Home / ALLOMALAR / MAHMUD ZAMAHSHARIYNING “ATVOQU-Z-ZAHAB” ASARIDAGI AYRIM HIKMATLARNING TAHLILI

MAHMUD ZAMAHSHARIYNING “ATVOQU-Z-ZAHAB” ASARIDAGI AYRIM HIKMATLARNING TAHLILI

Mahmud Zamahshariy adabiyotshunoslik, tilshunoslik, hikmatlar borasida dunyo olimlari eʼtirof etgan asarlar yozgan. “Atvoqu-z-zahab fi-l-mavoiz va-l-hutab” (“Oʻgit va nasihatlarning oltin shodalari”) mana shunday asarlar sirasiga kiradi. Yuz maqoladan iborat pand, nasihat, yaxshi xislatlar va hikmatli soʻzlardan iborat ushbu asar nemis va fransuz tillariga tarjima qilingan hamda Vena, Shtutgard, Bayrut va Qohirada chop etilgan. Asar  saj usulida yozilgan. Mahmud Zamahshariy bu asarni ulkan hayotiy tajribasidan kelib chiqib yozgan. Alloma risolasida odilu zolim podshohlar, insofliyu insofsiz amaldorlar, taqvodoru firibgar savdogarlar, tolibi ilmlaru insofsiz beamallar, noshukur kambagʻallaru kibrli boylar va boshqa shunga oʻxshash mavzularda fikr yuritadi. Shu bilan bir qatorda insonlarga dunyoning oʻtkinchiligini, undagi oʻyin-kulguga ergashmaslikni uqtiradi. Risolaning koʻp jihatlarida ilm haqida soʻz yuritilib, ilmning qadri ulugʻlanadi. Ilm egasi boʻlgan, ilmiga xolisona amal qilgan kishilar ikki dunyo saodatiga erishishlari toʻgʻrisida pand-nasihatlar keltirib oʻtiladi. Maqolada salbiy jihatlardan kibru-havo, manmanlik, dunyoga oʻch boʻlmaslik, mansab-mavqega haddan ziyod chalgʻimaslik masalalari ham qoʻyiladi. Misol tariqasida maqoladan ayrimlarining tahlili havola etiladi. Dastlabki maqola insondagi salbiy illatlardan biri boʻlgan kibrga bagʻishlangan boʻlib, bu salbiy illat quyidagicha vasf etiladi:

Kibrning yomonligi. “Ey, inson oʻgʻli! Yaratilishing quruq (faqat) balchiqdandir. Iching esa kibr va gʻururga toʻla. Qarasam baʼzan oʻtmishing bilan faxrlanasan, baʼzan esa boylik va mol-mulking bilan, asling, nasl-nasabing, avlod-ajdoding bilan faxrlanasan. Kibr va gʻururing bilan boshqalarga eʼtibor bermaslik, ularni xoʻrlash, pastga urish va ulardan yuz oʻgirish senga yarashadimi? Avlod-ajdodingning ulugʻligi bilan faxrlanma, kerilma. Diqqatli va ogoh boʻl! Doʻstim! Oʻylab koʻrchi, nimaga minajaksan va hol boʻlajaksan, ahvoling qanday boʻlajak? Kel endi shu yomon odatlarini kamaytir, insonlikka, odamiylikka yarashmagan kibr va gʻururni tark et[1: 22]”.

Muallif yuqoridagi kibrga bagʻishlangan hikmatli pandnomasida u naqadar insondagi yomon illat ekanligini bayon qilmoqda.Yaʼni insonning asl yaratilishiga nazar solinsa u tuproqdan. Shunga qaramay ayrim insonlar kibrga, gʻururga ketadilar. Kibrning salbiy jihatlaridan yana biri, kibrli inson doim bosimda hisoblanadi. Aslida inson yurtiga diniga foyda keltiradigan ish qilishga urinmogʻi lozimdir. Tarixga bir nazar solinsa arablarda islom dini kelishidan ilgari oʻzlarining avlod-ajdodlari bilan nasl-nasablari bilan kibrlanish avj olgan bir davr edi. Islom dini bunga chek qoʻydi. Oʻz navbatida Islom dini taʼlimotida insonga nomunosib boʻlgan, insonlar oʻrtasida ziddiyat va adovat urugʻini sepilishiga sabab boʻladigan illatlar qattiq qoralanadi. Shu bilan birga muqaddas kitob – Qurʼon, kibr-havoni va har qanday mutakabbir kishini qoralaydi. Jumladan Qurʼonda shunday deyiladi:

“Men yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyat – moʻjizalarni koʻrsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, toʻgʻri yoʻlni koʻrsalar uni (oʻzlari uchun)  yoʻl qilib oladigan kimsalarni oʻz oyat – moʻjizalarimdan burib qoʻyaman”[2: 176] Bu oyatdan kibru havo qilib yerda buzgʻunchilik qilgan kimsalarning ahvollari tangligi koʻrinib turibdi. Zamahshariyning bu hikmatidan kelib chiqib shunday xulosa qilsa boʻladiki, inson asli kelib chiqishi va borar manzilini oʻylasa kibru havo qilishiga hojat qolmaydi. Tadabbur ila nazar solinsa yaratilish bir balchiq boʻlsa borar makon ham tuproqdir. Iblis ham aynan mutakabbirlik uchun quvilgandir. Kimki Iblisga oʻxshab haqdan kibr qilsa, u ogʻir ahvolga kelibdi. Shu bilan birga bandalarning orasida shunday bir ilm egalari boʻlgan kimsalar borki, ilmi tufayli kibrga ketgan boʻlib, agarda ulardan bir narsa soʻralsa ular insonlarni lol qoldirish uchun ogʻiz toʻldirib gapirishadi. Ilmi ila kibrga ketgan va oʻzini oʻzgalardan afzal deb biladigan kimsa eng yomon mutakabbirdir. Unday insonning ilmi ham befoydadir. Chunki u ilmi tufayli faqat kibrlanishni va insonlarni lolu hayron qoldirishni oʻylaydi. Qurʼoni Karimda Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymasligi haqida koʻp bor takrorlaydi. Hadisi shariflarda ham kibr haqida bir qancha salbiy fikrlar boʻlib Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:

Qay bir insonning qalbida bir dirham ogʻirligi qadar kibr-havosi boʻlsa unday kimsa jannatga kirmaydi[3: 214]. Bir qaraganda arzimas boʻlib koʻrinsa ham ammo shunday toifa insonlar jannatdan mosuvo boʻlishar ekan, bunday illatdan  inson doim sergak va ogoh boʻlishi kerak. Mahmud Zamahshariy oʻz maqolasida salbiy illatlardan kibrni yakunlar ekan, galdagi pandnoma insonning nafsi va u orqali boʻladigan salbiy illatlar haqida. Qanday inson oʻz nafsini jilovini qoʻliga olishi va nimalarga eʼtibor berishi haqida soʻz yuritadi

Nafsga tobe boʻlishdan saqlanish. “Foydasiz ish va kurashdan qoʻlingni tort. Samimiylik va tuproqning boʻyniga mahkam yopish. Yaʼni jiddiylik va tavozedan, oʻzingni xokisor tutishdan, kamtarlikdan ayrilma. Janobi haq muhaqqaqi seni bir hikmat sababi bilan yaratadi. Yaratilishing fitratan toza, pokizadir. Aslingda kirlik yoʻq. Eh, yomon hatti-harakatlaring tufayli nafsing seni kirlatmagan, iflos qilmagan boʻlsa edi, yomonliklar, iflosliklar seni bulgʻamagan boʻlganda edi. Nafsning orzulariga mos, uygʻun, tobe boʻlish harom boʻlgani holda nafs otining tizginini, jilovini oʻz holiga qoʻyib yubordingda, u “nafs oti”da man qilingan, taqiqlangan tomonga ketyapsan. Aslida borishing zarur boʻlgan va sening uchun foydali boʻlgan oddiy bandalik jihatingdan yuz oʻgiryapsan. Qullik, bandalik jihatingdan boshqa tomonlar sening uchun tahlikalidir. Maʼnaviy oʻrningni eng tahlikali joy boʻlgan nafsning qoʻynida yoʻq qilasan[4: 34]”.

Inson oʻz hayoti davomida turli ragʻbat va shahvatlar oqimiga duchor boʻladi. Bu narsalar insonni oʻzgalarga zarar qilib boʻlsa ham, faqat oʻzi haqida oʻylashga undaydi. Nafsiga aldangan kimsa qilayotgan hatti-harakatining yaxshi yoki yomonligini emas, faqat oʻzi uchun foydali boʻlishini oʻylab qiladi. Islom insonni havoyi nafsga berilishdan saqlashga qattiq harakat qiladi. Nafsga tobe boʻlmaslik haqida mashhur sahobiy Ibn Abbos shunday deydi: ikki fikr orasida ikkilanib qolgan paytingda, sen oʻzingga yoqimliroq koʻringanidan voz kech, yoqmay turganiga koʻproq yopish. Inson tabiatan ogʻir mashaqqatli yumushlardan qochadi. Lekin nafs har doim yengil boʻlgan narsalarni ziynatlab koʻrsatadi. Shuning uchun Ibn Abbos oʻzingga yoqmagan ishni qil u nafsingga ogʻir boʻlsa ham, garchi nafsing malollansa ham. Fikr qilib koʻrilsa hayotda havoyi nafsga berilishning eng asosiy sababi kishi irodasining zaifligi va ilmining ozligidir[3: 349]. Havoyi nafs inson aqlini oʻziga boʻysundirib olsa, u boshqalar kabi idrok qilish, eslash, oʻylashga qodir boʻlmay, balki faqat bir narsa atrofida oʻralashib qoladi. Inson bir narsani yaxshi koʻrsa, unga koʻp eʼtibor beradigan, undan boshqa narsani oʻylamaydigan boʻlib qoladi. Shuning uchun ham havoyi nafs bilan aql oʻrtasida katta farq bor. Inson har bir masalada oʻz aql idrokiga va maslahatga tayanib ish qilsa, albatta toʻgʻri bilan topishadi. Inson havoyi nafsiga ergashsa, nafs uni yomon oqibatlarga va azoblarga yetaklaydi.

Qurʼoni Karim ham insonning havoyi nafsini toʻgʻri yoʻlga solish, uni toʻgʻri tarbiyalash haqida oʻz koʻrsatmalarini bergan. Yaʼni har bir ishda moʻtadillikni, unda isrof ham baxillik ham qilmay, oʻzgalarga ozor ham bermay, oʻz havoyi nafsiga ergashib turli xil buzgʻunchiliklarni qilmaslikni uqtiradi. Bu dunyoning misoli uyqudagi bir holga oʻxshaydi, boqiy dunyoyimiz esa ayni uygʻoqlik demakdir. Bu ikki yoʻlning oʻrtasida har bir inson toʻqnash keladigan bir achchiq haqiqat oʻlim bordir. Kimki oʻtkinchi hayotga havoyi nafs  koʻzi bilan boqsa,vujudi olovlarda yotajakligi muqarrardir. Qay bir kimsa oʻz havoyi nafsigayu, orzu-havaslariga choʻmsa, moʻljaliga yetisha olmaydi. Orzu-havaslarga choʻmgan kishining boradigan marrasi yoʻqdir. Mana shu Yaratgan har narsani kuzatib turishga ishonish va havoyi nafsga qarshi kurashish, toʻgʻri yoʻlda sobit boʻlib, notoʻgʻri yoʻlga kirmaslikning kafolatidir. Aksincha bu oʻtkinchi dunyoda inson oʻzgalarga qoʻlidan kelgancha yaxshilik qilishga urinib yashashi lozimdir. Zero musulmon inson oʻzgalarning mushkulini yengil qilishga, hatto yoʻl chetida yotgan bir choʻpni boʻlsa ham olib tashlab yordam berishga urinadi. Zamahshariyning risolasini koʻrganda, unda salbiy jihatlarni ochib berish va ularni tark etishga boʻlgan urinishlar nimalardan iborat ekanligi bilan toʻqnashiladi. Shu bilan birga mardlik, doʻstlik, saxiylik, va boshqa shu kabi insonparvarlik jihatlarini oʻzida namoyon boʻlgan ijobiy jihatlar bilan ham bevosita tanishilar ekan.

Yaxshi insonlarga doʻst boʻlish.Yaxshilikni sevish va odamiylik, insonga yarashadigan hatti-harakatlar Allohning roziligiga erishtiradigan xislatlardir. Mardlik va joʻmardlik, qoʻli ochiqlik ham yaxshilik bilan silashga loyiq bir hatti-harakatdir. Men pastkashlik, xoinlik, nomardlikdan boshqa kin, nafrat va dushmanlik qilishga loyiq boʻlgan narsani koʻrmadim. Bu dunyoda doʻst tutinadigan kimsalar faqat va faqat mard va joʻmard, qoʻli ochiq kishilardir. Mana bunday doʻstlarning doʻstligi bilan xasta koʻngillar shifo topadi. Siniq suyaklar sogʻlomlikka, toʻgʻrilikka erishadi, dard va mashaqqatlaringni sendan uzoqlashtiradilar[3: 33].

  Yuqorida aytib oʻtilganidek ijobiy fazilatlarni oʻzida jamlagan unda doʻstlik, saxovatpeshalik, mardlik kabi xislatlarni oʻzida mujassam etgan va nafaqat yoshi ulugʻlarga, hozirgi kundagi yoshlarga ham ibrat sifatida Mahmud Zamahshariyning navbatdagi soʻzlari keltiriladi. Mahmud Zamahshariy “Men pastkashlik, nomardlik va dushmanchilikdan koʻra” yomonroq boʻlgan narsani koʻrmadim deya bu sifatlarni birin-ketin sanab oʻtadi. Shu bilan bir qatorda chinakam birodarlikka boʻlgan ishtiyoq, asl doʻstlar koʻngillarning shifosi ekanligi uqtiriladi. Darhaqiqat chinakam doʻst insonning mashaqqatli kunlarda, musibat yetgan kunlarda bilinadi. Shunday doʻstlar borki hatto ular birodariga aziyat yetib qolishidan titrab turadilar. Shunday doʻstlikning yorqin misoli Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sheriklari Abu Bakr Siddiq gʻor voqeasida u zot sollallohu alayhi vasallamga yomonlik yetishidan qoʻrqib, agar mushriklardan birortasi oyogʻi ostiga qarasa, bizni koʻrib qoladi, deb titrab turardilar[4]. Inson ozining xulq-atvorini toʻgʻrilashi bilan bir qatorda uning yonidagi birodarlarini ham doʻstlarini ham toʻgʻrilashi lozim. Hammamizga maʼlumki, kishining yonida yaxshi inson yoki yaxshi doʻst boʻlsa shak-shubhasiz undan ibrat olinadi. Agarda aksi boʻlsa unda ham salbiy jihatlar namoyon boʻla boshlaydi. Qurʼoni Karimda ham yaxshilik qilishga undaydigan oyatlar talaygina boʻlib, jumladan Moida surasida shunday deyiladi:

(Ey moʻminlar), sizlar yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yoʻlida hamkorlik qilmangiz”[2: 136].

  Bir nazar solinsa ushbu oyat dunyodagi barcha hamkorliklar, u qanday hamkorlik boʻlishidan qatʼiy nazar, shular asosiy poydevor, qoida hisoblanadi. Sababi Islomdan avvalgi davrda hamkorlik qoidasi urugʻchilik, qabilachilik va boshqa shunga oʻxshash oʻlchovlar vositasida boʻlar edi. Qisqa qilib aytilganda haqiqiy doʻstlar Mahmud Zamahshariy aytganidek mashaqqatlarni uzoqlashtiradigan va singan suyaklarni tiklay bila oladiganlardir.

  Xulosa qilib aytilganda, Mahmud Zamahshariyning koʻpgina asarlari hozirgi kungacha ham keng oʻrganilib kelinmoqda. Ular bilan bir qatorda biz ayrim maqolalarnigina tahlil qilgan asar “Atvoqu-z-zahab fi-l-mavoiz va-l-hutab” asari alohida oʻrin tutgan boʻlib, bu asar yoshlarga ham maʼnan ham ruhan ozuqa beradi deyilsa mubolagʻa boʻlmaydi. Undagi turli xil mavzularga oid pand-nasihatlar, inson hayotida uchraydigan va u toʻqnash keladigan holatlar asosida boʻlib, undagi vaziyatlarda odilona qaror qabul qilish bilan bir qatorda, salbiy illatlar qoralanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Mahmud Zamahshariy. Oltin shodalar. Tarjimon Mahkam Mahmud, Nazarbek Rahim – EXTREMUM PRESS nashriyoti, –T.,
  2. Qurʼoni Karim, oʻzbekcha izohli tarjima. Tarjimon Alouddin Mansur, –T.,
  3. Abu Homid Gʻazzoliy. “Mukoshafat ul-qulub”. Adolat nashriyoti, –T.,
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf – Tafsiri Hilol. Ikkinchi juz – “HILOL-NASHR”, –T., 2018.
 Nizomiddin IBROHIMOV,
Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi
 Sharq mumtoz filologiyasi, 2-kurs magistranti

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …