Home / FOTO LAVHALAR / Sali Shahsivari: “Oʻzaro hamkorlik manfaat olib kelmoqda”

Sali Shahsivari: “Oʻzaro hamkorlik manfaat olib kelmoqda”

Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi tadqiqotchilari – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukrullo Umarov va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi Barot Amonov Oʻzbekistonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov hamrohligida “Al-Furqon” islom merosi fondida boʻlishdi.

Mehmonlarni fond ijrochi direktori Sali Shahsivari qarshi oldi. Tashrif avvalida oʻzbekistonlik tadqiqotchilar fond tarixi muzeyi faoliyati va undagi eksponatlar bilan tanishdilar.

Shundan soʻng, fond rahbariyati bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga oid muloqot oʻtkazildi. Unda tomonlar hamkorlik aloqalarining hozirgi holatini tahlil qilishib, istiqboldagi vazifalarni belgilab olishdi.

“Al-Furqon” fondi ijrochi direktori Sali Shahsivari Oʻzbekistonda yaqinda barpo etilgan ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ilmiy hamkorlik fond uchun manfaat olib kelayotgani, ayniqsa oʻzaro qoʻlyozmalar almashinuviga oid toʻplangan oʻziga xos tajriba tadqiqot faoliyati davomida oʻzini oqlayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekistonlik olimlar hamkorlik rishtalarini mustahkamlash alloma ajdodlarimizning boy merosini chuqur oʻrganib, jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etishda va asl holatida kelgusi avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutishini, buning uchun hali ishga solinmagan salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar.

Muloqot chogʻida qoʻlyozmalarni hamkorlikda oʻzaro almashuv asosida tadqiq etish ishlarini jadallashtirish, ayniqsa kataloglashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Tashrif yakunida tomonlar oʻzaro esdalik sovgʻalarini ulashdilar. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nomidan “Al-Furqon” fondiga “Qoʻlyozmalar katalogi” va boshqa adabiyotlar toʻplami taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …