Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY ASARLARIDA QURʼON TAFSIRI

IMOM BUXORIY ASARLARIDA QURʼON TAFSIRI

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (194/810-256/870) islom olamida “Muhaddislar imomi”, “Hadis ilmining sultoni” kabi bir qator sharafli nomlar bilan mashhur boʻlgan. Uning 20 ga yaqin asari sanab oʻtilgan. U nafaqat hadis, balki tafsir sohasida ham shuhrat qozongan. U mashhur “al-Jomeʼ as-sahih”dan oldin “Tafsirul kabir” (“Katta tafsir”) kitobini yozgan, lekin bu asar bizgacha yetib kelmagan.

“Al-Jomeʼ as-sahih” asari Qurʼoni karimdan keyin ikkinchi manba deb eʼtirof etiladi. Imom Buxoriy oʻz oldiga shunday asar yozishni maqsad qilib qoʻygan va uni bajarish uchun Balx, Basra, Bagʻdod, Misr, Madina, Makka kabi ilmiy-maʼnaviy markazlarga safar qilgan. Uning qisqa muddatda bunday ulkan geografik hududni piyoda kezib ilm oʻrganishi, jumladan, olti yuz mingta hadisni yod olishini moʻjiza, deb baholash mumkin.

Bugungi kunda Imom Buxoriyning ilm-fan, islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini butun dunyo eʼtirof etadi. Hadis ilmiga oid deyarli barcha kitoblarda uning rivoyatlarini uchratish mumkin. Hadislar ustida ilmiy izlanish olib borayotgan har bir tadqiqotchi uning asarlariga murojaat qiladi. Muhaddisning hayoti va ilmiy faoliyatini tadqiq qilgan olimlar inson qisqa umri davomida bu qadar salmoqli ishlarni amalga oshirishi uchun ulkan isteʼdod talab etilishini aytadi.

Imom Buxoriy juda sertavoze, bagʻrikeng va kamtar inson boʻlgan. Biror hadisda kamchilik yoki illat koʻrsa, uni darrov tanqid qilmas, aksincha, “bu xususda avval oʻtganlar hech narsa demagan”, “bu haqda boshqa mulohaza ham mavjud”, degan beozor iboralarni qoʻllagan. Uning eng qattiq ayblovi “munkir al-hadis” (“hadisi inkor qilingan”) degan soʻzlardan iborat. Ushbu ibora hadis ilmida maxsus qoidaga aylangan. Borib-borib, shunga yetganki, Imom Buxoriy biror roviy haqida “munkir al-hadis” iborasini ishlatgan boʻlsa, undan hadis rivoyat qilinmagan.

Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Imom Buxoriy va uning ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muhaddis dafn etilgan maqbara yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi faoliyat olib bormoqda.

Shu oʻrinda “bugungi kunda ajdodlarimiz merosiga alohida eʼtibor qaratilayotganining sababi nima”, degan savol tugʻilishi tabiiydir. Buning sababi sifatida uchta omilni keltirish mumkin.

Birinchidan, Uchinchi Renessans ostonasida turgan mamlakatimiz tarixda ikkita olamshumul tamaddunni boshdan kechirgan. Ularning sodir boʻlishiga mutafakkir allomalarimizning oʻrni va roli, ilmiy faoliyati muhim oʻrin tutgan. Bir soʻz bilan aytganda, qadim Movarounnahr sivilizatsiyaga ilm-fan orqali erishgan. Bu esa har qanday taraqqiyot negizida ilm yotishini koʻrsatadi.

Ikkinchidan, globallashuv sharoitida oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning eng samarali usullaridan biri asrlar osha anʼanaga aylangan qadriyatlarimizda namoyon boʻladi. Dunyo ilm-fani beshigini tebratgan ajdodlarimizdan tarbiya bobida ham oʻrganishimiz kerak boʻlgan bir talay jihatlar bor.

Uchinchidan, biz buyuk ajdodlarning avlodlari va davomchilarimiz. Bugungi kunda Imom Buxoriy merosi nafaqat islom olamida, balki Gʻarbda ham keng oʻrganilmoqda. Alloma nomidagi maktablar, madrasalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, stipendiya va ilmiy grantlar taʼsis etilgan. Masalan, Angliyaning Oksford universiteti Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida Imom Buxoriy nomidagi stipendiya joriy qilingan. Arab mamlakatlarida, Afrika qitʼasidagi davlatlarda Buxoriy nomi bilan ataladigan mavzelar mavjud. U yerlardan yetishib chiqqan olimlar oʻziga Buxoriy nisbasini olishni sharaf deb biladi. Dunyo eʼtirof etgan, turli millatlar ergashadigan allomalarimizning ishlarini davom ettirishga esa hammadan koʻra biz burchliroq va haqliroqmiz.

IX asrda Movarounnahrda naqliy tafsir yozish anʼanasini Abd Ibn Humayd Keshiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Abdulloh Dorimiy kabi muhaddislar boshlab berdi. Abd ibn Humayd Keshiyning naqliy uslubda kitobat qilingan kitobi mavjud. “Oli Imron” va “Niso” suralari sharhidan iborat shaklda 2004 yilda Bayrutda chop etilgan ushbu tafsir bugungi kunda tadqiqot jarayoniga jalb etilgan.

Imom Buxoriyning “Tafsir” nomli kitobi borligi manbalarda qayd qilingan. Biroq u bizgacha yetib kelmagan, shu sababli ushbu kitob haqida aniq fikr aytish qiyin. Lekin uning kitob taʼlif etish uslubidan kelib chiqib, uni naqliy tafsir, deyish mumkin. Termiziy va Dorimiy tafsir yozgani maʼlum boʻlmasa-da, ularning hadis toʻplamlarida Qurʼon tafsiriga oid alohida boblar borligi va ularda oyatlar hadislar yordamida sharhlanganidan kelib chiqib, ularni naql asosida tafsir qilgan muhaddislar, deyish mumkin.

Bu anʼana X asr va undan keyin ham davom etdi. Abu Isʼhoq Nasafiyning hali qoʻlyozmasi topilmagan, biroq naqliy tafsir boʻlishi mumkin boʻlgan “Tafsir” kitobi borligi taʼkidlanadi.

Yana bir olim Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum”da oyat va hadislarga asoslangan tafsirlardan koʻp foydalangan. Abu Hafs Umar ibn Muhammad Hamazoniy Samarqandiyning ham “Tafsir” nomli asari borligi aytilsa-da, bizgacha yetib kelmagani bois uning qanday tafsir ekani borasida aniq fikr bildirish qiyin. Biroq oʻsha davr va olimning qarashlaridan kelib chiqib, katta ehtimol bilan uni naqliy tafsir boʻlgan, deyish mumkin. Toshkentlik Abu Bakr Qaffol Muhammad ibn Ali Shoshiyning ham “Tafsirul kabir” nomli asari borligi aytiladi, lekin u ham bizgacha saqlanib qolmagan. Biroq ayrim asarlarda undan keltirilgan bir qator iqtiboslar mazkur tafsirning naqliy va aqliy ekanini koʻrsatadi. Olimning muhaddis boʻlgani ham uni tafsirlarda naqliy dalillardan foydalanganiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

Imom Buxoriyning “Tafsirul kabir” kitobi borligini Firabriy zikr qilgan. Ibn Hajar “Fathul Boriy”ga yozgan muqaddimasi “Hadyus Soriy”da “Ushbu kitobning hadislarini chiqarishda ulkan va fidokorona xizmatlar qilgan. Bu haqda Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytgan”, degan.

Hadis ilmi istilohida “Jomeʼ” deganda hadisning barcha qismlarini jamlovchi, degan maʼno tushuniladi. U aqida, hukmlar, zohidlik, yemoq- ichmoq odobi, safar, oʻtirish-turib odobi, tafsir, tarix, siyar, fitnalar, fazilatlarga oid hadislarni oʻz ichiga olgan boʻladi.

Bu haqda Valiyulloh Dehlaviy quyidagilarni aytadi: «Ahli hadis hadis ilmini devonga kiritib, tasnif qilganida uni toʻrt fandan iborat qilgan:

  1. Sunnat fani. Yaʼni, fiqhga oid narsalar. Molikning “Muvatto”si va Sufyonning “Jomeʼ”iga oʻxshash kitoblar.
  2. Tafsir fani. Ibn Jurayjning kitobiga oʻxshash.
  3. Siyrat Fani. Muhammad ibn Isʼhoqning kitobiga oʻxshash.
  4. Zuhd va Raqoiq. Ibn Muborakning kitobiga oʻxshash».

Imom Buxoriy bu toʻrt fanni bir kitobda jamlagan. Shuning uchun ham uning kitobi “Al-Jomeʼ as-sahih al-musnad” deb nomlangan.

Buyuk muhaddisning “ Tafsirul kabir” kitobining qoʻlyozmasi saqlanib qolmagan. Biroq Karl Brokkelman uning ikki qoʻlyozma nusxasidan ayrim qismlarini Askuriya (Ispaniyadagi Eskorial muzeyi) va Fransiya milliy kutubxonasida saqlanadi, deb maʼlumot beradi. Shuningdek, u kitobning bir qoʻlyozma nusxasi Jazoir milliy kutubxonasida va yana biri Parijdagi milliy kutubxonada mavjud, deydi.

Biroq ular “Al-Jomeʼ as-sahih”ning qismlari ekanligi haqiqatga yaqinroq. Chunki “Musnadul kabir”, “Jomeul kabir” kabi ushbu tafsir ham bizgacha yetib kelmagan asarlardan sanaladi. Buni Imom Suyutiy ham zikr qilib oʻtadi. Olim barcha kitoblarida asosan hadislarni keltirgan. Oʻzbek tilida Imom Buxoriyning hadis borasidagi izlanishlari alohida tadqiq qilingan, biroq tafsir sohasidagi izlanishlari hali oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Olimlar buyuk muhaddisning tafsir bilan bogʻliq qarashlarini tadqiq qilgan. Jumladan, Ummul Quro universiteti bitiruvchisi Hamd al-Imom ibn Xatariy “Manhajul Imomil Buxoriy fit tafsir min xilal kitobihis sahih” (“Imom Buxoriyning “Sahih” kitobidagi tafsir boʻyicha yoʻnalish”) va Bagʻdoddagi Islom universiteti magistri Muhammad Hamd Ivod al-Hoshimiyning “Manhajul Imomil Buxoriy at-tafsiri fi sahihihi” (“Imom Buxoriyning “Sahih” kitobidagi tafsir uslubi”) kitoblarida uning tafsirga oid qarashlari oʻrganilgan.

Imom Buxoriy “al-Jomeʼ as-sahih”ga tafsirga oid hadislarni ham kiritgan. Jumladan, alohida tafsirga bagʻishlangan “Qurʼon tafsiri kitobi” bobida “Fotiha” surasini tafsir qilib, unda Abu Said ibn Muallodan rivoyat qilingan Qurʼonning eng ulugʻ surasi “Fotiha” ekani toʻgʻrisidagi hadis keltiriladi.

Shuningdek, mazkur bobda “Fotiha”, “Baqara”, “Oli Imron”, “Niso”, “Anʼom” kabi 85 suradagi oyatlarning tafsirlari oʻrin olgan va jami 358 oyatga sharh berilgan.

Umumiy hisobda 503 ta rivoyat keltiriladi. 4474-raqamli hadisdan boshlanib, 4977-raqamli hadis bilan yakunlanadi.

Imom Buxoriy hadislar orasidan oʻz shartlariga toʻgʻri kelganini saralab olgani bois hamma oyatlarning sharhlari boʻlmasligi mumkin. Bu tafsirlar naqlga asoslangan boʻlib, asosan sahobalardan Abu Hurayra, Anas ibn Molik, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Oisha, tobeinlardan Mujohid, Qatoda, Ikrima, Masruqning rivoyatlari borligi bilan eʼtiborga loyiq.

Mazkur asarning yana bir qismi “Qurʼon fazilatlari kitobi” deb ataladi. Unda Qurʼon oʻqish, uni takrorlash va oʻrgatish fazilati kabi mavzular yoritilgan. Bu ham Imom Buxoriyning mufassirlardan ekanini koʻrsatmoqda. Chunki naqliy tafsirlar hadisning bir turi boʻlib, hadis mazmunan Qurʼonni sharhlaydi. Bu esa hadis bilimdonining tafsir ilmini bilishidan dalolat beradi.

Buyuk muhaddisning tafsirga oid kitoblari bu ilmda naqliy tafsirlardan sanaladi. Chunki ularda asosan naqlga oid rivoyatlar jamlangan.

Soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi kabi muassasalar xalqimizning ilmu maʼrifatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va hech qachon boʻlmagay”, degan purmaʼno soʻzlarini yana teran anglash, shu tamoyil asosida yashash va ishlashga yordam beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Muhammad Buxoriy. Hadis. Al-Jomeʼ as-sahih. – T.: Qomuslar bosh tahririyati, 1995. J. III. – B. 150 (Bundan keyin – Buxoriy. Al-Jomeʼ as-sahih.).
  2. Maqsudov D. Movarounnahrlik mufassirlar // Imom Buxoriy saboqlari. – Toshkent, 2006. – № 3. – B. 233.
  3. https://islom.uz/maqola/4355
  4. http://qadriyat.uz/tarix/muhaddislar/591-imom-al-bukhorij-sho-asar-al-zhome-as-sa-i
Davronbek Maxsudov,
Din ishlar boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …