Home / FOTO LAVHALAR / BOBUR SIYMOSIGA EHTIROM

BOBUR SIYMOSIGA EHTIROM

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Andijon viloyati hokimligi, Andijon davlat universiteti hamkorligida “Zahiriddin Muhammad Bobur diniy va dunyoviy bilimlar sohibi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Turkiy xalqlar ilm-fani va adabiyotining buyuk namoyandasi, davlat arbobi, sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, Andijon davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, boburshunos olimlar va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida soʻzga chiqqan Markaz boʻlim boshligʻi T.Evadullayev va universitet rektorining yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari A.Hamroqulov shoh va shoir, buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur siymosiga hurmat, ijodiga ehtirom koʻrsatib, uning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish borasidagi yangi izlanishlar va tadqiqotlarga oid qimmatli maʼlumotlarni berdi.

Tadbirda Markaz ilmiy xodimi J.Jumayev, universitetning yoshlar bilan ishlash va maʼnaviyat-maʼrifat boʻlimi boshligʻi D.Abidova va oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, dotsent Z.Mamajonovlar maʼruza qilib, yoshlarga mohir sarkarda, ulugʻ davlat arbobi, shoir va mutafakkir Bobur timsolini ibrat qilib koʻrsatish barobarida mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandasi boʻlgan bobokalonimiz hayoti, ilmiy va adabiy merosining ahamiyatli jihatlarini gapirib berdilar. Shuningdek, Boburning inson sifatida koʻrgan-kechirganlari, qudratli imperiya qurishdagi mashaqqatlari va mardlik sifatlari haqida ham soʻz yuritildi.

Ruboiylarida “Hijron aro yod etib meni shod eting ” deya lutf qilgan Bobur Mirzoni yod etish, uning benazir ilmini oʻrganish, hayot yoʻllarini tadqiq qilish biz avlodlar burchidir. Maʼnaviy kechada talaba yoshlar tomonidan Bobur ijodiga oid tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimoti ham oʻtkazildi. Unda Andijon davlat universiteti pedagog-xodimlar jamoasi hamda talabalariga Markaz ilmiy xodimlari tayyorlagan nashrlar taqdim etildi.

Taqdimot tadbiri ishtirokchilariga Markaz faoliyati va yutuqlari, ayni paytda olib borilayotgan tadqiqot yoʻnalishlari, shuningdek, rejalashtirilgan ilmiy loyihalar xususida hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …