Home / ALLOMALAR / ABU AMR SAMARQANDIYNING “FAVOIDUL MUNTAQOT” ASARI

ABU AMR SAMARQANDIYNING “FAVOIDUL MUNTAQOT” ASARI

IX-XII asrlar Movarounnahrda ilm-fan yuksak darajada rivojlangani bois ilm-fanning oltin davri deya eʼtirof etilgan. Aynan oʻsha asrlarda bu zaminda hadis ilmining rivojiga oʻzining benazir hissasini qoʻshgan Abdulloh ibn Muborak Marvaziy, Ahmad ibn Hanbal Marvaziy, Isʼhoq ibn Rohavayh Marvaziy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Abd ibn Humayd Keshiy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy singari yuzlab muhaddis allomalar yetishib chiqqan. Ular taʼlif etgan hadis toʻplamlarining baʼzilari islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida qaralib, hanuzgacha musulmonlar tomonidan katta ehtirom va qiziqish bilan mutolaa qilinadi.

Shunday muhaddislardan biri IX asrda Samarqandda yashab, shayx va siqa – ishonchli rutbasini qozongan Abu Amr Samarqandiydir. Uning toʻliq ismi Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Horun Samarqandiy boʻlib, ayrim manbalarda Usmon ibn Ahmad deb ham keltirilgan.

Abu Amr Samarqandiy 250/864 yili tavallud topib, 345/956 yili vafot etgan.[1]

 Ancha vaqt davomida Misrda istiqomat qilgani sababli unga Misriy nisbasi ham berilgan.

Abu Amr Samarqandiy hadis toʻplash maqsadida koʻplab mamlakat va shaharlarga ilmiy safar qilib, yetuk olimlarning suhbatlarida boʻlgan. Jumladan, Ahmad ibn Shaybon Ramliy, Abu Umayya Muhammad ibn Ibrohim ibn Muslim Tarsusiy, Muhammad ibn Hammod Tehroniy, Muhammad ibn Abdulhakim Qitriy kabi koʻplab muhaddislarning suhbatida boʻlib, taʼlim olgan va hadis tinglagan. Ilm oʻrganish bilan birga halol rizq topish maqsadida etikdoʻzlik ham qilgan[2].

Abu Amr Samarqandiy hadis ilmi borasida oʻz davrining taniqli olimi boʻlib yetishadi. Manbalarda u Misrda yashagan kezlari taʼlim berish bilan shugʻullangani keltirib oʻtilgan.[3] Undan Abu Abdulloh ibn Mandah, Hofiz Abdulgʻani Azdiy, Abdurahmon ibn Umar ibn Nuhhos, Xusayb ibn Abdulloh ibn Muhammad, Ahmad ibn Muhammad ibn Hoj Ishbiliy, Muhammad ibn Zakvon Tinnisiy,[4] Abu Muhammad ibn Said Azdiy[5] kabi koʻplab yetuk allomalar hadis rivoyat qilgan.

Bundan tashqari, Abu Amr Samarqandiy sanadi bilan rivoyat qilingan hadislar mashhur muhaddislarning kitoblarida ham keltirilgan. Jumladan, Abu Amr Doniy[6], Abu Farj Abdurahmon ibn Abu Hasan Javziy[7], Ibn Asokir[8], Abu Qosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofiiy[9], Abu Husayn Muhammad ibn Ahmad ibn Jamiʼ Saydoviy[10] va Abu Abdulloh Muhammad ibn Salloma ibn Jaʼfar Quzzoiy[11] toʻplamlarida undan rivoyat qilingan hadislar mavjud.

Allomaning ismini Usmon ibn Ahmad shaklda keltirgan holda esa Abu Qosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofiiy[12] va Abu Bakr Xatib Bagʻdodiy[13] oʻz kitoblarida undan hadis rivoyat qilganini koʻrish mumkin.

Ibn Yunus aytadi: “Abu Amr Usmon Samarqandiy ishonchli roviy boʻlib, unga otasidan sahih hadislar yozilgan bir necha sahifalardan iborat qoʻlyozma bitiklar qolgan. Abu Amr Samarqandiy ushbu qoʻlyozmadagi hadislardan ham rivoyat qilgan.”[14]

Koʻrinib turibdiki, Abu Amr Samarqandiyni oʻz zamonasining ishonchli va taniqli muhaddislaridan boʻlgan.

Abu Amr Samarqandiyning eng mashhur asari “Favoidul muntaqot avoliul hisan” (“Tanlab olingan yuksak darajadagi goʻzal foydalar”) boʻlib, qisqacha “Favoidul muntaqot” (“Tanlab olingan foydalar”) deb ham atalgan.

Abu Isʼhoq Huvayniy Usriy mazkur asar va undagi rivoyatlar haqida keltirilgan maʼlumotlardan foydalangan holda Qohiradagi Ibn Taymiya kutubxonasida tadqiqot ishlarini olib borgan. Kitobning asl nusxasida 91 ta musnad[15] rivoyat borligini aniqlagan. Ularni jamlab, alohida kichik risola holiga keltirgan. Ushbu risoladagi hadislar ishonarli – sahih boʻlib, ular orasida martaba jihatidan hadisi qudsiy[16], sanadlari marfuʼ[17] va mavquf[18] boʻlgan hadislar ham bor.

Abu Isʼhoq Huvayniy asardagi rivoyatlardan bir qanchasini alohida ajratib olib, “Juzʼu fihi minal favoidil muntaqot hisanil avoli” nomli kitob yozgan. 248 sahifadan iborat mazkur kitobni 1997 yil Livanda nashr ettirgan.[19]

Abu Isʼhoq Huvayniy oʻz tadqiqotida Abu Amr Samarqandiy haqiqatan ushbu kitobning muallifi ekanligini isbotlovchi dalillarni quyidagicha keltirgan:

  1. Ishonchli va sahih manbalarda Abu Amr Usmon ibn Muhammad ushbu asarning muallifi ekanligi zikr etilgan.
  2. Ilm ahlining ulugʻlari tomonidan mazkur asar Abu Amr Usmon ibn Muhammadga tegishli ekanligi haqida rad etib boʻlmaydigan soʻzlar aytilgan.
  3. Hofiz ibn Hajar Asqaloniy oʻzining “Moʻjamul mufahris” (“Mundarijalar qomusi”) asarida ustozlaridan eshitganini rivoyat qilib, ushbu kitobning muallifi Abu Amr Usmon ibn Muhammad ekanligini taʼkidlab oʻtgan.

Abu Isʼhoq Huvayniy “Favoidul muntaqot” haqida bunday deydi: “Muallif kitobdagi rivoyatlarni bir tizimga keltirgan holatda yozgan. Ammo asarda mualliflikni tasdiqlovchi yozuv va belgilar uchramaydi. Bu holat salaf ulamolarning odati boʻlib, ular aksar hollarda tasnif etgan asarlarida nomlarini keltirmagan”[20].

Abu Amr Samarqandiy “Favoidul muntaqot”dagi birinchidan oʻn sakkizinchigacha boʻlgan rivoyatlarni mashhur ustozi Sufyon ibn Uyayna sanadi bilan rivoyat qilgan. Shuningdek, asardagi koʻproq rivoyatlar muallifning yana boshqa ustozlari Shoʻba ibn Hajjoj va Abu Umayya Muhammad ibn Ibrohimlardan keltirilgan. Toʻplamda hadisning asl matnidan koʻra roviylarning sanadiga koʻproq eʼtibor qaratilgani bois sanadi zaif hadislar uchramaydi[21].

Imom Tabaroniy “Moʻjamul avsat” (“Oʻrtacha qomus”) asarida 4802-raqamdagi hadisni quyidagi sanad bilan keltirgan:

حدثنا عبيدُ بن خلف القطيعىُّ، قال: حدثنا عمرو بن محمد الناقدُ، قال حدثنا معتمر بن سليمان، عن ليث بن أبى سليم، عن واصل الأحدب، عن أبى وائل، عن ابن مسعود مرفوعاً: “إنَّ آخر ما حفظ من كلام النبوة: إذا لم تستح فاصنع ما شئت”.

         Bizga Ubayd ibn Xalaf Qatʼiy hadis aytdi. Ubayd dedi: Bizga Amr ibn Muhammad Noqid hadis aytdi. Amr dedi: Bizga Moʻtamar ibn Sulaymon Lays ibn Abu Salimdan, u Vosil Ahdabdan, u Abu Voildan, u Ibn Masʼud roziyallohu anhudan marfuʼ hadis aytdi: “Paygʻambarlarning soʻzlaridan saqlanib qolganlarining oxirgisi “Agar uyalmasang, xohlaganingni qil”, degan soʻzlaridir”.[22]

Imom Tabaroniy bu rivoyat haqida: “Bu hadisni Vosildan Lays rivoyat qilib, Laysdan esa faqat Moʻtamar rivoyat qilgan. Shuningdek, Ibn Masʼuddan bu sanad bilan Moʻtamardan boshqa kishi rivoyat qilmagan”, deydi[23]. Yaʼni, ushbu rivoyatni Ibn Masʼuddan faqat Moʻtamar rivoyat qilgan deb, uning rivoyatini mufrad (yolgʻiz roviy rivoyati) deb hisoblaydi.

Abu Isʼhoq Huvayniy Usriy esa “Tanbihul hojid” (“Tahajjud oʻquvchini uygʻotish”) asarida Imom Tabaroniyga raddiya berib; aynan shu rivoyat Abu Amr Usmon ibn Muhammad Samarqandiyning “Favoidul muntaqot” asarida 57- raqam bilan kelganini hamda Masʼuddan faqat Moʻtamar emas, balki Voil ham rivoyat qilganini dalil sifatida keltiradi[24]:

حدثنا أبو أمية، حدثنا طلق بن غنام، حدثنا شريك، عن منصور، عن أبي وائل، أراه، عن ابن مسعود، قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: …”[25]

Bizga Abu Umayya hadis aytdi. Abu Umayya dedi: Bizga Talq ibn Gʻinnom hadis aytdi. Talq dedi: Bizga Sharik hadis aytdi. U Mansurdan, u Abu Voildan, u Ibn Masʼuddan rivoyat qildi. Ibn Masʼud aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “…”.

Yuqorida taʼkidlanganidek, Abu Amr Samarqandiyning “Favoidul muntaqot” asarida keltirilgan rivoyatlarni bir qancha mashhur muhaddislarning asar va toʻplamlarida ham uchratish mumkin. Jumladan, Muhammad ibn Iso Termiziyning “Jomiʼut Termiziy” toʻplamida 829-raqamli,[26] Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid Qazviniyning “Sunan Ibn Moja” toʻplamidagi 2922-raqamli hadis,[27] Muhammad ibn Abdulloh Xatib Tibriziyning “Mishkatul masobih” (“Tokcha mehrobidagi chiroqlar”) asaridagi 2549-raqamli,[28] Abulhasan Ali ibn Umar Doriqutniyning “Sunanu Doriqutniy” toʻplamida.[29] Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali Bayhaqiyning “Sunanu kabir” asarida 9277-raqamli,[30] Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali Nisaburiy “Muntaqiy minas sunanil Musnad”(“Tanlangan musnad hadislar”) asarida 434-raqamli hadislar[31] buning yorqin tasdigʻidir. Bu rivoyatlarning barchasi sanad bobida ham, matn borasida ham “Favoidul muntaqot” asaridagi 3-rivoyat bilan aynan bir xil.

Bu dalillar “Favoidul muntaqot”dagi hadislarning sahihligidan hamda muhaddis ulamolar orasida ishonarli manba sifatida keng istiʼfoda etilganidan dalolat beradi, albatta.

Shu oʻrinda “Favoidul muntaqot”dagi hadislardan iqtiboslar keltirsak:

عن أنس قال: خطبنا رسول الله صلى الله عليه وسلم، فقال: “لا إيمان لمن لا أمانة له، ولا دين لمن لا عهد له”

         Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xitob qilib: “Omonati yoʻq (omonat ishonib topshirilmaydigan) kishining imoni yoʻqdir, ahdiga vafosi yoʻq kishining dini yoʻqdir”, dedilar.

عن ابن عباس رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: “من سئل عن علم فكتمه، جاء يوم القيامة ملجما بلجام من نار، ومن قال في القرآن بغير ما يعلم، ألجم يوم القيامة بلجام من نار”

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki (bilgan) ilmidan soʻralganda uni yashirsa, qiyomat kuni olovdan boʻlgan yugan bilan jilovlanadi. Kimki Qurʼon xususida ilmsiz holda soʻzlasa, qiyomat kuni olovdan boʻlgan yugan bilan jilovlanadi”, dedilar.

عن أنس قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : “اتقوا النار ولو بشق تمرة”

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yarimta xurmo (sadaqa qilish) bilan boʻlsa ham doʻzaxdan saqlaning”, dedilar.

قال أبو بكرة: إني سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم ، يقول: “المسلمان إذا استقبل أحدهما صاحبه بالسيف، فالقاتل والمقتول في النار” قيل له: يا رسول الله هذا القاتل فما بال المقتول؟ قال: “إنه أراد بصاحبه مثل الذي أراد به”

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Agar ikki musulmon bir-biriga yoʻliqqanda, ularning biri doʻstiga qilich yalangʻochlasa, oʻldirgan ham, oʻlgan ham doʻzaxiy boʻladi”, deb aytayotganlarini eshitdim. U zotga: “Oʻldirganning jazosi shunday (boʻlishi tabiiy), ammo oʻlganga nima sababdan bunday jazo?” deyildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chunki doʻsti unga xohlab turgan narsani u ham doʻstiga xohlayotgan boʻladi”, dedilar.

Darhaqiqat, “Favoidul muntaqot”ning tarbiyaviy, ilmiy ahamiyati juda yuqori boʻlib, mazkur asardagi rivoyatlarda ilm olish targʻib qilinib, insoniy fazilatlar ulugʻlangandir. Shu bilan birga, ota-ona va farzand haqqi, qoʻshnilik munosabatlari, baʼzi sharʼiy hukmlar hamda sof islomiy imon-eʼtiqod tushunchalari oʻz ifodasini topgan. Bu esa uning ilmga chanqoq yoshlarimizni imon-eʼtiqodli, odob-axloqli, Vatanga sadoqatli, bilimli, dono va zukko boʻlib voyaga yetkazishda asosiy tarbiya va taʼlim manbalaridan biri boʻlib xizmat qilishidan dalolatdir.

[1] Shamsiddin Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. 15-jild, 263 – bob. –Bayrut. 1302 h. –B. 419.
[2] Oʻsha asar. –B. 424.
[3] Abdulloh ibn Muhammad ibn Yunus Azdiy. Tarixul ulamo var ruvvat lil ilm bil Andalus. –Qohira. 1998. –B. 110.
[4] Shamsiddin Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. 15-jild, 263 – bob. – Bayrut, 1302 h. –B. 424.
[5] Abu Abdulloh Qazoiʼiy. Musnadush shihob. 2-jild, –Bayrut. 1407/1986. –B. 75.
[6] Abu Amr Doniyning “Sunanul voridatu fil fitan” asari 2-jild, –Riyoz. 1416 h. 18 va 164-hadislar.
[7] Abu Farj Abdurahmon Javziy. Zammul havo. 1-jild, 46-bob. -B. 488.
[8] Ibn Asokir. Tarixu Damashq. –Bayrut. 1998. 36-jild,. –B. 396 va 53-jild, –B 99.
[9] Abu Qosim Ali ibn Hasan. Tarixu madinati Damashq. –Bayrut. 1995. 36-jild. –B. 396 va 53-jild. –B 99.
[10] Abu Husayn Muhammad ibn Ahmad Saydoviy. Muʼjamush shuyux. –Bayrut. 1405 h. –B. 344.
[11] Musnadush shihob. 2-jild, –B. 75.
[12] Abu Qosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofeʼ. Torixu madinati Damashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasi. –Bayrut. 1995. 24-jild, –B.282 va 27-jild, –B.179 va 35-jild, –B.483.
[13] Abu Bakr Xatib Bagʻdodiy. Tarixu Bagʻdod. 11-jild, –Bayrut. –B.199.
[14] Shamsiddin Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. 15-jild, – Bayrut. 1302 h.–B. 424.
[15] Sanadi toʻliq keltirilgan hadis.
[16] Hadisi qudsiy – lafzi Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamga, maʼnosi esa Alloh taologa tegishli boʻlgan hadislar.
[17] Marfuʼ – sanadi Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamgacha muttasil yetib borgan hadis.
[18] Mavquf – sanadi sahobiygacha yetib borgan xabar, sahobiyning hikmatli soʻzi.
[19] www.alsunnah.com
[20] www.alsunnah.com
[21] www.balligho.com
[22] Abu Amr Usmon ibn Muhammad Samarqandiy. Favoidul muntaqot. http://www.alsunnah.com
[23] Abu Qosim Sulaymon ibn Ahmad Tabaroniy. Tanbihul hojid ila ma vaqaa minan nazar fi kutubil amojid. 5-jild, –Qohira. 1415 h. –B.104.
[24] Abu Isʼhoq Huvayniy Usriy. Tanbihul hojid ila ma vaqaa minan nazar fi kutubil amojid. 4-jild, -B.1. www.almeshkat.net
[25] Favoidul-muntaqot. http://www.alsunnah.com
[26] Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomiʼut Termiziy. –Ar-Riyod. 1999. –B. 207.
[27] Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid Qazviniy. Sunan Ibn Moja. –Ar-Riyod. 1999. –B.423.
[28] Muhammad ibn Abdulloh Xatib Tibriziy. Mishkatul masobih. 2-jild, –Bayrut. 1985. –B.73.
[29] Abu Hasan Ali ibn Umar Doriqutniy. Sunanud Doriqutniy. –Bayrut. 1966. –B. 238.
[30] Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali Bayhaqiy. Sunanul kabir. 5-jild, –Haydarobod. 1344 h. –B.42.
[31] Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali Nisaburiy. Muntaqiy minas sunanil Musnad. –Bayrut. 1988. –B. 144.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …