Home / XALQARO YANGILIKLAR / MOVAROUNNAHR TARIXIGA NAZAR

MOVAROUNNAHR TARIXIGA NAZAR

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi.

Bu galgi seminarda Fransiya milliy tadqiqotlar markazi qoshidagi Sharq va Gʻarb arxeologiyasi va filologiyasi qoʻshma tadqiqotlar boʻlimi tadqiqotchisi, oʻzbek-fransuz olimlarining Samarqandga ekspeditsiyasi aʼzosi, tarix fanlari nomzodi Yuriy Karevning “Amudaryoning narigi tomoni: Xalifalikning sharqiy hududlarida joylashgan Movarounnahr (VII-IX asrlar)” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzachi Movarounnahr, yaʼni Amudaryoning narigi tomonidagi hududlar VIII asrning birinchi yarmida Ummaviylar istilosi davridagi Xurosonning “tabiiy” davomini tashkil etgani va hudud bevosita Xuroson amiri tomonidan poytaxt Marvdan turib, Buxoro va Samarqand kabi shaharlardagi yirik davlat arboblari orqali boshqarilgani haqida batafsil gapirib berdi.

Maʼruzada shuningdek, Ummaviylar va Abbosiylar davrida Movarounnahr ustidan siyosiy va maʼmuriy nazorat tizimi evolyutsiyasining asosiy bosqichlari haqida va bu hudud xalifalik tarkibidagi oʻziga xos geosiyosiy birlikka aylangani toʻgʻrisidagi qimmatli va qiziqarli maʼlumotlar berildi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) vakillari, Oʻzbekistondagi xalqaro Islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi olimlari, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi Samarqand filiali tadqiqotchilari, Termiz davlat universiteti professor oʻqituvchilari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar xodimlari, tarixchilar va xorijiy davlatlar tadqiqotchi olimlari ishtirok etdi.

Seminar soʻngida maʼruzachi ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berdi.

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasidagi turkum onlayn seminarlar davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«Sinergetika-3: maʼnaviy meros» nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …