Home / MAQOLALAR / HADISLAR QACHON YOZILA BOSHLAGANINI BILASIZMI?

HADISLAR QACHON YOZILA BOSHLAGANINI BILASIZMI?

Ulamolar orasida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin yuz yildan koʻproq vaqtgacha hadislar yozilmasdan faqat odamlar xotirasida saqlab kelingan, degan gap bor. Bu holat besh asrga yaqin davom etgan, deyiladi. Ammo hadislarning yozilishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlaridayoq boshlangan. Xatib Bagʻdodiy (392-463/1002-1074) shu mavzuda izlanish olib borib, “Taqyidul ilm” asarini taʼlif etgan.

Shu vaqtgacha hadislarning yozilishi va tasnif etilishi haqidagi gumonlar saqlanib kelgan. Ulamolar birinchi boʻlib Ibn Shihob Zuhriy (vaf.124/742 y.) hadis yozib, kitob qilgan, degan. Bu fikr taxminan 143/760 yilgacha hukmronlik qilgan.

Toʻgʻri, Paygʻambar alayhissalom davrlarida aksariyat sahobalar eshitgan hadislarini yod olib,  xatga tushirmagan. Chunki oʻsha davrda arablarda  katta  hajmdagi doston va sheʼrlarni yod olib, xotirada saqlash juda ommalashgan oddiy holat edi. Ilk davrda hadislar keng koʻlamda yozma ravishda jamlanmaganiga koʻpchilikning xat-savodi boʻlmagani va yozish qurollari keng tarqalmagani sabab boʻlgan. Shuningdek, hadislar Qurʼoni karimga aralashib ketishi ehtimoli boʻlgani uchun ham kitobat qilinmagan. Sahobalar hadislarni asosan Paygʻambar alayhissalomning soʻzlari, ishlari, biror tadbirni maʼqullagan yoki undan qaytarganlarining shohidi boʻlish asnosida oʻrgangan.

Xatib Bagʻdodiydan oldingi ulamolar vaziyatni chuqur tahlil qilmasdan hadislarni birinchi boʻlib Ibn Shihob Zuhriy yozib kitob qilgan, deb bilgan. Shunday fikrda nuqson borligini bilsa-da, Abu Tolib Makkiy (vaf. 386/996 y.), Imom Zahabiy (673-748/1274-1348), Ibn Hajar Asqaloniy  (773-852/1372-1449), Taqiuddin Maqriziy (764-845/1364-1442) va boshqa keyingi allomalar uni qoʻllab-quvvatlagan. Ulamolar Ibn Shihobdan oldingi sahoba va tobeinlarning hadis yozuvlari boʻlganini bilgan, lekin ular tartibsiz holdaligi sabab, yuqoridagi fikrga kelgan.

Aslida hadislarning yozila boshlagani kichik tobeinlar tabaqasidan boʻlgan Imom Zuhriydan oldin ham mavjud boʻlgan.

Xatib Bagʻdodiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlik paytlarida, sahobalar va tobeinlar davrida hadislar yozilganini isbotlashga harakat qilgan. Tadqiqot jarayonida hadis va xabarlarni jamlab asar yozgan. Toʻplagan maʼlumotlarida hadis yozish joiz yo joiz boʻlmagan bir-biriga zid xabarlar keltirgan. Hadis yozishni makruh qiluvchi yoki unga izn beruvchi sabablarni oʻz ichiga olgan ishoralarni qayd etgan. Yozishdan qaytarilgan hadislarning marfuʼligini, yaʼni unga Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning biror soʻz, feʼl, taqrir yoki sifatlari izofa qilinganini aniqlab, rivoyat yoʻllarining sahih yoki zaiflik holatini sinchkovlik bilan tekshirgan.

Kitobning birinchi qismining fasl boshida hadis yozishdan qaytarish toʻgʻrisidagi xabarlar keltirilgan. Masalan, Imom Muslim Abu Said Xudriydan marfuʼ holda bunday rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mendan (hadis) yozib olmang! Kim Qurʼondan boshqani yozgan boʻlsa, uni oʻchirsin…”, dedilar. Xatib Bagʻdodiy shu hadisdan boshqa bu mazmundagi xabarlarni sahih emas degan. Hadis ilmida moʻminlarning amiri boʻlgan Imom Buxoriy va boshqalar esa, bu hadisning faqat marfuʼlik maqomini illatli sanab, uni Abu Saidga mavquf, yaʼni sahobaga biror soʻz, feʼl, taqrirni izofa etgan holda rivoyat qilgan.

Keyingi fasllarda hadis yozishning karohiyati, undan qaytarilgani haqida sahoba va tobeinlardan xabarlar keltirilgan.

Xatib Bagʻdodiy bunday hadislarni keltirib, ilmni qayd qilishdan qaytarishga asosiy sabab, Qurʼonga boshqa soʻzlar kirib qolishi xavfi boʻlganini taʼkidlagan. Shuningdek, oʻsha vaqtda vahiy va boshqa soʻzlarni ajrata oladigan faqihlar kam boʻlgani, ulamolarning majlislari keng tus olmagani ham hadis yozishdan qaytarishga sabab boʻlganini aytgan.

Alloma asarning keyingi qismlarida ilmni yozishga izn berilgan hadislarni keltirib, ularni uch faslga boʻlgan.

Birinchisida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan marfuʼ holda kelgan hadislar jamlangan boʻlib, ularning aksariyati sahihdir. Jumladan, quyidagi hadislardan yozishga ruxsat berilgani ayonlashadi:

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari orasida u zotdan mendan koʻra koʻproq hadis rivoyat qilgan hech kim yoʻq. Bundan Abdulloh ibn Amr mustasno, chunki u yozar, men esa yozmasdim” (Buxoriy rivoyati).

Makka fath qilinganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qildilar. Yamanlik Abu Shoh degan kishi turib: “Menga yozib bering, ey Allohning Rasuli!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:  “Abu Shohga yozib bering”, dedilar”.

(Hadis roviylaridan biri Valid ibn Muslim aytadi:) “Avzoiyga: “Menga yozib bering, ey Allohning Rasuli!” degani nimani anglatadi?” dedim. U: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan oʻsha xutbani”, dedi” (Buxoriy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning dardlari kuchaygach, “Menga yozadigan narsa keltiring, sizga bir bitik yozib beraman, undan keyin adashmaysiz”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlash uchun yozib yurardim. Qurayshliklar: “Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan  har bir narsani yozib yurasan. Rasululloh ham inson, gʻazablanganlarida ham, xursand boʻlganlarida ham gapiradilar” dedi. Yozishdan toʻxtadim. Buni Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamga eslatganimda, “Jonim  qoʻlimda boʻlgan Zot nomi bilan  qasam ichamanki, mendan haqdan boshqasi chiqmaydi”, dedilar” (Ahmad rivoyati).

Asar shu tariqa ilm yozgan yoki yozishga buyurgan sahobalarning rivoyatlari haqidagi bob bilan davom etadi. Ularning ham aksariyati sahihdir. Chunki bu hadislar “Sihoh”, “Sunan” turkumidagi va boshqa asarlarda keltirilgan.

Shundan soʻng, oʻz sanadi bilan imom va katta tobein degan darajaga yetishgan tobeinlardan rivoyat qilingan xabarlar keladi. Ular hadis yozgan, shogirdlariga nafaqat qayd etib borishga ruxsat bergan, balki shu ishga undagan ham.

Tobeinlardan keyingi asrda ilm yozilishi kengayishiga sabab shuki, hadis rivoyatlari keng tarqala boshladi, sanadlar uzaydi. Rivoyat qiluvchilarning ismi, kunya va nasablari koʻpaydi. Lafzdagi iboralar turlicha boʻlib, ularni yodda saqlash qiyinlashdi. Hadisni yodda saqlashdan koʻra yozib borish ishonchliroq boʻlib qoldi.

Koʻrayapsizki, islomning boshida hadislarni baʼzida yozmaslikka, baʼzida esa yozishga ruxsat etilgan ekan. Shu bois ayrim sahobalargina hadislarni yozma ravishda qayd qilib borgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kotiblarida sahifalar, yaʼni sahobalar yozib yurgan varaqlar boʻlgan. Ular koʻpchilik orasida tarqalmagan. Kitob qilib jamlash esa, islomning ikkinchi yuz yilligida boshlangan.

Qodirxon MAHMUDOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …