Home / MAQOLALAR / MOVAROUNNAHRLIK FAQIHLARNING ASARLARIDA KЕLTIRILGAN MOLIYAVIY MASALALAR

MOVAROUNNAHRLIK FAQIHLARNING ASARLARIDA KЕLTIRILGAN MOLIYAVIY MASALALAR

Bugungi hayot buyuk allomalarimizning ilmiy merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish muhim vazifa ekanini yanada yaqqol koʻrsatmoqda. Ayniqsa, fiqhiy manbalardagi moliyaviy masalalarni hozirgi davr ehtiyojlariga mos holda tadqiq etish dolzarb masala hisoblanadi. Chunki jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlarning aksariyati moliyaviy masalalar bilan bogʻliq.

Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosida jamiyatdagi moliyaviy masalalarga oid tushunchalar va moliyaviy munosabatlar keng yoritilgan. Xususan, Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoya”, Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Kosoniyning “Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ” va Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiyning “Mabsut” asarlarida moliyaviy masalalar oʻz davriga mos uslubda bayon etilgan. Bu manbalarda qayd etilgan moliyaviy masalalar sirasiga bayʼ, kafola, havola, vakola, shirka (mushoraka), muzoraba, murobaha, muzoraʼa, hiba, oriyat, vadiʼa, ijara, rahn (garov) kabilar kiritilgan. Bu masalalar davrlar osha olimlar va mutaxassislarning oʻrganishi, insonlar hayoti va moliyaviy muassasalar faoliyatida qoʻllanishi natijasida taraqqiy etdi va bugungi kunda Islom moliyasi-Islamic Finance nomi bilan dunyoga mashhur boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqti keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi”, deb taʼkidlagan fikri bu masalaning dolzarbligini yana bir marta koʻrsatib berdi.

Shuningdek, joriy yil 1-4 sentyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 46-yillik yigʻilishida Prezident Sh.Mirziyoyev ishtirok etgani va ushbu moliya muassasasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash haqida fikr bildirgani mazkur sohaga katta eʼtibor berilayotganidan dalolat boʻldi.

Islom moliyasi bilan bogʻliq dastlabki tushuncha VII asrda shakllangan boʻlsa-da, uning yagona tizim holatiga kelishi XX asrning 60-yillarida boshlangan. 1963 yili Misrning Mit Gʻamr shaharchasida foydada sheriklik asosida ochilgan bank, keyinchalik 1975 yili Saudiya Arabistonining Jidda shahrida tashkil etilgan Islom taraqqiyot banki (ITB), 1975 yili asos solingan Dubay islom banki, 1977 yili tuzilgan Misrning Faysal islom banki va Sudan Faysal islom banki, 1979 yili asos solingan Bahrayn islom banki va Sudan islomiy sugʻurta (takoful) kompaniyasi kabi muassasalar zamonaviy islom moliyasini shakllantirish yoʻlidagi asosiy qadamlardan boʻldi.

Hozir dunyo boʻyicha islom moliya muassasalarining aktivlari hajmi 2,5 trillion dollardan oshadi. Islom moliyasi hisobotiga koʻra, 2024 yili ushbu koʻrsatkichni 3,4 trillion dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Moliyaviy aktivlarning 70 foizi islom bankiga, 19 foizi sukuk sohasiga, 4 foizi islom fondiga, 2 foizi takoful sohasiga, 5 foizi boshqa moliya mussasalariga tegishli. 2018 yil holatiga koʻra, islom moliya sohasining tarkibiga 1447 ta moliya muassasasi, islom moliyasi boʻyicha mutaxassis boʻlgan 1166 nafar shariat olimi, islom moliyasi boʻyicha 968 ta taʼlim muassasasi, 2550 ta tadqiqot ishi, 439 ta tadbir kiritilgan.

Oʻzbekiston 2003 yilda Islom taraqqiyot banki aʼzosi boʻlgan. Shu choqqacha umumiy qiymati 2,5 milliard dollardan ortiq 30 ta investitsion loyiha boʻyicha kelishuvga erishilgan. Investitsiyalar asosan ijtimoiy ahamiyatga molik sohalar, xususan, maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yoʻllari, elektr va ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Islom moliyasining oʻziga xos xususiyati shundaki, unda moliyaviy munosabatlar ijtimoiy masʼuliyat va odob-axloq kabi insoniy qadriyatlarga asoslanadi, unda muayyan ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish moliyalashtiriladi. Shuningdek, sudxoʻrlik, qimor va gʻararni[1] cheklash, insonlar va atrof-muhit uchun zararli faoliyatni moliyalashtirmaslik, ham, foyda, ham zararda sheriklik, risklarni adolatli taqsimlash kabi bir qancha insonparvarlik tamoyillari amal qiladi.

Fiqhiy manbalarda keltirilgan moliyaviy masalalarning taʼrifini oʻrganish orqali ularning mohiyatini yanada yaxshiroq anglash mumkin boʻladi. Xususan, quyida muzoraba va mushoraka bitimlari boʻyicha manbalarda kelgan maʼlumotlar keltiriladi.

Muzoraba. “Hidoya”da unga “Bir tomon mol-mulk, ikkinchisi ish-mehnat bilan sheriklik qilishi haqidagi kelishuvdir”, deb taʼrif berilgan. Birinchi tomon robbul-mol, deb ataladi, ikkinchisi muzorib, deb ataladi. Muzoraba bitimi toʻgʻri boʻlishi uchun bir nechta shart qoʻyiladi: Kiritilayotgan mablagʻ sheriklik uchun mos boʻlishi, foyda ikki tomonga taqsimlanishi, biror tomon uchun aniq miqdorda foyda belgilanmasligi[2], mol muzoribga topshirilgan boʻlishi kerak.

Muzoraba muzoribga faoliyat boʻyicha erkinlik yoki cheklovlar belgilash nuqtai nazaridan ikki turga boʻlinadi. Bular mutlaq va cheklangan muzorabadir. Mutlaq muzorabada muzoribga toʻliq tasarruf vakolati beriladi. Muzorib molni sotishi, boshqa narsa sotib olishi, ishni bajarishda boshqa bir kishini vakil qilishi, mol bilan biror joyga safar qilishi, molni tijorat tovari sifatida ishlatishi, omonatga qoʻyishi mumkin boʻladi. Bu holatda eng muhimi foyda olish hisoblanadi. Cheklangan muzorabada robbul-mol tasarrufga muayyan cheklovlar qoʻyadi. Misol uchun, muzoraba qilish joyi, tovar turi va vaqtni belgilab qoʻysa, muzorib shu shartlar doirasidan chiqmaydi. Bunga amal qilmasa, tovon toʻlaydi.

Robbul-mol va muzoribning foydadagi ulushi va uni taqsimlash tartibi oldindan kelishib olinadi. Muzoribga bogʻliq boʻlmagan holda, yaʼni fors-major holatida zarar yuzaga kelsa, xarajatlar robbul-molning zimmasiga tushadi. Muzorib esa qilgan mehnati va sarflagan vaqtini yoʻqotgan boʻladi. Ishga sovuqqonlik, ishni toʻgʻri tashkil eta olmaslik kabi muzoribga bogʻliq sabablar tufayli zarar koʻrilsa, uni qoplash muzorib zimmasiga yuklatiladi.

Mushoraka. “Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ”da sheriklik bitimi – sharika ikki turga ajratilgan: shirkatul amlok (mulk boʻyicha sheriklik) va sharikatul uqud (shartnomalar boʻyicha sheriklik). Sharikatul uqudning oʻzi shirkatul amvol, shirkatul aʼmol[3], shirkatus soniʼ, shirkatut taqabbul va shirkatul vujuh kabi turlarga boʻlinadi. Islom banklari odatda oʻz faoliyatida shirkatul amvolni qoʻllaydi. Shirkatul amvol sherikligiga “Ikki kishining sarmoyada ulush bilan ishtirok etishi” deb taʼrif berilgan.

Muhammad Taqiy Usmoniy bu haqda quyidagilarni qayd etgan: “Mushoraka biznes va savdo amaliyotida qoʻshma korxona faoliyatini anglatadi, bunda ishtirokchilar umumiy ishdagi foyda va zararga teng sherik boʻladi. Mushoraka islom fiqhidagi “shirkat”ning turlaridan biri boʻlgan “shirkatul amvol” sifatida qoʻllash bilan chegaralangan. Unga koʻra, ikki va undan ortiq shaxs oʻz kapitalini qoʻshma tijoriy korxonaga investitsiya sifatida kiritadi. Baʼzan u “shirkatul aʼmol”ni ham oʻz ichiga oladi, bu holatda sheriklik xizmat koʻrsatish sohasida amalga oshiriladi”.

Islom moliya muassasalarining buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (“Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions” – AAOIFI) standartiga koʻra, mushoraka sheriklik shartnomasi boʻlib, ikki va undan ortiq tomon oʻrtasida foyda olish maqsadida mehnat resursi yoki majburiyatini, aktivlarini birlashtirish toʻgʻrisidagi kelishuvni anglatadi.

Moliyaviy bitimlarning hozirgi kunda qoʻllanishi.

Islom banklari muzorabadan asosan ikki xil shaklda foydalanadi. Birinchisi, bank robbul-mol, yaʼni sarmoyador sifatida mablagʻni muayyan biznes loyihani amalga oshirish uchun muzorib-tadbirkorga taqdim etadi va olingan foyda ikki tomon oʻrtasida shartnomada kelishilgan nisbatda taqsimlanadi. Ikkinchisi, mijoz robbul-mol, yaʼni sarmoyador sifatida oʻz jamgʻarmasini islom bankiga muzoraba shartnomasi asosida taqdim etadi. Bunda mijoz investitsiya hisob raqamiga depozit mablagʻini joylashtiradi, bank bu mablagʻni muzorib sifatida muayyan biznes loyihani amalga oshirish uchun ishlatadi, olingan foyda tomonlar oʻrtasida taqsimlanadi.

Islom banklari amaliyotida bu shakldagi loyihalar odatda foyda bilan yakunlanadi va foyda miqdori anʼanaviy banklar tomonidan depozitlarga vaʼda qilinadigan miqdordan sezilarli darajada yuqori boʻladi.

“The Economist” jurnalida ishtirokchilar oʻrtasida masʼuliyat oʻzaro taqsimlanishi hamda erkin bozor tizimini yanada ochiq va demokratik shaklga keltirishga sabab boʻlishi muzorabaning afzalligi sifatida qayd etilgan.

Mushorakada har bir ishtirokchi loyihaga maʼlum bir pul miqdorini ulush sifatida kiritadi va bu ulush ularning har biriga sheriklik aktivlarini tasarruf qilish imkonini beradi. Faoliyat natijasida olingan foyda sheriklikni tashkil etish toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq, zararlar esa har bir ishtirokchining sheriklik kapitalidagi ulushiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Mushoraka shartnomasiga kiruvchi tomonlar loyihani boshqarishda ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. Sheriklar soni ikki yoki undan ortiq boʻlganda boshqaruvda ishtirok etadigan tomon “faol sherik”, boshqaruvda ishtirok etmaydigan tomon “sokin sherik” deb ataladi. Faol sheriklar foydadan oladigan ulushidan tashqari boshqaruv faoliyati uchun qoʻshimcha haq oladi. Shartnoma egalari ishni yuritish uchun boshqa bir tomonni menejer sifatida yollashi mumkin. Bunda menejer oʻz mehnatiga munosib haq oladi, foydadan ulushga ega boʻlmaydi.

Hozirgi kunda banklar tomonidan mushoraka shartnomasi quyidagi shaklda qoʻllanadi:

  • Bank va mijoz muayyan biznes-rejani amalga oshirishda sheriklik qilish toʻgʻrisida kelishuv tuzadi;
  • Tuzilgan shartnomaga muvofiq, biznes-rejani amalga oshirish uchun kelishilgan ulushda moliyalashtirishni amalga oshiradi;
  • Biznes-reja natijasida foyda yoki zarar yuzaga keladi;
  • Foyda yoki zarar mutanosib ulushda bank va mijoz oʻrtasida taqsimlanadi.

Umuman olganda, hozir islom moliya tizimida qoʻllanadigan bitimlar ikki turga boʻlinadi. Birinchisi vositachilik bitimi boʻlib, qoʻyidagilarni oʻz ichiga oladi: muzoraba, muzoraʼa, omonat, juʼala, kafolat, vakolat, takoful, bevosita investitsiyalar. Ikkinchisi tranzaksion bitim boʻlib, uning tarkibiga ham uch xil turdagi: 1) ulushda ishtirok etish bitimlari (mushoraka, musoqot); 2) mulk bilan bogʻliq bitimlar (murobaha, musovama, bay muajjal, bay salam, tavarruq, ijara, ijara val iqtino, istisnoʼ, ijara summa bay); 3) qoʻshma bitimlar (qarzi hasan) qiradi.

Yuqoridagi tasnifdan kelib chiqib islom moliya muassasalari ishlatadigan moliyaviy vositalarni quyidagicha uch guruhga boʻlish mumkin:

1-guruh. Kapitalda ishtirok etishga asoslangan vositalar: muzoraba va mushoraka.

2-guruh. Qarz asosida moliyalashga asoslangan vositalar: murobaha, istisnoʼ, ijara, salam, sukuk.

3-guruh. Bank komissiyasini toʻlashga asoslangan vosita: vakolat.

Tasniflarga eʼtibor berilsa, unda qayd etilgan bitimlarning barchasi fiqhiy manbalarda keltirilgan moliyaviy masalalardir. Zamonaviy islom moliya tashkilotlari ularni bugungi kunga moslashtirgan holda oʻz faoliyatida qoʻllayotganini kuzatish mumkin.

Bayon etilganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning fiqhiy asarlaridagi moliyaviy masalalarni chuqur oʻrganib, ulardan bugungi kunda jamiyat ehtiyojini qondirish uchun samarali foydalanish zarur. 2020 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining qoʻshma loyihasi doirasida yurtimizda islom moliya vositalarini qoʻllashning imkoniyat va istiqbolini oʻrganishga bagʻishlangan soʻrovnoma oʻtkazildi. Uning natijasiga koʻra, tadbirkorlarning 61 foizi va jismoniy shaxslarning 75 foizi islom moliya vositalaridan foydalanish istagini bildirgan.

Fiqhiy manbalarda keltirilgan moliyaviy masalalardan mamlakatimizda samarali foydalanish orqali quyidagilarga erishish mumkin:

  • Islom taraqqiyot banki guruhi va Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo boshqa mamlakatlardan sarmoya jalb qilish imkoniyati oshadi;
  • aholining boʻsh pul mablagʻlarini bank-moliya tizimiga jalb qilishni keskin oshiradi va bu mablagʻlar “yashirin iqtisodiyot”ga oqib oʻtishining oldini oladi.
  • bank-moliya tizimiga jalb etilgan mablagʻlar yangi ishlab chiqarish quvvati va ish oʻrinlari tashkil etishga yoʻnaltiriladi, bu esa oʻz navbatida byudjet tushumi ortishiga yordam beradi;
  • islom ijtimoiy moliyasini tatbiq qilish orqali kambagʻallikka qarshi kurashish davlat dasturini amalga oshirishga hissa qoʻshiladi;
  • yurtimizda ziyorat turizmi yanada rivojlanishiga yordam beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020 yil 29 dekabr.
2. Prezident Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirdi.
3. Imom Ali bin Abi Bakr al Margʻinoniy. Al-Hidoya sharhu bidoyatul mubtadi. Madinai Munavvara, –Dorus Siroj, 2019 y. 5-jild.
4. Alouddin Abu Bakr ibn Masʼud ibn Ahmad Kosoniy. Badoiʼus sanoiʼ fi tartibish sharoiʼ. − Qohira: Maktabat dorul-hadis, 1426/2005. – J. VII.
5. Usmani, M.T. (1998). An Introduction to Islamic Finance. Karachi, –Pakistan: Idaratul Maʻarif.
6. Ahmed G. Khiyar A.(2012) Islamic Banking and Economic Growth: a Review. The Journal of Applied Business Research- September/October 2012.V 28, #5.
7. Rammal, H.G. (2003). Mudaraba in Islamic Finance: Principles and Application Business Journal for Entrepreneurs, 16(4).
8. Baydaulet Ye.A. Islomiy moliya asoslari. –T.: Oʻzbekiston NMIU, 2019.
9. ITB tarkibiga kiruvchi Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi tomonidan 2019 yilda nashr etilgan “Islom moliyasi rivojlanishi hisoboti”.
10. Sharikah (Musharakah) and Modern Corporations. Shariʻah Standard №. (12)

Ilhom BЕRDIYAROV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi boʻlim boshligʻi,
Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish
ICESCO kafedrasi tadqiqotchisi
_________________________________________________________________
[1] Gʻarar – haddan tashqari noaniqlik, mavhumlik
[2] Lekin umumiy foydadan muayyan foiz – masalan, robbul molga 60 foiz, muzoribga 40 foiz shaklida belgilash yoki muayyan ulush hisobida – masalan, robbul molga uchdan ikki, muzoribga uchdan bir shaklida belgilash mumkin.
[3] Shirkatul abdon deb ham ataladi.

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …