Home / MAQOLALAR / Soxta salafiylik Islom ummati uchun eng xatarli illatdir

Soxta salafiylik Islom ummati uchun eng xatarli illatdir

“Salaf” soʻzi lugʻatda – “avval yashab oʻtganlar”, “ajdodlar”, “oʻtmishdoshlar” degan maʼnolarni anglatadi. Sharʼiy istilohda “salaf” soʻzi muayyan bir davr bilan bogʻliq maʼnoni anglatadi. Yaʼni, Nabiy alayhissalom zamonlarida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, yaʼni, “solih ajdodlar” deyiladi. Bu borada Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam oʻzlarining muborak hadislarida shunday deganlar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بن مسعود رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ يَجِيءُ أَقْوَامٌ تَسْبِقُ شَهَادَةُ أَحَدِهِمْ يَمِينَهُ، وَيَمِينُهُ شَهَادَتَهُ

 (رواه الامام البخاري والامام مسلم)

Abdulloh ibn Masʼud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiNabiy sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, soʻng ularga yaqin boʻlgan, soʻng ularga yaqin boʻlgan davrlardir. Soʻngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan oʻzib ketadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Mazkur hadisga koʻra, Islom ulamolari Muhammad sallallohu alayhi vasallam zamonlarida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, yaʼni, “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu nomlar qoʻllanilmaydi.

Ahli sunna val-jamoa anʼanasiga koʻra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar “xalaflar”, yaʼni “keyingilar” deb ataladi. Xalaf yaʼni, keyingi asr olimlari daraxt oʻz ildizidan oziqlangani kabi salafi solihlarning qarashlari asosida shakllandilar.

Soʻnggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, mutaassib koʻrinishdagi soxta salafiylar barcha aqidaviy va hukmiy masalalarni hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targʻib qilsalarda aslida, ularning qarashlari asosan 18-asrning oʻrtalarida yashab oʻtgan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona gʻoyalari ustiga qurilgandir. Muhammad ibn Abdulvahhobning qarashlari esa Islom dinida birinchi boʻlinishga sabab boʻlgan Xavorijlar aqidasi bilan yoʻgʻirilgan.

Bu oqim aʼzolari diniy masalaning yechimini topishda faqat oyat yoki hadisni uzuq-yuluq holda keltirib, unga yuzaki yondashib, goʻyo muammoga javob topgan boʻladi. Ularning bu uslubi avom xalqqa oson tushunilgandek, goʻyo toʻgʻridek tuyuladi. Shu yoʻl bilan ham ular oʻz tarafdorlari sonini koʻpaytirishga urinadi.

Salafiylik gʻoyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qurʼon va sunnatni oʻzlaricha mahkam tutish va qariyb 13 asrdirki Islom ummatining birdamligini taʼminlab kelayotgan fiqhiy mazhablarni yoʻq qilib, ularni ildizi bilan qoʻporib tashlashdan iborat. Ularning daʼvosiga koʻra, goʻyo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qurʼon va hadisni qattiq ushlash bilan boʻladi, mazhablar mavjud boʻlar ekan, Qurʼon va hadisni mahkam ushlash amri mahol emish.

Goʻyoki bu bilan ular Qurʼon va sunnatni mahkam tutishmoqda-yu, butun ummat eʼtirof etgan va avlgi 3 asrda yashab oʻtgan mazhab boshilar uni mahkam tutishmagani iddao qilishlarini anglash qiyin emas.

Voqeʼlikda esa, ular mazhablar orasidagi juzʼiy ixtiloflarni qoralagan holda, hammani mazhabni tashlashga hamda Qurʼon va hadislarni oʻrganib, tushunganicha ularga amal qilishga, boshqacha qilib aytganda, hammani oʻzi ijtihod qilishga chaqiradilar. Bu esa, shubhasiz, yanada ixtiloflar va qarama-qarshi fikrlarning koʻpayishiga olib keladi. Agar mazhablar orasidagi ixtiloflar maʼlum chegara bilan cheklangan boʻlsa, mazhabsizlikning bu daʼvati esa cheksiz ixtiloflarga sabab boʻladi va musulmonlar hayotida dahshatli falokatlarni keltirib chiqaradi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, fiqhiy mazhablar orasidagi juzʼiy ixtiloflar sahobalar va tobeinlar orasida mavjud boʻlgan ixtiloflar taʼsirida yuzaga kelgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

اختلاف أصحابي لكم رحمة

yaʼni “Sahobalarimning ixtilofi sizlar uchun rahmatdir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy va Imom Daylamiy rivoyat qilishgan).

Qolaversa, asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan anʼanaviy mazhablarni va unga ergashgan moʻmin-musulmonlarni adashganlik va zalolatda ayblashning oʻzi ulkan boʻxtondir. Bu Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga ham toʻgʻri kelmaydi. Zero u Zot:

(لا تجتمع أمتي على ضلالة (رواه الامام ابن ماجه والامام الطبراني

yaʼni “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”, – deya marhamat qilganlar (Imom ibn Moja va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Mashhur sahoba Abdulloh ibn Masʼud raziyallohu anhu shunday deydilar:

ما رآه المسلمون حسنا فهو عند الله حسن

(رواه الامام أحمد)

yaʼni: “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Soxta salafiylar dunyoning kayeriga bormasin, musulmonlar orasida tushunmovchiliklar, ixtiloflar va tashvishlar avj oladi. Bugungi kunda ularning axli sunna val-jamoadan ogʻishganligi, ular na saxobalar va na tobeʼinlar yulidan yurmayotganlari oʻz isbotini topib ulgurgan. Koʻplab ulamolar tomonidan ularning buzgʻunchi gʻoyalariga nisbatan ilmiy raddiyalar eʼlon qilingan. Jumladan XIX asrda yashab, ijod etgan mashhur hindistonlik olim Muhammad Siddiq Hasan al-Qanujiy (1832-1890) soxta salafiylar haqida fikr bildirib, shunday deydi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo boʻlgan boʻlib, ular Qurʼon va hadisni bilish va unga amal qilishni daʼvo qilmoqda… Ajablanarlisi shundaki, ular oʻzlarini eng ixlosli va eng taqvodor, deb boshqalarni mushriklar deb nomlamoqda. Ular eng mutaassib va dinda gʻuluvga ketgan kishilardir. Bu dindan emas, balki Yer yuzida tarqalgan fitna va katta fasoddir” (“Taqlidu-l-aimma” 16-17 betlar].

Oʻtgan asrimizning koʻzga koʻringan yetuk allomalardan biri marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh oʻzlarining “salafiylar” deb atayotganlarga raddiya sifatida “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida jumladan shunday deydilar: “Islom dinining oʻtagan oʻn toʻrt asrlik tarixi davomida biror moʻtabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda boʻlishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub boʻlish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub boʻlishning oʻzi ayni bidʼatdir” (231-232-betlar).

Xulosa qilib aytganda ota-bobolarimiz, ming yillik muʼmin-musulmonlar barchasi ahli sunna val-jamoa taʼlimotida boʻlib kelishgan. Birok, yigirmanchi melodiy asrning oʻrtalariga kelib, ahli sunna val-jamoadan ogʻishgan vahhobiylik oqimi tizimidan sizib, yangi va soxta salafiylik yuzaga keldi. Asrlar davomida Islom ulamolari tomonidan yozilgan asarlar va orttirilgan malaka, erishilgan yutuqlarni rad etib, faqatgina “salafi solihlar” davrini eʼtiborga olish daʼvosida boʻlish soxta salafiylikning tor mohiyatini namoyon etadi.

Bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida hali ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz daʼvolarining taʼsirida yurgan kishilarning mavjud ekanligi ushbu toifaning ildizlarini oʻrganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga toʻgʻri tushuntirib berish dolzarb ekanligini bildirmoqda. Ayniqsa, bizning eng asosiy vazifamiz yoshlarni bunday soxta salafiylar domiga tushib qolishdan asrashimiz va buning uchun esa doim ogohlik bilan ularga qarshi ilmiy raddiyalar berib borishimiz kerak boʻladi.

Abdulatif TURSUNOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi mutaxassisi
Manba: muslim.uz

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …