Home / ALLOMALAR / SIYMOSI QALBLARNI EGALLAGAN ALLOMA

SIYMOSI QALBLARNI EGALLAGAN ALLOMA

Abdulhay Laknaviy shariat ilmlarida oʻz zamonasining mashhuri va barcha musulmonlarga Alloh taolo tarafidan berilgan namunasidir. U kishining hayoti va ijodi oʻquvchini ilmga chorlaydi, qalbga xursandchilik keltiradi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini va fiqhiy dalillarni toʻgʻri fahmlashga undaydi. Allomaning turli ilmlardagi amalga oshirgan ishlari va bayon qilgan tadqiqotlari islom ummati uchun dengizda esadigan shabadadan koʻra foydaliroqdir. Shu sababli Abdulhay Laknaviyning hayoti va ijodi haqida zamondoshlari va keyingi olimlar tarafidan juda katta baho berilgan. Zero, buyuklarga xos shunday fazilat borki, ular bu yorugʻ dunyoni tark etganidan keyin ham siymolari qalblarda, ilmlari tafakkurda yashayveradi.

Vatandoshi va zamondoshi Abdulhay Hasaniy allomaga shunday taʼrif bergan: “Abdulhay Laknaviy farosatli, zakiy, zehni oʻtkir, iffatli, soʻzga chechan, aqliy va naqliy ilmlarni chuqur oʻrgangan, shariatning nozik taraflarini egallagan, fatvo ilmida peshqadam boʻlgan alloma edi. Hatto barcha islom diyoridagi ulamolar u kishining ulugʻligiga havas bilan qaraydi”.

Ustozi Muhammad ibn Abdulloh shogirdi haqida shunday fikr bildirgan: “Uning xursand boʻlib yurganini koʻrmadim. Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini targʻib qilgan kishini koʻrganida, uning qalbiga xursandchilikni toʻldirib tashlar edi. U fiqhiy dalillarga boy, turli ilmlar boʻyicha tajribasi bor allomadir”.

Ali Hasanxon otasining alloma haqida aytgan soʻzini shunday hikoya qiladi: “Otam Navvob Siddiq Hasanxonga Abdulhay ibn Abdulhalimning oʻlim xabari kelganda, qoʻlini peshonasiga qoʻyib, bir lahza boshini yerga engashtirdi. Soʻngra ikki koʻzi yoshga toʻlgan holda boshini koʻtarib, allomaning haqqiga duo qilib: “Bugun ilmning quyoshi soʻndi”, dedi”.

Faqir Muhammad allomaga shunday munosabat bildirgan: “Abdulhay Laknaviy faqih, muhaddis, fozil, aql va naql ilmlarni oʻzida jamlagan, usul va furuʼ ilmlarni puxta egallagan va ulamolarning peshqadami edi”.

Muhammad Hafizulloh allomaning darajasiga shunday taʼrif bergan: “U ilohiy ilmlarda mohir bilimdon, fiqh va hadis roviylari haqidagi ilmlarni oʻzida jamlagan va koʻp risolalar tasnif qilgan alloma boʻlgan”.

Muhammad Zohid Kavsariy allomaning hadislardan hukm olishini maqtab, aytadi: “Abdulhay Laknaviy oʻz asrining bilimdoni edi”.

Umar Rizo Kahola aytadi: “Abu Hasanot Abdulhay tarixchi, muhaddis boʻlgan”.

Xoyruddin Zarkaliy allomaning qomusiy olim ekanligini shunday eʼtirof etgan: “U hadis va hanafiy fuqaholarining tarjimai holidan xabardor olim edi”.

Abu Gʻudda Abdulfattoh allomaning serqirra olim boʻlganini shunday baholagan: “U keyingi davr ulamolarining faxri, kitoblarni tadqiq qiluvchilarning noyobi, muhaddis, faqih, usulchi, mutakallim, tarixchi, oʻtkir koʻzli Imom Shayx Abuhasanot Muhammad Abdulhay Ansoriy Laknaviy Hindiydir”.

Muhammad Nazir Husayn Dehlaviy bir majlisda Abdulhay Laknaviyni olqishlab, unga shunday degan: “Bu zamonda sening oʻxshashing yoʻq, asrning yolgʻizisan. Bu yuz yillikda hech bir kishi sendagi ilm bilan kelmagan. Alloh hayotingga va ilmingga baraka bersin”.

Yuqorida oʻtgan maqtovlardan Abdulhay Laknaviyning ulamolar orasida oliy maqom va ulugʻ daraja sohibi boʻlganidan darak beradi. Shuningdek, hadis ilmlari, fiqh, usul qoidalari va bulardan boshqa koʻpgina fanlar boʻyicha atoqli shaxs boʻlgani ochiq-oydin boʻladi. Qolaversa, Abdulhay Laknaviyning ilm talab qilishida, jamlashida, kitobga qayd qilishida va ilm yoyishida oliy himmat va kuchli qatʼiyat sohibi boʻlganiga guvohlik beradi. Zero, u kishining haqqiga asrdosh ulamolar ziyodasi bilan maqtovlar aytgani tahsinga sazovordir. Ayniqsa, alloma bilan Siddiq Hasanxon oʻrtasida koʻp marta kuchli bahs-munozara boʻlib oʻtgan boʻlsa-da, allomaning ilmini eʼtirof etishdan u kishini hech narsa toʻsib turolmagan. Hatto allomaning oʻlim xabari kelganda: “Bugun ilmning quyoshi soʻndi”, deb qattiq qaygʻuga tushgan.

Alloma haqida bildirilgan ushbu maqtovlar oʻzining zamondoshlaridan, shogirdlaridan va ilmni olib ijozaga erishgan ustozlari tarafidan aytilgan. Shuningdek, allomaning atrofidagi barcha ilm sohiblari u kishining fazilatli, peshqadam va asrdosh ulamolarning koʻpidan ustun boʻlganini eʼtirof etgan.

Otabek BAXRIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …