Home / MAQOLALAR / ISLOMDA KIYINISH MADANIYATI

ISLOMDA KIYINISH MADANIYATI

Libos – bu Allohning Oʻz bandalariga ato etgan tengsiz neʼmatlaridan biri desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. U insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat boʻlib xizmat qiladi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi “Ey Odam bolalari, darhaqiqat, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan libosini ham nozil qildik. (Hammasidan) yaxshiroq libos taqvo libosidir” (Aʼrof surasi: 26-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarga avratlarini berkitadigan hamda ularga ziynat boʻladigan har turli liboslarni yaratib bergani, ularga bu narsalarni bichish, tikish va tayyorlash uchun imkon berganini “nozil qildik” degan soʻz bilan eslatar ekan, avratlarni mazkur liboslar ila toʻsishga amr etmoqda.

Avrat oʻrinlari erkaklarda kindikdan tizzagacha boʻlgan joyni oʻz ichiga oladi. Demak, mazkur joylarni berkitish vojibdir. Imom Ahmad oʻzlarining “Musnad” nomli hadis toʻplamlarida rivoyat qilishlaricha, Jarhad ismli sahobiy sonini ochib turgan paytda Nabiy alayhissalom uning yonidan oʻtib qoldilar va “Ey Jarhad, soningni yop(!), zero, son avratdir”, dedilar.

Mazkur hadisi sharifni hujjat qilib aksar ulamolar, jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari son avratdir, deydilar. Shunday ekan, kishi eng kamida oʻzgalarga badanining mazkur joylarini ochiq holda koʻrsatmasligi lozim. Aks holda, gunohkor boʻladi.

Islom dini mukammal shariat boʻlgach, unda barcha narsaning odobi va madaniyati mufassal tarzda bayon qilib berilgan. Shu jumladan dinimiz taʼlimotida kiyinish madaniyatining ham oʻziga xos odoblari mavjud boʻlib, quyida ular haqida qisqacha soʻz yuritamiz.

1. Libos insonning terisini koʻrsatadigan darajada yupqa va shaffof boʻlmasligi lozim.

2. Tor boʻlmasligi. Baʼzi liboslar terini koʻrsatadigan darajada yupqa boʻlmasa-da, ammo avrat yerlarining shaklini koʻrsatib qoʻyadigan darajada tor boʻladi. Bu ham mumkin emas.

3. Erkak kishi kiyinishda oʻzini ayollarga oʻxshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi lozim. Imom Buxoriy oʻzlarining “Sahih” toʻplamlarida Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (kiyinishda) oʻzini ayollarga oʻxshatadigan erkaklarni va erkaklarga oʻxshab kiyinadigan ayollarni laʼnatladilar”.

4. Kiyim olishda haddan oshmaslik, odamlardan ajralib turish uchun oʻta qimmat libosni xarid qilmaslik. Imom Ahmad oʻz “Musnad”larida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimki, dunyoda shuhrat libosini kiysa, Qiyomat kunida Alloh unga xorlik libosini kiygazadi”. Demak, musulmon kishi odamlarga kibru havo qilish, oʻzini ulardan yuqori tutish yoxud shuhrat qozonish uchun kiyinmasligi lozim. Chunki bu narsa uni kibru havoga berilib, oʻzidan mamnun boʻlishga yetaklaydi. Bu esa maʼnaviy illatlar sirasiga kiruvchi zararli xislatlardan biridir.

5. Erkaklarga tilla taqinchoqlar va ipak liboslarning haromligi. Imom Abu Dovud oʻzlarining “Sunan” nomli hadis toʻplamlarida Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ipak matoni olib oʻng tomonlariga qoʻydilar, tillani olib chap tomonlariga qoʻydilar. Soʻng: “Mana bu ikki narsa ummatimning erkaklariga haromdir!”, dedilar.

6. Libos kiyishda oʻng tomondan kiyish sunnatdir. Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: “Nabiy alayhissalomga poklanishda (yaʼni tahorat va yuvinishlarda), soch tarashda va oyoq kiyim kiyishda oʻng tomondan boshlash yoqar edi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda faqat poyafzal kiyish zikr qilingan boʻlsa-da, hadisda tilga olingan sunnat boʻlmish oʻng tomondan boshlash boshqa turdagi liboslarni kiyishga ham taalluqli hisoblanadi.

Ulamolarning taʼkidlashlaricha, ovqatlanish, kiyinish va hokazolar kabi insonning karomati va obroʻsiga dalolat qiladigan ishlarda oʻng qoʻlni ishlatish yoki oʻng tomondan boshlash mustahabdir. Istinjo kabi past ishlarda esa chap qoʻlni ishlatish lozim. Chunki oʻng qoʻl oliy ishlar uchun, chap qoʻl esa yuqorida aytilganidek, zarurat boʻlgan, ammo oʻzi past narsalardan sanaluvchi ishlar uchundir.

7. Oq rangdagi liboslarning afzalligi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom shunday deganlar: “Kiyimlaringizdan oq ranglisini kiyinglar, zero, u liboslaringizning eng yaxshisidir. Va mayyitlaringizni ham unga (yaʼni oq rangli matoga) kafanlang!” (Abu Dovud rivoyati).

8. Kiyimlarni pok tutish lozimligi. Islom dini poklik dinidir. Bu poklik maʼnaviy va moddiy pokizalikni taqozo etadi. Alloh taolo Qurʼoni karimning Muddassir surasida Nabiy alayhissalomga qarata va u kishi orqali butun insoniyatga xitob qilar ekan: “Kiyimlaringni pok tut!”, degan. Demak, libos pokizaligi musulmon kishining hayotida nihoyatda muhim oʻrin tutadi. Shu bois ham namozning shartlaridan biri libosning pokligidir. Undan tashqari, poklik va orastalik iymondan ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha rivoyatlar ham kelgan.

9. Kiyim kiyishda ayrim duolarni oʻqishning savobli ekanligi. Musulmon kishi aksar vaqtda Allohni zikr qiladi, Uni yodga oladi. Bu narsa uning qalbi poklanib, yaraqlashiga, ruhan yuksalishiga va gunohlari oʻchirilib, darajalari oshishiga sabab boʻladi. Nabiy alayhissalom koʻp hollarda Allohni zikr qilardilar, uyga kirishda, chiqishda, uyquga yotishda, uyqudan turishda, taomlanish oldidan, taomdan soʻng va hokazo. Shu jumladan, libos kiyishda ham aytish savobli va mustahab boʻlgan baʼzi bir zikru duolar borki, ularning ayrimlarini misol tariqasida keltiramiz. “Alhamdu lillahillaziy kasaaniy haza va rozaqoniyhi min gʻoyri havlin minniy valaa quvvah”. Yaʼni “Barcha hamdu sanolar mening oʻzimda hech qanday kuch-qudrat va imkoniyat boʻlmagan holda bu libosni menga kiydirgan va rizq qilib bergan Allohga xosdir”.

10. Insonning ustida, yaʼni libosida Alloh neʼmatining asari koʻrinib turishi. Agar kimgadir Alloh kengchilik va davlat ato etgan boʻlsa, u inson oʻzining imkoniyati va maqomiga mos ravishda yaxshi kiyimlardan kiyishi, tashqi koʻrinishiga eʼtibor berishi, pokiza va orasta kiyinishi maqsadga muvofiqdir. Zero, Alloh taolo biron kimsaga neʼmat ato etgan boʻlsa, oʻsha insonda mazkur neʼmatning asari va alomati koʻrinib turishini yaxshi koʻradi. Abul Ahvas nomli sahobiy oʻz otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga past (eskirib ketgan, uvada) kiyimlarda keldim. Shunda u kishi menga «Sening mol-davlating bormi?”, dedilar. Men: “Bor!”, dedim. “Nimalaring bor?”, soʻradilar yana ul Zot sollallohu alayhi vasallam. Men: “Alloh menga tuya, qoʻy va otlar hamda qullar ato qilgan”, dedim. Buni eshitgach, Nabiy alayhissalom: “Alloh senga mol-dunyo ato qilgan boʻlsa, Uning senga bergan neʼmati va ikromining asari koʻrinib tursin!”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Xuddi shunga oʻxshash voqea mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bilan ham roʻy bergan. Oʻylaymizki, mazkur voqeani keltirish foydadan xoli emas.

Bir kuni Abu Hanifaning hamsuhbatlaridan birining ustida eskirib, uvadasi chiqqan kiyimlarga koʻzi tushdi. Odamlar tarqalib, majlisda faqat Abu Hanifayu haligi kishining yolgʻiz oʻzi qolgach, Imom unga yuzlanib, dedi:

— Anavi joynamozni koʻtargin-da, tagidagini ol.

Kishi joynamozni koʻtardi, qarasa, tagida ming dirham pul bor edi.

— Uni olib, ust-boshingni tartibga keltir, – dedi Abu Hanifa.

Shunda: — Men oʻzimga toʻqman, – dedi haligi kishi, – Alloh menga boylik, moʻlchilik ato qilgan. Bu pullaringizga ehtiyojim yoʻq.

Bu soʻzlarni eshitgach, Abu Hanifa rahmatullohi alayh haligi kishiga:

— Alloh taolo senga boylik va farovonlik neʼmatini ato qilgan ekan, Qani U bergan neʼmatlarning asari?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Alloh Oʻz bandasining ustida unga bergan neʼmatining asarini koʻrishni sevadi”, – degan soʻzlari senga yetib kelmaganmi? Hamonki, boy ekansan, oʻzingni tartibga keltirib, ust-boshingga qarab yurishing darkor. Toki oʻz yaqinlaringni gʻamga botirmagaysan, – deya nasihat qildi.

Alloh taolodan barchamizni taqvo libosi ila ziynatlashini, xatoyu kamchiliklarimizni esa Oʻzining satri ila berkitishini soʻrab qolamiz.

Rahmatulloh Sayfuddinov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi,

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …