Home / MAQOLALAR / Bemor yaqinlarimizni karantin davrida masofadan turib yoʻqlaylik!

Bemor yaqinlarimizni karantin davrida masofadan turib yoʻqlaylik!

Islom dinida kasalni ziyorat qilish eng ulugʻ savobli amallardan biri hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Kishi bemor boʻlganda sogʻ paytidan koʻra yaxshiroq amal yoziladi. Uning har bir holati ibodat qilgan bilan teng.

Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kasalning ingrashi – tasbeh, ohi – tahlil, nafasi – sadaqa, uyqusi – ibodatdir, bir tomondan ikkinchi tomonga agʻdarilishi – Alloh yoʻlida jiddu jahddir. Unga sogʻlik vaqtidagi amaldan yaxshiroq amal yoziladi”, – dedilar.

Kasallik tufayli musulmon kishi ulkan ajru savobni qoʻlga kiritadi, gunohlari kechiriladi. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Moʻmin kishiga yetgan har bir musibat uchun – kasallik, qiyinchilik, alam, notinchlik, gʻam-tashvish, hattoki kirgan bir tikan uchun ham ulkan savoblarga sazovor boʻlishi bilan birga, oʻsha yetgan musibatlar evaziga bandachilik bilan qilgan saxvu xatolari kechirib yuboriladi“.

Alloh taolo har kimga ham dard beravermac ekan, balki dardni Oʻzining suygan bandasiga uning amal daftariga yaxshiroq amal yozilishi uchun, uning gunohlarini kechirib darajasini koʻtarish uchun berar ekan.

Shu bilan birga, bemorni ziyorat qilishning fazli ham ulugʻ. Bemorni koʻrgani, hol-ahvolini soʻragani borgan kishi ham ulkan ajru savobni qoʻlga kiritadi.

Ibn Umar rivoyat qiladilar. Hazrati Paygʻambar alayhissalom: “Kim kasalni ziyorat qilsa, goʻyoki Alloh yoʻlida bir kun roʻza tutgandekdir. Bir kuni yetti yuz kunga teng”, – dedilar. Yana bir hadisi shariflarida Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kimki kasal yotgan odamni koʻrgani borsa, osmondan bir nido keladiki: “Yaxshi ish qilding, qadaming qutlugʻ boʻldi, sen oʻzing uchun jannatdan joy tayyorlading”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shu bois bemor odamni ziyorat qilgani borganda undan duo soʻrashni ham unutmaslik kerak. Zero, Allohning bergan dardiga sabr qilib yotgan bemorning duosi, albatta, ijobat boʻladi. Bu haqda Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar hasta-bemor kimsani oldiga borsangiz, sizni haqqingizga duoi xayr qilishini soʻrang, chunki uning duosi farishtalarni duosi kabi ijobat boʻladi”, – deb marhamat qildilar.

 Demak, biror-bir orzu niyatingiz boʻlsa, ijobat boʻlishini xohlasak, ulkan savob istasak, bemor yaqinimizni yoʻqlashimiz kerak ekan. Shunda nafaqat ajrga ega boʻlamiz, balki undan duo olib hojatimiz ravo boʻladi.

Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi qachon kasal doʻstini ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bogʻlari ichra sayr qilib yurgan boʻladi”, – deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. Hazrati Paygʻambar alayhissalom kasallarni borib koʻrardilar va: “Yo Alloh, insonlarning Parvardigori, kasallikni ketkazgin, shifo bergin, Oʻzing shifo beruvchisan, Oʻzingning shifoingdan oʻzga shifo yoʻq, kasalni tashlab qoʻymaydigan shifo berishni soʻrayman”, desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, – dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Uzoq umr koʻrishi va sogʻayib ketishini aytib kasalni xushnud etish tavsiya etilgan amallardandir. Abu Said Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Hazrati Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringizlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, – dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Maʼlumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan boʻlsa, injiqtabiat, koʻngli juda nozik boʻlib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin soʻzga ehtiyojmand boʻlib qolishi tabiiy. Inchunin, kasal ziyoratiga borgan kishi mazkur holatlarni, albatta inobatga olib shirin soʻzlarni aytishi kerak.

Albatta, yuqorida zikr qilingan hadisi shariflar va shu asosdagi fikr-mulohazalar odatiy turmush tarzimizga xos boʻlgan ishlardir. Ayni paytdagi karantin holatida bemor yaqinimiz yo doʻstimizni telefon orqali hol-ahvol soʻrashimiz, dardmand birodarimizning yonidagi kishilar orqali dori-darmon yo zarur oziq-ovqat uchun elektron shaklda pul oʻtkazib, duosini olishimiz bugungi kunda juda ham zarur va beqiyos savobli ishlardandir!

Alloh taolo barchalarimizni xayrli ishlarga haris qilsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, bir-birimizga mehr-oqibatli boʻlishimizni nasib etsin!

Uyda yotgan, shifoxonada yotgan barcha-barcha bemorlarimizga Mehribon Parvardigorimiz Oʻzi shifosini bersin! Tez kunlarda yaxshi boʻlib, oilalari bilan doimo sogʻ-omon boʻlishsin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …