Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” NING MAQDISIY NUSXASI

“SAHIHUL BUXORIY” NING MAQDISIY NUSXASI

Mamlakatimizda islom madaniyati va maʼrifatini oʻrganish, tatbiq  etish ajdodlarimizning ilmiy merosini oʻsib kelayotgan avlodga yetkazish uchun olib borilayotgan saʼy-harakatlar va tarixiy manbalarni oʻrganayotgan tadqiqotchilar qaysi mavzuni yoritishidan qatʼi nazar, uni kengroq va yangi maʼlumotlar bilan toʻldirib, asosiy manbaga tayangan holda ish olib borishga harakat qiladi. Tadqiqotchilarimiz mustaqillikning dastlabki davridan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi qoʻlyozmalar fondi, SamDU qoʻlyozmalar fondi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi fondi va boshqa fondlarda saqlanayotgan mana shunday ulkan merosni tadqiq etib, keng afkor ommaga taqdim etib kelmoqda.

Jahonda birorta mashhur kutubxona yoʻqki, u yerda ajdodlarimiz qalamiga mansub qoʻlyozma asar boʻlmasin. Britaniya muzeyi, Parij Milliy kutubxonasi, Oksford, Kembrij kutubxonalari, Gollandiya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Hindistondagi kutubxonalarda yurtimiz allomalariga tegishli koʻplab qoʻlyozma asarlarning namunalari saqlanib kelinmoqda. Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarini bilmaydigan, buyuk muhaddisni nomini eshitmagan biror kimsa boʻlmasa kerak. Allomaning hayoti va ilmiy merosiga oid ilmiy izlanish va tadqiqotlar necha asrlardan buyon davom etib kelmoqda.

Yurtimizda ham buyuk muhaddis allomaning maʼnaviy merosi va ibratli hayoti jadallik bilan tadqiq etilmoqda. Islomshunos, manbashunos olim Ubaydullo Uvatovning “Hadis ilmining sultoni”, “Imom Buxoriy”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Odoblar xazinasi”, “Oltin silsila”, Usmonxon Temurxon oʻgʻli hamda Baxtiyor Nabixon oʻgʻlining “Imom Buxoriy-muhaddislar sultoni”, Ahmad Muhammad Tursunning “Sohilsiz dengiz Imom Buxoriy” asarlari, shuningdek, Abdugʻani Abdulloh, Xoja Muzaffar Nabixon oʻgʻli, Mirzo Kenjabek, Doniyor Muratov, Durbek Rahimjonov, turkiyalik olimlardan F.Sezgin [4], A.Aydin, F.Gokche, M.Mujir, V.Shimshek, gʻarb sharqshunoslaridan K.Brokkelman [1], J.Berton [7: 56], G.Gryunbaum [9], I.Goldsiyer [8], U.Rudolf [11], J.Robson [3: 164] ning ilmiy tadqiqotlari diqqatga sazovordir. Bugungi kunda dunyoning turli davlatlarida boshqa yoʻnalishlar faoliyat olib borayotgan olimlar ham Imom Buxoriyning ilmiy merosini oʻz sohasi doirasida tadqiq etmoqda.

Imom Buxoriy asarlarining qoʻlyozma nusxalari dunyo kutubxona fondlarini ilmiy va moddiy jihatdan boyitib kelmoqda. Ushbu maqolada “Sahihul Buxoriy” ning mashhur besh nusxasidan biri boʻlgan “Maqdisiy” nusxasining tavsifi beriladi. Islom olamida hadis ilmi bilan shugʻullangan koʻplab muhaddis allomalar hadis ilmini taraqqiy ettirishiga munosib hissa qoʻshgan. Ular haddan ziyod koʻp boʻlgani bois hammasini nomma-nom keltirib oʻtirmaymiz.

Ularning hayoti va ilmiy merosi haqidagi qimmatli maʼlumotlar arab tilidagi Oʻrta asr manbalarida ham keltirilgan. Jumladan, Xatib Bagʻdodiy [6], Najmiddin Umar Nasafiy [10], Abu Saʼd Samʼoniy [12], Shamsiddin Zahabiy [14], Hoji Xalifa [13] asarlarini zikr etish mumkin.

Shom diyori koʻplab diniy va dunyoviy fanlar rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan yetuk allomalar voyaga yetgan zamindir. Shunday olimlardan biri imom, hofiz, faqih, muhaddis Taqiyyuddin Abu Muhammad Abdugʻani ibn Abduvohid ibn Sarur ibn Rofiʼ ibn Hasan ibn Jaʼfar Maqdisiy boʻlib, ulamolarning aytishicha, nasabi Jaʼfar ibn Abu Tolibga borib taqaladi. Alloma 541/1146 yili Nablusda  Jamoiliy qishlogʻida tugʻilgan. Ota-bobolari ziyolilar sulolasi oilasi boʻlgani uchun yoshligidan ilm oʻrganishga qattiq kirishgan. Oʻta taqvodor, ibodatgoʻy, zehni oʻtkir, xotirasi kuchli boʻlib, hadis ilmiga ishtiyoqi baland boʻlgan. Damashqning mashhur shayx, olimlaridan dars olib, Baytul Maqdis, Misr, Iskandariya, Bagʻdod, Harron, Moʻsul, Hamadon, Isfahon kabi katta shaharlarga ilmiy safar qilgan, zamonasining buyuk allomalaridan saboq olgan va koʻplab hadislar tinglagan [14].

Soʻngra Damashqqa qaytib kelib, kitob taʼlif qilish bilan shugʻullangan va islomiy bilimlarning turli sohalaridan dars bergan. Imom Abdulloh Basiriyning maʼlumotiga koʻra, Maqdisiy 50 dan ortiq asar yozgan boʻlib [2], eng mashhurlari: “al-Misbohu fil uyun as-sahih al-hadis”, “Nihayatul murod”, “al-Kamol”, “al-Umda al-ahkom” asarlaridir. Allomaning fiqh, kalom ilmiga oid boshqa asarlari ham mavjud. Undan Ibn Battiy, Abu Muso Madiniy va boshqalar mingdan ziyod hadis tinglagan va yozib olgan. Ibn Xalil, ibn Abdudaim va Muhammad ibn Muhalhal Husayniy va boshqa koʻplab shogirdlari ham allomadan hadis rivoyat qilgan.

Abdulgʻani Maqdisiyning yana buyuk xizmatlaridan biri Sharqda samimiy mehr-muhabbat, katta hurmat-eʼtibor bilan tilga olinadigan muhaddis alloma Imom Buxoriyning shoh asari — “Sahihul Buxoriy” dan oʻz dastxati bilan nusxa koʻchirganidir. Ushbu qoʻlyozma bugungi kunda Germaniyaning Leypsig universtiteti kutubxonasi fondida saqlanmoqda. Kutubxona fondida XIII-XIX asrlarga oid 11900 ta qadimgi nodir Sharq qoʻlyozmasi va sanʼat tarixiga oid asar mavjud [5]. №1326 raqam ostidagi “Sahihul Buxoriy” ni muhaddislar “Jamoiliy nusxasi” deb ham ataydi. Qoʻlyozmaning  hoshiyasidagi yozuvlarda Damashq shahrida 630/1233 yili Ramazon oyining oxiri, payshanba kunida alloma Zabidiydan tinglangani va  bu majlisda ishtirok etgan Shoh Arman ibn Malikul Odil Abu Bakr Muhammad ibn Ayyub, Ali ibn Muhammad ibn Ahmad Yuniniy, Hofiz Abdulgʻani Maqdisiyning nabiralari va boshqa olimlar birma-bir sanab oʻtilgan. Aynan shu nusxadan alloma Ali ibn Muhammad ibn Ahmad Yuniniy koʻchirib, uni “Yuniniy nusxasi” deb nomlagan.

Shuningdek,  asar “Husayn ibn Zabidiy yoʻli bilan Abulvaqt Sijziydan, u Abulhasan Dovudiy, u Saraxsiydan, u Firabriydan, u Buxoriydan rivoyat qilgan” degan maʼlumot mavjud[1]. Bu maʼlumot, nusxaning ishonchli va toʻliq ekanidan dalolat beradi. Asar 263 betdan iborat va nasx xatida yozilgan. Nusxaning kotibi va sohibi yuqorida taʼkidlanganidek, alloma Abu Muhammad Abdulgʻani Maqdisiydir.

Imom Abdulgʻani Maqdisiy umrini ilmga xizmat qilish uchun bagʻishlagan. U hijriy 600/1203-yil 59 yoshida Qohirada vafot etgan.

Darhaqiqat, Imom Buxoriy asarlarining qoʻlyozma nusxalari dunyo mamlakatlari kutubxona fondlarining oʻziga xos faxri va boyligining alomatliga aylangan. Qoʻlyozmalarning eng ahamiyatli jihati shundaki, misol qilib hadis manbalarini olsak, hozir nashr qilinayotgan hadis kitoblarining oxirida, albatta, uning asliga toʻgʻriligini tasdiqlaydigan manba koʻrsatiladi. Yaʼni, qoʻlda koʻchirilgan bu noyob tarixiy hujjatlar maʼlumotlarni oʻzgarib ketishdan, ilmiy adabiyotlarni ularga notoʻgʻri maʼlumotlar qoʻshilib qolishidan saqlaydi. Shuning uchun ham asl manbalarni avaylab-asrash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Brockelmann C. Geschichte der arabischen Litteratur. I. – Weimar. Verlag von Emil Felber, 1898.; oʻsha muallif. Geschichte der arabischen Litteratur. Erster Supplementband. – Leiden. E.J.Brill, 1937.
  2. Robson J. “Al-Darimi” // Encyclopedie de IʼIslam. Nouvelle ed. 2. – Leiden – London: Brill, 1965.P-164.
  3. Sezgin F. Geschichte des arabischen Schrifttums. I. – Leiden, 1967.
  4. www. Wikipedia.org/wiki/Universitätsbibliothek Leipzig
  5. Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Hofiz Bagʻdodiy “Tarix Bagʻdod av madinat as-salom”. 14 jild. – Bayrut: Dor kutub ilmiyya, 1997.
  6. Byorton Dj. “Musulmanskoye predaniye: vvedeniye v xadisovedeniye” / Per. s angl. – Spb., – M.-S.:56 2006.
  7. Goldsiyer I. “Leksii ob islame” / per.s nemeskogo A.N.Chernovoy. – Brokgauz-Yefron, 1912.
  8. Gryunbaum G. “Klassicheskiy islam. Ocherki istorii” (600-1258). – M.: Nauka, 1986.
  9. Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. “Kitobul qand fi zikr ulamo Samarqand” / Nazar Muhammad al-Faryobiy tahriri ostida. “Mamlaka Arabiya Saudiya” Maktabat kavsar,
  10. Rudolf U. “Al-Maturidi i sunnitskaya teologiya v Samarkande” – Almatы. 1999.
  11. Samʼoniy Abu Saʼd Abdukarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy. “Al-Ansob” 5 jild. Abdulloh Umar Barudiy tahriri ostida. – Bayrut: Dor al-fikr,1998.
  12. Hoji Xalifa “Kashf az-zunun an asami al-kutub va-l-funun” 2 jild. – Istanbul, 1941-43.
  13. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. “Siyar aʼlom an-nubalo” 23 jild – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1992., https://islamweb.net/ar/libraryhttp://hadithtransmitters.hawramani.com
  14. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. “Siyar aʼlom an-nubalo” 23 jild. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1992.
Iroda Daurbekova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …