Home / ALLOMALAR / NAQSHBANDIYLIK SILSILASIDA XOJA AHROR VALIYNING TUTGAN OʻRNI

NAQSHBANDIYLIK SILSILASIDA XOJA AHROR VALIYNING TUTGAN OʻRNI

Keyingi paytlarda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati namoyandalarining hayoti va faoliyati hamda silsilasi toʻgʻrisida turli fikr-mulohazalar bildirilyapti va bu borada oʻz navbatida har xil savollar ham koʻtarilgan. Bundan naqshbandiya va uning  turli tarmoqlari  hali ham mukammal oʻrganilmaganligi va tadqiqot uchun koʻplab muammolar borligini alohida taʼkidlash kerak.

Agar biz mazkur tariqatning silsila va nasl-nasab zanjiriga eʼtibor qaratsak, bu borada tadqiqotlar bir oz zaif olib borilganligiga guvoh boʻlamiz. Odatda, tariqat silsilasi xulafoi roshidun yoki choriyorlardan biri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga borib ulanadi. Turli manbalarda, silsila bilan bogʻliq hujjatlarda hamda shajara va nasabnomalarda ustod-shogirdlik silsilasi, nasl-nasab zanjiri turlicha koʻrinish kasb etgan. Bu oʻz-oʻzidan turli muammolarni yuzaga chiqarishga olib kelgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali orqali toʻrt silsila zanjiri musulmon dunyosi boʻylab yoyilgan va bunday bogʻlanish tasavvuf tariqatlarining negizi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga borib taqalishidan dalolat beradi. Manbalarda Abu Bakr Siddiq orqali Naqshbandiya, Umar ibn Xattobdan suxravardiya-kubraviya, Usmondan esa chishtiya-ishqiya va Hazrati Alidan qodiriya-jahriya silsilasi boshlanadi[1]. Tariqat silsilasi muayyan sulukning eng ishonchli tomonlaridan biri sanaladi. Silsila – muayyan tariqatning oʻz shayxi yoki piri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan hasabnomasi, yaʼni ustoz-shogirdlik shajarasidir. Silsilaga kiruvchi shayxlar tariqat asoslarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilishda xizmat qilgan[2]. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning silsilai maʼnaviylari Abu Bakr Siddiq orqali tasavvuf tariqati otasi shayx Yusuf Hamadoniygacha yetib kelgach, uni muarrixlar “silsilai Siddiqiya”, deb yuritishgan. Shayx Abdulxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha yetib kelgan silsila “xojagon-naqshbandiya”, deyilgan, Xoja Ahrori Valiydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya” nomini olgan.

Xoja Ahrori Valiy hayoti va faoliyatini oʻrganish boʻyicha yurtimiz va xorijiy olimlar tomonidan yetarli tadqiqot ishlari olib borilgan.

Xoja Ubayddulloh Mahmudxoja oʻgʻli – Ahror Valiy nomi bilan mashhur boʻlib, 806/1404 yil ramazon/mart oyida Shosh/Toshkentning Bogʻistonida dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va bobolari maʼrifatli kishilar boʻlib, dehqonchilik va tijorat ishlari bilan shugʻullangan. Ona tarafidan mashhur shayx Xovandi Tahur[3]ga borib ulanadi. 

Xoja Ubaydulloh bolaligidan ilmga chanqoqligi sabab boʻlgan koʻrinadi 22 yoshida togʻasi xoja Ibrohim Shoshiy uni tahsil olish uchun Samarqandga olib boradi. U yerda Mavlono Qutbiddin Sadrning madrasasida tahsil oladi. 1428 yilda Hirot shahrida Sayid Qosim Tabriziy (Qosim Anvor)ning dargohida tahsilni davom ettiradi. Shu tariqa, Chagʻoniyon mavzeida yashovchi naqshbandiya tariqati murshidlaridan biri Mavlono Yaqubi  Charxiy huzuriga borib tasavvuf sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganadi. Bu haqda Alisher Navoiy oʻzining “Nasoyimul muhabbat” asarida “Xoja Ubaydulloh Xuroson mashoyixlari Hazrati Mir Sayyid Qosim Anvor, shayx Bahouddin Umar, shayx Zayniddin Xavofiy, Mavlono Muhammad Asad, Mavlono Saʼduddin Qoshgʻariylar, Movarounnahr mashoyixlaridan Xoja Muhammad Porso, Xoja Abu Nasr, Mavlono Nizomiddin Xomush suhbatda boʻlib, Mavlono Yaʼqubi Charxiydan” irshod va tarbiya topganligi bayon etilgan.

Yaʼqub Charxiydan taʼlim olgan Xoja Ahror Hirotga va u yerda bir yil yashab qoladi. Soʻngra 29 yoshida[4] Toshkentga qaytib, toat-ibodat va dehqonchilik bilan mashgʻul boʻladi. Xalq orasida ancha tanilgandan soʻng, 1450 yildan keyin[5] Samarqandga keladi.

Xoja Ahrori Valiy odamlarni rom qiluvchi nutq va rivoyatlarga, ilmi fiqh va ruboiyotlarga, Qurʼon tafsiri va hadislarga shu darajada boy boʻlgan. 

Xoja Ahrorning hayot yoʻli va fazilatini bayon qiluvchi koʻpgina tarixiy asarlar orasida eng birinchilardan boʻlib yozilgan “Masmuot” (Eshitilgan) asari ul zotning kuyovi va izdoshi Mir Abdulavval Nishopuriy tomonidan XV asr oxirlarida bitilgan. Unda Xoja Ahrorning yurish-turishi, fazilati, soʻfiylik dunyoqarashi haqida soʻz borgan. Kitobda Muhammad sollallohu alayhi vasallam va chahoryorlardan tortib, Xoja Ahrori Valiy yashagan davrgacha yetib kelgan tasavvuf silsilasi sulukning eng ulugʻ namoyandalari faoliyati hamda Xojaning zamondoshlari boʻlgan temuriylar sulolasi bilan munosabati bayon qilingan.

Xoja Ahrorning shogirdlaridan biri Mavlono Muhammad Qozi ibn Burhoniddin oʻzining “Silsilatul orifin va tazkiratus sodiqin” (Donolar maʼnaviy zanjiri va siddiqiylar xotirasi) va Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot aynul hayot” (Hayot chashmalaridan tomchilar) deb nomlangan asarlarda ustozining nasl-nasabi, kelib chiqishi, yoshligi, fazilatlari hamda irfoniy-falsafiy mushohadalari haqida mufassal maʼlumotlarni bayon etgan.

 Naqshbandiya tariqatining Xoja Ahror Valiy orqali tarqalgan silsila nafaqat Movarounnahr hududi, balki Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, Rum va Misrgacha, Xitoy va Hindistongacha yetib borganligi koʻrishimiz mumkin. Samarqand qozi kaloni tarixchi Abu Tohir xoja oʻzining “Samariya” kitobida: “Xoja Ahrorning oʻziga jalb qiluvchi ohangrabosi shu darajada kuchli ediki, uning shirinsuhan suhbatlari umrbod esga qolardi”, deb aytgani ham dunyo tasavvuf taʼlimotida uning maʼnaviy mavqei yuqori boʻlganidan dalolat beradi.

Xoja Ahrori Valiydan shogirdi Mavlono Muhammad Qozi orqali Maxdumi Aʼzam Dahbediydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya-dahbediya” yoki shogirdi Mavlono Zohid Vaxshuvoriy orqali imom Ahmad Sirhindiydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya-mujaddidiya” kabi silsilaning turli tarmoqlari shakllangan. Uning avlodlaridan Naqibxon Toʻgʻral, Sultonxon Toʻra Ado kabi ulugʻ kishilar yetishib chiqqan.

Xulosa oʻrnida Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy naqshbandiya tariqatining eng buyuk murshidlaridan biri ekanligi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotda katta iz qoldirib, oʻz davrida shuhrati dunyo mamlakatlari boʻylab mashhur boʻlgan. Uning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmatlaridan biri naqshbandiya silsilasi islom olamidagi eng ulugʻ silsilalardan biriga aylanishidir.

Xoja Ahrori Valiy tasavvuf tarixida birinchi boʻlib xalq ravnaqi yoʻlida tariqatni siyosatga, podshohlarga taʼsir koʻrsatuvchi amaliyotga aylantirgan.

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar roʻyxati
  1. Abu Tohirxoja. Samariya. Tahrir hayʼati: B. Ahmedov va boshq.– T.: Kamalak, 1991.– 81 b.
  2. Tasavvuf taʼlimotiga oid manba. Asar nomi va muallif nomaʼlum. Qoʻlyozma, fors tilida. IBXITM manbalar xazinasi inv. №52.
  3. Karimov E. Xoʻja Ahror (hayoti va faoliyati). T.: Maʼnaviyat, 2003. 43 b.
  4. Kattayev K. Tasavvuf allomalari. T.: Gʻafur Gʻulom, 2017. 320 b.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Naqshbandiya: vazifalar, zikrlar. – T.: Hilol-Nashr, 2019. 160 b.
MЕHROJIDDIN AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …