Home / YANGILIKLAR / INSON QADRLANGAN OʻLKAGA ALLOHNING RAHMATI YOGʻILADI

INSON QADRLANGAN OʻLKAGA ALLOHNING RAHMATI YOGʻILADI

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Yaxshiliklar, xayrli ishlar bardavom boʻlib, inson qadri ulugʻlangan yurt doimo taraqqiy etadi. Xalqi hamjihatlikda, mehr-muruvatda umrguzaronlik qiladi. Shu bois ham mamlakatimizdagi bosh islohotlarda inson shaʼni, uning qadr-qimmatiga katta eʼtibor berilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 26 yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022-2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni amalga oshirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2022 yilda yurtimizda inson qadri ulugʻlanishiga katta urgʻu qaratishga oid vazifalar belgilandi. Boisi inson qadrini ulugʻlash eng oliy fazilat boʻlib, Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning mantiqiy davomidir.

 Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz, deb taʼkidladi Davlatimiz rahbari mazkur yigʻilishda soʻzlagan nutqlarida.

Taraqqiyotimizning yangi davrida aholimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida inson qadriga boʻlgan eʼtiborning amaliy ifodasi shakllanmoqda, ushbu fazilatlar xalqimiz turmush-tarzida tobora mustahkam qaror topib bormoqda.

Haqiqat qiyosda bilinadi. Oʻtgan yilda 25 ta yangi masjid ochilgani juda katta tarixiy natija, 96 ta jome yangidan qurilgani esa moʻmin-musulmonlar uchun quvonchli voqea boʻldi. Oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari oʻtgan yillarga nisbatan oshirildi. Oʻqish sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha fan dasturlari ishlab chiqildi. Ikki nafar ulamo Falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy unvonini olgani, yana koʻplab diniy soha xodimlari ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgani sohadagi erishilayotgan yutuqlarning totli mevalaridir.

Oʻlkamizda tashkil etilgan “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kurslari soni 21 taga yetgani Allohning kalomiga muhabbatli xalqimizni cheksiz mamnun etmoqda. Shu kunga qadar 25 ming nafar kishiga qiroat boʻyicha boshlangʻich ilmlar berilgani va ayni kunlarda ushbu oʻquv kurslarda 2,5 ming kishi tahsil olayotgani xayrli islohotlarning amaldagi ifodasidir.

Aholining diniy savodxonligi va maʼrifatini oshirish maqsadida, “Hidoyat sari” koʻrsatuvi negizida “Muftiy minbari” rukni, “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida “Maʼrifiy suhbatlar” va “Zikr ahlidan soʻrang” nomli yangi telekoʻrsatuvlar efirga uzatilayotgani bu boradagi xayrli ishlarning yangi bosqichga chiqqanidan darak berib turibdi.

Mazkur ulugʻvor ishlardan koʻzlangan asosiy maqsad inson qadr-qimmatini ulugʻlashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli boʻldi. Koʻzimiz bilan koʻrib, bahra olib turgan bunday ezgu amallar joriy yilda ham davom etadi, insho Alloh.

Davlatimiz rahbari Taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yoʻnalishining har biriga alohida toʻxtalib, eng muhim jihatlarini aytib oʻtdilar. Joriy yilda insonni eʼzozlash, uning huquq va erkinliklarini taʼminlash, odamlarni rozi qilish borasidagi islohotlar koʻlami yanada keng quloch yozishiga ishonch hosil qildim.

Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va oʻrta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish bosqichlari qanday boʻlishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Joriy yilgi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” boʻyicha davlat dasturi loyihasi ham mana shu hujjatdan kelib chiqib tayyorlangan.

Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Uchinchi Renessansga poydevor yaratish jarayoni kechayotgan bugungi kunda xalqimizning diniy-milliy qadriyatlari, urf-odatlari mujassam topgan maʼnaviyat beshigi boʻlgan mahallaning oʻrni nihoyatda muhim. Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlsa, mahalla qadimdan tarbiya oʻchogʻi, odamlarni uyushqoqlik asosida ahillikda turmush kechirishlarini taʼminlab kelgan. Ayniqsa, oʻzbek xalqining yaxshi va yomon kuni, dard va tashvishi, muammolariyu kechinmalari ana shu qoʻrgʻonda kechadi.

Taʼkidlash joizki, har birimiz mahallada ulgʻayganmiz, begʻubor yoshligimiz, yodda qoladigan yaxshi kunlarimiz ushbu goʻshada oʻtgan. Moʻysafid otaxonlar, nuroniy onaxonlarning pandu oʻgitlari tarbiyamizda tamal toshi boʻlgan, doʻstlar bilan xursandchiliklarimiz bir umr xotiramizga muhrlangan. Bejizga bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona deyilmagan. Mahalla – oilalar jipsliligini taʼminlash, barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etadigan tabarruk dargohdir.

Yangilanayotgan mamlakatimizda fuqarolarimiz tinchlik va xotirjamlikda munosib hayot kechirishini taʼminlashda mahallaning oʻrni va ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Shu maqsadda, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga koʻra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tuman (shahar) hokimining yordamchilari ish boshladi.

Demakki, bugun mahalla islohot, maʼrifat va tarbiya maskaniga aylanib, vakolatlari kengaymoqda. Ayniqsa, mahallalarda yigit va qizlarga oilaviy hayot haqidagi, shuningdek, maʼnaviyat, odob-ahloq va ruhiy tarbiya borasidagi bilim va tushunchalarni bolaligidan singdirib borish juda foydali boʻladi.

Mana shunday savobli ishlarda diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar faol ishtirok etmoqdalar. Imom-xatib jamiyatda odamlarning qadr-qimmatini oʻz oʻrniga qoʻyish va barcha insoniy fazilatlar ila ziynatlanishida asosiy tarbiyachidir. Imom bor vujudi, ixlosi bilan kishilarni ikki dunyoda saodat ahlidan boʻlishi yoʻlida odamlarni yuksak odob-axloq, solih amallarni qilishga, adolatli ishlarga, foydali ilm-maʼrifat oʻrganishga, madaniyat yutuqlaridan ijobiy suratda istifoda etishga, har bir kishini ota-ona, oila, farzand, qavm-qarindoshlar oʻrtasida tinch-totuv, oʻzaro hurmat va muhabbat ruhida yashashga chorlaydi.

Islom inson qadrini hamma vaqt, har yerda ulugʻlashga buyurgan, uning sharafini oliy darajaga koʻtargan. Dinimizda insonni aziz va mukarram zot sifatida ulugʻlanadi hamda kishi hayotining ruhiy va maʼnaviy jihatdan komillikka yetishishiga katta eʼtibor beradi.  

Haq taolo insonni Oʻzi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Yaratgan Parvardigor odamzodga butun borliqni boʻysundirib qoʻygan. Farishtalar ham inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, taʼzim sajdasini ado qildi. Mana shu narsa insonni oliy maqomga koʻtardi. Rabboniy jon ato etilishi inson sharafini ulugʻladi. U endi Haq taoloning Yer yuzidagi oʻrinbosari, degan muborak nomga musharraf boʻldi.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik” .

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Moʻmin kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – deb marhamat qilganlar. Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar: “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va baʼzi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yoʻq. Hayvonotda esa nafsu shahvat boru, lekin aql yoʻq. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni toʻgʻri yoʻlga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish va buning uchun har qanday gunohu maʼsiyat ishlarga boshlaydi. Binobarin, agar insonning aqli nafsu shahvatidan gʻolib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u farishtalardan ham ulugʻ maqomda yurgan boʻladi”.

Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo: “Insonni aziz va mukarram qildik” – deb marhamat qiladi. Tafsir kitoblarida insonning qaysi neʼmatlar tufayli mukarram ekani toʻgʻrisida koʻp misollar keltirilgan. Baʼzi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan neʼmatlarni ikkiga taqsim qilganlar. Birinchisi, jismoniy neʼmatlar. Bunga misol sihat-salomatlik, tinch-farovon turmush kabilar. Ikkinchisi, ruhoniy yoki maʼnaviy neʼmatlar boʻlib, unga imon, islom, hidoyat, axloq, insofu tavfiq singari ijobiy sifatlarni misol qilish mumkin.  

Alloh taolo Oʻzining bu neʼmatlarini zikr qilishidan maqsadi – har bir inson oʻziga ato etilgan behisob neʼmatlarga shukr qilsin, bu narsalarning qadriga yetib, ularni faqat xayrli va foydali ishlarga sarf etsin, degan maʼnodadir.

Demak, insonning  ruhiy-maʼnaviy olami boy boʻlsa, uning qadr-qimmati shuncha oshadi. Inson qancha imonli, diyonatli boʻlsa, Allohga muhabbati va itoati qanchalik ulugʻ boʻlsa, shundagina uning darajasi yuqori boʻladi.

Alloh insonni aql va idrokda butun maxluqlaridan mukarram aylab,  unga Yerdagi hamma narsani boʻysundirib qoʻydi. Haq taolo yuqoridagi oyati karimada odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratganining xabarini bermoqda: “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qoʻydik”.

Haq taolo insoniyatni aziz jismini goʻzal, beqiyos va mukammal yaratgan. Bu haqda Qurʼoni karim “Tin” surasining 4-oyati karimasida  “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”, deb marhamat qiladi.

Mazkur yigʻilishda muhokama qilingan dolzarb masalalaridan yana biri yoʻllarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va oʻlim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarishni raqamlashtirish, haydovchilik guvohnomasiga oʻqitish kuchaytirishga urgʻu qaratildi. Haqiqatan, soʻnggi vaqtlarda atrofimizda yoʻl-transport hodisalari shunchalik koʻpaydiki, ayrimlarini eshitib, qalbimiz juda ham mahzun boʻlmoqda. Ming afsuski, buning ortidan yuzlab insonlar vafot etayotgani yoki bir umrga nogiron boʻlib qolayotgani ham har birimizni ziyraklikka chorlashi kerak. Birgina Toshkent shahrida 2021 yil 11 oyida piyodalar ishtirokida 524 yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Oqibatda 32 kishi olgan tan jarohatlari tufayli halok boʻlgan. Yana 487 kishiga turli ogʻirlikdagi badan shikastlari yetgan.

Taʼkidlash kerakki, Islomda yoʻl harakati qoidalari Qurʼon va hadis, ulamolarning ushbu manbalardagi umumiy qoidalar asosida chiqargan hukmlari bilan tartibga chaqiradi. Shuningdek, Islom fuqaholari taqdim qilgan hujjatlar asosida piyoda boʻlsin yoki ulovda boʻlsin, har bir musulmon yoʻl harakati qoidalariga amal qilishi sharʼiy jihatdan vojib ekaniga ittifoq qilingan. Shu bois, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish borasida fatvosi ham eʼlon qilgan. Unda, mazkur qoidalar Islom shariatiga mos ekani, musulmonlar ushbu qoidalarga eʼtiqodan amal qilishi lozimligi kabi masalalar batafsil bayon etilgan.

Barcha yoʻl qoidalari aslida insonning joni va molini asrash maqsadida tuzilgan. Bu esa Islomning ahkomlarida himoya qilish koʻzda tutilgan hamda shariat maqsadlariga muvofiq hisoblanadi. Musulmon kishi yoʻl qoidalari, odob va madaniyatiga amal qilishi kimdir nazorat qilayotgani uchun emas, balki Islom shariati talabi, deb eʼtiqoddan bajarishi kerak. Shunda yoʻlda yurish ham ibodatga aylanadi va savobga erishadi, noxushliklarning oldi olinadi, inshaAlloh.

Soʻzimning nihoyasida shuni qayd etmoqchimanki, Davlatimiz rahbari aytganlaridek: “Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli boʻlishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, degan qimmatli soʻzlari zamirida yuqorida bayon etilgan ezgu maqsad va muddaolar mujassamdir.

Alloh taolodan xalqimizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
 Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 29 yanvar, 20(542) son

Check Also

Islomning taraqqiyotni belgilovchi mezonlari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabiga Indoneziyaning Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar kengashi …