Home / MAQOLALAR / HAKIM TЕRMIZIYNING “AL-AMSOL MINAL KITOB VAS SUNNA” ASARINING QOʻLYOZMA VA ZAMONAVIY NASHRLARI

HAKIM TЕRMIZIYNING “AL-AMSOL MINAL KITOB VAS SUNNA” ASARINING QOʻLYOZMA VA ZAMONAVIY NASHRLARI

Dunyoning turli fondlarida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy qalamiga mansub “Al-amsol minal kitob vas sunna” kitobining turli asrlarda koʻchirilgan kam sonli qoʻlyozma va fotonusxalari saqlanadi. Bu haqda yaqin davrgacha koʻpchilik tadqiqotchilarda batafsil maʼlumot yoʻq edi. Asarda Qurʼoni karim va hadisi shariflardagi ikki yuzdan ortiq masal va ularning mazmun-mohiyati sodda va ravon uslubda bayon etilgan. 1975 yilga qadar uni oʻrganish va ilmiy muomalaga kiritishga arab yoki ajamdan biror tadqiqotchi qoʻl urmagan. Misrlik olim Mahmud ibn Sharif[1] bunday yozadi: “Kamina bu kitob boʻyicha izlanishlar olib borib, uni nashrga tayyorladim va kitobxonlarga taqdim etmoqdaman. Afsuski, mening bilishimcha, bugunga qadar unut boʻlgan bu kitobni odamlarga taqdim etishga hech kim qoʻl urmagan”.

U haqda deyarli hech kimda maʼlumot yoʻq. Faqat “amsol” janrida asar yozgan baʼzi mualliflar Hakim Termiziy shu mavzuda asar qoldirgani haqida qisqacha qaydlar bilan kifoyalangan. Jumladan, Mahmud ibn Sharif “Al-amsol fil Qurʼon” kitobida bu asarni biroz boshqacha nom – “Rasoilul Hakimit Termiziy” shaklida zikr qilgan [1:120]. Buyuk mufassir Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Ansoriy Qurtubiy “Al-jomiʼ li ahkomil Qurʼon” asarida bu kitobga murojaat qilib, undan iqtibos keltirgan. Lekin uni “Navodirul usul” deb, Hakim Termiziy qalamiga mansub boshqa asarning nomi bilan almashtirib tilga olgan [2: 7, 322]. Aslida “Amsol” kitobi Hakim Termiziyning butkul boshqa asari ekanini quyida keltirilgan manbadan bilib olish mumkin [3:3]. Darhaqiqat, bu ikki asar turli mavzularga oid alohida ikki kitobidir.

“Al-amsol minal kitob vas sunna” islomiy fanlar sirasiga kiruvchi tafsir, tasavvuf va hadislar sharhiga oid boʻlgani uchun, taʼlifning islomiy odobiga koʻra, basmala va Alloh taolodan koʻmak oʻtinchidagi duo, Unga hamdu sano va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovat bilan boshlangan. Hakim Termiziy, taomilga muvofiq, uning yozilish sababini muqaddimada quyidagi satrlar bilan bayon qilgan: “أما بعد فإنك سألتني عن شأن الأمثال وضربها للناس…” Maʼnosi: “Ammo baʼd. Siz mendan masal-oʻxshatishlar va odamlarga zarbulmasal qilish haqida soʻragan edingiz…”. Demak, asar oʻsha davrdagi ilm ixlosmandlarining iltimoslariga javoban yozilgan. Bu jumladan soʻng muallif masal-oʻxshatish janrining Qurʼoni karimda ham keltirilgani, uning mazmun-mohiyati odamlarga tushunarsiz va nomaʼlum narsa va hodisayu holatlarni ularga maʼlum boʻlgan, koʻrgan-bilgan, anglagan narsalariga oʻxshatish orqali tushuntirishning eng samarali usuli ekanini aytib oʻtgan [3:1].

Asarda kolofon mazmunidagi xotima qism mavjud boʻlib, “A” va “B” nusxalarning oxirgi sahifasida quyidagi bir xil iboralar, yaʼni “Allohga hamd boʻlsinki, bu kitob Uning koʻmagi va fazli karami bilan nihoyasiga yetdi. Allohning Nabiysi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, uning ayollari, zurriyot va sahobalariga Allohning salovoti – rahmatu magʻfirati boʻlsin. Bizni ham Oʻz fazli karami bilan ular qatorida qilsin”, degan duo bor. Soʻng xattot oʻzi haqida quyidagilarni yozgan: “Bu kitobni koʻchirish Allohning rahmatiga muhtoj banda Ali ibn Sulaymon ibn Ahmad ibn Sulaymon Murodiy Andalusiyning qoʻli bilan adogʻiga yetkazildi. Alloh unga buni manfaatli qilsin, undagi ilmlarni yuqtirsin va Oʻz fazli va rahmati bilan Oʻzining Nabiysiga ergashuvchilardan aylasin. Uni va ota-onasini hamda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlarini magʻfirat qilsin!” [3:352]

“Al-amsol minal kitob vas sunna”ning magʻribiy xatida yozilgan eng moʻtabar qoʻlyozma nusxasi Parij milliy kutubxonasida 5018 raqami ostida saqlanadi. U yaxlit kitob holida emas, bir nechta qoʻlyozmadan iborat boʻlib, B21817 raqamli majmuaning 141/184 varaqlaridan oʻrin olgan. Taxminan hijriy V asrga mansub [4:13].

Nastaʼliq xatida katta mahorat bilan koʻchirilgan boshqa qoʻlyozma nusxasi Turkiyaning Istanbul [5] shahridagi “Aşir Efendi” (Ashir Efendi) kutubxonasida mavjud boʻlib, 1479 raqami bilan qayd etilgan. U ham yaxlit asar holida emas, balki bir nechta qoʻlyozmadan iborat B21816 raqamli majmuaning 42/97 varaqlaridan oʻrin olgan. Bu nusxa avvalgisidan sahifasining yon tomonida sarlavhasi borligi bilan ajralib turadi. Sarlavha yon tomonga yozilganidan uni muallif emas, kotib yozganini xulosa qilish mumkin.

“Dorul kutubil Misriya”da asarning yana bir qoʻlyozma nusxasi bor, lekin xatosi koʻpligi uchun yigʻma qiyosiy matnni tayyorlashda undan asosiy manba sifatida foydalanmaydi [3:13].

Boshqa nusxasi Hindistonning Kalkutta shahridagi Al-jamʼiyyatul Asiyaviyya” kutubxonasida saqlanadi. U (1)1056 raqamli majmuaning 1/81 varaqlaridan oʻrin olgan. Kitob nomi – “Tibyonul amsol”. Muallif nomi – Hakim Termiziy. Koʻchirilgan vaqti – IX hijriy asr. Aralash xatda koʻchirilgan. Varaqlar soni – 81. Bichimi – 100×190.

Mulohaza uchun namunalar:

فـإنك سألتني عن تبيان الأمثال وضربها للناس…

Bundan asar qoʻlyozma nusxalarda bir xil emas, balki “Al-amsol”, “Tibyonul amsol” kabi bir-biriga yaqin maʼnoli nomlar bilan qayd etilganini xulosa qilish mumkin. Shuningdek, bu nusxada asarning qisqacha kolofoni va qisqacha ilmiy tavsifi – nomi, muallifi, qaysi asrga oidligi, varaqlari soni, bichimi va xat turi, qanday ibora bilan boshlangani haqida toʻliq maʼlumot berilganini koʻrish mumkin.

Misr poytaxti Qohira shahridagi “Dorul kutubil Misriya” manbalar xazinasida, Parij milliy kutubxonasidagi N5018 va Istanbulning “Aşir Efendi” kutubxonasidagi N:1479 qoʻlyozmalarning fotonusxalari mavjud. Shuningdek, Qohira shahridagi Arabiy qoʻlyozmalar institutida asarning 3142 raqamli fotonusxasi saqlanadi. U Hindiston qoʻlyozmaning tasviridir. Oxirida quyidagi bitiklar bor: “Bu nusxani tasvirga olish ishlari Kalkutta shahridagi “Al-jamʼiyyatul Asiyaviyya” kutubxonasida hijriy 1371 yil, rajab oyining 27-sanasida, dushanba kuni, melodiy 1952 yilning 21 aprelida adogʻiga yetdi” [6].

1975 yili misrlik tadqiqotchi olim Ali Muhammad Bajoviy Qohira shahridagi “Dorul kutubil Misriya” manbalar xazinasidagi ikki fotonusxa asosida asarning ilk yigʻma-qiyosiy matnini nashrga tayyorlab, Qohira shahridagi “Dorun nahda” va “Maktaba dorit turos” nashriyotlarida chop ettirgan. Kerakli oʻrinlarda B21817 raqamli nusxaga “A” harfi, B21816 raqamli nusxaga “B” harfi bilan shartli qisqartma belgi qoʻygan [3:13].

Tadqiqotchi asarning yigʻma-qiyosiy matnidan avval oʻn uch betdan iborat kirish soʻzi yozib, Hakim Termiziyning tarjimai holi, ilmiy faoliyati, ulamolarning muallif haqidagi eʼtiroflari (bu asarning tarkibiy qismi), turli qoʻlyozma va fotonusxalar hamda tadqiqot xususiyatlarini batafsil bayon qilgan. Nusxalarda uchragan farqli joylarga izohlar bergan. Sharhtalab iboralarni sharhlab, Hakim Termiziyning chuqur tasavvufiy-botiniy, maʼnoli tafsirlarini oʻquvchiga tushuntirish uchun mashhur tafsir kitoblariga murojaat qilgan va ular asosida oyatlar tafsirini matn ostidagi izohlarda bayon qilgan. Ayatlarning qaysi suradanligi va raqamini havolada keltirgan. Oyatlar maʼnosi tugallanmay qolgan joylarda ularni oxiriga yetkazib qoʻygan. Hadislarni ham “Kutubi sitta”, yaʼni islom olamida “Olti sahih toʻplam” deb eʼtirof etilgan manbalarga murojaat qilib, qay birida keltirilganini koʻrsatgan. Hadislardagi baʼzi tushunish qiyin boʻlgan soʻzlarni sharhlagan. Shuningdek, B21816 raqamli nusxa asosida asar mavzulariga munosib sarlavhalarni matndagi harflardan farqli oʻlaroq, yoʻgʻon, qora harflarda yozib chiqqan.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Hakim Termiziyning hayoti va ijodi butun dunyo miqyosida keng oʻrganilgan boʻlishiga qaramay, allomaning bu asari bugungi kunga qadar yetarli tadqiq etilmagan. Mazkur ikki nashrdan boshqa arab tilida olib borilgan birorta tadqiqot uchramaydi. Oʻzbek tilida ham yetarli tadqiqot olib borilgan emas. Oʻzbekistondagi qoʻlyozma fondlarda asarning nusxalari yoʻq. Tadqiqotchi Ibrohim Usmonov “Hakim Termiziy” nomli risolasida bu asarning nomini aytib oʻtish bilan kifoyalangan [7:25]. Demak, “Amsol”ni chuqur tadqiq etib, uning mazmun-mohiyatini keng afkor ommaga yetkazish, yosh avlodni madaniy meros durdonalari bilan tanishtirish bugungi kunning dolzarb mavzusi boʻlib qolmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Al-amsol fil Qurʼon. Mahmud ibn Sharif. Dorul hilol. –Bayrut.
  2. Tafsirul Qurtubiy. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Ansoriy Qurtubiy. Dorul kutubil ilmiya. –Bayrut.
  3. Al-amsol minal kitob vas sunna. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy. Ali Muhammad Bajoviy tadqiqoti – tadqiqotchi muqaddimasi. Maktabatu dorit turos. – Qohira. 1975 yil.
  4. Fihrisul maxtutot qoʻlyozmalar katalogi. Birinchi qism. –Qohira. 1961 yil.
  5. “Istanbul” ismi nereden geliyoʻr” nomli maqola. “Hurriyet” gazetasi, 21 mart, 2012 yil. –Turkiya.
  6. Maʼhadul maxtutotil arabiya. – Qohira. Fotonusxa.
  7. Hakim Termiziy. Ibrohim Usmonov. Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. –T.: 2014.
Baxodirjon AZAMOV
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti mustaqil tadqiqotchisi
___________________________________________________________
[1]. Mahmud ibn Sharif “Al-amsol fil-Qurʼan” kitobini yozganida doktorlik ilmiy darajasi olmagan edi. Shu sabab Ali Muhammad Bajoviy ham oʻz tadqiqotida uning doktorligini yozmagan. Oʻrganish davomida u keyinroq doktorlik ilmiy darajasini olgani va undan keyingi barcha kitoblariga Doktor Mahmud ibn Sharif deb yozilgani maʼlum boʻldi. Shuning uchun maqolada uning ilmiy darajasi ham qoʻshib yozildi. Muallif.

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …