Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / SUGʻDLIK FAQIH – IMOM ALI SUGʻDIY

SUGʻDLIK FAQIH – IMOM ALI SUGʻDIY

Islom fiqhiga oid kitoblarda Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan mashhur allomalardan biri Imom Ali Sugʻdiy (vaf. 461/1069) haqida maʼlumotlar mavjud boʻlib, u salaf imomlarning oxirgilaridan boʻlgani qayd etiladi.

Shunday boʻlsa-da, Imom Ali Sugʻdiy nomi koʻpchilikka nomaʼlum boʻlishi tabiiy. Tarixiy manba va tadqiqotlarda[1] u haqidagi maʼlumotlar tarqoq holda uchraydi. Maqolada Imom Ali Sugʻdiyning hayoti va ilmiy merosiga oid maʼlumotlar manbalar asosida tahlil qilinadi.

Samarqandning Oqdaryo va Qoradaryo oraligʻidagi yerlarini ushbu Oʻrta asrlarda Miyonkol deb, yana qadimroqda esa Sugʻd deb atashgan. Temuriylar davrida u oʻn toʻrt[2] tumanga boʻlingan.

Keyinchalik Shovdor, Anhor, Koʻcha Malik, Sugʻdi Xurd (Kichik Sugʻd), Sugʻdi Kalon (Katta Sugʻd), Kabud, Navbogʻ, Yoryayloq, Anhori jadid, Sheroz, Aliobod, Sogʻarj, Shodmon va Ishtixon kabi tumanlarga ajralgan. Kumushkent mavzei Sugʻdi Xurd tumanida joylashgan. Bu tuman Nimsugʻd (Yarim Sugʻd) deb ham atalgan. XVI asr Shayboniylar davrida tumanning nomi oʻzgarib, Ofarinkent boʻlgan.

Imom Ali Sugʻdiy qabri Samarqand viloyati Oqdaryo (Ofarinkent) tumanidagi Kumushkent (Samarqand-Buxoro katta yoʻlining boʻyidagi qabriston)da joylashgan. Qabriston oʻrtasida dahmasimon katta tepalik boʻlib, uning yonida masjid-xonaqoh boʻlgan.

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” va Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarlarida Kumushkentdagi Imom Ali Sugʻdiy haqida maʼlumotlar uchraydi.

Olim shayx Azizonning “Lamahot min nafahotul quds” (“Muqaddas xushboʻyliklardan lahzalar”) asarida keltirilishicha esa, yassaviya-jahriya tariqatining uch yirik murshidi – Yaminbobo, shayx Alishayx va shayx Mavdud vafot etgach, Kumushkent mavzeida joylashgan Imom Ali Sugʻdiy mozor-sufalarida dafn etilgani[3] qayd etilgan.

Abu Tohirxoja “Samariya” asarida: “Hazrati Imom Ali Sugʻdiy mozori Ofarinkent tumaniga qarashli Kumushkent qishlogʻida. U Husayn ibn shayx Muhammad Sugʻdiyning oʻgʻlidir. Uning zamonasida Kumushkent qishlogʻi Sugʻdi Xurd, deb atalgan. Aytishlaricha, Imom Ali Sugʻdiy Abu Hasan Karxiy Bagʻdodiyning shogirdi boʻlgan. Ilm tahsilini Bagʻdodda olgan. “Siyari kabir”ga oliy sharh yozgan. Buxoroda qozi boʻlgan. Hazrati Yaminbobo, Mavdud shayx, shayx Ali muridi va Yaminboboning muridi shayx Ali – bu uchovining qabri ham Hazrati Imom qabristonidadur. Bu uch aziz turk mashoyixlaridan boʻlib, silsilasi Ahmad Yassaviyga ulangan”[4], deb taʼkidlab oʻtgan.

“Samariya”da Imom Ali Sugʻdiy Imom Karxiydan fiqh oʻrgangani, “Siyari kabir” (“Katta siyrat”) asariga oliy sharh yozgani taʼkidlangan. “Saloti Masʼudiy” asarining forscha nusxasida Imom Aʼzam, Imom Muhammad, Imom Moturidiy, Imom Margʻinoniy, Imom Rustugʻfaniy kabi olimlardan rivoyatlar keltirilgan va ular bilan bir qatorda Qozi Imom Ali Sugʻdiyning ham fiqhiy masalalarga oid fatvolari qayd etilgan.

“Majmaul maqsud” asarida Qozi Imom ruknul islom (islom tayanchi) Ali Sugʻdiyning “Favoid” (“Maqsadlar”) kitobidan fiqhga oid iqtiboslar olingani taʼkidlangan[5].

Allomaning “Nutaf fil fatovo” (“Fatvolardan qatralar”) asari 1974 yilda Salohiddin Nohiy[6], 1996 yilda Muhammad Nabil Bahsaliy[7] tahqiqi asosida nashr qilingan.

“Nutaf fil fatovo” kitobi moʻtabar fatvo manbalaridan hisoblanadi. Fatvo uslubida yozilgani uchun fiqhiy hukm keltirilganda, uning sharhi va sabablari aytilmagan. Umumiy va mufassal qoidalarni kiritishda qisqa uslubdan foydalanilgan. Buni asarning nomidan ham anglash mumkin. Kitob muxtasar, qisqa iboralardan tuzilgan, fiqhiy matnlarga oʻxshab ketadigan fatvo toʻplamidir. Muallif fiqhiy hukmlarni keltirishda ehtimoliy holatlarni, muayyan bir masalaning turli koʻrinishlarini eʼtiborga olgan. Oʻquvchi va fatvo qidirganlar oson tushunishi uchun masalalar turlari va taqsimotiga alohida urgʻu bergan. Fatvolarni bayon qilishda asosan Imom Abu Hanifa va uning shogirdlari Abu Yusuf, Muhammad Zufar kabi mazhab ulamolarining soʻzlarini keltirgan. Undan Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmadning fikrlari ham joy olgan. Bu holatda biror fikr boshqasidan ustun qoʻyilmagan. Kitob ibodatlar (tahorat, namoz, zakot, roʻza, haj), muomalot (savdo-sotiq, ijara, sheriklik), nikoh, taloq, qozining odoblari va fiqhning boshqa boblariga tegishli ellik sakkizta kitob (bob)dan iborat. Suv (12), tahorat (34), tayammum (6), namoz (82), roʻza (27), zakot (49), haj (40), nikoh (101), taloq (11), qozi odobi (20), guvohlik (50) kabi boblarda mingdan ortiq mavzu boʻyicha oʻn minglab fatvolar tasnif etilgan.

“Sharhul jomiul kabir li Shayboniy fi furuil fiqhil hanafiy” (“Hanafiy furuʼ fiqhi haqidagi Shayboniyning “Jomiul kabir” asariga sharh”) “Sharhu kitobil xisof fi adabil qoziy ala mazhab Abi Hanifa” (“Abu Hanifa mazhabida qozi odoblari jamlangan kitob sharhi”) kabi asarlarni tasnif etgani tadqiqotlarda[8] aniqlangan.

Imom Faxriddin Husayn ibn Mansur Oʻzjandiy Fargʻoniyning “Fatvoyi qozixon” asarida[9] Imom Ali Sugʻdiydan bir necha iqtiboslar keltirib oʻtilgan. Jumladan, goʻdak yoshidagi bolaga tegishli hovlini oʻziniki qilib olsa yoki vaqf qilib olsa, shuncha miqdorni toʻlashi vojib boʻlishi haqida (216 bet); (mulkga omonat qoldirilgan odam oʻzining oʻrniga kichik bolani qoʻyib ketishi masalasida) har bir holatga javobgar boʻlmasligi toʻgʻrisida (268 bet); ekinzorida bir hayvonni koʻrsa, mulkidan ketgan narsa unga toʻlanmaydi. Agar haydaganidan soʻng boʻlsa, toʻlanishi haqida (368 bet); mulkidan (ekinzoridan) chiqarishi kerak, haydab yubormasligi lozim. Chiqarganidan soʻng haydab yuborsa, egallab olgan javobgarga aylanadi. Egasiga qaytarish uchun haydab yuborsa, yoʻlda qiynalib qolsa yoki oyogʻi sinib qolsa, javobgar boʻlishi toʻgʻrisida (369 bet); agar ota ijara olsa yoki yetimdan vasiyat qiluvchi ijara olsa, barcha faqihlar joizligini aytgani (445 bet) kabi fatvolar jamlangan.

Muhammad ibn Abdulvohid “Sharhi fathul qodir”[10] kitobining “Nikoh” bobida Imom Ali Sugʻdiydan iqtibos olgan.

Mazkur manbalardan maʼlum boʻlishicha, Imom Ali Sugʻdiy mashhur faqih ulamolardan boʻlgan va uning asaridan iqtiboslar keltirishgan.

“Fatovoyi hindiya” kitobida: “Ruknul islom, shayxulislom Ali Sugʻdiy”[11], deb keltirilgan. “Kitob eʼlomil axyor min fuqahoyi mazohibun noʻmonil muxtor”da: “Qozi imom Ali ibn Husayn Sugʻdiy”[12], “Qozi imom Abul Hasan Ali Sugʻdiy”[13], “shayxulislom Abul Hasan Sugʻdiy”[14] va “ruknul islom”[15] deb qayd etilgan. Yuqorida nomlari aytilgan asarlarga Imom Ali Sugʻdiydan fiqhiy masalalarga oid fatvolar kiritilgan.

“Al-ansob” kitobida: “Qozi Abul Hasan Ali ibn Husayn Sugʻdiy goʻzal munozara qiluvchi fozil imom edi. U 461/1069 yili Buxoro (hududidagi Kumushkent – M.A.)da vafot etgan”[16], deb yozilgan.

Imom Ali Sugʻdiyning ustozlari silsilasiga koʻra: uning ustozi ® Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy (370/981) ® Abu Muhammad Abdulloh Subazmuniy (872-952) ® Abu Hafs Sagʻir Buxoriy (vaf. 877) ® Abu Hafs Kabir Buxoriy (767-832) ® Imom Muhammad Shayboniy (vaf. 805) ® Imom Aʼzam (Abu Hanifa) (699-767) ® Hammod ibn Abu Sulaymon (vaf. 739) ® Ibrohim Naxfiy ® Alqama ® Abdulloh ibn Masʼud ® Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam. Shogridlari silsilasining bir tarmogʻi: Imom Ali Sugʻdiyning shogirdi ¬ shamsul aimma Halvoniy Mavlono ¬ faxrul islom Ali Pazdaviy (483/1089) ¬ Hazrati Najmiddin Umar Nasafiy (461/1069-537/1143) ¬ Burhonuddin Margʻinoniy (1123-1197).

Manbalarda qayd qilinganidek, ruknul islom, shayxulislom kabi unvonlar bilan sharaflangan Imom Abul Hasan Ali ibn Husayn Sugʻdiy Buxoro qozisi lavozimida ham faoliyat koʻrsatgan. Tadqiqot davomida uning “Sharhi siyari kabir”, “Favoid” va “Nutaf fil fatovo”, “Sharhul jomiul kabir li Shayboniy fi furuil fiqhil hanafiy”, “Sharh kitobil xisof fi adabil qoziy ala mazhabi Abi Hanifa” kabi asarlarni yozgani oydinlashdi.

Silsilaga koʻra, Imom Ali Sugʻdiy dunyoda mashhur allomalarning, yaʼni Imom Burhonuddin Margʻinoniy, Imom Nasafiy, Imom Ali Pazdaviy va Imom shamsul aimma Halvoniyning ustozidir. Uning silsilasi Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom Aʼzam, Abdulloh ibn Masʼud orqali Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ulangan.

Imom Ali Sugʻdiy ziyoratgohida dafn etilgan yassaviya tariqati namoyandalari Yamin bobo, Ali shayx va Mavdud shayx haqidagi izlanishlar davom etmoqda.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
[1] Brockelman C. Geschiste der Arabischen litteratur. – Leiden: E.J.Brill, 1949. – P. 460; Kattayev K. Samarqandnoma. – T.: Mashhur press, 2017. – 308 b.
[2] Kattayev K. Samarqand tumanlari // Samarqand gazetasi. 1993 yil 18-25 may soni.
[3] Olim shayx Azizon. Lamahot min nafahotul quds // Kattayev K. tarjimasi. – T.: Qaqnus, 2020. – B. 172.; Bu haqida yana qarang: Nosiriddin Buxoriy. Tuhfat uz-zoyirin. Toshbosma. Buxoro. Toshbosma, fors tilida. 1328/1909. – Buxoro. – 144 b.
[4] Abu Tohirxoja. Samariya // Meros. – T.: 1991 – B. 57.
[5] Kattayev K. Samarqandnoma. – T.: Mashhur press, 2017. – 308 b.
[6] Shayxulislom qoziul quzzot Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Muhammad Sugʻdiy. Nutaf fil fatovo // Tahqiqchi: Salohiddin Nohiy. – Bayrut: Dorul furqon, 1974. – 984 b.
[7] Shayxulislom qoziul quzzot Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Muhammad Sugʻdiy. Nutaf fil fatovo // Tahqiqchi: Muhammad Nabil Bahsaliy. – Bayrut, Lebanon: Dorul kitabul ilmiya, 1996. – 552 b.
[8] Qobilov N. Sugʻdiy allomalar // http://old.bukhari.uz. 5 yanvar 2018 yil.
[9] Imom Faxriddin Husayn ibn Mansur Qozixon Oʻzjandiy Fargʻoniy. Fatvoyi qozixon // Tahqiqchi: Salim Mustafo Badriy. – Bayrut, Lebanon: Dorul kitabul ilmiya, 2009. 1-juz. – 605 b.
[10] Muhammad ibn Abdulvohid. Sharh fathil qodir // Tahqiqchi: Shayx Abdurazzoq Gʻolib Mahdiy. – Bayrut, Lebanon: Dorul kitabil ilmiya, 2009. – B. 194, 277, 279.
[11] Shayx Nizom va hind ulamolari. Fatovoyi hindiya // Tahqiqchi: Abdulatif Hasan Abdurahmon. – Bayrut-Lebanon: Dorul kitabil ilmiya, 2015. – B. 178, 274.
[12] Mahmud ibn Sulaymon Hanafiy Rumiy Kafaviy. Kitob eʼlomil axyor min fuqahoyi mazohibun noʻmonul muxtor // Tahqiqchi: Abdulatif Hasan Abdurahmon. – Bayrut, Lebanon: Dorul kitabil ilmiya, 2015. – B. 476 (Bundan keyin – Kafaviy).
[13] Kafaviy. – B. 474, 658.
[14] Kafaviy. – B. 546.
[15] Shu joyda: – B. 483.
[16] Muhammad ibn Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob (Nasabnoma) / Tarj.: Abdul Gʻofir Razzoq. Rahimov K. – Buxoro: Buxoro, 2020. – 213 b.
Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-talqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ABULHASAN ANDOQIYNING HAYOT YOʻLI

Tarixdan maʼlumki, yurtimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tasavvuf yoʻnalishida ham koʻpgina allomalar yetishib chiqqan. Shulardan …