Home / MAQOLALAR / FARʼIY[1] MASALALAR YECHIMINING MUTLOQ MUJTAHIDI

FARʼIY[1] MASALALAR YECHIMINING MUTLOQ MUJTAHIDI

Maʼlumki, shariat ulamolari asri saodat davridan bugungi kungacha islom dinidagi hukmlarni avloddan avlodga yetkazishda koʻprik vazifasini oʻtab kelmoqda. Alloh taolo ularni bandalari orasida eng fazilatli va faxrlilardan qilib qoʻygani sababli Oʻz habibining tilidan: “Ulamolar – paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir”,[2] deb xabar bergan. Bu oʻzgarmas din hukmlarini mahkam tutgan kishiga koʻp neʼmatlarni vaʼda qilib, hisob kunida sharafli oʻrin va latif martabalarni vaʼda qilgan. Qolaversa, qiyinchilikka uchragan vaqtda ularni ruhlantirib: “Bandalari orasida Allohdan faqat ulamolargina qoʻrqarlar”[3], deb tasalli bergan.

Islom tarixida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin sahobalar davri boshlanib, ular orasidan merosxoʻr boʻlish baxtiga birinchilardan boʻlib erishgan zotlardir. Sahobai kiromlar u zot tomonidan: “Sahobalarim yulduz kabidir. Qaysisiga ergashsangiz ham hidoyat topasiz”, deb eʼtirof etildi. Ular ummatga hidoyat yoʻllarini ochiq-ravshan koʻrsatib, dinga benihoya foydasi tekkan, riyokorlik qilmasdan va obroʻ-eʼtibor taʼnasidan yiroq boʻlib, Allohning kalimasini ulugʻlashga jon-jahdi bilan kirishgan insonlar edi.

Keyin tobeinlar davri boshlanib, ular sahobalarning fatvolariga suyanib, har bir ishda ularga muvofiq ish tutdi va din hukmlarini oʻzidan keyingilarga naql qilib qoldirdi.

Shu davrda mujtahid imomlar oʻz kuchini sharʼiy hukmlarni tahqiq etish va farʼiy masalalarni tadqiq qilishga sarfladi. Bu borada fiqhiy hukmlarni islom dinining asosi hisoblangan Qurʼon, hadis, ijmoʼ va qiyosdan chiqarib oldi. Ularning biror masala boʻyicha hamfikrligi ummat uchun qatʼiy hujjat boʻlsa, boshqa masalaga turlicha yondashuvi keng rahmat boʻldi.

Ular orasida oliy tabaqadagi ijtihod sohiblari boʻlib, aynan oʻshalar  dinning eng kuchli ustunlariga aylandi. Ular shariatdagi hukmlarni oʻzlari ishlab chiqqan usul qoidalariga koʻra tartiblab, ijtihod masalalarida oʻz mazhablarini tuzdi. Har bir masalaga alohida toʻxtalib, kamchiliklari boʻlsa, toʻldirib va xatosi boʻlsa, toʻgʻrilab, oʻz uslublariga soldi. Qurʼon, hadis, ijmoʼ va qiyosdan hukm chiqarib olishda usul va farʼiy masalalar boʻyicha bir-biriga taqlid qilmadi.

Asrlar davomida mazhabi keng yoyilib, shahar va qishloqlarda shuhrat qozongan oliy tabaqadagi mujtahidlarga Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit Kufiy, Molik ibn Anas, Sufyon Savriy, Ibn Abu Laylo, Abdurrahmon Avzoiy, Muhammad ibn Idris Shofeʼiy, Ahmad ibn Hanbal va Dovud ibn Ali Isfahoniyni misol qilsak boʻladi.

Ammo davr oʻtishi bilan bular orasidan faqat Abu Hanifa, Molik ibn Anas, Shofeʼiy va Ibn Hanbal xoslanib qoldi. Ular Alloh taolo tomonidan berilgan ulugʻ karomat tufayli ijtihod masalalarida mislsiz ishlarni amalga oshirdi. Natijada islom kirib borgan diyorlarda bu mazhablar mashhur boʻlib, yozilgan barcha kitoblarda ularning ishlab chiqqan usul va farʼiy hukmlari moʻtabar boʻldi. Asrlar osha boshqalar qolib, aynan shu mazhab sohiblariga qalblar talpinishi ularning niyati xolis va maqsadlari goʻzal ekanligidan dalolat beradi. 

Ayniqsa ulugʻ imom, ummatning chirogʻi, ahli islom toji va imomlarning toʻlinoyi boʻlgan Abu Hanifa oʻz ijtihod yoʻli bilan bular orasidan alohida ajralib chiqdi va Kufada yangi mazhabga asos soldi. Bu davrda Kufa kuchli ilmiy markaz hisoblanib, bir qancha sahobalar bu shaharda oʻrnashib qolgan edi.   

Alloh taolo u kishida boshqalarda boʻlmagan koʻpgina fazilatlarni jamladi. Bu buyuk zotning ilmi keng tarqalib, unga ergashuvchi mujtahidlarning koʻpligi ham mazhabni mashhur qildi. Ular musulmonlar orasida shariat ilmlarini zohir qildi va moʻminlar orasida furuʼ ilmlarini keng tarqatdi.

Imom Aʼzam birinchilardan boʻlib fiqhda farʼiy masalalarning puxta oʻylangan yechimlarini joriy qilgan mujtahidi mutlaqdir. U kishi hayoti davomida sakson uch ming masalaning hukmini nozik tomonlari bilan birgalikda bayon qilib bergan. Abu Zahro aytadi: “Abu Hanifa maxfiy fiqhni tuzmadi, balki uni qiyosdan iborat koʻpgina masalalar bilan boyitdi”.

Imom Aʼzam davrida kitob yozish hali keng tus olmagani sababli u kishining fiqhda joriy qilgan hukm va uslublarini zabardast shogirdlari taʼlif va tasnif etgan.

Demak, Hanafiy mazhabining islom dunyosi miqyosida keng koʻlamda tarqalib, rivojlanishida allomaning doʻstlari va shogirdlari gʻoyat muhim omil boʻlgan. Ular oʻz izdoshlariga yozdirish, qayd ettirish, shuningdek, tur, sinf va tabaqalarga ajratib asar yozish bilan Abu Hanifa taʼlimotini qoʻllab-quvvatlagan.

[1] Shariatda ibodat va munosabatarni oʻz ichiga oluvchi hukmlar farʼiy hukmlardir.
[2] Bayhaqiy rivoyati. Al-madxol. 1/115.
[3] Fotir surasi, 28-oyat.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
 ilmiy xodimi

Check Also

OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Oʼrta Osiyo xalqlari orasida milliy mansublik tushunchasi yaxlit …