Home / MAQOLALAR / MЕHR-OQIBAT, SHUKRONALIK, XAYR-SAXOVAT OYI

MЕHR-OQIBAT, SHUKRONALIK, XAYR-SAXOVAT OYI

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlar boʻlsin.

Butun dunyo moʻmin-musulmonlari intiqib kutadigan Ramazoni sharif oyi kirib kelmoqda. Ramazon oyi — rahmat, magʻfirat, gunohlardan yuvilib, doʻzaxdan panoh boʻladigan oy.

Rasulimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilarki: “Ramazon oyi kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannamga qulf solinadi va shaytonlar kishanlanadi” (Imom Buxoriy).

Ramazon fazilati haqida Salmon roziyallohu anhu qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish fursati boʻlgan oydir”, deganlar.

Mamlakatimizda muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu sharif oyda xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, shukronalik tuygʻulari yana bir bor namoyon boʻladi. Ehtiyojmand kishilarni qoʻllab-quvvatlash ishlariga alohida urgʻu qaratiladi.

Shu bois har yilgidek yurtdoshlarimiz Ramazon oyini koʻtarinki kayfiyat, oʻzgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandchilik ila kutib olmoqda.

Bu oyda masjidlarda moʻmin-musulmonlar bilan taroveh namozlarini ado etamiz, xatmi Qurʼonlarni oʻqiymiz, yurtimizga qut-baraka yogʻilishini Haq taolodan soʻraymiz. Bu yil yurtimizdagi 1 ming 520 dan ortiq masjidlarda xatmi Qurʼonlar qilinadi, insha Alloh.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, soʻnggi 5 yilning oʻzida 70 ga yaqin yangi masjidlar ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda.

Diniy taʼlim muassasalariga ahamiyat berilib, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi taʼsis etildi, qabul kvotalari bir necha baravar oshirildi. Shuningdek, umra ziyoratlari boʻyicha ham katta natijalarga erishildi.

Islom dini taʼlimotlarini ilmiy oʻrganish va keng tarannum etish borasida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadkikot markazlari faoliyat yuritmoqda. Turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablari ish olib bormoqda.

Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad — ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalashdir. Muxtasar aytganda, barcha soha va yoʻnalishlardagi ishlar “Inson qadri uchun” gʻoyasini hayotga tatbiq etishni koʻzda tutadi.

Allohning muborak kitobi — Qurʼoni karim nozil boʻlgan oy, mohi sharifi Ramazon tashrif buyurayotgan shu kunlarda qalblarimiz nurafshon boʻlib, ezgu orzu-umidlarga limmo-lim toʻlib turibdi. Binobarin, bu oyda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadi.

Shu maʼnoda, Ramazon — insonlarga yaxshilik qilish, xayr-saxovat oyidir. Paygʻambarimiz alayhissalom bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq boʻlib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida — har kecha Jabroil (alayhissalom) Ul zotga Qurʼonni taʼlim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda — ayniqsa, choʻqqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat koʻrsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Imom Buxoriy).

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq boʻlishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan.

Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, oʻzaro xusumat va ginalarni yoʻqotish, qoʻni-qoʻshnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muhtojlarga muruvvat koʻrsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat etish, yetimlar boshini silash, yolgʻiz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarning holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi lozim. Birovning diliga ozor yetkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi barcha gunoh ishlardan butunlay forigʻ boʻlishga intiladi.

Ramazon oyida farz qilingan roʻza tutiladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bu haqda shunday marhamat qiladi: Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz (Baqara surasi, 183-oyat).

Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey, insonlar” deb emas, balki “Ey, imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobda ulamolarimiz “Ey, menga imon keltirib, meni yaxshi koʻrgan bandalarim! Sizlarga roʻza tutishni farz qildim”, degan maʼno borligini aytadi.

Roʻza — Alloh bilan banda orasida sir boʻlgan ibodatdir. Hech kimsiz, yolgʻiz oʻzi qolganida ham roʻzador Alloh taolo koʻrib turganini his qilib, biror narsa yemaydi. Ana shular — roʻza Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolgʻiz Alloh uchun boʻlgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning Oʻzi berishga vaʼda qilmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladi: “Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali — oʻzi uchun, faqat roʻza — Men uchundir va uning mukofotini Men Oʻzim berurman”, dedi. Roʻza — saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz roʻzador boʻlsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan soʻkishmoqchi boʻlsa, “Men roʻzadorman” desin. Muhammadning joni qoʻlida boʻlgan Zot ila qasamki, albatta, roʻzadorning ogʻzining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushboʻyroqdir. Roʻzadorga ikki marta xursandchilik bor: biri — iftor vaqtida ogʻzini ochganda va ikkinchisi — Qiyomat kunida Robbisiga roʻbaroʻ boʻlganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Hazrati paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisida roʻzadorning sifatlari zikr etilib, roʻzadorning duosi maqbuldir, deyildi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, ich-ichdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini soʻrab duolar qilishimiz kerak.

Biz Parvardigori olamning rahmat va magʻfirati joʻsh urib, Yer yuziga ilohiy nurlar yogʻiladigan oy arafasida turibmiz. Ushbu oyni gʻanimat bilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va rizqimiz toʻkinligini Alloh taolodan soʻraylik.

Ramazoni sharif har bir xonadonga, jonajon yurtimizga qut-baraka, sogʻlik-omonlik va baxtu saodat hamda fayzu futuh olib kelsin!

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak boʻlsin!

Nuriddin XOLIQNAZAROV
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …