Home / MAQOLALAR / OʻRTA OSIYO XONLIKLARIDA TAZKIRANAVIS IJODKORLAR

OʻRTA OSIYO XONLIKLARIDA TAZKIRANAVIS IJODKORLAR

Tazkiralar[1] turkiy va musulmon olamida, xususan, Turkiya, Turon va Eron zaminida turli tarixiy davrlarda yashab oʻtgan shoirlar va ularning sheʼrlari jamlangan majmua sifatida doimo qadrlangan va maxsus yoʻnalish sifatida rivojlanib kelgan.

Tazkiralar Oʻrta Osiyoda ham koʻp asrlik tarixga ega, ularning katta qismi shoirlarning ijodiga bagʻishlangan boʻlsa-da, orasida olimlar, hukmdorlar, diniy ulamolar, sheriyat peshvolarining tarixi va faoliyatiga bagʻishlangani ham bor.

Tazkiralar asosan adabiyot, xususan, sheʼriyat tarixi yoʻnalishida koʻp oʻrganilgan, tarix fanida esa ulardan madaniy hayot namoyondalarini oʻrganishda foydadalanilsa-da, haligacha maxsus tadqiqot obyekti boʻlmagan. Vaholanki, ularda nafaqat shoirlar, balki hukmdorlarning faoliyati, ularning adabiyotga, madaniyatga munosabati, sheʼrlarda esa davr ruhi, xalqning armonlari, qalb nidosi, ijtimoiy fikr va tafakkurni anglab olish mumkin boʻlgan jihatlar, geografik, topografik maʼlumotlar juda koʻp. Tazkiralarning madaniyat tarixi va intellektual merosni oʻrganishdagi oʻrni va ahamiyati nihoyatda katta.

Tazkiralar tarix fanida uzviy davomiylikda, maxsus va izchil oʻrganilmagan boʻlsa-da, ulardan turli davrlardagi shaxslar va ijod ahlining hayotini, tarixini oʻrganishda tegishli oʻrinlarda unumli foydalanib kelinmoqda.

Tazkiralarning tahlili shuni koʻrsatadiki, ular orqali nafaqat madaniy hayot, balki davr ruhini ham baholash mumkin. Ular orasida hukmdorlarning topshirigʻi va homiyligida yaratilgani yoki shaxsiy tashabbus asosida avvalgi tazkiralarni davom ettirish yoki toʻldirish maqsadida yozilgani ham mavjud. Tazkiralarni asosan shoirlar, xattotlar, tarixchilar yozgan va XX asrning oʻrtasigacha davom etgan.

XIX asrdan XX asrning boshigacha har bir xonlikda tazkiranavislik anʼanasi davom etgan. Qoʻqon xonligida Umarxonning buyrugʻi bilan Fazliy Namangoniy va Mushrif tuzgan “Majmuatush shuaro” [1:338] nomli tazkiradan XVIII asr oxiri va XIX asr boshida Qoʻqonda yashab ijod qilgan 100dan ortiq ijodkor haqidagi muhim maʼlumotlar oʻrin olgan. Fazliy Namangoniy rahbarligida sheʼriy shaklda yaratilgan “Majmuai shoiron” (“Shoirlar guruhi”) tazkirasi saroyda toʻplangan ijodkorlar, adabiy muhit haqida maʼlumot beradi.

Buxoroda Qori Rahmatulloh Vozeh (1818-1894) tuzgan “Tuhfatul ahbob fi tazkiratil asʼhob” (“Suxbatdoshlar zikrida doʻstlar tuhfasi”) tazkirasi [2:145,29-30] XVIII asr oxiri va XIX asrda yashab ijod qilgan Turkiston shoirlarini qamrab olgan edi. Bu tazkirada Buxoro va Qoʻqonda yashagan 150 shoirning tarjimai holi va gʻazallari toʻplami bayon etilgan. Vozeh zullisonayn boʻlib, oʻzbek, tojik tillarida koʻplab qasida, ruboiy, gʻazallar yozgan. Bundan tashqari, tarix, tabiatshunoslik, etika, tibbiyotga doir asarlarni tarjima qilgan.

Buxoro amiri Abdulaxadxonning tavsiyasi bilan Buxoroda XX asr boshida Afzal maxdum Pirmastiy tuzgan “Afzaliut tazkor fi zikrish shuaro val ashʼo” [3:372-407] (“Shoirlar va sheʼrlar haqidagi Afzal tazkirasi”) deb nomlangan tazkirada XIX asr oxiri XX asr boshida yashab, ijod qilgan 135 shoir haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Bu davrda yana qator tazkiralar tuzilib, anʼanaviy tazkiranavislik yangi asarlar bilan boyitildi.

Xususan, Said Mir Muhammad Siddiq Hashmat tuzgan “Tazkiratush shuaro” [4:138] nomli tazkirada Buxoroda yashab ijod qilgan 60dan ortiq shoir, ularning taxallusi, tarjimai holi, mashhur sheʼrlari haqida, Hoji Abdulazim Sharʼiy tuzgan “Tazkirai shuaroi Abdulazim Sharʼiy” [5:81b] nomli tazkirada XIX asr oxirida Buxoro, Samarqand va Toshkentda yashab ijod qilgan shoirlar, olimlar haqida, Neʼmatulla Muhtaramning nasriy matnda fors tilida yozgan “Tazkirai Hoji Neʼmatulloh Muhtaram” [6:178b,473-478] nomli tazkirasida XIX asr va XX asr boshida Buxoroda yashab ijod qilgan shoirlarning taxallusi, ismi, nasabi, yozgan asari haqida, Abdiy Mirabdullaxoʻjaning “Tazkirai Abdiy” (yoki “Tazkiratush shuaroi mutaaxxirini Buxoro”), “Tazkiratush shuaro” (1904) nomli tazkiralarida Amir Abdulahad davrida yashab ijod qilgan 118ta shoir haqida maʼlumot jamlangan.

Abdumutallib Faxmiyning “Tazkirai Faxmiy” [7:28,74] nomli tazkirasida zikr etilishicha, XIX asrda mamlakatda 300 nafar shoir yashab ijod qilgan. Asarda Bedil, Hofiz, Nizomiy, Ismat Buxoriy, Savdo, Vozeh kabi avvalgi tazkiranavislarning tazkiralaridan qisqacha maʼlumotlar, ayrim tazkiralardan esa, masalan, Vozehdan toʻliqroq maʼlumotlar berilgan.

Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz davrida tazkiranavislikka alohida eʼtibor qaratilgan. Zero, bu davrda mamlakatda uning homiyligida sheʼriyat, adabiyot, sanʼat va tarjimonlik keng rivojlandi. 1909 yili xonning amri bilan shoir Ahmad Tabibiy (1869-1911) yaratgan “Majmuatush shuaro” (“Shoirlar guruhi”) nomli tazkira “Majmuatush shuaroi Feruz-shohiy» nomi bilan tanilgan boʻlib, jami 1638 sahifadan iborat edi [1:338,176].

Ahmad Tabibiy sanʼatshunos, musiqashunos, xattot, shoir. U Xorazm shoirlari haqida yaratgan “Majmuai shuaroi payravi Feruz” nomli tazkirasiga shoir Feruzning 100ta gʻazaliga 30ta shoir yozgan payravni kiritadi. Bu tazkiradagi matnlar asosan oʻzbek tilida edi.

Tazkiranavislik xonliklar tugatilgandan keyin ham davom etdi. Hasanmurod Laffasiy, Mirzo Muhammadsharif Sadr Ziyoning asarlari shular jumlasidan boʻlib, ularda XIX asr oxiri va XX asr boshida yaratilgan tazkiralar toʻldirilib, tizimlashtirilgani va xonliklarning soʻnggi davriga qadar yetkazilganini koʻrish mumkin.

Muhammad Sharifjon Sadr Ziyo Buxoro amirligida yashab, turli tuman va viloyatlarda qozilik lavozimida faoliyat koʻrsatgan mutafakkir olim, adib va shoir sifatida boy ilmiy va adabiy meros qoldirgan. U oʻzi yashagan davrda Buxorodagi adabiy hayotga va tarixga doir keng maʼlumot beradigan “Tazkiratush shuaro mutaqaddimin”, «Shuaroi mutaaxxirin” va “Fuzaloi mutaaxxirin”» kabi tazkiralar yaratdi.

“Tazkiratush shuaro mutaqaddimin» tazkirasiga Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratush shuaro”, Lutf Alibek Ozarning “Otashkada” tazkirasi asos boʻlgan. Sadr Ziyo X-XV asrlarda Xuroson va Movarounnahr, Eron va Hindistonda yashab ijod qilgan Rudakiydan to Jomiy va Navoiygacha boʻlgan 162 shoir va olim, ularning ijodi, shuningdek, X-XVII asrlarda yashagan 120 nafar shahzoda haqida soʻz yuritadi. Sadr Ziyo oʻzining tazkirasini Davlatshoh Samarqandiy qayd etgan maʼlumotlar bilan toʻldirib, eʼtibordan chetda qolgan Ibn Sino, Xoʻja Nizomulmulk va boshqa bir qator shoir va mutafakkirlar haqidagi yangi maʼlumotlar bilan boyitadi[2].

Sadr Ziyo “Shuaroi mutaaxxirin”[3] (“Hozirgi davr shoirlari”) nomli tazkirasini Vozehning “Tuhfatul ahbob” [8:29-43] tazkirasi asosida yaratdi. Bu tazkira Vozeh qayd etgan XIX asrda Buxoroda yashab ijod qilgan 88 nafar shoir, olim, shayx haqida maʼlumot berib, “Tamom boʻldi, Qori Rahmatullohiy Vozeh” [9:332b] deb yakunlanadi. Sadr Ziyo Vozehning tazkirasini shunchaki koʻchirmay, undagi maʼlumotlarni toʻldirib aniqlashtiradi va ilovalar kiritadi. Ilovalarda Ahmad Donish va XIX asrning ikkinchi yarmida, Vozehdan keyin yashagan shoirlar haqida maʼlumotlar beriladi.

Sadr Ziyo “Fuzaloi mutaaxxirin” nomli tazkirasida XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlari, yaʼni Amir Muzaffar (1860-1885), Abdulahad (1885-1910), Olimxon (1910-1920)ning hukmronligi davrida, qisman sovet zamonida yashab ijod qilgan 79 nafar shoir va donishmand, ularning vafot sanalari, baʼzi shoirlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, XX asr boshida vujudga kelgan jadidlik haqida maʼlumotlar keltiradi [10:337b].

1932 yilda Sadr Ziyo “Tazkirai shuaro manzumai Mirzo Muhammadsharif sadr” nomli majmuaga oʻzining bir qator tazkiralarini jamlaydi. Muallif unga kiritilgan “Tazkirai shuaro” (“Shoirlar zikri haqida”) nomli tazkirasida oʻzi va ajdodlari, Buxoro hukmdori Amir Abdulahadxon, Buxoroning XIX asr va XX asrning boshida yashagan shoir va olimlari, amaldorlari, diniy ulamolari haqida maʼlumot beradi. Muallif majmuaning “Tarjimai ahvoli qozi Abdushukur” (“Qozi Abdushukurning tarjimai holi”) deb nomlangan qismida oʻz otasining ajdodlari, pir va ustozlari Domlo Mirzo solih aʼlam, Mavlaviy Inoyatulloh Qozi kalon, Oxund Domlo Hasan, otasining ijodiy faoliyati va amalga kelishi, amirlar va amaldorlar bilan munosabatlari, Amir Muzaffar davri, oʻz sheʼrlari, ijodi, u bilan hamzamon boʻlgan mashhur ijodkor olim va amaldorlar haqida qiziqarli maʼlumotlarni qayd etadi.

Asarning “Tarixi salotini Usmoniy va nasabi Eshon” (“Usmoniy sultonlari va ularning nasabi”) qismidan Usmoniy sultonlar, Ertugʻrul va uning avlodlari, Usmonbek Gʻoziy, Yildirim Boyazid, Sulton Murodxon va ularning avlodlari, Sulton Abdulhamidxon II kabi turk sultonlari, Movarounnahrdagi Temuriy sultonlar, Buxoroning xon va amirlari, Eron sultoni va shohlari, Afgʻoniston tarixi, Rossiya podsholari haqidagi maʼlumotlar oʻrin olgan.

Majmuaning “Tazkirai xattoton” (“Xattotlar zikri haqida”) nomli qismida dunyoda ilk xatning paydo boʻlishi, arab xatining tarixi, Mir Ali Tabriziy va Movarounnahrning mashhur kotiblari, Oʻrta asrlardagi mashhur xattotlar, nastaʼliq xatining vujudga kelishi va uni rivojlantirgan xattotlar, Buxoro va Samarqandning mashhur xattotlari, qozi, muftiy, voliy, amir va xonlar kabi amaldorlardan boʻlgan mashhur xattotlar, muallifga hamzamon yashagan xattotlar haqida maʼlumotlar beriladi (nazmga solingan holda) [11:3].

1940 yilda Hasanmurod Laffasiy (1880-1945) tuzgan “Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari” [12:11-13] nomli asar xorazmlik 51 nafar shoir, ularning asarlaridan namunalar, oʻzaro munosabatlari, saroydagi adabiy muhit haqida maʼlumot beradi. Laffasiyning bu tazkirasi “Xiva shoirlari” nomi bilan ham tanilgan boʻlib, XX asr boshida Xiva hukmdori Muhammad Rahimxonning topshirigʻi bilan yaratilgan “Tazkirai shuaro”da berilgan maʼlumotlarni yanada toʻldiradi.

Xulosa qilib aytganda, tazkiralar oʻz davrining ijtimoiy, madaniy va adabiy sohalarini aks ettiruvchi muhim bir yoʻnalish sifatida asrlar davomida muhim tarixiy manbalarni saqlash, qayd etib borish va kelgusi avlodlarga yetkazib berishda muhim rol oʻynagan. Ularda nafaqat shoirlar va ularning asarlari, balki din peshvolari, ulamolar, olimlar, hukmdorlar, amaldorlar (qozi, muftiy va b.), madaniy hayot va saroy muhiti, xon va amirlarning adabiyotga munosabati, ilm-fan va madaniyat haqidagi qimmatli maʼlumotlar saqlanib qolgan. Bu tazkiralarda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa, shu jumladan, Eron, Hindiston, Afgʻoniston, Usmoniy turklarning tarixi va madaniyatiga oid maʼlumotlar ham mavjud boʻlib, ular xorijiy mamlakatlarning tarixi uchun ham muhim manbaviy ahamiyatga ega.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulkarim Fazliy Namangoniy. “Majmuai shoiron” // Qoʻlyozma OʻzR FA SHI fondi. Inv. // yana qarang: OʻzR FA SHI Islom ilmlariga oid manbalar va nashri granti asosida nashrga tavsiya etilgan. Abdulkarim Fazliy Namongoniy. №…“Majmuai shoiron” tuzuvchi Baxrom Abduxalimov. –T., Fan. 2018.
  2. Qori Rahmatulloh Vozeh. “Tuhfatul ahbob fi tazkiratil asʼhob” // Qoʻlyozma, OʻzR FA SHI fondi. Inv. № 2336/1. – 145 v. Yana qarang: Xadi-Zade R. Istochniki k izucheniyu tadjikskoy literaturы vtoroy polovinы XIX veka. – Stalinabad, 1956.
  3. R.Hodizoda, U.Karimov, S.Saʼdiyev. Adabiyoti tojik: Asrxoi XVI-XIX va ibtidoi asri XX. – Dushanbe: Maorif, 1988. Sah. 372,407. Yana qarang: Majmuai shoiron. –T.: Ilin bosmaxonasi, 1902.
  4. Muhammad Siddiq Hashmat, Tazkiratush shuaro // Qoʻlyozma, OʻzR FA SHI fondi. Inv. № 138 v. 2252/I.
  5. Abdulazim Sharʼiy. “Tazkirai shuaroi Abdulazim Sharʼiy” // Qoʻlyozma OʻzR FA SHI fondi. Inv. № 3396/III.
  6. Neʼmatulla Muhtaram “Tazkirai Hoji Neʼmatulloh Muhtaram // Qoʻlyozma, OʻzR FA SHI fondi. Inv№ 2252/II. 178b,: yana qarang S.Ayni. Namunai adabiyoti tochik.
  7. Abdumutallib Faxmiy. Tazkirai Faxmiy // Qoʻlyozma. OʻzR FA SHI fondi. Inv. № 2331/I.74v. – 174 v.yana qarang: B.Valixoʻjayev. Oʻzbek adabiyotshunosligi tarixi.
  8. Xadi-zade R. Istochniki po istorii izucheniya tadjikskoy literaturы konsa XIX-nachala XX vv. –Dushanbe.
  9. Shuaroi mutaaxxirin, 332varaq.
  10. OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik qoʻlyozmalar instituti. Inv. №1304.
  11. A.Murodov. Oʻrta Osiyo xattotlik tarixidan. – T., 1971.
  12. Xasanmurod Laffasiy. Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai xollari // Toshbosma OʻzR FA SHI fondi. Inv. № 1900.
[1] Tazkira – arabcha “zikr etish”, tilga olish, eslash maʼnosini bildiradi.
[2] Sadr Ziyo. Tazkiratush shuaro mutaqaddimin, 272a varaqda Ibn Sino, 272b varaqda Xoʻja Nizomulmulk haqida maʼlumot berilgan.
[3] Tazkiraning toʻliq nomi “Shuaroi mutaaxxirin va fuzaloi muosirini roqimi adim-ul qadr Ziyoi Sadr” boʻlib, uning nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida №2193 raqam ostida saqlanmoqda.
Latofat XOLNAZAROVA,
Islom Karimov nomidagi
Toshkent davlat texnika universiteti t.f.n.
“Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi dotsenti

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …