Home / FOTO LAVHALAR / LONDONDA MOVAROUNNAHRLIK MUTAFAKKIRLAR SHARAFLANDI

LONDONDA MOVAROUNNAHRLIK MUTAFAKKIRLAR SHARAFLANDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi, Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Barot Amonov London Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad al-Dubayan huzurida boʻldi.

Muloqot chogʻida har ikki markaz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash istiqbollari, xususan ilmiy-tadqiqot faoliyatida oʻzaro tajriba almashuv jarayonlarini jadallashtirish, islomni tadqiq etishda muntazam ravishda ikki mamlakat olimlarining konsiliumini oʻtkazib borish hamda diniy maʼrifatni birgalikda targʻib etish masalalari muhokama qilindi.

Ahmad al-Dubayan mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, ajdodlar ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etishga qaratilayotgan eʼtibordan mamnunligini bildirdi va “Oʻzbekiston islom ummatiga buyuk olimlar, minglab muhaddislar, mutakallim va mufassirlarni yetishtirib bergan zamin. Bu yurtdagi tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish biz uchun sharaf”, deya taʼkidladi.

Suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish hamda maʼrifat yoʻlidagi yakdil faoliyatdan manfaatdor ekanini qayd etdi. 

Muloqotda shuningdek, Buyuk Britaniyadagi Konservativ musulmon forumi Prezidenti Lord Muhammad Iltof Shayx ham ishtirok etib, dunyo ilmu fani taraqqiyotida oʻzbekistonlik allomalarning xizmatlari beqiyos ekanini, matematikani al-Xorazmiysiz, tibbiyotni Ibn Sinosiz, aqida ilmini Moturidiysiz, hadis ilmini Imom Buxoriy va Imom Termiziysiz tasavvur etib boʻlmasligini aytdi.

Shundan soʻng London Islom madaniyati markazida Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

   

Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida tashkil qilingan taqdimotda elchixona xodimlari, markaz ilmiy jamoasi va kitobxonlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan, jahon ilm-fani va madaniyati rivoji hamda islom tamaddunida abadiy nom qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa taniqli muhaddislar, ularning boy ilmiy merosi alohida eʼtirof etildi.

Taqdimotda tashkilotchilar tomonidan Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, Markaziy Osiyoda yashab, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olim va mutafakkirlar maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida bir qancha ilmiy-madaniy markazlar tashkil qilingani haqida, jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati samaralari xususida maʼlumotlar berildi.

Tadbirlarda Oʻzbekistonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov ishtirok etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …