Home / ALLOMALAR / ABDUKARIM BUXORIY VA UNING “TARIXI NADIMIY” ASARI

ABDUKARIM BUXORIY VA UNING “TARIXI NADIMIY” ASARI

Manbalarda Abdukarim Buxoriy hayotiga oid maʼlumotlar kam uchraydi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u 1760 yilda Buxoroda tugʻilgan va sayyidlar avlodidan boʻlgan. U Mir Alouddin davrida Buxoro amirligining iqtisodiyotini boshqargan[1]. Tarixchi, sayyoh va geograf Abdukarim Buxoriy oʻn olti yoshida Kashmir, Hirot va Qandahor boʻylab sayohatga chiqadi va Peshovar, Muzaffarobod orqali safarini yakunlab Buxoroga qaytib keladi. 1789 yilda esa Yorkent, Qoshgʻar, Tibet va Kashmirga sayohat qiladi. 1799 yili Abdukarim Buxoriy sakkiz oy davomida Buxoro amirligidan panoh topgan quvgʻindagi Eron shohi Mahmud Durroniy bilan doʻstlashadi.

U Buxoro amiri Haydar saroyida yuqori lavozimlarda ishlagan. 1804 yilda Abdukarim Buxoriy Amir Haydar buyrugʻi bilan Rossiyaga yuborilgan elchilar safida taʼminotchi boʻlgan va Sankt-Peterburgda toʻqqiz oy yashagan. U Moskva, Astraxan (Hoji Tarxon) orqali qaytib kelayotganida Xiva xonining Buxoroga bosqin uyushtirayotganiga guvoh boʻlgan. Bu voqea toʻgʻrisida Amir Haydarxonga xabar joʻnatgan lekin u bunga ahamiyat bermagan.

1807 yilda Abdukarim Buxoriy Mirzo Muhammad boshchiligida Rossiya va Ruminiya orqali Turkiyaga yuborilgan elchilar safida sarkotib boʻlib Istanbulga boradi. Oʻsha yerda uylanadi va umrining oxiriga qadar shu shaharda yashaydi. Abdukarim Buxoriyning 1830 yildan keyingi hayoti toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot topilmagani bois shu davrda u vafot etgan, deb taxmin qilinadi.

Buxoro amirligini boshqargan mangʻitlar sulolasi hukmronligi davrida ularning faoliyatiga bagʻishlangan bir qator asarlar yozilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu manbalar tariximizning muayyan qismini oʻrganishga xizmat qiladi. Buxoro amirlari tarixiga bagʻishlangan asar yozgan tarixchi olimlardan biri Abdukarim Buxoriy forsiyda yozgan Oʻrta Osiyo tarixiga oid “Tarixi Nadimiy” asari bilan shuhrat qozongan. Bu risolani u Istanbulda yashagan payti yozgan. Asar unga katta yordam koʻrsatgan tashqi ishlar vazirligi komissari Orifbeyga bagʻishlangan. Risolada Markaziy Osiyoning tashqi siyosiy aloqalari, Amir Shohmurod va Amir Haydar, Xiva xonligida Sayyid Abulgʻozi Bahodirxon, Qoʻqon xoni Amirxon, Eron shohi Ahmad Durroniyning hukmronligi davridagi tarixiy voqealar va Afgʻoniston, Kashmir kabi mintaqalarning geografik holati toʻgʻrisidagi muhim maʼlumotlar keltirgan. Barcha voqealar bevosita Abdukarim Buxoriyning kuzatishlariga asoslangani sababli maʼlumotlar asarga oʻziga xos sifat baxsh etadi. Bu mashhur risola faqat bir nusxada boʻlib, ilk marta 1873-1874 yillarda Misrda fors tilida nashr etilgan. 1876 yili esa “Oʻrta Osiyo tarixi” nomi bilan fransuzchaga tarjima qilingan.

[1] Kazaxskoy SSR. Izvestiya. Seriya obщyestvennыx nauk. — Nauka, 1986. — S. 48.
I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …