Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” ASARIGA HANAFIY ULAMOLAR YOZGAN SHARHLAR

“SAHIHUL BUXORIY” ASARIGA HANAFIY ULAMOLAR YOZGAN SHARHLAR

Maʼlumki, Movarounnahr diyoridan sohalarda jahon sivilizatsiyasi va islom tamadduni ravnaqiga hissa qoʻshgan koʻplab ulamolar yetishib chiqqan. Ular asarlari va xizmatlari uchun islom olamida taniqli unvonlar bilan mashhur boʻlgan. Istiqlol yillarida yurtimiz zaminida yashab ijod etgan olim va mutafakkirlarning maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Sir emas, Movarounnahrdan koʻplab alloma va mutafakkirlar qatorida buyuk muhaddislar ham yetishib chiqqani bois “Oʻzbekiston buyuk muhaddislar yurti” deya eʼtirof etiladi. Ana shu ulamolar orasida Imom Buxoriy shaxsiyati va asarlari bilan boshqalardan alohida ajralib turadi.

Xorijiy va mahalliy tadqiqotchilar islom olamida “Amirul moʻminin fil hadis” (“Hadis ilmining sultoni”) va “Imamud dunya” (“Dunyo imomi”) kabi yuksak unvonlar bilan shuhrat qozongan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi boʻyicha turli yoʻnalishlarda ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Islom paydo boʻlgan ilk davrdan bugunga qadar hadis jamlashda ulamolarning saʼy-harakatlar natijasida yuzlab, minglab nodir asarlar dunyoga kelgan. Imom Buxoriy hayoti va faoliyatini sunnatga bagʻishlagan buyuk olimlardan boʻlib, hadis ilmi borasida koʻplab asarlar yozgan. Manbalarda uning qalamiga mansub asarlarning soni 24 taga yetishi zikr qilingan. Ulardan eng mashhuri “Jomeʼ as-Sahih” boʻlib, islom dinining taʼlimotiga koʻra Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba hisoblanadi.

Zero, Shamsiddin Zahabiy “Tarixul islom” kitobida aytib oʻtganidek, “Buxoriyning “Jomeʼ as-Sahih” asari Alloh taoloning Kalomi sharifidan keyingi eng ulugʻ va afzal kitob boʻlib, hozirgi kunda odamlar uchun eng oliy sanaddir”.

Bu asarning koʻplab qoʻlyozma nusxalari turli shaharlarda tarqalgan boʻlib, dunyo musulmonlari yakdillik bilan uni eng moʻtabar hadis toʻplami sifatida eʼtirof etgan. Bunday bahoga sazovor boʻlgan jamlamalar ulamolar orasida “Kutub tisʼa” (“Toʻqqiz toʻplam”) deb yuritiladi va “Sahihul Buxoriy” ularning eng moʻtabari, eng mashhuridir.

“Sahihul Buxoriy” va uning sharhlari borasida yurtimizda U.Uvatov, B.Eshonjonov kabi olimlar, xorijda esa Muhammad Avvoma, Muhyiddin Avvoma, Yavuz Koʻktash, Husayn Akyuz kabi tadqiqotchi olimlar ilmiy izlanishlar olib borgan.

Boshqa asarlar kabi “al-Jomeʼ as-Sahih”ga ham koʻpdan-koʻp sharhlar bitilgan boʻlib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan. Arab tilidagi sharh va hoshiyalar juda koʻp boʻlib, hajm va ahamiyati jihatidan xilma-xildir. Qator manbalarda[1] ularning soni yuzga yaqin ekani aytib oʻtilgan. Xususan, Muhammad Isom Husaniyning “Ithaful qoriy bi maʼrifati juhud va aʼmalil ulama ala “Sahihil Buxoriy” asarida “Sahihul Buxoriy”ga bagʻishlab 370 ga yaqin muxtasar va toʻliq kitob yozilgani taʼkidlangan. Hadisshunos olim U.Uvatovning tadqiqotlarida 80 dan ziyod sharh va ularning mualliflari haqida maʼlumotlar keltirilgan. “Kashfuz zunun” asari muallifi Hoji Xalifa 50 ga yaqin sharh yozilganini aytadi. Shuningdek, Fuad Sezgin 56 ta sharhni sanab oʻtgan.

Imom Saxoviy “Umdatus sameʼ val qoriy” nomli kitobida “Sahihul Buxoriy” kitobiga 40 dan ziyod, jumladan, Muhammad ibn Muhammad Xatobiy “Aʼlomus sunan”, Abul Hasan Ali ibn Xalaf “Sharh “Sahihil Buxoriy”, Muhammad ibn Said Vositiy “Sharh mushkul Buxoriy”, Imom Navaviy “Sharhul Buxoriy”, Muhammad ibn Bahodir Zarkashiy “Tanqih fi sharh al‑Jomeʼ as‑Sahih”, Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul boriy”, Mahmud Ayniy “Umdatul qoriy” va Najmiddin Abu Hafs Umar Nasafiy “Najah fi sharh kitab axbaris sihah”[2] nomli sharh va hoshiyalar yozganini taʼkidlagan.

“Sahihul Buxoriy”ga yozilgan ilk sharh “Iʼlomus sunan fi sharhi Sahihil Buxoriy” boʻlib, Imom Abu Sulaymon Hamd (Ahmad) ibn Muhammad Xitobiy (319/931-388/998) qalamiga mansubdir[3]. Qisqartma nomi “Iʼlomus Sunan” boʻlib, muallif yirik muhaddis Abu Dovud Sijistoniyning “Sunan”iga bagʻishlangan “Maʼolimus Sunan” nomli sharhini tugatgach, Balx ahlining iltimosiga koʻra, Buxoriyning shoh asari uchun bir jilddan iborat boʻlgan sharhni tasnif etgan[4].

Ibn Xaldun “Imom Buxoriy asarining sharhi islom ummatiga qarzdur”, degan. “Fathul boriy” nomli sharh yozilganidan keyin alloma Imom Saxoviy “Umdatus sameʼ val qoriy” asarida “Ehtimol, oʻsha qarzdan butun islom ummati endi qutuldi”, deb taʼkidlagan.

“Al-Jomeʼ as-Sahih”ga yozilgan sharhlar orasida eng koʻp mutolaa qilinadiganlari Ibn Hajar Asqaloniy (773/1372-852/1449) qalamiga mansub “Fathul boriy sharhu Sahihil Buxoriy” va Badriddin Ayniyning (762/1361-855/1451) “Umdatul qoriy fi sharh Sahihil Buxoriy” asarlaridir. Ular shu darajada koʻp ediki, oʻz davriga hech kim kitob yozishda bu ikki allomaga tenglasha olmagan.

“Al-Jomeʼ as-Sahih”ga hanafiy yoʻnalishida yozilgan sharhlar orasida eng mashhuri 21 jildli “Umdatul qoriy fi sharh Sahihul Buxoriy” boʻlib, muxtasar holatda “Umdatul qoriy” nomi bilan tanilgan. Eng mukammal sharhlardan biri hisoblanadi. Unda Ayniy “al-Jomeʼ as-Sahih”da hanafiy mazhabiga mos kelmagan hadislar muqobiliga moslarini keltirib sharhlagan va afzal jihatlarini yoritib bergan. Oʻquvchi tez va oson fahmlashi, riyozati yengil boʻlishi uchun qiyin tushuniladigan oyat va hadislarga izohlar yozgan. Jumladan, oʻquvchi kerakli manbani tez topishi uchun har bir juz avvalida mundarija keltirgan.

Badriddin Ayniy bu sharhni hijriy 821 yili boshlab, 847 yilda, yaʼni 26 yil deganda, Ibn Hajar “Sahihul Buxoriy”ga “Fathul Boriy” nomli sharhni yozib tugatganiga 5 yil boʻlganda tamomlagan[5]. Koʻplab ulamolarning nuqtai nazarini, bildirgan fikrlarini inobatga olsak, “Umdatul qoriy” afzalroq ekani ravshan boʻladi.

“Al-Jomeʼ as-Sahih” asari va toʻplami har jihatdan maqbul va ming yildan buyon matlub boʻlganiga hech kim shubha qilmaydi. Zero, bu asar hadis ilmida tasnif etilgan kitoblar orasida eng buyugi, maqomda eng aʼlosi va eng mashhuri hisoblanadi. Koʻplab ulamolar uni Allohning Kitobidan keyingi moʻtabar kitob deya eʼtirof etib, unga turli davrda sharhlar, hoshiyalar, mustaxraj, mustadrak asarlar, tanqidiy va himoyaviy mazmunidagi kitoblar tasnif etgan.

Hadis va hadis ilmini Rasululloh (S.A.V.) biror bir qavmga yoki bir toifa kishilarga xoslab qoʻymaganlar, balki u butun islom ummatining mushtarak maʼnaviy boyligi hisoblanadi. Hadis va sunnat Allohning Kalomidan keyingi oʻrinda turuvchi sharʼiy manbadir. Hadis ilmi barcha ulamolar uchun umumiy manba boʻlgani uchun ularning ayrimlari hanafiy yo molikiy, qolganlari shofeiy yo hanbaliy mazhablar uchun kitoblar tasnif etgan. Islom ummati oʻz fiqhiy va aqidaviy mazhablaridan kelib chiqib, ulardan foydalanadi.

Moturidiylik va ashʼariylik oʻrtasida aqidaviy ixtiloflar boʻlmagani kabi ahli sunna val jamoadagi toʻrt fiqhiy mazhab oʻrtasida ham xilofliklar mavjud emas. Musulmonlar boshqa mazhabdagi kitob va manbalarga qiziqishi, ulardan foydalanishiga hech qanday monelik yoʻq. Masalan, hanafiy mazhabi ulamolari hadis ilmiga qiziqqani va sunnatni ulugʻlagani uchun “al-Jomeʼ as-Sahih” borasida koʻp ijod qilgan. Umuman olganda, bu toʻplam biror mazhabga xos emas, balki butun musulmon ummatining kitobi boʻlgani bois undan hamma mazhabdagi musulmonlar foydalanadi.

Hadis ilmi borasida olib borilgan tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, molikiy, shofeiy va hanbaliy ulamolar “al-Jomeʼ as-Sahih”ga bagʻishlab koʻplab asarlar tasnif etgan. Hanafiy ulamolari ham koʻplab sharh, hoshiya, taʼliqot, taxrij, mustadrak kabi asarlar yozgan boʻlib, ular boshqa mazhab ulamolarinikidan kam emas. Quyida hanafiy ulamolarning “al-Jomeʼ as-Sahih”ga bagʻishlangan sharhlari toʻgʻrisida maʼlumot keltiramiz:

  1. “Irshodul-Qori sharh Sahihil Buxoriy”. Rashid Ahmad Dehyanaviy[6] (vaf.1420/1999). 1399/1979 yili Pokistonning Karachi shahridagi “Ej-em” nashriyotida nashr qilingan.
  2. “Al-Abvab vat tarojum lil Buxoriy”. Muhammad Zakariyo Kandehlaviy (vaf.1402/1982). 1391/1971 yilda Hindistonning Saharanpurhttps://en.wikipedia.org/wiki/Saharanpur shahridagi “Yahyaviyya” matbaasida nashr qilingan.
  3. “Izoatud diroriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Shihob Ahmad ibn Ali (vaf.1172/1759).
  4. “Iʼanatul Qori fi sulasiyyatil Buxoriy”. Yahyo ibn Amin Abbos Obodiy (vaf.1044/1634)[7].
  5. “Imdadul boriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Abudaljabbor Aʼzamiy. Pokistonda nashr qilingan.
  6. “Inʼomul boriy sharh Sahihil Buxoriy”. Shayxulislom Muhammad Taqiy Usmoniy. Pokisdondagi “Maktaba al-harom” va “Darul ulum Karachi”da nashr qilingan.
  7. “Inʼamul boriy fi sharh ashʼaril Buxoriy”. Oshiq Ilohiy Balandshahriy.
  8. “Anvorul boriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Ahmad Bajannuriy. “Maktaba qadimiy Karachi”da yetti jildda nashr etilgan.
  9. “Izohul boriy amaliy ala Sahihil Buxoriy”. Shayx Faxriddin Murod Obodiy[8]. “Maktaba qadimiy Karachi”da uch jildda nashr etilgan.
  10. “Bashirud diroriy liman yutoliʼu al-Jomeʼ as-Sahih lil Imom Buxoriy”. Bashirulloh Rangʻuniy Birmaviy.
  11. “Bashirul qoriy sharh Sahihil Buxoriy”. Gʻulom Jiyloniy Mirtahiy[9].
  12. “Tuhfatul qoriy bi halli mushkilatil Buxoriy”. Shayx Muhammad Idris ibn Muhammad Ismoil Kandehlaviy(vaf.1394/1974).
  13. “Tasʼhilul Boriy fi hall sharh Sahihil Buxoriy”. Shayx Siddiq Ahmad Bandaviy[10].
  14. “Taʼliq ala min Sahihil Buxoriy”. Shayx Ahmad[11] ibn Mahmud ibn Abdulkarim Abulabbos Hanafiy (vaf.1315/1897).
  15. “Taʼliq ala avail Sahihul Buxoriy”. Abdulqodir ibn Saloh ibn Abdurrahmon Halabiy.
  16. “Taʼliq ala Sahihil Buxoriy”. Shayx Ahmad ibn Sulaymon ibn Kamol Posho Shamsiddin (vaf.940/1533)[12].
  17. “Taʼliqa ala al-Jomeʼ as-Sahih lil Buxoriy”. Husayn ibn Rustam Kafaviy Rumiy Hanafiy (vaf.1012/1603)[13].
  18. “Taʼliqa ala Sahihil Buxoriy”. Fuzayl ibn Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Jumaliy Hanafiy[14].
  19. “Taʼliqa ala Sahihil Buxoriy”. Shayx Lutfulloh ibn Hasan Tavqoniy Rumiy Hanafiy (vaf.904/1498)[15].
  20. “Taʼliqa ala Sahihil Buxoriy”. Muhammad Yusuf ibn mufti Muhammad Asgʻar Sahalaviy (vaf.1286/1869).
  21. “Taʼliq ala Sahihil Buxoriy”. Muso ibn Muhammad Tabriziy Abulfath (vaf. 733/1333).
  22. “Taʼliqa ala Sahihil Buxoriy”. Alouddin Muhammad ibn Ali (vaf.1088/1677)[16].
  23. “Taʼliqot ala Sahihil Buxoriy”. Qutubul huda ibn MuhammadVoziʼ al-Husayniy Naqshbandiy Buraylaviy (vaf.1226/1811)[17].
  24. “Taʼliqotul Qoriy ala sulasiyotil Buxoriy”. Shayx Ali ibn Sulton Muhammad Nuriddin Mullo Haraviy Qoriy Hanafiy (vaf.1014/1605)[18].
  25. “Tafhimul Buxoriy sharh Sahihil Buxoriy”. Zuhurulboriy Aʼzamiy.
  26. “Tafhimul Buxoriy sharh Sahihil Buxoriy”. Shayx Gʻulomrasul ibn Nabiy Baxsh Rizo Buraylaviy[19].
  27. “Taqrir Sahihil Buxoriy”. Muhammad Zakariyo Kandehlaviy Hindiy (vaf.1402/1982). Pokistonda “Xalil Bahodir obod Karachi” bosmaxonasida nashr qilingan.
  28. “Talxis sharh asma rijalil Buxoriy lil Kirmaniy”. Tohir ibn Yusuf Burhanburiy Sindiy (vaf.1004/1596)[20].
  29. “Talvih fi sharh al-jomeʼ as-sahih”. Alouddin Abu Abdulloh Mugʻultoy ibn Qilich ibn Abudulloh Misriy (vaf.762/1361)[21].
  30. “Taysirul Qoriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Nurilhaq ibn Abdulhaq ibn Sayfuddin Buxoriy Dehlaviy (vaf.1073/1662). 1305/1888 yilda Hindistonning Laknao shahrida besh jildda toshbosma holda nashr etilgan[22].
  31. “Al-Jomeʼ as-sahih fi sharh Sahihil Buxoriy”. Abduljabbor Aʼzamiy.
  32. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-sahih Buxoriy”. Ahmad Ali ibn Lutfulloh Hanafiy Moturidiy (vaf.1297/1880)[23].
  33. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih al-Buxoriy”. Shayx Abul Hasan Nuriddin Muhammad ibn Abdulhodiy Hanafiy Hindiy (vaf.1138/1726).
  34. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih lil-Buxoriy”. Shayx Muhammad ibn Mustafo ibn Humayd Kafaviy Hanafiy (vaf.1174/1760)[24].
  35. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih”. Muhammad Akram ibn Qozi Abdurrahmon Hanafiy Nasrburiy Sindiy.
  36. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih”. Bakr ibn Fardiy Qaysariy Rumiy Hanafiy (vaf.1145/1732)[25].
  37. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih”. Shayx Abdussalom ibn Muhammad Amin ibn Shamsiddin Dogʻistoniy Hanafiy (vaf.1202/1788)[26].
  38. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih”. Shayx Muhammad Qosim ibn Asad Ali ibn Gʻulomshoh ibn Muhammad Baxsh Sidiqiy (vaf.1297/1880)[27].
  39. “Hoshiyat ala al-Jomeʼ as-Sahih”. Imom Muhammad ibn Yusuf ibn Umar ibn Shuʼayb Hasaniy Hanafiy (vaf.895/1490)[28].
  40. “Xoyrul Boriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Shayx Muhammad ibn Ilohibaxsh Jolandahriy (vaf.1390/1970).
  41. “Al-xoyr al-jariy sharh Sahihil Buxoriy”. Muhammad Surur.
  42. “Al-xoyr al-joriy fi sharh Sahihil Buxoriy”. Shayx Abu Yusuf Yaʼqub Albaniy Lohuriy (vaf.1098/1687). Hindistondagi “Riyosat ramfur atrobardish” kutubxonasida saqlanmoqda[29].
  43. “Dalilul Qoriy ila Sahihil Buxoriy”. Shayx Abdulmajid Dehyanaviy.
  44. “Sharh avail Sahihil Buxoriy”. Mustafo ibn Muhammad Qastamuniy Rumiy Hanafiy Qoziy (vaf.1097/1686)[30].
  45. “Sharh tarojum abvobil Buxoriy”. Qutbiddin Ahmad Valiyulloh ibn Abdurrahim ibn Vajihiddin Umariy Dehlaviy (vaf.1176/1762)[31].
  46. “Sharhul abvob vat tarojum lil Buxoriy”. Mahmud Hasan Devbandiy (vaf.1329/1911).
  47. “Sharh sulosiyotil Buxoriy”. Muhammadshoh ibn Muhammad Hasan Rumiy Hanafiy (vaf.939/1532)[32][33].

Bu asarlar “Al-Jomeʼ as-Sahih”ga hanafiy ulamolar tomonidan tasnif etilgan sharhlar boʻlib, ular turli davrlarda va turli uslublarda yozilgani bilan farqlanadi. Ular orasida Badriddin Ayniyning “Umdatul Qoriy” sharhi hanafiy mazhabida yozilgan ilk va mukammal sharhlardandir. Bu asarni oʻrganib, oʻzbek tiliga tarjima qilib, keng jamoatchilikka yetkazish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi. Shuningdek, ilmu maʼrifat, maʼnaviy qadriyatlarimiz, tarixiy, madaniy merosimiz, oʻtmishda yashab oʻtgan buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil maʼlumot toʻplash va xalqimizga taqdim etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdulayy Kattoniy. Tahqiq: Ehson Abbos.Fehrisul faharis. Darul-gʻarb islamiy. Bayrut. 1982/2.
  2. Abdulhay ibn Ahmad ibn Muhammad Akariy. Tahqiq: Abdulqodir Arnaut, Mahmud Arnaut. Shazirot az-zahab. – Damashq: Dar Ibn Kasir, 1986. J.6.
  3. Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidu-l-bahiya fi tarojimi-l-hanafiya // Ahmad Zahabiy tahriri ostida. Bayrut: Doru-l-arqam ibn al-arqam, 1998.
  4. Abdulhay Hasaniy. “Nuzhatul-xavatir”. Dar ibn hazm. Bayrut. 1999.J.6.
  5. Badriddin Mahmud ibn Ahmad al-Ayniy. Umdatul-qoriy. Bayrut. Dar al-kutub al-ilmiyya 1-juz.
  6. Imom Saxoviy. Umdatu‑s‑sameʼ val‑qoriy fi favaid sahih al‑buxariy. Saudiya. Avlad shayx. 2003.
  7. Ismoil Poshsho Bagʻdodiy. Izohu-l-maknun fi-z-zayl ala kashfi-z-zunun. 2 jildli – Bayrut: Doru ihyoi-t-turosi-l-arabiy, 1951. –J.1.
  8. Karl Brokkelman. Tarix al-adab al-arabiy. Abdulhalim Najjor, Sayyid Yaʼqub Bakr va Ramazon Abdutavvoblar Arab tiliga tarjima qilgan. – Qohira: Dor al-maʼorif. –J.3.
  9. Karl Brokkelman. Tarix al-adab al-arabiy. Abdulhalim Najjor, Sayyid Yaʼqub Bakr va Ramazon
  10. Muhammad Amin Muhibbiy. Xulosat al-asar fi Aʼyan al-qorn al-hadi ashar. Bayrut: Maktabat xayyot. –J.2.
  11. Muhammad Zakariyo Kandehlaviy. Lameʼ ad-diroriy ala al-jameʼ as-Sahih. Hindiston. Al-jamʼiya. 1971. –J.1.
  12. Muhammad Xalil ibn Ali Murodiy. Silk ad-diror fi aʼyan al-qorn sani ashar. Durul ktubul silamiy. J.3.
  13. Siddiq Hasanxon al-qanujiy, al-Hitta fi zikri sihoh sitta, -Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya. 1985. –
  14. Taqiyyuddin Abdulqodir Tamimiy Hanafiy. Tahqiq: Abdulfattoh Muhammad Hulv. “Tabaqot as-saniya fi tarojum al-hanafiyya”. Lajnat ehya at-turos al-islamiy. Qohira. 1970. –J.1.
  15. Umar Rizo Kahhola. Muʼjam al-muallifin – Tarojim musannifi al-kutub al-arabiya. Bayrut: Muassasa ar-risala, 1957. J.2. –B.73.
  16. Fuad Sezgin. Tarixu-t-turosil-arabiy // Mahmud Fahmiy Hijoziy arabtiliga tarjimasi. 20 jildli. – Ar-Riyod: Jomiatu-l-imam Muhammad ibn Saud al-islamiya, 1991. –J.1. –B.242.
  17. Xayriddin ibn Mahmud Zirkliy Dimashqiy. Al-aʼlom. Darul ilm lil malayin. 2002. J.1.
  18. “Majalla fikr va nazar” jurnali. Tahqiqotu al-islamiy. Islomobod islom universiteti. 1995. Aprel. –
  19. Channar Mahmoodul Hasan, Azuz-ur-Rehman Saifee, Barhtiyoar Bano. “Academic contributions of Ahnaf on Saheeh of Imam Bukhari”- جهود الحنفية حول الجامع الصحيح للإمام البخاري تصنيفا وتأليفا
  20. “Habiba Islamicus” The international Journal of arabic and islamic research. Publisher: Habibia Research Academy, Habibia Islamic Institute, Karachi (Pakistan). 2018. Volume 2, Issue 1.
Barot AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy‑tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …