Home / ALLOMALAR / ALLOMALAR MЕROSINING ILMIY-MAʼRIFIY AHAMIYATI

ALLOMALAR MЕROSINING ILMIY-MAʼRIFIY AHAMIYATI

Oʻzbekiston zamini buyuk allomalarni yetishtirgan va dunyo tamadduniga bebaho maʼnaviy xazina tuhfa etgan zamindir. Bu zamindan islom ilmi va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk muhaddisu faqihlar, mutasavviflar, ijodkorlar yetishib chiqqan. Chunonchi, mintaqamizda yuksak tamaddun IX-XI asrlarda yuqori bosqichga yetgan boʻlsa-da, maʼrifiy takomil ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Ajdodlarimizning maʼrifiy intilishlarini qadimgi “Avesto”, Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari, Behustin qoyatosh yozuvlari [1:25] va xalq ogʻzaki ijodi namunalari hisoblangan qoʻshiqlar, marsiyalar, qahramonlik va marosim qoʻshiqlaridan bilib olish mumkin. Bu dastlabki manbalar xalqning maʼnaviy olami, turmush tarzi, siyosiy vaziyat, ijtimoiy hayot haqida muayyan tasavvur beradi. Ulardagi gʻoyaviy umumiylik esa ajdodlarimizning ezgulikka, yaxshilikka, mardlikka intilganini koʻrsatadi. Keyingi davrlarda tilshunoslik sohasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Burhonuddin Rabgʻuziyning ilmiy-adabiy merosini turkiy xalqlar madaniyatining yuksak namunasi sifatida baholash, gʻoyaviy qarashlarni xalqona uslubda sodda va ravon tarzda yetkazgan bebaho badiiy ijod, deyish mumkin.

Mintaqamizga islom dini kirib kelishi maʼrifiy takomil yuqori bosqichga chiqishiga, yuksak tamaddun shakllanishiga asos boʻldi. Islom dinining ezgulikka, bunyodkorlikka yoʻgʻrilgan gʻoyalari ilm ahlini gʻoyaviy oziqlantirdi, mazmunan ilhomlantirdi. Mintaqamiz allomalari islom ilmlari boʻyicha sermahsul ilmiy ijod qildi. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Burhonuddin Margʻinoniy, Qaffol Shoshiy, Abu Muin Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy, Alouddin Buxoriy va boshqa qanchadan-qancha buxoriylar, nasafiylar, samarqandiylarni, shuningdek, tasavvuf ilmida, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Mustamliy Buxoriy, Kalobodiy Buxoriy, Najmiddin Kubro, Hakim Termiziy, Azizuddin Nasafiy, Ahmad Yassaviy va boshqa koʻplab mutasavviflarni tilga olish mumkin. Allomalarning maʼrifiy merosida birgina hadis yoki fiqh ilmi boʻyicha maʼlumotlarni emas, balki islom ilmlari boʻyicha keng doiradagi yondashuv, chuqur ilmiy-adabiy qarashlarni koʻramiz. Jumladan, buyuk muhaddis Imom Buxoriy hadis ilmining bilimdoni boʻlibgina qolmay, balki tafsir ilmining rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan. Muhaddis olim “Jomius sahih” asarida tafsirga oid hadislarni jamlagan va alohida tafsirga bagʻishlagan “Qurʼon tafsiri kitobi”da “Fotiha” surasini tafsir qilib, unda Abu Said ibn Muallodan rivoyat qilingan Qurʼonning eng ulugʻ surasi “Fotiha” ekani toʻgʻrisidagi hadisni keltirib oʻtgan. Shuningdek, bu bobda, jami 358ta oyatga sharh bergan [2:149]. Bundan koʻrinadiki, muhaddis faqat hadis ilmi bilan cheklanmay, mufassir olim sifatida tafsir ilmi borasida ham oʻzining qimmatli ilmiy qarashlarini bayon etgan.

Mahmud Zamaxshariy arab tili grammatikasini chuqur oʻrgangan, arablar orasida yuksak ehtiromga sazovor boʻlgan, tafsir, hadis, adabiyot, fiqh ilmlari boʻyicha bebaho asarlar yaratgan yirik olimdir. Uning mashhur “Kashshof” asari hozir ham dunyodagi islom universitetlarida Qurʼon tafsiriga oid muhim darslik sifatida oʻqitilmoqda. Allomaning arab tilshunosligi va grammatikasi hamda Qurʼonni oʻrganishga doir asarlariga oʻz davri va keyingi zamon olimlari sharhlar, hoshiyalar yozganini koʻrishimiz mumkin. Bu kabi jihatlar, yaʼni Qurʼoni karimga tafsir va fiqh, kalom, tasavvuf ilmiga oid asarlarga sharhlar yozish koʻplab allomalarning ilmiy faoliyatida va keyingi davr ijodkorlarining merosida kuzatiladi.

IX-X asrlarda kalom ilmi rivojida Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosining oʻrni va ahamiyati juda yuqoridir. Alloma taʼlimotining yuzaga kelishiga oʻsha davrdagi turli aqidaviy adashishlar, nizo va ixtiloflar ehtiyoj tugʻdirganini asarlarining mohiyati va ilgari surgan gʻoyaviy qarashlaridan bilib olish mumkin. Uning “Taʼvilotul Qurʼon” (“Qurʼon taʼvillari”)” asari Qurʼoni karim tafsiri boʻlsa-da, oyatlar turli aqidaviy qarashlarga raddiya sifatida sharhlangan. Shu jihatdan, kitobni “aqidaviy tizimlari mustahkam ishlab chiqilgan va oʻsha davr diniy oqimlari toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi muhim asar”, deyish mumkin [2:156-157]. Ayniqsa, olimning mashhur “Kitobut tavhid” (“Allohning yakka-yagonaligi kitobi”) asari kalom ilmi boʻyicha muhim manba boʻlib, bugungi kunga qadar yuksak ilmiy-maʼrifiy ahamiyat kasb etib kelmoqda. Abu Mansur Moturidiyning qarashlarini keyingi davr olimlaridan Abu Hafs Nasafiy ham qoʻllab-quvvatlagan va uning gʻoyalarini davomchisi sifatida “Aqoidun Nasafiy” asari orqali sof aqidaviy masalalarni yoritgan. Bu asarga mashhur alloma Taftazoniy yuqori baho berib: “Abu Hafs Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” asari kalom ilmini oʻrganishda eng foydali va qulay manbadir” [3:113], degan. Bu borada Abu Muin Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy, Alouddin Buxoriy va boshqa kalom ilmi olimlarining qarashlarini ham sof eʼtiqod targʻibotchilari sifatida baholashimiz mumkin.

Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari qimmatli manbalardan boʻlib, necha asrlardan buyon fiqh ilmiga oid izchil va mukammal qoʻllanma sifatida oʻqib kelinadi. Jumladan, “Hidoya” asari yurtimizda sovet sud tizimi joriy qilingunga qadar huquqshunoslik boʻyicha asosiy qoʻllanma boʻlgan [4]. Bu asar bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan holda islom huquqiga oid qimmatli manba sifatida soha mutaxassislari tomonidan huquq va majburiyatlarni belgilashda muayyan darajada asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Maʼlumki, Movarounnahrda tasavvuf ilmi boʻyicha oʻziga xos katta maktab yaratilgan. Tasavvuf taʼlimotining komillik sari intilishga, halol, pok, kamtar boʻlishga, ezgu ishlar qilishga qaratilgan yuksak gʻoyalari, ilm ahlini hamisha qiziqtirib, ilmiy-nazariy asarlar, badiiy ijod namunalari yaratishga va tasavvufiy tamoyillar bilan yashashga undagan. Bunday insonlar mutasavvif olim boʻlib, soʻfiylikning tartib-qoidalari, maʼnaviy kamolot yoʻli va amaliy hayotda yashash tartiblarini belgilab beruvchi tariqatlarini yaratgan hamda oʻz ilmiy-adabiy asarlari orqali ilohiy ishq, ruhiy poklik, maʼnaviy yuksalish gʻoyalarini ilgari surgan.

Xojagon tariqatining asoschisi, yirik mutasavvif olim Abduxoliq Gʻijduvoniy komillikka, yetuklikka intilish yoʻllari va asoslarini 8 qoida (rahsha)da koʻrsatib bergan boʻlsa, ikki asrdan keyin alloma ishlarining davomchisi – Bahouddin Naqshband 3 tasini qoʻshib, jami 11 qoida orqali butun dunyoga mashhur naqshbandiya tariqati yuzaga kelishiga sababchi boʻldi. Abduxoliq Gʻijduvoniy komillik borasidagi qarashlarini, umuminsoniy gʻoyalarini asosan oʻz asar va oʻgitlari orqali ilgari surgan. Jumladan, alloma “Vasiyatnoma” risolasida: “Barcha odamlarga mehr-shafqat nazari bilan boq! Hech kimsani past sanama! ..Xalq bilan talashib-tortishma! Hech kimdan biror narsa istama, tama qilma! Birovlarga xizmat buyurma! (Hamma ishni oʻzing qilishga va bajarishga oʻrgan!). ..Hech kimga hargiz yomonlik qilma! Mol-dunyo bilan boʻlma” [5:25-30], deydi. Allomaning diniy-falsafiy qarashlari chuqur maʼnoga ega boʻlib, turli nizolar, qarama-qarshiliklar avj olgan bugungi kunda shafqatli, bagʻrikeng boʻlishga, insoniylik, yaxshilik, ezgulik, poklik asosida yashashga targʻib etadi. Mutasavvif olimning ilmiy-adabiy merosida va tasavvufiy qarashlarida kamtarlikka, halol mehnat qilishga, xalq dardi bilan yashashga, umrni qadrlashga, xotirjamlikka daʼvatni koʻramiz. Alloma oʻgitlarida: “Xalq ogʻirini yengillatish lozim, bu muyassar boʻlmaganda halol kasb-hunar egallab, “dil ba yoru dast ba kor” holatida boʻlmoqlik amri muqarrar turur”, deydi. Abduxoliq Gʻijduvoniy vasiyatlarida ilmli, odobli, taqvoli boʻlish, fiqh, hadis ilmlarini egallash, ulamolarning izidan yurish, mansabga qattiq bogʻlanmaslik, halol yeyish, mashhurlikka intilmaslik kabi qator insoniy fazilatlarni ilgari suradi.

Keyingi davr mutasavviflari tasavvuf taʼlimotini fan sifatida ilmiy jihatdan oʻrgandi va uning chuqur ilmiy-nazariy asoslari, komil inson konsepsiyasini ishlab chiqdi va shu tariqa yirik hajmli asarlar yuzaga keldi.

Xususan, Hakim Termiziy “Xatmul avliyo” (“Valiylar muhri”) asari orqali valiylik nazariyasini ilmiy asoslagan boʻlsa, Azizuddin Nasafiy “Kashful haqoiq” (“Haqiqatlarning ochilishi”), “Zubdatul haqoiq” (“Haqiqatlar qaymogʻi”) va boshqa asarlari orqali komil inson konsepsiyasini [6:3], Kalobodiy Buxoriy esa, “Taarruf li mazhab ahlit tasavvuf” (“Tasavvuf ahli yoʻli bilan tanishuv”) moʻjaz asari va unga Mustamliy Buxoriy “Sharh Taarruf li mazhab ahlit tasavvuf” (“Tasavvuf yoʻli bilan tanishuv” asariga sharh”) sharhi orqali tasavvuf nazariyasi boʻyicha yaxlit va mukammal maʼlumotlarni asoslab berdi [7:149].

Tasavvuf faniga birinchi boʻlib ilmiy asos solgan olim sifatida Kalobodiy nomi tilga olinadi. Yuqorida taʼkidlanganidek, asarlarning ilmiy-maʼrifiy jihatlarini mufassal koʻrsatish, maʼno-mazmunini kengroq ochish uchun yirik hajmli sharhlar yozilgan. Jumladan, birgina Kalobodiy Buxoriyning “Taarruf li mazhab ahlit tasavvuf” deb nomlangan hajman kichik asariga arab va fors tillarida koʻplab sharhlar bitilgan [8:11]. Yuz mingdan ziyod hadis bilgan Kalobodiy Imom Buxoriyning “Jomeus sahih” asariga sharh yozgan [8:3].

Tasavvufiy sharhlar orasida taʼlimotni ilmiy-nazariy jihatdan chuqur oʻrgatadigan mufassal asar sifatida Mustamliy Buxoriyning “Sharh Taarruf li mazhab ahlit tasavvuf” asari nihoyatda mashhur boʻlganini aytish joiz. Mutasavvif olim tasavvufiy istilohlar sharhi orqali olam va inson, Haq va haqiqat haqidagi qarashlarini falsafiy mushohadalar asosida talqin etadi. Jumladan, inson va uning neʼmatlarga shukri borasida: “Banda toat chogʻida oʻz toatini emas, balki Xudo bergan neʼmatni koʻrib, unga shukrona keltirishi kerak. …Banda tinimsiz shukr qilsa, Haq unga tinimsiz neʼmat beradi” [7:169], deydi. Bu bilan u Alloh bergan har bir narsani, u xoh moddiy, xoh maʼnaviy boʻlsin, Yaratganning inʼomi sifatida qabul etish, rozi boʻlgan holda shukr qilish kerakligini aytadi. Shukr ham bir ibodat ekanini, buning ketidan cheksiz neʼmatlarga erishish, Haqning roziligiga muyassar boʻlgan holda suyukli bandasiga aylanish mumkinligini falsafiy mushohadalar orqali izohlaydi [9:19-20].

Komil inson, barkamol shaxs haqidagi bu kabi falsafiy qarashlarni XIII asrda yashagan Azizuddin Nasafiyning “Zubdatul haqoiq” asarida ham koʻrish mumkin. Jumladan, u “…Shunday boʻlgilki, sendan beixtiyor hamisha yaxshilik va saxovat yogʻilib tursin… Zero, kimki hamisha odamlarga farogʻat tilasa va odamlar uchun farogʻat keltirsa, oʻsha saxovatli qalb egasidir. Bunday odam hech kimdan xizmatini darigʻ tutmaydi tili, qoʻli, moli bilan oʻzgalar yordamiga shoshiladi…” [6:55], deb taʼkidlaydi. Alloma bu fikrlari orqali haqiqiy, chin insonga xos sifatlarni tavsiflab bergan. Barkamol inson boʻlishni istasang, jamiyat va oʻzgalarga manfaat keltirgin, amaliy faoliyating bilan yaxshilik ulashgin, hammaga ezgulikni ravo koʻrib, mudom yaxshilikka shoshilgin, deydi. Albatta bunday sifatlar komil insonga xos boʻlib, allomalar hamisha poklikka, komillikka intilgan, asarlari orqali ezgulik, bunyodkorlik, tinchliksevarlik kabi yuksak gʻoyalarni tarannum etgan. Chunonchi, bundan bir necha asr oldin ijtimoiy hayot, insoniy munosabatlar haqida aytilgan falsafiy fikrlar, ilgari surilgan gʻoyalar bugungi kun uchun ham dolzarbdir. Allomalarning ilmiy merosi yuksak maʼrifiy ahamiyatga ega. Ular islom ilmlari haqida nazariy bilimlarni berish barobarida jamiyatning, insonning maʼnaviy kamoloti uchun ilgʻor, umumbashariy gʻoyalarni ham targʻib etadi.

Xulosa qilib aytganda, bu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Necha asr oʻtsa hamki, ularning merosi ilmiy-maʼrifiy ahamiyatini yoʻqotmagan holda inson kamoloti va jamiyatning maʼrifiy rivoji uchun muhim va bebaho maʼnaviy boylik boʻlib xizmat qilib kelmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
  1. N.Uluqov. Oʻzbek tili gidronimlarining tarixiy lisoniy tadqiqi. – T.: Fan, 2008.
  2. D.Maxsudov. Movarounnahr hanafiy mazhabi tafsirlarining qiyosiy tahlili (XIII-XV asrlar): Tar. fan. dok.. diss. – T.: OʻzXIA, 2020.
  3. Islom manbashunosligi. Oʻquv qoʻllanma. Tuzuvchilar: Z.Islomov, D.Maxsudov, J.Tohirov. — T.: Qaqnus, 2019.
  4. Mutafakkirlar. Burhonuddin Margʻinoniy (1123-1197) // Shosh.uz.
  5. Abduxoliq Gʻijduvoniy. Vasiyatnoma. – T.: Gʻ.Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1993.
  6. Azizuddin Nasafiy. Zubdatul haqoiq. Tarjimon N.Komilov. – T.: Kamalak, 1996.
  7. K.Rahimov. Movarounnahr tasavvufi tarixi: Taʼlimotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). – T.: Akademnashr, 2020.
  8. Shayx Kalobodiy. Tasavvuf sarchashmasi. Masʼul muharrir va soʻzboshi muallifi N.Komilov. – T.: Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2002.
  9. L.Azimova. Maʼnaviy kamolot sari. – T.: Farovon yurt, 2021.
Shoislom AKMALOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …