Home / ALLOMALAR / IMOM TЕRMIZIY – FIQHIY IJTIHOD MAKTABI NAMOYANDASI SIFATIDA

IMOM TЕRMIZIY – FIQHIY IJTIHOD MAKTABI NAMOYANDASI SIFATIDA

Maʼlumki, islom dini VII asrda Movarounnahr diyorlarida yoyila boshlagan. Xalqimiz buni faqatgina diniy taʼlimot sifatida qabul qilibgina qolmay, balki u bilan bogʻliq ilmlarni yangi pogʻonaga koʻtardi va islomning ilmiy jihatdan yuksalishida beqiyos hissa qoʻshdi.

Allomalarimizning ilmiy va diniy-maʼrifiy merosida hadis toʻplamlarining ahamiyati beqiyos. Bu borada Movarounnahr muhaddislarining hadis ilmida tutgan oʻrnini alohida taʼkidlash joiz. Bu diyordan butun dunyoga dovrugʻi ketgan allomalar, muhaddislar yetishib chiqqan.

Hijriy ikkinchi asr islom dinida fiqhiy masalalarda uygʻonish davri boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunonchi, ayni shu paytda ijtihod degan masala paydo boʻlib, bu sohada turli mazhablarning yirik ulamolari yetishib chiqqan.

Ijtihod – bu Qurʼoni karim va Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislariga asoslangan holda, davr taqozosini hisobga olib, jamiyat taraqqiyoti va maʼnaviyat ravnaqiga xizmat qiladigan foydali gʻoya va mafkuralarni yaratish, muammolarni hal etishning maqbul, yangi yoʻllarini topishdir [1:91-92].

Ijtihod fiqh ilmiga bogʻlangan omildir. Fiqh ilmi hijriy uchinchi asrda, Imom Termiziy yashagan davrda rivojlangan. Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud va boshqa ulamolar Imom Ahmadning hadis ilmidagi shogirdlari boʻlgan. Lekin ular hadis ilmiga koʻproq eʼtibor bergani bois fiqhda hanbaliy mazhabiga ergashmasdan oʻzlarining ijtihodiga suyanib ish koʻrgan.

Imom Buxoriy va Imom Termiziydek muhaddislar Qurʼoni karim, Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislari, sahobai kiromlarning asarlarini butun mazmun-mohiyati bilan tushunib yetgan.

Oʻsha vaqtda hadis rivoyat qilish va asarlar yozish koʻpaygan edi. Nusxa yozish shu darajaga yetganki, roviylarning barchasi bu ish bilan shugʻullangan. Ular bu borada ilmni Hijoz, Shom, Iroq, Misr, Yaman va Xurosondagi ulamolardan oʻrgangan. Hammasi kitob jamlagan, nusxalar qidirgan, gʻaribul hadis, yaʼni maʼnosi odamlarga begona boʻlgan ilm va nodir rivoyatlarga eʼtibor qaratgan. Avval hech kim toʻplamagan hadis va dalillarning muhimlarini jamlagan. Shunday qilib hadis turuqlari (roviylarning rivoyat yoʻllari)dan ularga koʻp narsa aniq boʻlgan. Hatto yuzdan ziyod rivoyat yoʻllari topilgan.

Roviylar baʼzi ochilmagan hadis turuqlarini kashf qilib, har bir hadisning gʻariblik va hukm olish jihatlarini oʻrgangan. Avval fatvo ahliga maʼlum boʻlmagan koʻp hadislar ularga zohir boʻlgan. Ibn Humom hikoya qiladi: “Shofeiy rahimahulloh Ahmad rahimahullohga bunday dedi: “Sizlar sahih xabarlarni bizdan koʻra yaxshi bilasiz. Agar sahih xabar boʻlsa, menga ham bildirib qoʻyingki, uning kufalik, yoki basralik, yo shomlik ekanini bilib boraman” [2:385]. Bu sahih hadislarni rivoyat qilgan kishi bir shaharga xos boʻlishi, yaʼni shomliklardan, iroqliklardan yoki ahli baytga xos ekanini bilish eʼtiborli boʻlgan. Bu xabar yetkazuvchining “Abu Burdadan, u Abu Musodan” nusxasi kabi boʻladi. Bunday hadislardan fatvo ahli gʻofil qolgan.

Ularning huzurida har bir shaharning sahoba va tobein faqihlarining taʼsiri jam boʻlgan. Undan oldin kishi oʻz shahri va taniydigan birodarlaridangina hadis toʻplashi mumkin edi. Shuningdek, hadis roviylarining ismini, ularning adolat darajasini bilishiga tayanib, ahvolidan xabardor boʻlardi va yaqinlariga ergashardi. Bu tabaqadagi olimlar hadislarni yozib qoʻyish va qidiruv olib borish bilan bu fan borasida mustaqil yoʻl tutishga eʼtibor qaratgan. Muhaddislar hadisning hukmida sogʻlomligi va boshqa jihatlarida munozara qilgan. Sufyon, Vakiʼ va ular kabi muhaddislar qattiq ijtihod bilan hadislarni oʻrganishga intilgan. Shuning uchun Abu Dovud Sijistoniyning Makka ahliga yoʻllagan maktubida aytilganidek, ular mingtadan kam hadis bilgan [3:312-313].

Hadis bilan fiqh ilmi bir-biriga bogʻliq. Ulamolar bu ikki ilmni puxta egallashga harakat qilgan. Faqat hadisda katta muvaffaqiyatga erishgan hadis ilmi imomlari va fiqhda koʻproq shuhrat topgani fiqh imomi boʻlib tanilgan.

Imom Termiziyning turli mazhab va gʻoyalarga munosabat masalasida tutgan mavqei Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislari va dalil-isbotlar bilangina xulosa chiqarishga asoslangan edi. Albatta, bunday hollarda faqat sahih hadislar va eng kuchli dalillar asosiy mavqega ega edi. U oʻz ustozlari – eng avvalo Imom Buxoriyning va boshqa hadis ilmi ulamolarining taʼsirida ahli ray emas, ahli hadis yoʻlida sobitqadamlik bilan fikr yuritgan, uni chuqur tahqiq va tadqiq etish orqali oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan.

Alloma Abu Husayn Nadaviy bunday deydi: “Imom Termiziy bugungi kunda odamlarning qiyosiy fiqh nomli tushunchasi mavzusining eshigini qoqqan kishidir. Ummat unga “oʻz asrida fiqhiy ijtihod maktabi namoyandasi”, deb taʼrif berishi lozim boʻlgan katta fazl egasi edi” [4:89].

Imom Termiziy ilm imomlarining barchasini hurmat qilar edi. U biror bir fiqhiy mazhabni lozim tutmagan. Uning fiqhiy masalada oʻzi hukm chiqarib olishi uchun ilmi va aqli yetarli boʻlgan.

Imom Termiziyning ijtihod yoʻlini tutgani uning “Sunan” asarida oʻz aksini topgan. U ahli ray haqida gapirar ekan, ularning mazhablarini bayon qilish uchun oʻz asarida “Koʻfa ahli” yoki “ayrim Koʻfa ahli” kabi iboralarni koʻp ishlatadi [5:173]. Baʼzilar: “Abu Hanifani aytishga xijolat boʻlganidan “Koʻfa ahli” degan”, deb oʻylagan. Lekin Imom Termiziy faqat Abu Hanifani nazarda tutib, bunday deydigan kishi emas edi. U Kufadagi barcha olimlarni nazarda tutgan. Abu Hanifadan tashqari, Vakiʼ, Sufyon Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Zufar va boshqalarni ham aytib oʻtgan.

Imom Termiziyning asarida koʻp uchraydigan iboralardan yana biri “bizning asʼhoblarimiz”dir. Bu umumlashgan atama bilan Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idris Shofeiy, Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh kabi fiqh ilmining mujtahidlari hisoblangan ahli hadisni nazarda tutgan.

Imom Termiziy fiqhiy isnodlarni Sufyon Savriy, Muhammad ibn Usmon Kufiy, Ubaydulloh ibn Muso Abasiy, Maktum ibn Abbos Termiziy, Muhammad ibn Yusuf Firyobiydan naql qilgan [6].

Imom Termiziy va oʻsha zamonda yashagan muhaddislar oʻz faoliyatida hadislardan sharʼiy hukmlarni olib, fiqh ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Barcha muhaddislar faqih boʻlib, ularning ayrimlari hadislardan sharʼiy hukmlarni olishda boshqalariga qaraganda ustunroq boʻlgan.

Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi hanuzgacha tadqiq qilinib, yangi-yangi maʼlumotlar yuzaga chiqmoqda. Bu ilmiy tadqiqotlarning natijalari ajdodlarimizning boy ilmiy merosining naqadar keng boʻlganidan dalolat beradi. Har bir allomaning asaridan hadis, fiqh va boshqa ilmlarga taalluqli maʼlumotlarni topish mumkin. Ularning ilmiy merosi xalqimizning maʼnaviy mulki hisoblanadi. Allomalarning bunday boy merosini asrab-avaylab, ulardan oqilona foydalanib, oʻrganib, avlodlarga yetkazish bugungi kundagi muqaddas burchimizdir. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Islam (Ensiklopedicheskiy slovar). –M., 1991.
  2. Abul Qosim Ali ibn Hasan Shofeiy. Tarix madinatu Dimashq. J.51. –Bayrut. Dorul fikr, 1995.
  3. Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil boligʻa. – Qohira. Dorul kutubil hadisa.
  4. Iyod Xolid. Al-Imom at-Termiziy. – Damashq. Dorul qalam, 2001.
  5. Muhammad Muborakfuriy. Tuhfatul ahvaziy sharh jomiit Termiziy. J. 1. –Riyoz.
  6. Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomiut Termiziy (Sunani Termiziy). – Bayrut. Dor ihyoit turosil arabiy.
Qodirxon Mahmudov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …