Home / MAQOLALAR / Tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado eting

Tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado eting

ULUGʻ NEʼMAT

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, siyosiy huquq va erkinliklarni taʼminlash, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirish, ijtimoiy muhofaza va aholining salomatligini asrash, ilm-fan va taʼlim-tarbiya, madaniyat va diniy-maʼrifat, shaharsozlik va qurilish, sanʼat va sport kabi sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar, xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar bu boradagi eʼtirofi har bir yurtdoshimiz qalbini faxr va gʻururga toʻldirmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrash, barcha fuqarolarga vijdon erkinligi va oʻz eʼtiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu yoʻnalishda boshqa davlatlarga namuna boʻladigan boy tajriba orttirildi. Mazkur yoʻnalishlarda koʻplab huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotga joriy qilindi.

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar, tarixiy natijalar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik yotibdi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyat rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bogʻliq boʻlgan.

Maʼlumki, islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga inʼom etilgan ulugʻ neʼmat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qurʼoni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar moʻminlik, tinchlik va bagʻrikenglik mavzulariga bagʻishlanganini eʼtirof etadi. Jumladan, Qurʼoni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

Tinchlikning ilohiy neʼmat ekani Muhammad alayhissalomning quyidagi hadislarida ham qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni soʻranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq neʼmat berilgani yoʻq” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).

Oʻzbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan oʻlka boʻlib kelgani tarixiy haqiqat. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda boʻlgani, el-yurt taraqqiyoti yoʻlida yelkadosh boʻlib mehnat qilgani tarixiy manbalarda koʻp qayd etilgan. Bugungi kunda Vatanimizda 130 dan ziyod millat, 16 konfessiyaga mansub fuqarolar yagona va ahil oila boʻlib, tinchlik-xotirjamlikda, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida hamjihat faoliyat olib bormoqda.

Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechayotir. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan oʻz taʼsir doiralarini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotgan gʻoyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Qator davlatlar, xususan, musulmon yurtlari oʻtkir siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan oʻtkazmoqda. Mazkur mamlakatlarda odamlar ogʻir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zoʻravonliklar va xavfli bir sharoitda kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar soni ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.

Darhaqiqat, Paygʻambar alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulugʻ neʼmatdurki, bundan koʻp odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu boʻlib qolayotgani guvohi boʻlmoqdamiz.

Ushbu holat dunyo davlatlarining katta yoki kichikligi, dini va millatidan qatʼi nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz neʼmat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu oʻrinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash oʻrinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).

Taʼkidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoit yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar oʻrtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini taʼminlash orqali erishiladi.

Aksincha, xalq orasida buzgʻunchilik gʻoyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom taʼlimotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini toʻkishdan ham ogʻir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos boʻlmagan (balki hammalaringizga ommaviy boʻladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qoʻyingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).

Islom ulamolari Qurʼoni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslik buyurilganini taʼkidlaydilar: “… Alloh esa, fasodni (buzgʻunchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida: “… Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!..”, deb marhamat qilingan.

Shuningdek, islom taʼlimoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qatʼi nazar, huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qurʼoni karimda: “…biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!..” (“Moida” surasi, 8-oyat) deyilgan.

Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni taʼminlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan notoʻgʻri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qaygʻurib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz.

Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy boʻlishi lozim. Yaʼni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin boʻlgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.

Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, maʼnaviyat va maʼrifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan gʻarazli urinishlarga qatʼiy qarshi turishimiz lozim. Mazkur yoʻnalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda boʻlishlari lozim.

Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, oʻz ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona gʻoyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarimiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuygʻu emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini taʼkidlaydi:

– Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

– jamiyatda ahillikni kuchaytirish yoʻlida harakat qilish (silai rahm, qoʻshnilarga yaxshilik, oʻzaro yordam, bir-biriga yaxshilikni sogʻinish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

– Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, oʻzini bagʻishlash, bu yoʻlda taʼmani yaqinlashtirmaslik va h.k.);

– Vatan erki, hududi yoki obroʻsiga qarshi gʻoyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik boʻlsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik boʻladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning eʼtiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulugʻ neʼmat deb eʼlon qilgan dinimizda bu yoʻlda nafaqat amal bilan, balki soʻz bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Shu nuqtai nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni asrab-avaylash yoʻlida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan saʼyharakatlarni nafaqat toʻgʻri qabul qilishlari, balki eʼtiqodan qoʻllab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjamlik va emin-erkinlikda ado etmoqda.

Bugungi tahlikali zamonning oʻzi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni toʻgʻri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo va mintaqada roʻy berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvur shakllanishiga yoʻl qoʻymaslik zarur sanaladi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, qadriyatlarimiz, milliy-diniy anʼanalarimiz, mentalitetimizga zid tushuncha va gʻoyalar kirib kelishining oldini olish barcha fuqarolarimizning burchi hisoblanadi. Ayniqsa, har bir fuqaro yoshlarimiz ongiga, birinchi navbatda, ona Vatani va oilasi oldidagi masʼuliyatni singdirishga, ularni insonparvarlik, vatanparvarlik va mamlakatimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor vazifa sifatida qarashi kerak.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida taʼkidlaganidek: “Maʼnaviy uygʻoq jamiyatni, oʻz oldiga ulkan vazifalar qoʻyib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim oʻz yoʻlidan toʻxtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qoʻllab-quvvatlaydi, doimo yoʻlini ochib beradi”.

Homidjon ISHMATBEKOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 2 mart, 44-son

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …