Home / ALLOMALAR / ISʼHOQHON IBRAT ILMIY, MAʼNAVIY MEROSINING YoSHLAR MAʼNAVIYATINI YUKSALTIRISHDAGI OʻRNI

ISʼHOQHON IBRAT ILMIY, MAʼNAVIY MEROSINING YoSHLAR MAʼNAVIYATINI YUKSALTIRISHDAGI OʻRNI

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng milliy maʼnaviy qadriyatlarmiz, dinimiz, tariximiz, milliy oʻzlikni anglash ishlariga hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada yoshlarni jadidlar tomonidan qoldirilgan ilmiy maʼnaviy meros, ularning ibratli hayot yoʻli, hayotiy pozitsiyalari bilan hamohang tarzda tarbiyalash juda muhimdir. Jadid mutafakkirlari orasida Isʼhoqhon Ibratning serqirra ijod faoliyati, hayotiy qarashlari, u tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning millat ravnaqi yoʻlidagi hayot yoʻlini teran anglagan holda – kelajakka qadam qoʻyish, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhimdir.

Maqolada jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri Isʼhoqhon Ibratning ilmiy maʼnaviy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, hayot faoliyatidagi ibratli ishlari yoritilgan. Uning (Isʼhoqhon Ibratning – GʻM) serqirra ijodkor, islohotchi, milliy uygʻonish davri asoschilaridan biri sifatidagi faoliyati ochib berilgan. Shu oʻrinda Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor, havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor”[1].

    Darhaqiqat, Isʼhoqhon Ibratning hayot yoʻli, ilmiy faoliyati, uning millat ravnaqi yoʻlidagi jonkuyarligi chin insonga xos fazilatlardir. Uning adabiy va tarixiy merosini milliy qadriyatlarning tiklanish jarayoniga joriy etish, keng ommaga ayniqsa hozirgi kunda oʻsib kelayotgan yosh avlodni yetuk qilib tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi. Ibrat yoshlarni maʼnaviy dunyoqarashini oʻstirishda kitob oʻqishga, bilimli boʻlishga chaqiradi, u xalq kelajagini maʼrifatda deb biladi. Uning otashin chaqiriqlari quyidagi misralarida yaqqol namoyon boʻladi:

         Oʻqingiz, ilmi hikmat sizga, bu ish katta Ibratdur,
         Agar ilm oʻrganursiz barcha ishda sizga nusratdur.
         Agar ilm oʻlmasa, nodon umri barcha kulfatdur,
         Bu ashyon jadidi mubaddini asli hikmatdur,
         Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi[2: 56].

(Ibrat yoshlarni bilim olish, yurt ravnaqi uchun hissa qoʻshish, jamiyatning barcha sohalarida faol boʻlishga undaydi. Muhimi, Ibrat barcha kulfatlarning debochasi ilmsizlikdir, yangi islohotlardan hikmat olish kerakligini taʼkidlaydi.)

Isʼhoqhon Ibrat 1887 yilda chet el safariga – onasini Makkaga olib borishga otlanadi. Ahamiyatlisi Isʼhoqhon Ibratning onasini Makkaga olib borishi uning axloqiy qarashlaridagi yetuk tarbiyaga ega ekanligidan dalolat beradi. Islom dinidagi yetuk qadriyat hisoblangan, ota-onaga hurmat maʼrifatparvar hayotida oʻz aksini topgan. Bu esa hozirga davr ijtimoiy hayotidagi koʻzga tashlanadigan muammolardan biridir. Bu oʻrinda ham uning hayoti bugungi kun uchun axloq namunasidir. Safar davomida Isʼhoqhon Ibrat chet el xalqlari madaniyati, tarixi, ilm-fani yutuqlari bilan yaqindan tanishadi. Uning serqirra ijodkor sifatida ayniqsa, olti tilda yaratilgan asari “Lugʻati sitta al-sina” oʻsha davrda barcha jadid maktablari uchun chet tillarni oʻrganishda muhim qoʻllanma vazifasini bajargan. Lekin Turkistonda joriy etilgan qattiq senzura oqibatida asarning bosmadan chiqishi ancha kechikadi. Arxivda Ibratning N.Ostroumov nomiga yozilgan ikki maktubi saqlanadi. Jumladan: “1900 yilda 26 fevralda. Hurmatlu Ostroumov huzurlariga savolnoma: Ushbu barobarinda siz ulugʻ martabadan oʻtunib soʻraymanki, 1898-inchi yilda sizdan iltimos qilib edim, oʻz tasniflarimdan olti til uzra “Sittati alsina” degan slovar kitobni bosma qilmoq uchun. Marhamat qilib ikki juz yuboring, koʻrmoq uchun, degan ekansiz…boz boʻlak maslahat qilsak, deb iltimos qiluvchi Isʼhoqhon toʻradurman”[3: 15-16].

  Ibratning chet tillarni oʻrganish yoʻlidagi saʼyi-harakatlari tahsinga sazovordir. Hozirgi davrda Oʻzbekiston jahon integratsiyasiga kirib borar ekan, chet tillarni oʻrganish qanchalik muhim ekanligini anglab yetdik. Baholanki, bobomiz kelajak hayotni mazkur jihatlarni bir asr avval anglab yetgan edi. Ibratning maʼrifatparvarlik gʻoyalari asosida nafaqat xalq balki, butun millat taraqqiyotida maʼnaviyat va bilimning ahamiyati  naqadar beqiyos ekanligi yotadi. Ayrim jihatlarga eʼtibor qaratsak Isʼhoqhon Ibrat islom dinining ijtimoiy hayotdagi oʻrniga oʻz asarlarida koʻproq urgʻu beradi. Aynan uning (Isʼhoqhon Ibratning – GʻM) “Mezon uz-zamon” asarida maʼnaviy qadriyatlarning mustahkamlashdagi asosiy mezonlar sanab oʻtilgan. Asarning muqaddima qismida Ibrat zamondoshlari boʻlgan kishilarga – shayxlar, din peshvolari, olimlar, boylar, hokimlar va butun islom ahlini mol-dunyoga hirs qoʻyishdan tiyilishga chaqiradi. Allohning boylikka, kibrga ruju qoʻygan bandalarini nafaqat islom dinida balki, boshqa dinlarda ham jazolashi aytib oʻtilgan. Asarda Ibrat Qurʼon oyatlaridan foydalanib odamlarni yaxshilikka, ezgulikka boshqarib yomonlikdan qaytarishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.

Hozirgi fuqarolik jamiyati va erkin demokratik davlat qurayotgan Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi xalqimizni huquqiy jihatdan, din esa maʼnaviy jihatdan tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmogʻi lozim. Jumladan, mazkur asarda yoshlar tarbiyasiga doir quyidagi fikrlarni taʼkidlab oʻtadi: “Ahliga zamon bir hokim, nufuz ul-ahkomdurki, imkonsiz farmoyishidan chiqib boʻlmaydur. Zamon davrasida band yuradur. Ahlini (ng) avtorini koʻrub, oʻz farzandining afʼolini bilgandek, bu ahlini to vaqti kelmasa, bir ishga amr qilmaydur. Ovoni kelgan vaqtda joriy qilur. Gʻarbdan boshlab madaniyatga solub keldi, Sharq tarafga borub turadur. Na uchunki ahli arzdan koʻb inson anda emish. Alarni (ng) eskidan oʻz sanoyi va kasbi kamolotlari boʻlsa ham, madaniyati hozircha yoʻq uchun, alarnni madaniyati qadimani hozirga korgar oʻlmishligi zamonga maʼlum uchun Sharq ahlini Gʻarb ahlidek hunar va sanoiylar va intizomgʻa soladur[4: 14].

  Isʼhoqhon Ibrat mazkur jumlalarda yoshlarning maʼlum bir yumush bilan shugʻullanmasligi va ularni vaqti kelmasa hech kim bir ishga amr etmasligini taʼkidlaydi. Sharq va Gʻarb madaniyatiga  nazar tashlasak, gʻarb ahli jamiyatni, insonlarni kasb va hunar orqali tartibga soladi. Sharq ahlida esa, kasb hunar egallash va oʻz sohasi boʻyicha kamolotga erishish madaniyati  toʻla-toʻkis shakllanmagan.

  Darhaqiqat, Isʼhoqhon Ibrat yashab, amalga oshirgan ishlari oʻsha davr uchun ham bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Isʼhoqhon Ibrat jadidchilik harakatining yirik vakillaridan biri, matbaachi, publitsist, tarixchi, tilshunos va yana koʻplab sohalarda faoliyat olib borganligini oʻziyoq bizda milliy faxr tuygʻusini uygʻotadi. Taʼkidlab oʻtishimiz joizki, Ibrat yashagan tahlikali davrda millat ravnaqi deya yashashning oʻziyoq maʼrifatparvarning  insoniy matonatidan dalolat beradi. Ayniqsa uning jamiyat ijtimoiy muhitining koʻpgina sohalarida rivojlanish uchun faqat oʻqish va bilim olish kerak degan fikrlari yoshlarga bir chaqiriqdir. Isʼhoqhon Ibratning chet davlatlarga safar qilishi uning dunyoqarashiga katta taʼsir koʻrsatadi. Uning quyidagi soʻzlari fikrimizning yaqqol isbotidir. “Bizning Rusiyada Petrograd, Maskov, Ades (Odessa) va shunga oʻxshash shaharlar bor. Fransiyada Faris, Berlin, Vena va Madrid, London, Rumo, Vashington, Sharqda Tokio, Istanbul. Mundan boʻlak necha shaharlar bor, oʻzi kichkina boʻlsa ham madaniyat topgan. Bu madaniyat shaharlari madaniyatni nima birlan topgan? Ilm birlan,oʻqub…Madaniyatni topadurgan va yurguzadurgan asbobi ilm ekan”[5: 112].

  Gʻarbning koʻplab mamlakatlari rivojida, texnika taraqqiyotida ilm-fan va zamonaviy texnologiyaning asosida bilim yotishini aytib oʻtadi. Shu bilan birga millat ravnaq topishida maʼnaviy jihatdan yuksak kamol topgan xalqning ham ahamiyati beqiyosdir. Albatta, shaxs maʼnaviyatini boyitishda koʻplab ajdodlarimiz qatori, Isʼhoqhon Ibrat ilmiy merosining ham oʻrni beqiyosdir. Uning gʻoyalarining asosida vatan ravnaqi va yurt kelajagini rivojlangan mamlakatlar qatorida koʻrishni orzu qilgan va erishishga yetaklovchi qarashlar yotadi. Isʼhoqhon Ibrat hayotining koʻp yillari chet davlatlarda oʻtadi. Shu vaqtlardan unumli foydalangan tilshunos koʻpgina tillar qatori boshqa xalqlar madaniyati, tarixi va taraqqiyot sabablarini oʻrgandi. Uning (Isʼhoqhon Ibratning – Gʻ.M) koʻpgina maqolalari ijtimoiy hayotning maʼlum bir sohasiga bagʻishlangan. Ibrat publistikasining ahamiyatli jihati shundaki, ularning aksariyati maʼrifatparvarlik ruhida yozilganligidadir. Isʼhoqhon Ibrat shaxs maʼnaviyatini boyitishda din va maʼrifatning oʻrnini alohida taʼkidlab, bu oʻrinda din fidoiylarining masʼulyati benihoya katta ekanligini koʻrsatib oʻtadi.

U sermashaqqat ogʻir mehnat evaziga Namanganda “Matbayi Isʼhoqiya”ni tashkil etdi. 1908  — yilda tashkil etilgan bosmaxonada dastlab Ibratning “Sanati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy” asari chop etiladi. “…Nimarsalar, gʻoyat yahshi va nafis oʻziga bop qogʻozda chop qilib, ziynatlab, shoyon tomosha qilib, mushtariylarimiznng husni risolalarigaa mazhar boʻlmoq say va ijtihodimizdir, xossatai vazifamizdir… Anqarib urufot bosmaxonasi ham ochilar, asboblari ham tayyor. Hukumatdan ijozat olingan”[6: 117].

Ibrat tashkil etilgan bosmaxonaning shaxsiy muhrini ham ishlab chiqadi. Unda quyoshni nur sochayotgan tasviri tushirilgan edi. Uning markaziga esa “ilm” soʻzi oʻyib yozilgan edi. Albatta, bunda katta maʼno bor, Isʼhoqhon Ibrat ilmni nur taratib butun olamni yorituvchi quyoshga qiyoslaydi. Darhaqiqat, kitob ilm sarchashmasidir, undan inson olam-olam maʼno olishi mumkin. Bugungi davrda ham yoshlarimizning maʼnaviyatini boyitishda kitobning oʻrni beqiyosdir. Ularni kitobga qiziqtirish ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda, koʻplab tanlovlar va musobaqalar, munosib ragʻbatlantirish amalga oshirilmoqda. Kitob oʻqish yoshlarni kitobga, ilmga muhabbat ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb muammosidir.

Isʼhoqhon Ibrat publistikasining asosiy yoʻnalishi – maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarannum etish edi. Shu bilan birga uning maqolalarida jadidchilik islohotlarining jamiyat hayotidagi ahamiyati ochib bergan. Ibrat maqolalari chor Rossiyasining Turkistonni ruslashtirish va mustamlaka tuzumini yanada mustahkamlash maqsadida joriy etilgan bir qancha matbuot nashrlarida chop etila boshladi. Qattiq nazorat (senzura) davrida bu kabi jadidchilik ruhidagi gʻoyalarni targʻib etishni oʻzi katta jasorat edi. Uning (Ibratning – GʻM) maqolalari jamiyatning barcha jabhalarini qamrab olgan boʻlib, xalqni maʼrifatga madaniyatga eng muhimi gʻaflat uyqusidan uygʻonishga chaqiradi. Jumladan Ibratning “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilib chiqqan “Toʻraqoʻrgʻondan maktub” maqolasida shunday deyiladi: ”…Bul qarzdorliklar mulk alaimizni va obroʻlarimizni toʻkmakka sabab boʻlgan beilm, behisob, befikr va madaniyatsizliklarimiz, beparvoligimiz va erinchoqligimizdir…Hech kimda xalqgʻa nasihat yoʻq boʻlsa ham qulogʻiga olmaylar. Yoshlar boʻlsa, kukli ila yaradurlar.Qarilar ahli ayolini betartibda, ahloqsiz qilib oʻstirgan. Uylangandim soʻng rosxud otasidan yeydur. Otasi biror kun kamroq rosxud bersa, oni oʻldurmakda. ”Oʻzidan chiqqan balogʻa qayga borsin davoga”. Bu mubtalolik, jaholat tartibsiz boʻlib, soʻkub katta qilib, yoshlikda koʻchada yongʻoq, oshuq, ondin kattaroq boʻlganda gapxonada safsata, azkiya degan behuda soʻz urushmoq, soʻkushmoqni taʼlim oladur. Bu afʼoli badlarni, bu maraz dardni dorusi ilmdur”[7].

Maqolada Isʼhoqhon Ibrat xalq maʼnaviyatining illatlarini, yoshlar tarbiyasining kamchiliklarida ota-onalarining rolini eʼtirof etadi. Yoshlikda bolaga bilim berish oʻrniga uning maʼnaviyatini zaharlovchi illatlar tomon yetaklash jaholatga yetaklash bilan barobardir. Shu oʻrinda maʼrifatparvarning bugungi kunda ham jamiyat rivojiga gʻov boʻluvchi koʻpgina illatlarga qarshi kurashda bilimni, oʻqishni yagona yechim sifatida koʻrsatadi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning toʻy hashamlarini tartibga solish va yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish borasidagi saʼy-harakatlari yuqoridagi fikrlarni nechogʻli ahamiyatli ekanligidan dalolat beradi. Shu oʻrinda taʼkidlashimiz joizki, inson maʼnaviyatini boyitishda ilm maʼrifatni roli beqiyosdir. Albatta, jadid mutafakkirlarining ilgari surgan gʻoyalari, millat ravnaqi yoʻlida amalga oshirgan ishlari diqqatga sazovordir. Mustaqil Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot yoʻlida ayniqsa raqamli iqtisodiyot ilm-maʼrifat yilida jamiyatning barcha sohalariga joriy qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Isʼhoqhon Ibrat maʼorif, ilm-fan, madaniyat, maʼnaviyat targʻibi va xalq ongining shakllanishida va uygʻonishida matbuotning oʻrni beqiyos ekanligini anglagan edi. Shu bois 1913 yilda “Matbaai Isʼhoqiya” qoshida “At-tijor al-Namangan” nomli gazeta chiqarish maqsadida saʼy-harakatlarini boshlab yubordi. Bu haqda Orenburgda chiqadigan “Vaqt gazetasi” quyidagilarni yozadi: Namangan moʻtabar andin Isʼhoq qozi hazratlari “Al-tijor al-Namangan” isminda bir gazeta chiqarargʻa soʻrab ariza berdi. Bu zot 1908-nchi yilda Namanganda bir matbaa ochgan edi. Bu yil Kutubxonai Isʼhoqiya” isminda kutubxona ochib, turk, tatar, oʻzek tillarinda boʻlgʻon adabiyot kitoblari oldirdi. Hozir gazeta chiqarmoq haddindadur. Chin koʻngildan muvaffaqiyat tilaymiz”[8: 26].

Mutafakkirning gazeta tashkil etish orzusi afsuski amalga oshmadi. Lekin, boshqa jadid mutafakkirlari kabi Isʼhoqhon Ibrat xalq maʼnaviyatini yuksaltirish borasidagi amalga oshirgan ishlari biz uchun katta ibratdir. Isʼhoqhon Ibratning sermahsul hayoti, olib borgan islohotchilik harakatlari, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari diqqatga sazovordir. U otasidan qolgan 3 tanob yerga xalq uchun bogʻ barpo etadi. Yevropa tipida imorat qurdirib, arkiga ”Xush kelibsiz Isʼhoqiya bogʻiga!” deb yozib qoʻydi. Bu bogʻni qishloq aholisi  hozir ham “Isʼhoqiya bogʻi” yoki “Gulbogʻ” deb atashadi. Isʼhoqhon Ibrat gullarni behuda uzmaslikka va tartib saqlashga chaqiruvchi afishalar bilan bogʻni bezatdi.

     Uzmagil behuda gul, bogʻbondin andisha qil,
     Ori,ori gul uzarsan, xoridin andisha qil.
     Kimki keldi bu chamanga, to gul uzmay qoʻymadi,
     Lek har vaqt gul uzarsan, xalq xushini pasha qil [8: 27].

Isʼhoqhon Ibrat yaratgan bogʻda yoki oʻsha davrda maktablarda uyushtirilgan tadbirlari zamirida ham ilmga maʼrifatga va madaniyatga yetaklash boʻlgan desak adashmaymiz. Isʼhoqhon Ibratning obodonchilik ishlari ham diqqatga sazovordir. Albatta, u kishini yaratgan gulbogʻi, hozirgi yoshlarda atrof-muhitga ona vatanning har qarich tuprogʻini avaylashga daʼvat etadi, goʻyo.

  Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, jadid mutafakkirlarining ijodini, ilmiy merosini, ularning faoliyatidagi maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga taalluqli fikr-mulohazalarni darslar davomida oʻquvchilarga yetkazish, ularni milliy ruhda tarbiyalash dolzarb masala boʻlmogʻi lozim. Albatta, har bir farzand vatanimiz ertangi kunining poydevoridir. Isʼhoqhon Ibrat asarlaridagi yoki hayot yoʻlining tarbiyaviy jihatlarini yoshlar maʼnaviyatiga singdirib borsak, maqsadimizga erishgan boʻlamiz. Demokratik davlat barpo etayotgan mustaqil Oʻzbekistonning ertangi kuni egalari boʻlmish yoshlar tarbiyasi biz pedagoglarga bogʻliq, shunday ekan ularga Mustaqil Oʻzbekiston tanlagan eng toʻgʻri va adolatli yoʻldan adashmaslikni qanchalik chuqur oʻrgatsak, shuncha yaxshi natijaga erishamiz. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.Adabiyot va sanʼat, madaniyatni rivojlantirish xalqimiz maʼnaviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekiston Ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidagi maʼruzasi// Xalq soʻzi – 2017 yil, 4 avgust.
  1. Ibrat, Siddiqiy-Ajziy, Soʻfizoda. Tanlangan asarlar. –T.: Maʼnaviyat, 1999 yil.
  2. Oʻzbekiston Markaziy Davlat arxivi,1009-fond,115 yigʻma jild,15-16 varaqlar.
  3. Isʼhoqhon toʻra Ibrat “Mezon uz-zamon”. –T.: Maʼnaviyat 2005 yil.
    5. Isʼhoqhon Ibrat. Tarixi madaniyat, Oʻz FASHI qoʻlyozmalar fondi, inv. № 11616.
  4. Isʼhoqhon Ibrat yaratgan bogʻ. Risola, maqolalar, xotiralar, Ibrat asarlaridan namunalar. Namangan nashriyoti – 2018 yil.
  5. Turkiston viloyatining gazeti,1914yil,2 mart № 18.
  6. Isʼhoqhon toʻra Ibrat. Istiqlol qahramonlari. Tanlangan asarlar. –T.: Maʼnaviyat 2005 yil.
 
M.N. Gʻovsidinov,
 SamDCHTI Ijtimoiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …