Home / FOTO LAVHALAR / BUXORO VOHASI TARIXI TURKUM SЕMINARLARNING NAVBATDAGISIGA MAVZU BOʻLDI

BUXORO VOHASI TARIXI TURKUM SЕMINARLARNING NAVBATDAGISIGA MAVZU BOʻLDI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Markazning xalqaro stipendiya sovrindorlari va ilmiy xodimlari, Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ning Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari , Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti va Samarqand Davlat universiteti olimlari, yurtimizning qator ilmiy muassasalari, shuningdek, Xitoy hamda Qozogʻiston davlatlari tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Bu galgi seminarda Parij-Sorbonna-Panteon universiteti doktori Rokko Rantening “Ilk Islom davridagi Buxoroga oid tadqiqotlar” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.

Notiq maʼruza avvalida Gamburg universiteti va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyatiga seminarda maʼruza bilan ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik izhor qildi. Olim shuningdek, uning tadqiqot ishlari davomida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Turizm vazirligi, Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya instituti va boshqa qator muassasalarning amaliy yordamlarini alohida eʼtirof etdi.

Olim maʼruzasining asosiy qismi Buxoro vohasi tarixini yangi arxeologik kashfiyotlar asosida oʻrganish asoslarini hamda Islom davrida kuzatilgan asosiy xususiyatlarni ochiqlashga bagʻishlandi.  Doktor Rokko Rantening mazkur izlanishlari Fransiya muzeylarini tadqiq qilish va tiklash markazi tomonidan olib borilgan arxeologik qazishmalar va oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida olingan geomorfologik va etnoarxeologik maʼlumotlar, shuningdek, keramika va shishani oʻrganish orqali oʻtkazilgan arxeometrik tahlillar kabi koʻp miqyosli yondoshuvlarga asoslangan. Shunga koʻra notiq vohaning yaralish tarixini qisqacha taqdim etdi. Bunda geografik konfiguratsiyalar oʻzgarishi, suv kanallarining evolyutsiyasi va iqlim hodisalari kabi qator omillarga asosiy eʼtibor qaratib, birinchisi bundan 200 ming yil avvalgi tarixdan boshlangan xronologiyani 4 ta bosqich asosida tavsiflab berdi.

Maʼruzada shuningdek, karvon yoʻllarining shakllanishi, aholining oʻtroqlashuvi va yerlarning oʻzlashtirilishi natijasida turar-joy manzillarining paydo boʻlishi, keyinchalik urbanizatsiya tufayli shaharlarning vujudga kelishi tarixi haqida koʻrgazmali maʼlumotlar berildi.

Olim voha tarixining Islom davriga oid qismida bosqichma-bosqich madaniy oʻzgarishlar roʻy berganini alohida taʼkidlab, mavjud shaharsozlik anʼanalari takomillashib, mustahkam qoʻrgʻon va qalʼalar qurilishi boshlanishi, yangi shaharlar bunyod etilib, devorlar bilan oʻralishi shu davrga toʻgʻri kelishini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, hukmron boʻlgan ijtimoiy-maʼnaviy muhit islom davridagi iqtisodiy va demografik oʻsish tufayli yanada rivoj topdi.

Maʼruza davomida voha tarixiga oid yangi arxeologik topilmalar suratlari ham namoyish etilib, ularning ayni paytda saqlanishi borasidagi qimmatli maʼlumotlar taqdim etildi.

Maʼruzachi seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …