Shoh Jarir” asari hajman kichik boʻlib, unda “xalifa Usmon (r.a.) davrida shuhrat qozongan sarkarda Jarir ibn Muhammad” [1:24-30] hayoti oʻrin olgan. Voqealar asosan masnaviy tarzida bayon etilgan, baʼzi oʻrinlarda voqelikka munosabat tarzida muxamma va marsiyalar ham berib ketiladi. Asar bayonida sodda va folklorga xos tasvir yetakchilik qiladi. Ijodkor Shoh Jarir qahramonligini tasvirlash orqali sahobalarning hayoti, imom Husayn fojiasi bilan bogʻliq voqealarni ham berib ketadi.

Oʻzbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida “Qissai Shoh Jarir” yoki “Qissai Shoh Jarir va Qusam ibn Abbos” asari 11619, 13055/4, 8844/3, 5660/7, 5660/6 inventar raqamlarda, “Zevarshoh va Qusam ibn Abbos” asari 3379 inventar raqamda saqlanadi. Qoʻlyozmalar asosan nastaʼliq xatida bitilgan boʻlib, sahifalari yaxshi saqlanmagan.

“Qissai Shoh Jarir” asari “Safed Bulon qissasi” nomi bilan kirill yozuvida nashr etilgan boʻlib [2:3], unda tarixiy voqelik asosan xalq ogʻzaki ijodiga xos bayon etilgan.

Asarning 13055/4 inventar raqamli qoʻlyozmasi 14x21sm hajmda boʻlib, 1226 hijriyda yozilgan. Qoʻlyozma sahifalari yaxshi saqlanmagan. 5660/7 raqamli qoʻlyozma ham nastaʼliq xatida yozilgan boʻlib, sarlavhalari qizil rangda, koʻchirishda qisman imloviy xatoliklar koʻzga tashlanadi. “Shoh Jarir qissasi” masnaviyda yozilgan, taxminan 5551 misrani tashkil etadi. Qoʻlyozmalarda misralar soni qisman farq qiladi. Voqealar bayoni nasriy sarlavhalar bilan ajratilgan. Asar Alloh zikri bilan boshlanib, keyin Muhammad Paygʻambar (S.A.V.) va sahobalar tilga olinadi. Dastlabki bayon koʻproq muallifning oʻz ishiga madad soʻrashi boʻlib, buni yozajak asariga qisqacha izoh sifatida, ilk debocha deb qabul qilish mumkin. Soʻng “Rasul alayhissalom choryorlarining izzat va hurmati bayoni” keltirilib, ular Paygʻambar (S.A.V)ning atrofida yulduz kabidir, deb taʼrif etilib, hazrat Ali va Muoviya oʻrtasidagi xalifalik masalasiga qisman toʻxtab oʻtilgan. Muallif tilidan davlatni choryorlar, soʻng Hazrat Ali, Muoviya boshqargani, ular dunyodan oʻtgandan soʻng Hasanga zahar berilib, Husayn esa Karbaloda shahid qilingani va barchasi dunyodan oʻtib, Yazid va Marvon qolgani 56 misrada qisqacha bayon etilgan.

Muallif voqealarni toʻgʻridan-toʻgʻri Jarirning qahramonligidan boshlamaydi. Jarirning shaxsini tanitish maqsadida, “Rasul alayhissalom uch qizlarini kuyovga bergonlari bayoni”ni keltiradi. Bu bayon 92 misra boʻlib, voqealar umumiy holda qisqacha muallif tilidan izohlab oʻtilgan. Jumladan, Paygʻambarimiz (S.A.V.)ning qizlari Zaynab va Usmondan Muhammad Jarirning dunyoga kelishi, kuch va jasoratda tengsiz boʻlib voyaga yetishini gapirib, soʻng Umar davrida koʻpchilik dinga kirgani, uning vafotidan keyin dinsizlar musulmonlarga koʻp zulm qilgani, Fargʻona musulmonlari Madinaga kelib musulmonlarning otashparastlardan koʻp aziyat chekishini aytishi, Hazrat Ali sakkiz ming kishi bilan Abdulloh Umarni bosh qilib Turkistonga yuborishi, Abdulloh qoʻshini bilan Turkistonda necha yillar qamalda qolib ketishi, Ali vafot etgach, Yazid davlatni boshqarishi, ammo hech kimni qamaldagi musulmonlarga koʻmakka yubormagani bayon etilgan. Soʻng yangi sarlavha ostida Jarir munosib nomzod sifatida Turkistonga yuborilgani va u Fargʻonaga borgunicha bir qancha shaharlarda boʻlgani, ulugʻ zotlarni ziyorat qilgani kabi voqealarning 156 misrali bayoni qahramon yoki muallif tilidan berilgan. Shuningdek, voqealar bayonining davomida 365 misra muxammas, 206 misra marsiya, 487 misra munojot, 108 misra musaddas berilib, unda qahramonlarning ruhiy holati yanada taʼsirliroq ifodalangan.

Asosiy voqealarda Jarirning Fargʻona viloyatidagi shaharlarda otashparastlarga qarshi harakatlari tasvirlangan. Muallif voqealarni keng doirada yoritadi va asarni Jarirning qahramonliklari bilan yakunlamaydi. Balki uning farzandi Shoh Fozilning jasorati orqali ezgulik hamisha gʻalaba qilishini ifodalashga harakat qiladi. Jarir Fargʻonada emas, balki otashparastlardan yengilib, Madinaga borib oʻsha yerda vafot etishi aytiladi. Uning ishini oxiriga yetkazish maqsadida farzandi Shoh Fozil Fargʻonaga qaytib, din yoʻlida kurashishi va gʻalaba qozonib, shu yerda qoʻnim topishi va oxir-oqibat zahar berib oʻldirilishi, shu zaminda dafn etilishi kabi voqealar bilan asar xotimalangan.

“Zevarshoh va Qusam ibn Abbos” ham hajman kichik boʻlib, voqealar bayoni jami 1167 misra masnaviyni tashkil etadi. Asosiy qismi hisoblangan Qusam ibn Abbos va Zevarshoh voqealari 617 misradan iborat. Unda Amir Temurning Qusam ibn Abbos uchun maqbara qurdirishi va Samarqand mozorlari taʼrifiga bagʻishlangan qism 550 misrani tashkil etadi. Nazmiy bayon tarkibida Qusam tilidan 121 misra munojot keltirilgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida asarning 3379 inventar raqamli qoʻlyozma nusxasi mavjud. 39 sahifadan iborat, nastaʼliq xatida. Kotiblar koʻchirishda xatoliklarga yoʻl qoʻygan. Masnaviy bayonda qahramonlar tilidan bayt, muxammas va munojotlar keltirilgan. Bu orqali dunyoning oʻtkinchi ekani bilan bogʻliq falsafiy-didaktik qarashlar bayon etilgan. Dastlabki voqealarda sahobalar va Jarirning din targʻiboti yoʻlidagi faoliyati bir qadar tilga olingan. Qusam ibn Abbosning faoliyati Jarirning Turkistondagi targʻibotining bevosita davomi sifatida baholangan. Asarning asosiy qismida Zevarshoh boshchiligidagi kofirlar Samarqandga Qusam ibn Abbosning namoz vaqtini bilib, ustiga lashkar tortib kelishi, musulmonlar ogʻir ahvolda qolishi va koʻpchiligining halok boʻlishi, nochor ahvolda kofirlar orasida qolgan Qusam uchun Xudoning qudrati bilan choh paydo boʻlishi va uning choh ichiga kirib gʻoyib boʻlishi, Zevarshoh va odamlari uni topolmay choh ichiga odam tushirishi, u choh dahshatlaridan qoʻrqib, ortga qaytishi va boshqa voqealar folklorga xos bayon etilgan. Keyingi voqealarda Amir Temurning Qusam chohi ustida bino qurish uchun lashkaridan bir odamni gʻor ichiga tushirishi va uning ichidagi gʻaroyibotlar, Qusam bilan uchrashishi kabi voqealarning kengroq bayoni berilgan. Samarqand mozorlarining taʼrifi bilan asar xotimalangan.

Xalq orasida ikki asarning ham koʻplab qoʻlyozma nusxalari mavjud [4:282].

Muallifning “Imomlar qissasi” yoki “Qissai imom Hasan va imom Husayn” asari OʻzFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida 12040, 12244-II, 1144-2, 12012-2, 12053-6, 12327-3, 9927-II, 3305-II, 9282, 6370-7, 9807, 4198-1 inventar raqamlarda saqlanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bu ruhdagi asarlar yurtimiz qoʻlyozma fondlarida talaygina boʻlib, kotiblar XIX asrning oxiri va XX asrning boshida ulardan koʻp nusxa koʻchirgan [5].

Qoʻlyozmalar orasida 12040 inventar raqamlisi boshqa nusxalarga qaraganda toʻliqroq boʻlib, nastaʼliq xatida qora siyohda yozilgan, sarlavhalari qizilda, 181 varaqni tashkil etadi. 15745 misradan iborat. Nazmiy bayon tarkibida 518 misra gʻazal, 673 misra marsiya, 246 misra munojot, 387 misra muxammas, qahramonlar tilidan 2 ta musaddas va hikoyatlar keltirilgan. Muallif tasvirni yanada jonli koʻrsatish maqsadida oʻz tilidan gʻazallar, muxammaslar keltiradi. Qahramonlar tilidan munojotlar va ularning vafotiga bagʻishlab marsiyalar, hasratnomalar bitadi. Hatto baʼzi oʻrinlarda “Gʻazaliyoti Xolis”, “Muxammasi Eshoni Xolis” deb oʻz tilidan misralar bitadi va voqelikni ichki kechinmalar uygʻunligida yorqinroq tasvirlaydi.

Shuningdek, 9282, 9807, 12012-2 inventar raqamli qoʻlyozmalarni kotiblar turli hajm va saviyada koʻchirgan, ularning sahifalari toʻliq emas va yaxshi saqlanmagan. Xususan, 9282 qoʻlyozmada voqealar sahobalar taʼrifidan boshlansa, 9807 raqamlisida Muhammad (S.A.V.)ning taʼriflari qisqacha keltirilib, u zotning dunyodan oʻtishlari falsafiy tarzda nazmiy bayon etiladi. Soʻng voqealar imom Husayn fojiasiga bogʻlanib ketadi.

4198-1 inventar raqamli qoʻlyozmani esa XIX asrda Mullo Mir Mahmud Namangoniy koʻchirgan. Bunda Muhammad (S.A.V.)ning vafotlariga toʻxtab oʻtiladi. Soʻng u zotning faoliyati bir qadar yodga olinib, marsiya keltiriladi. Shuningdek, sahobalar – Abu Bakr, Umar va Usmonning hayoti va faoliyati, qazosi qisqacha bayon qilinib, marsiyalar bilan taʼziya izhor qilinadi. Muhammad paygʻambar (S.A.V.)ning qizlari Fotima haqida baʼzi maʼlumotlar berilib, soʻng asosiy voqealar bayoni boshlanadi [1:24]. Husayn ahli oilasi bilan Karbalo dashtida nochor qolishi, musulmonlar qarshi tomon bilan birin-ketin jangga kirishi, suvsizlikdan tashna holda halok boʻlishi, oxir-oqibat Husaynning shahid qilinishi va tirik qolganlar asir sifatida olib ketilishi, musulmonlar Yazid lashkarlariga qarshi kurashishi kabi voqealar qalamga olingan. Asar “Gʻazali imom Muhammad Hanifa”, “Gʻazali imom Zaynulobidin” va “Munojoti hazrat imom Zaynulobidin” kabi boblar bilan xotimalangan.

Muallif asar syujetiga yangi-yangi voqea va rivoyatlarni kiritib boradi. Jumladan, imom Hasan va imom Husayn bilan bogʻliq voqealarni bayon etib keladi-da, soʻng toʻxtab,

Kel ey roviy yana ayla rivoyat,

Imomlargʻa degil boshqa hikoyat (12040/ 4 a), deb yangi rivoyatlarga oʻtadi. Voqelikka munosabat tarzida turli rivoyatlarning berilishi va dastlabki voqealar bayoni deyarli koʻpgina oʻrinlarda badiiy jihatdan tasvirlanadi.

Baʼzi oʻrinlarda rivoyatlar voqealarning izohi sifatida keltiriladi. Jumladan, Muoviya Paygʻambar (S.A.V.) xonadonining boshiga fojealar oʻz avlodi tomonidan solinganini eshitib, uylanmaslikka qasd qilgani bayon etilib, soʻng voqelikka izoh sifatida:

Kel ey, roviy soʻzungni boshqa ayla,

Muoviya soʻzini qisqa ayla (12040/ 7 a), deb yangi rivoyat bayoniga oʻtiladi. Bu rivoyatda imom Hasan va imom Husaynning fojiasi bayoni keltiriladi. Bu kabi tasvirlarni Xolis uslubining oʻziga xos jihati sifatida baholash mumkin. Asarning tili va bayon usulining sodda va ravonligi uning xalqchilligini taʼminlagan. Shuningdek, asarda “ayrim qofiyalar, vazn uchun qoʻllangan soʻz yoki bogʻlovchilar takror uchrab turadi” [6:24]. Bu kabi holatlar faqat Xolisning emas, balki koʻpgina boshqa qissanavislarning ijodida ham kuzatiladi.

Xolis Toshkandiy asarlarining mavzusi xilma-xil boʻlib, aksariyatida islom tarixining Oʻrta Osiyo bilan bogʻliq jihatlari qalamga olingan. Oʻzbek mumtoz adabiyotida biror muallifning ijodida islom tarixi bu qadar keng qamrovli qalamga olingan emas. Bu borada Xolisni sermahsul qissanavis ijodkor, deyish mumkin. Islom tarixidagi shaxslar Xolisning ijodida yangidan oʻziga xos qiyofa kasb etgan.

XIX asrda yashab ijod etgan yana bir qissanavis va soʻfiy ijodkor Abduqayum Vahmiy Margʻiloniydir (taxm. 1826-1888). Uning islom tarixini badiiy ifodalagan kichik hajmli “Haft gʻazot” va “Sayyid Jaʼfar Gʻoziy” nomli nazmiy asarlari saqlanib qolgan. Hazrat Alining qahramonligi badiiy ifodalangan “Haft gʻazot” dostoni bizgacha toʻliq yetib kelmagan. Mavjud qismida Hazrat Alining Ajdar Dev bilan olishuvi qiziqarli tarzda tasvirlangan. Jumladan, xalq Ajdar zulmidan jabr koʻrishi, Alloh amri bilan Muhammad Paygʻambar (S.A.V.)ning Ajdar bilan urushish uchun Hazrat Alini yuborishlari, sahobalardan Ajdar Molik, Saʼd Vaqqos va imomzodalardan Hasan va Husan otasiga hamroh boʻlishi, voqealar davomida Hazrat Ali koʻp qahramonliklar koʻrsatishi, oqibatda Ajdarni yengib, xalqlarni musulmon qilishi badiiy tasvir orqali keng bayon etilgan.

“Sayyid Jaʼfar Gʻoziy” asari mamlakatimiz qoʻlyozma fondlarida uchramaydi. Qoʻlyozmani faqat shaxsiy kutubxonalardan topish mumkin[1]. Tarixchi olim N.Abdulahatov Abduqayum Vahmiy “Sayyid Jaʼfar Gʻoziy” asarini yozishda xalq ogʻzaki ijodiga asoslangan Abulmuxtafi Shomiyning “Jangnomai Sayyid Battol Gʻoziy” nomli dostonidan foydalangan, deydi [7:4]. Darhaqiqat, 2860 inventar raqamda saqlanayotgan Abulmuxtafi Shomiyning “Jangnomai Sayyid Battol Gʻoziy” asarining turkiy tarjima dostoni bilan Vahmiy asari syujetida umumiylik holatlari koʻzga tashlanadi. Bundan koʻrinadiki, Abduqayum Vahmiy “Jangnomai Sayyid Battol Gʻoziy”ning taʼsirida “Sayyid Jaʼfar Gʻoziy” qissasini, “Jangnomai haft gʻazot hazrat Ali” asosida “Haft gʻazot” dostonini yozgan.

Abduqayum Vahmiy asarining bizda mavjud parchasida “Qaysari Rum alayhi laʼnaning vazir Manjosil maslahati birla yoʻllargʻa lashkar qoʻyub poylagoni va Sayyid Jaʼfar Gʻoziyning sher yurak bilan alargʻa pand bergonining bayoni” keltirilgan.

Umuman olganda, XIX asr adabiy muhitida Xolis Toshkandiy va Abduqayum Vahmiy islom tarixi voqealarini qalamga olgan ijodkorlar sifatida oʻziga xos oʻringa ega. Islom tarixi ular ijodida oʻzgacha uslub va yondashuvda badiiy talqin etilgan. Bu xalqona ijodni bebaho meros sifatida xalq sevib oʻqigan va oʻqimoqda. Bu asarlar bugungi kunda ham oʻz maʼnaviy-maʼrifiy qiymatini yoʻqotmagan holda didaktik asarlar sifatida yosh avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. F.Ravshanov. Xolis va uning adabiy merosi. Fil.f.nom.diss… – Samarqand. 1996.
  2. Shoh Hakim Xolis. Meʼrojnoma. Nashrga tayyorlovchilar M.Hasaniy, N.Yoʻldosheva. –T.: Mehnat, 1991.
  3. Buvayda ziyoratgohlari / N.Abdulahatov va boshqalar. Yangi asr avlodi, –T.: 2013.
  4. Isoqxon Ibrat. Fargʻona tarixi. – T.: Kamalak, 1991.
  5. OʻzFA Sharqshunoslik instituti fondi 13055/1/2/3, 8844/2, 12756, 9569/2, 5354/1, 3650/2, 8924/2, 9818/2, 9074/2, 12447, 12457/1 raqamli qoʻlyozmalar
  6. S.Sayqaliy. Ravzat ush-shuhado / Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va lugʻat mualliflari S.Sayfulloh, D.Xunzekr. – T.: Movarounnahr, 2004.
  7. N.Abdulahatov. Abduqayum Vahmiy Margʻinoniyning nodir merosi // Elektron holda. 2021.
  8.  [1] Asar qoʻlyozmasi tadqiqotchi olim N.Abdulahatov shaxsiy kutubxonasida saqlanmoqda.
Lola AZIMOVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
tayanch doktoranti

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …