Home / MAQOLALAR / OMMAVIY MADANIYAT – MADANIYATSIZLIK

OMMAVIY MADANIYAT – MADANIYATSIZLIK

Yer yuzida insoniyat obod va farovonligi uchun samodan nozil qilingan ilohiy din islom, haqiqatan tinchlik va ezgulik dinidir. Bu dinning ikki buyuk manbasi: Quroni karim va muborak hadislarni oʻqib oʻrgangan, ular bilan tanishib chiqqan har qanday kishi islomning qanday din ekanini bilishi aniq.

Muqaddas kitob Qurʼoni karimda “Batahqiq, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik[1], boshqa oyatda esa “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman” [2] deyilgan.

Azizu mukarramlik maqomida, Alloh taoloning yer yuzidagi xalifasi oʻlaroq yaratilgan insoniyatga, shu maqomga munosib boʻlishga, yaxshi va ezgu ishlarni ado etib yashashga buyurgan. Ezgulikning aksi boʻlgan barcha yomonlikdan qaytargan.

Iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun (jannatda) ostlaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bogʻlar bordir. Rizq etilgan mevalardan har gal tanavvul qilganlarida: “Bu ilgari biz yegan mevalarning xuddi oʻzi-ku?!” deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga oʻxshash mevalar berilgan edi. Yana ular uchun jannatda pokiza xotinlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir” [3].    

“Ezgulik va taqvo yoʻlida hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat yoʻlida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiq zotdir”.[4]

Yuqoridagi oyati karimalarga oʻxshash insoniyat uchun, jamiyat obodligi uchun solih amallar, ezgu ishlarda bardavom boʻlishimizga amr qilingan. Shuningdek, oqibati yomon ishlardan saqlanishimiz kerak boʻlgan oyatlardan yana koʻplab keltirish mumkin.

Rasululloh alayhissalom ham sizu biz ummatlarini ezgulikka, yaxshi ishlarni amalga oshirishga hamda feʼlan, xulqan yaxshi inson boʻlishga targʻib qilib oʻtganlar.

Shu din qadriyatlarini oʻz millati qadriyatlariga tenglagan xalqimiz, bugungi kunda chetdan kirib kelayotgan oʻzgacha madaniyatni, toʻgʻrirogʻi axloqsizliklarga toʻlgan madaniyatsizlikni taʼsirini koʻrishga majbur boʻlmoqda. Dinimizning goʻzal maʼnaviy qadriyatlarga yoʻgʻrilgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo kabi tushunchalari hayotimizga singib ketgan. Ayniqsa, ota-onaga hurmat, ayolga ehtirom, mardlik va jasurlik, mehmondoʻstlik singari tuygʻularimiz butun dunyo xalqlarini rom etib keladi. Yoshlarimiz hayotiga kirib tus olayotgan “ommaviy madaniyat” ham maʼnaviy tahdidlardan biridir.

Zamonaviylik, tezkor taraqqiyot bilan hamqadam boʻlish yoshlarimizning hayot tarziga aylanib bormoqda. Albatta, bu quvonarli hol. Chunki bir necha tilda bemalol soʻzlasha olish, ilmda dunyo yoshlari bilan tenglasha olishlari, dunyoqarashi kengayayotganidan darak beradi. Ammo, turli gʻoyalar kurashi, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar tobora avj olayotgani ham sir emas. Kichik, zararsiz boʻlib koʻringan xabar ham odamlarning, ayniqsa, yoshlarning hayotini oʻzgartirib yuborishi hech gap emas. “Ommaviy madaniyat” soyasida kirib kelayotgan axloqsizlik, behayolik, zoʻravonlik va buzuqlik kabi illatlar dunyodagi hech bir xalqning milliy madaniyatiga ham, umumbashariy qadriyatlarga ham toʻgʻri kelmaydi.

Insoniyat hayoti davomida turli mafkuralar oʻrtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida oʻzaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bogʻliqligi ayon boʻladi. Shuning uchun ham Nabiy sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta neʼmat ekanligini taʼkidlab: “Ikki neʼmat mavjud boʻlib, koʻpchilik odamlar uni qoʻldan boy beradilar. Bu – tansihatlik va boʻsh vaqtdir” (Buxoriy rivoyati), deganlar. Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning behisob boʻlgan buyuk ilohiy neʼmatlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar roʻyobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukurlik qilib futur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Islom jahonga juda ulkan madaniyatni meros qilgan. Islom dini tarixi, taʼlimoti, maʼnaviyati, falsafasini erkin oʻrganish va tahlil qilish uchun keng imkoniyatlar yaratildi, hozirgi kun sayin ortib bormoqda. Zero, dinimiz, maʼnaviyatimiz ildizlari bir va aniq boʻlishiga qaramay, muqaddas dinimizga xos boʻlgan taʼlimotini oʻz foydasini koʻzlab talqin qiluvchi guruhlar koʻpayib bormoqda. Bular toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, mavzu  juda choʻzilib ketadi.

Islom dinining ommaviy madaniyatga boʻlgan fikri, albatta islom butun dunyoda xalqlarning ahl boʻlib kun kechirishlari, bir samo ostida tinchlik, barqarorlikda yashashini, qolaversa bir ota-onaning farzandlaridek boʻlishini xohlaydi.

Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois “ommaviy madaniyat” tahdidiga qarshi turish dolzarb ishlardan biriga aylanmoqda. Bugun turli yoʻllar bilan, har xil “ezgu” niqoblar ostida “ommaviy madaniyat” mamlakatimizga ham tahdid solayotgani sir emas. Ayniqsa, jangari filmlar, yoshlarni soatlab oʻtirishga “majbur” qilayotgan kompyuter oʻyinlari, axloqsizlikka boy seriallar, internet olamida ayol va erkaklarga lazzatlanish toʻgʻrisidagi maslahatlar, goʻzal qilib yaratilgan tanaga turli xil rasmlarni solish va shu kabilar, dinimiz, shuningdek, xalqimiz maʼnaviyatiga ters boʻlgan buzuqlik koʻchasi sari chorlaydi.

Bularning barchasi shaytonning nayrangidir. Bundan qutilish uchun har bir kishi oʻzida kuch topa oladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u fohisha va munkarga buyuradi. Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati boʻlmaganida abadul-abad ichingizdan biror kishi poklana olmas edi. Lekin Alloh Oʻzi xohlagan kishini poklaydir. Alloh oʻta eshitguvchi, oʻta bilguvchi zotdir[5]. Yana: “Ularni adashtiraman, xom xayollariga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarning quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini oʻzgartirarlar, dedi. Kimki Allohni qoʻyib shaytonni doʻst tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir[6]. Yaʼni, Alloh shaytonni laʼnatladi, oʻz rahmatidan quvdi. Shayton esa, quvilayotgan paytda: “Qasamki, bandalaringdan maʼlum nasibani olaman”, dedi. Meni shularning sababidan laʼnatlayapsan, men bulardan maʼlum miqdorni oʻz yoʻlimga chiqarib, kufr va isyonga chorlayman, dedi. Yaʼni, bandalaringni toʻgʻri yoʻldan – sening yoʻlingdan adashtiraman va ularni xom xayollarga solaman – umrimiz uzun boʻladi, maza qilib yuramiz, qayta tirilish ham, hisob-kitob ham, qiyomat ham yoʻq, deb yuraveradigan qilib qoʻyaman, deydi. Qurʼon bunday yaramas ishlarni shaytonga boʻysunish, deb uqtiradi. Odamlarning begona yoʻllarga kirib qolishiga oʻzlari sababchi ekani haqida Alloh taolo bunday deydi: “…Agar adashuv yoʻlini koʻrsalar, uni oʻzlariga yoʻl tutayotganlarni Oʻz oyatlarimdan buraman. Bunday boʻlishi ularning oyatlarimizni yolgʻonga chiqarishlari va ulardan gʻofil boʻlishlari sababidandir[7].

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Oʻzini boshqa qavmga oʻxshatgan kishi, ularning qavmidandir”, — deganlar”(Abu Dovud rivoyati). Paygʻambarimiz bu hadislari bilan islomga zid boʻlgan qavmlarning odatlarini oʻzida mujassam qilish nihoyatda katta gunohligini, qolaversa, oʻzini oʻxshatgan qavmdan boʻlib qolishi mumkinligini taʼkidlab, ogoh boʻlishga chaqirganlar.

Keling, xalqimizga notanish, dinimizda gunoh hisoblangan illatli madaniyatsizlikdan voz kechaylik. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur oʻzlashtirgan holda barpo etilayotgan huquqiy va demokratik jamiyat qurish yoʻli bugun oʻzini toʻla oqlamoqda. Inson huquq va erkinliklari, har bir halqning anʼana va qadriyatlariga ehtirom koʻrsatish jamiyatimizning eng muhim tamoyillari etib belgilangan. Bunga munosib boʻlish va har birimiz bunda faol ishtirok etishimiz fuqarolik burchimizdir. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy va maʼnaviy merosni, mardlik va jasoratni allaqanday “ommaviy madaniyat”ga almashtirishga esa hech birimizning haqqimiz yoʻq.

[1] Isro surasi: 70- oyat mazmuni.
[2] Baqara surasi: 30- oyat mazmuni.
[3] Baqara surasi: 25-oyat mazmuni.
[4] Moida surasi: 2 – oyat mazmuni.
[5] Nur surasi: 21-oyat mazmuni.
[6] Niso surasi: 119-oyat mazmuni.
[7] Aʼrof surasi: 146-oyat mazmuni.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …