Home / ALLOMALAR / ABU LAYS SAMARQANDIY VA MARKAZIY OSIYODA ILMIY TAFAKKUR TARAQQIYOTI

ABU LAYS SAMARQANDIY VA MARKAZIY OSIYODA ILMIY TAFAKKUR TARAQQIYOTI

Ilk oʻrta asrlardan temuriylar davriga qadar Markaziy Osiyo xalqlari ijtimoiy-siyosiy, adabiy-madaniy hayotida oʻzining ilmiy-ijodiy merosi va pedagogik faoliyati bilan chuqur iz qoldirgan mutafakkirlardan bir guruhi  Abulaysiylar xonadonining vakillaridir.

Boy ilmiy merosi bilan tarixda nom qoldirgan bu xonadon va uning taniqli namoyandalarining nomlari bugunga qadar turli mazmundagi ilmiy ishlarda: ensiklopediya, lugʻat, maʼlumotnomalarda, Samarqand tarixiga, Alisher Navoiy va uning Samarqanddagi hayoti hamda faoliyatiga bagʻishlangan maqola va tadqiqotlarda tilga olinadi.

Sadriddin Ayniyning 1948 yilda tojik tilida nashr etilgan “Alisher Navoiy” monografiyasida, akademik Vohid Abdullayevning “Navoiy Samarqandda” (Toshkent, 1947), H.Hikmatullayevning “Samarqand olimlari” (Toshkent, 1960) asarida atoqli xonadon haqida maʼlumotlar berilgan.

Abulaysiylar xonadoni va uning mashhur vakillari hayoti va faoliyati haqida oʻtgan asrning 80-yillarida chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan olim akademik Botirxon Valixoʻjayevdir. Olim Samarqand viloyatining “Lenin yoʻli” gazetasida (1988 y., 27-28 sentyabr) eʼlon qilingan “Abulaysiylar xonadoni” nomli ikki maqolasida “Sovet Oʻzbekistoni” gazetasida nashr etilgan (1990 y., 2 dekabr) “… farzand der edi” nomli maqolasida shu mavzuga toʻxtaladi. U olib borgan izlanishlari natijasida bu mashhur xonadonning shakllanishi Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim voqealarga boy boʻlgan X asrga mos kelishi, bu sulola asoschisining hayoti va faoliyati, uning avlodlari boʻlmish uch nomdor shaxs haqida aniq maʼlumotlar beradi. Bu sohada olimning Alisher Navoiy va Xoja Fazlulloh Abulaysiy Samarqandiy munosabatlari, Xojaning Mirzo Ulugʻbek hukmronligi yillaridan boshlab, XV asrning 70-yillarigacha ijtimoiy-siyosiy va madaniy-maʼrifiy sohalarda faoliyat yuritgani haqida bergan keng  maʼlumotlari diqqatga sazovor. Bunga qadar bu xonadon haqidagi maʼlumotlar tarqoqligi, ularning koʻplari hali toʻplanmagani va aniqlanmaganligi sababli Abulaysiylar shajarasi va uning nafaqat Samarqand, balki Sharqning turli oʻlkalarida ilmiy tafakkurning rivojiga qoʻshgan hissasi yaxlit tarzda yoritilmagan edi.

Asrimiz boshlarida ulugʻ faqih Abu Lays Samarqandiyning “Boʻstonul orifin” asari va  “Tanbehul gʻofilin” asarini tarixshunos Dilmurod Qoʻshoqov tomonidan arab tilidan uch qayta tarjima qilinib, nashr ettirilishi ilm-fan sohasida va madaniy hayotimizda muhim voqealardan biri boʻldi.

Abulaysiylar xonadonining asoschisi, ulugʻ faqih, mutakallim, muhaddis, mufassir, mutasavvuf olim Abu Lays Samarqandiyning toʻliq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohimdir. U Faqih, Imomul huda, Shayxulislom unvonlari bilan ham mashhur boʻlgan. “Abu Lays” u zotning kunyasi, bu “Laysning otasi” degani. “Lays” lugʻatda sher, arslon maʼnosini beradi, bu majoziy maʼnodagi, hurmat belgisi sifatidagi sharaflashdir. Abu Laysning tavallud yili 298, 301-310 hijriy, deb taxmin qilinadi. Vafoti ham manbalarda taxminan 396 h. yil deb keltiriladi.

Olim avval oʻz otasi Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Tusiydan, soʻng Abu Jaʼfar Hindavoniy Balxiy, Xalil ibn Ahmad qoziy Sijziy, Muhammad ibn Fazl Balxiy kabi oʻz zamonasining olimlaridan turli ilmlarni oʻrgangan. Keyinroq mustaqil ravishda ilm bilan shugʻullanib, bilim yoyib, taʼlim berib, qator shogirdlar yetishtirgan. Bularning mashhurlari-Luqmon ibn Hakim Fargʻoniy, Naim Xatib Abu Molik, Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Adbulloh Haddodiy va b.

Abu Lays Samarqandiy ilmiy va maʼrifiy sohalarda, fiqh, usuli din, tib, falsafa, tilshunoslik va adabiyotshunoslik yoʻnalishlarida katta ilmiy meros qoldirdi. Uning 20ga yaqin kitobi boʻlib, baʼzilari ikki-uch xil nom bilan ataladi. Asarlari asosan arab mamlakatlarida, Hindistonda nashr etilgan. Mashhur asarlari quyidagilar:“Bahrul ulum” (“Tafsirul Qurʼon” ham deyiladi), “Xizonatul fiqh”, “Boʻstonul orifin”, “Tanbehul gʻofilin”, “Qurratul uyun va mufrihu qalbul mahzun”,  “uyunul masoil”, “Muqaddimatu Abu Lays fis salot”, “Fatovan Abu Lays”, “An-navozimu fil fatovo”, “Al mabsut”, “Sharhu jomiʼus sagʻiyr”, “Umdatul aqoid”, “Usulud din”, “Bayonu aqidatul usul”, “Asrorul vahiy”, “Risolatu fil magʻfirati val iymon”, “Risolatu fil hukm”, “Shirʼatul Islom”. 

Olimning “Boʻstonul orifin” asarida ilm oʻrganish va uning foydalari, aql va aqllilik, odob va salom, tabobat va kasbu hunar singari axloq va insoniy fazilatlar haqida bildirilgan mulohazalar diqqatga sazovor.

Xizonatul fiqh» asarida oʻsha davr huquqshunosligining muhim masalalaridan boʻlgan nikoh, nafaqa, merosni taqsimlash haqida soʻz yuritiladi.

Abul Lays Samarqandiy asarlari keyingi asrlarda ham koʻchirilib, toshbosma tarzida nashr ettirilib, qoʻllanma sifatida foydalanilgan. Sadriddin Ayniy oʻzining bir sheʼriy asarida Samarqand va uning tarixi haqida fikr yuritar ekan, jumladan, bunday yozadi:                  

In Samarqand hamon ast, ki Boʻ Laysi Faqeh,
Kard siti sharafash to Arabiston isol.

Mazmuni: Bu oʻsha Samarqandki, Faqih Abul Lays uning shuhrati Arabistongacha taralishiga sabab boʻldi.

Allomaning “Tanbehul gʻofilin” kitobini Misrda nashr qildirgan olim Said Arabiy uning moʻtabar islomiy manbalardan keltirilgan hujjat-dalillar asosida yozilganini qayd etadi. Shu jihatdan faqihning uslubini eng mumtoz , deb baholaydi.

Faqih asarlarida, bir tomondan, oʻz davri huquqshunoslarini qiziqtirgan masalalar xususida, asosan, Movarounnahrda keng yoyilgan hanafiya-moturidiya mazhabi boʻyicha muhim fikr-mulohazalar bildirilsa, ikkinchi tomondan, insonning odob-axloqi va fazilatlari, oʻzaro  munosabatidagi meʼyor va qonun-qoidalardan bahs yuritiladi. “Tanbehul  gʻofilin”  eʼtiborsizlarga, bexabarlarga, beparvolarga tanbeh deb nomlanib, unda insonning maʼnaviy huquq va burchlari, masʼuliyati,  hayoti va faoliyati uchun muhim boʻlgan fazilat va qusurlar haqida soʻz yuritiladi.

Asarda keltirilgan hadisi shariflarning har biri sahih, marfuʼ, mavquf, muttafaqun alayh, hasan, gʻarib, zaif, mursal, muʼzal, munqotiʼ, mudallas, mavzuʼ, matruk, munkar, kabi darajalar bilan aniqlab beriladi. “Tanbehul gʻofilin”ning “Sahihul Buxoriy”dan farqi shundaki, unda muayyan mavzuda soʻz yuritilganda, Faqih oʻzining munosabatini ham bildirib oʻtadi. Yaʼni, rivoyatlarga munosabat bildirilib, “Faqih aytadi”, deya hadisi sharif maʼnolari sharhlab beriladi. Masalan, yigirma oltinchi bobda kelgan “Kambagʻallarning fazilatlari” deb nomlangan 291-hadis sahih, Abu Zarr Gʻiforiydan rivoyat qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qavllari bayon etilgach, “Faqih aytadi: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning “Molini koʻpaytirishga urinuvchi kishilar qiyomat kunida darajasi past kishilardir”, degan soʻzlarining maʼnosi bunday: Agar boylar jannat ahlidan boʻlsa, darajasi kambagʻalnikidan past boʻladi. “Mana bunday, mana bunday”, deb aytgan gapining maʼnosi ular oʻng tomondan, chap tomondan, orqasidan, oldidan sadaqa qiladi, deganidir. “Lekin ular kamginadir”, degan soʻzining maʼnosi esa, bunday amal boylarda kam topilishiga, shayton ular uchun bu dunyoda mollarini ziynatli qilib koʻrsatishiga ishora qiladi. Baʼzi hadislar sharhida Qurʼoni karim oyatlarining tafsiri keladi. Masalan, darajasi zaif sanalgan 294-hadis sharhida Faqih Qurʼoni karimning “Kahf” surasi 28-oyatini keltirib, uning nozil boʻlish sabablari va  mufassal tafsirini beradi.

Asar uslubining oʻziga xosligi yana shundaki, Faqih bir hadis sharhida yana boshqa bir hadisni keltiradi. Chunonchi, sanadi zaif sanalgan 446-hadisning: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim zakot bersa, mehmon kutsa, omonatni ado qilsa, nafsini baxillikdan saqlabdi”, maʼnosini tushuntirib bergach, ilmiy asoslaydi. Yaʼni: “ … chunki, sadaqada oʻnta xislat maqtalgan. Beshtasi bu dunyoda, beshtasi oxiratda. Dunyodagi beshtasi quyidagilar: 1. Sadaqa qilishda molni poklash bor … ”, der ekan, asoslarini quvvatlash uchun Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan sahih darajali 447-hadisni keltiradi: “Ogoh boʻlinglar. Savdoda bemaʼni soʻz, qasam va yolgʻon boʻlib turadi. Shuning uchun unga sadaqani ham qoʻshinglar”. Shundan soʻng sadaqada maqtalgan oʻnta xislatdan ikkinchisining sharhiga oʻtadi. Bu xislatni Qurʼoni karimning “Tavba” surasidagi 103-oyat bilan asoslaydi. Sadaqadagi uchinchi xislat sharhiga: “Sadaqa kasallik va balolarni daf qiladi” – Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hasan darajali 448-hadisni asos sifatida keltiradi. Shuningdek, Faqihning “Tanbehul gʻofilin” asarida sadaqaning dunyodagi maqtalgan xislatlarining beshinchisiga Qurʼoni karim “Sabaʼ” surasining 39-oyati asos sifatida keltiriladi.

Ayrim hadisi shariflar sharhida Faqih “Bir hakim aytar ekan … ”, “Zikr qilinishicha … ”, “Xabarda zikr qilinadi … ” kabi izohlar bilan saodat asrida boʻlib oʻtgan hodisalardan misollar keltiradi.

“Tanbehul gʻofilin” asarining ilmiy va bayon uslubi xususiyatlarini tekshirish, uni boshqa moʻtabar manbalar bilan qiyoslab oʻrganish fanimiz oldida turgan eng dolzarb sohalardan biridir.  

X asrdan XIV asrning ikkinchi yarmigacha boʻlgan vaqt oraligʻida bu xonadon vakillari haqida aniq bir maʼlumotlar uchramaydi. XIV asrning ikkinchi yarmidan boshlab Abulaysiylar nomi yana koʻzga tashlanadi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida 1370-1371 yillar voqealari bayonida oliynasab shaxslardan toʻrt kishi Amir Temurga qarshi harakat qilgani voqeasi tafsilotlari bayon etiladi. Fitna Sohibqironga ayon boʻlib, fosh etilgach, uning barcha nufuzli tashkilotchilari kechiriladi. Xususan, Saroymulkxonimning togʻasi Amir Muso qarindosh boʻlgani uchun kechiriladi. Xonzoda Abdulmaoliy Termiziy Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam  avlodi boʻlgani uchun ozod qilinib, Abu Lays Samarqandiy makkaga hajga borish bahonasi bilan surgun qilinadi. Shibirgʻon hokimi Zinda Chashm esa bandi etilib, Samarqandga joʻnatiladi.     Bu maʼlumot XV asr tarixchisi Faseh Xavofiyning “Mujmali Fasehiy” asarida ham uchraydi. Bu shayxning hayoti va faoliyatiga doir materiallar ham, uning keyingi taqdiri ham nomaʼlum. Ammo bundan shunday xulosa qilish mumkinki, XIV asrda Abullaysiylar xonadonining namoyondalari katta mavqega ega boʻlgan, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida faoliyat yuritgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla ussaʼdayn va majma ulbahrayn” asarida 1407-1421 yillar voqealari, xususan, Samarqand va Mirzo Ulugʻbek bilan bogʻliq voqealar tasvirida Shohrux va Ulugʻbekning ishonchli amaldorlaridan biri sifatida Abulays degan shaxs tilga olinadi. Agar Shohrux 1407-1408 yillarda Abullaysni Astrobod kutvoli – shahar soqchi otryadlari boshligʻi qilib tayinlagan boʻlsa, 1409-1410 yil voqealari bayonida u Mirzo Ulugʻbekning ishonchli navkari sifatida shu vazifani davom ettiradi.

1419-1421 yillar voqealari bayonida esa Abulaysning Andijonda xizmat qilgani aytiladi. Demak, mashhur xonadonning uchinchi taniqli vakili boʻlgan bu shaxs Shohruh va Mirzo Ulugʻbek hukmronligida ishonchli amaldor sifatida harbiy lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan.

Abulaysiylar xonadonining XV asr ikkinchi yarmida Samarqandda faoliyat koʻrsatgan, ilm-fan va adabiyot sohasida koʻzga koʻringan vakili Xoja Fazlulloh Abulaysiy edi. Bu  shaxs haqida ham hozircha juda kam maʼlumot yetib kelgan. Ammo manbalarda Xoja Fazlulloh Abulaysiy “Movarounnahr akobirlaridan biri” (Abdurazzoq Samarqandiy), oʻz davrining” Abu Hanifai soniysi” (Alisher Navoiy), Ibn Hojib, Xondamir xullas, aʼlami ulamosi sifatida tilga olinadi. U Mirzo Ulugʻbek nazdida juda eʼtiborli allomalardan biri boʻlgan. Shuning uchun Xoja Fazlulloh Abulaysiy Mirzo Ulugʻbek bilan birga bir necha marta Shohruh Mirzo huzurida boʻlib, u yerda  oylab qolib ketgan, Shohruh Mirzo saroyi akobirlari, jumladan, Gʻiyosiddin Bahodir (Alisher Navoiyning otasi) bilan ham uchrashgan va tanishgan. Ulugʻbek fojeasidan soʻng ham Xoja Fazlulloh Abulaysiy Samarqanddagi ajdodlari yashagan Faqih Abulays guzarida qurdirgan xonaqohida tolibi ilmlarga fiqh, tib, tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻyicha dars berishni davom ettirgan. Bu talabalar qatorida Alisher Navoiy ham boʻlgan.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”asarida yozilishicha, Abusaid Mirzo tomonidan Samarqandga “ixroj” qilingan Alisher Navoiyning homiysi-shahar hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy edi. Navoiy uning koʻmagida Xoja Fazlulloh Abulaysiy xonaqohidan hujra olib, ikki yil shu yerda yashab, mashhur olimdan tilshunoslik, adabiyotshunoslik, fiqhdan saboq oldi. Oʻzining qobiliyati tufayli ustozining eʼtiborini qozondi va shu darajaga yetdiki, Xoja Fazlulloh Abulaysiy uni “farzandim” der edi.

Xoja Fazlulloh Abulaysiy va Alisher Navoiyning ustoz-shogirdlik munosabatlari, samimiy doʻstligi, ularning ikkalasi uchun ham gʻoyaviy hammaslak va gʻoyatda aziz boʻlgan inson Xoja Ahror Vali bilan boʻlgan suhbatlari haqida akademik B.Valixoʻjayev oʻzining yuqorida qayd etilgan maqolalarida va “Buyuk maʼnaviy murshid” nomli monografiyasida ancha mufassal maʼlumot beradi.

Navoiy 1469 yilda Hirotga qaytib, davlat arbobi sifatida ish boshlaganida ham, umuman, umrining oxiriga qadar bu xonadonni unutmadi. Samarqand bilan aloqasini yanada mustahkamladi. Shuning uchun koʻpgina samarqandlik alloma va shoirlar Hirotga borganda Alisher Navoiyning iltifotidan bahramand boʻlar edi. Abulaysiylar xonadonining ikki vakili – Xoja Fazlulloh Abulaysiyning farzandi Xoja Hovand Abulaysiy va shu xonadonga mansub Xoja Abulqosim Abullaysiy shular jumlasidan. Bularning ikkovi ham Navoiydan minnatdorligini kitoblar orqali ifoda etgan. Xoja Hovand ibn Fazlulloh Abulaysiy “Hoshiyai miftoh” va “Hoshiyai talmeh” asarlarini, Xoja Abulqosim Abulaysiy esa “Hoshiyai mutavval” asarini Navoiyga bagʻishlagan. Demak, Abulaysiy xonadonining bu ikki namoyandasi Alisher Navoiy koʻmagida shu xonadon ilmiy anʼanalarini davom ettirgan.

Hozirgi kunda Samarqand shahrida Xoja Fazlulloh Abulaysiy yashagan mahallada uning uy-muzeyi bunyod etilgan.

 Foydalanilgan adabiyotlar 
  1. Alfaqih Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul gʻofilin. Uch kitob. –Toshkent: 2003, 2004.
  2. Faqih Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul gʻofilin. –Toshkent: 2007.
  3. Faqih Abu Lays Samarqandiy. Boʻstonul orifin. –Toshkent: 1996.
  4. Abdullayev V. Navoiy Samarqandda. Saylanma. 2 jildlik: 1-jild. – Toshkent: Fan, 2002.
  5. Valixoʻjayev B. Abulaysiylar xonadoni // Lenin yoʻli, 1988 yil, 27, 28 sentyabr. 4-bet. “…Farzandim der edi” // Sovet Oʻzbekistoni,1990 yil, 2 dekabr. 4-bet.
  6. Valixoʻjayev B. Buyuk maʼnaviy murshid. – Toshkent: Fan, 2004.
  7. Sadriddiy Ayniy. Alisher Navoiy. –Dushanbe, 1948.
  8. Hikmatullev H. Samarqand olimlari. –Toshkent: 1960.
Salohiy Dilorom Isomiddin qizi,
filologiya fanlari doktori, professor.
Samarqand davlat Chet tillar instituti
Yaqin sharq tillari kafedrasi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …