Home / MAQOLALAR / XX ASR BOSHLARIDA TURKISTON XALQ TAʼLIMINING HOLATI

XX ASR BOSHLARIDA TURKISTON XALQ TAʼLIMINING HOLATI

Buyuk Turon zamini tarix va taqdirlari tutashgan turli xalqlarni birlashtirgan makon. Buning zamirida yagona iqtisodiy manfaat bilan birga, siyosiy va madaniy qarashlarning mushtarakligi turadi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. Chunki, Turkiston oʻlkasi barcha zamonlarda ham savdo markazi, ham ilm-maʼrifat va sanʼat oʻchogʻi vazifasini oʻtagan. Maorif tizimining asosi boʻlmish xalq taʼlimi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turli ziddiyatlarga uchragan.

Tarixiy adabiyotlarda XX asr boshlari Turkiston xalq taʼlimi izdan chiqqani bilan izohlanib, bunga mahalliy maktablarda eskicha taʼlim-tarbiyaning saqlanib qolishi va savodsizlik sabab boʻlgan, deb hisoblab baholab kelingan. Bu maʼlumotning qanchalik toʻgʻriligini arxiv hujjatlari va adabiyotlar asosida tahlil qilib, xolisona xulosa chiqarsak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Maʼlumki, XIX asr oxirida Turkiston oʻlkasida 3.792.774 kishi yashagan boʻlib, maktablar soni  6.027 tani tashkil etgan [1. B.232]. Maktabda taʼlim olayotgan oʻquvchilar soni  64015 nafarni, yaʼni aholi soniga nisbatan oʻquvchilar 1,7 foizni tashkil etgani holda, savodxonlik 19,55 foiz boʻlgan. Oktyabr inqilobigacha Turkiston oʻlkasida 70000 oʻquvchisi bilan 6600 ta maktab va 9000 talabasi bilan 311 ta madrasa faoliyat yuritgan. [10. B.2]  Davlat byudjetidan mablagʻ ajratilmagani sababli Oʻrta Osiyoda maorif tizimining rivoji uchun asosiy moddiy taʼminot xalq hisobidan qoplab borilgan. Davlat bu soha uchun juda kam mablagʻ ajratgan. Misol uchun, 1914-yil butun Turkiston xalq taʼlimi uchun hukumat atigi ikki yarim million rubl ajratgan [8. B.2]. Bundan kelib chiqadiki, bola taʼlim-tarbiyasi asosan ota-onasining iqtisodiy imkoniyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlgan.

XX asr boshlari – AQSH va Yevropa davlatlari ilm-fan, ogʻir va yengil sanoat sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan bir paytda Rossiya madaniy va iqtisodiy jihatdan ortda qolgan. Taraqqiyot zavoliga sabab Chor imperiyasi davrida olib borilgan harbiy xalq boshqaruv tizimi va mustamlaka siyosati edi. Sovet hukumati bu illatdan qutulish choralarini koʻrish maqsadida islohot oʻtkazishga majbur boʻlgan. Ammo rejalashtirilgan islohot xalqlarning milliy qadriyat va urf-odatlariga barham berish orqali amalga oshirilgan.

Inqilobdan soʻng dastlab sovet hukumati chorizm davrida imperiya korchalonlari rus-tuzem maktablari orqali mahalliy millatni ruslashtirishni maqsad qilib qoʻyganini anglab, konfessional xarakterdagi ibtidoiy maktablarni ochishga ruxsat bergan. Arxiv maʼlumotlarini kuzata borib, XX asr boshlari Turkiston Xalq maorifi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, maktab yoshidagi bolalar (8 yoshdan 11 yoshgacha) 626 044 nafar boʻlgani aniqlandi [4. B.31]. Bulardan 1915-yil 1-yanvarigacha 40 608 nafari (hujjatda 7,4% koʻrsatilgan, ammo bu 6,5% boʻlmoqda – muallif) davlat, zemstvo va boshqa boʻlimlar hisobidan moliyalashtirilib oʻqitilgan. Shuningdek, mahalliy xalqlar hisobidagi 179 rus-tuzem maktabida 3500 oʻquvchi taʼlim olgan.

1917-yil 20-23-may kunlari boʻlib oʻtgan Toshkent musulmon oʻqituvchilari yigʻilishida “Musulmon oʻqituvchilar kengashi” tashkil etilgan. Yigʻilishda rus-tuzem maktablarini milliy maktablarga aylantirish dasturi tayyorlangan [2. B.133]. Duma ushbu dastur loyihasini uzoq muhokamadan soʻng tasdiqlagan. 1919-yil 26-dekabrda esa barcha xalqlar masʼuliyatli vazifasi sifatida savodsizlikni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi [3. St. 3].

Davlat va kasaba uyushmalari savodsizlikni tugatish uchun “Har bir savodli savodsizni oʻrgatadi” shiori ostida “madaniy yurish” boshlagan. Bu oʻsha davr Rossiya bilan bir qatorda uning tarkibidagi qator davlatlarda ham savodsizlik illatlari talaygina ekanligidan dalolat beradi. Misol uchun, 1920-yilda birgina Turkiston aholisi orasida har 1000 kishiga nisbatan: oʻzbeklarning – 36, qirgʻizlarning – 42, tojiklarning– 32 va turkmanlarning – 11 nafari savodli ekanligi belgilab oʻtilgan [4. B-31]. Ammo bu raqamlar qaysi koʻrsatkichlar asosida hisoblab chiqilgani aniq belgilanmagan.

Oʻsha yillari xalqaro munosabatlarda raqobatlasha olish uchun bilimli kadrlar tayyorlash  sovet hukumatining asosiy dasturiga aylangan edi. Shu boisdan sovet maktablarini tashkil etish masalasi inqilobdan soʻng asosiy vazifalardan boʻlib qolgan. Maorif xalq komissarligi tomonidan bu muammoga yechim rejalashtirilib, maʼlum vaqt maktab tarmoqlarini boshqarishning eski tizimi ham saqlanib qolgan [2. B.134]. “Hamma maktab ona tilida” shiorining eʼlon qilinishi maʼlum darajada madaniy qurilish jarayoniga ijobiy taʼsir koʻrsatgan [4. B.31]. Natijada madaniy va maʼrifiy muassasalar oʻsishi kuzatilgan. 1921-yilga kelib, yahudiylar uchun kommunalar maktabi – 39 ta (talabalar — 2800 kishi), mahalliy millat uchun kommunalar maktabi – 15 ta (talabalar — 1100 kishi), yahudiylar uchun maktab-internatlar – 63 ta ( 8123 bola), mahalliy millat uchun maktab-internatlar – 94 ta (7490 bola), yahudiylar uchun bolalar bogʻchalar — 41 ta (4410 oʻquvchi), mahalliy millat uchun bolalar bogʻchalari — 30 ta (2630 oʻquvchi), yahudiylar uchun bolalar uylari — 2 ta (66 talaba), mahalliy millat uchun bolalar uylari — 10 ta (578 talaba), yahudiylarning 1-darajali maktablar — 323 taga (70875 oʻquvchi) yetgan.

Shuningdek, kasb-hunar maktablari tarmogʻi ham kengayadi. Hunarmandlik maktabi – 1 ta, qishloq xoʻjalik texnikumi – 6 ta, sanoat-iqtisod bilim yurti – 2 ta, texnika va hunar bilim yurti –  9 ta, tibbiyot bilim yurti –  7 ta, kimyo-farmasevtika bilim yurti –  1 ta, aralash soha bilim yurtlari – 6 ta boʻlib, bularning har birida 200 tagacha talaba tahsil olgan. Bundan tashqari, 6 ta Inpros (Taʼlim instituti, pedagogika institutiga oʻxshash narsa – muallif) ham mavjud boʻlib, ularda 1610 ta oʻquvchi oʻqigan. Sovet va partiya ishchi-mehnatkashlarining siyosiy va umumiy taʼlim maktabi esa 14 ta boʻlib, ulardagi oʻquvchilar 1850 nafarni (bundan 1250 tasi mahalliy millat vakili) tashkil etgan.

Oktyabr inqilobidan soʻng Turkistonda maktab va madrasalar qisqarib borganini kuzatish mumkin. Misol uchun, Turkistonda 1908-yil faoliyat koʻrsatgan maktab va madrasalar  hamda 1924-yilda mavjud taʼlim muassasalarining roʻyxatini taqqoslaganda, yangi uslubiy dasturlar asosida qayta tashkil etilgan taʼlim muassasalarini qoʻshganda, maktablar – 5148 taga, madrasalar – 21 taga kamayganligida ham kuzatiladi  [9. B.37, 5. B.18].

Hududlar kesimida har bir viloyat taʼlim muassasalari alohida tahlil etilganda, tizimdagi oʻzgarishlar yanada oydinlashadi. Misol uchun, 1910-yili birgina Samarqand viloyati maorif tizimida taʼlim muassasalari 2177 ta boʻlib, 2135 tasi mahalliy, 27 tasi ruslar, 14 ta rus-tuzem va 1 tasi armanlar maktabi boʻlgan [6. B.49]. Mahalliy maktablarda mahalliy aholi farzandlarining soni 20493 ni tashkil etgan. Shundan 2030 ta maktabda – 17970 ta, 95 ta madrasada – 2172 ta, 10 ta yahudiylar diniy boshlangʻich maktabida – 351 nafar talaba tahsil olgan. Viloyatda mavjud barcha oʻquv muassasalarida jami 21932 nafar oʻgʻil bola va 1929 nafar qiz bola oʻqigan. 1909-yilga nisbatan taʼlim muassasalari 119 taga koʻpaygan bir paytda oʻquvchilar soni 1409 ga kamaygan. Bir yil davomidagi bu statistik farq taʼlim tizimi markazlashtirilmaganidan dalolat beradi.

Tarixiy manbalardan maʼlumki, ilgari Turkistonda mahalliy xalq yozish va oʻqish uchun fors-tojik va turkiy-oʻzbek tillardan keng foydalangan. Maktablarda fors-tojik, arab va turkiy-oʻzbek tili asosiy oʻqish tili boʻlgan. Ammo ruslar oʻlkani oʻz hukmronligi ostiga olganidan soʻng barcha savdo-sanoat va davlat ishlari rus tilida olib boriladi. Ilm-fan va savdo tili sifatida hali toʻliq shakllanmagan rus tili Turkiston mahalliy xalqi orasida ham keng yoyilmagan edi. Shuningdek, kadrlar tarkibida soha mutaxassislarining yetishmasligi til oʻrganish masalasida muammolar yanada ogʻirlashishiga sabab boʻlgan.

Shoʻro hukumatining tanazzuli arafasida taʼlim tizimi Vasiy (mutavalliy)lar kengashi tomonidan boshqarib borilgan. 1917-yilda Turkiston oʻqituvchilar uyushmasi Viloyat kengashi boʻlimi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda xalq taʼlimini boshqarish uchun muvaqqat jamiyat tashkil etish masalasi koʻriladi. Ammo oʻsha paytlari bu maqsad yoʻlida birlashishga turli-tuman toʻsiqlar mavjud boʻlgan. Chunki, sohani ayrim hududlarda Bilim yurtlari kengashi, boshqasida – Maktablar komiteti, uchinchisida –Komissarlik, toʻrtinchisida – huquqlari cheklangan oldingi inspektorlar boshqarib bormoqda edi [7. B.22]. Shuningdek, 1917-1920-yillar davomida sotsialistik jamiyat qurishga qarshilik doirasida turli toʻqnashuvlar – kontrrevolyutsiya, vayronagarchilik, namoyishlar yuz bergan.

Maktablar soni 1920-yilda 2000 dan ziyod (1919-1921 oʻquv yillari davomida aniq statistik maʼlumot olinmagan – muallif) deb koʻrsatilgan boʻlsa-da, amalda bu qogʻozda qayd etilgan, xolos. Bunga 1919-yildan moddiy yetishmovchilik, maktabni saqlash uchun taʼminotning yetarli darajada mavjud emasligi sabab boʻlgan. 1922-yilda Turkiston iqtisodiy tizimida ogʻir holat yuzaga kelgani uchun maktab xarajatlari aholi tomonidan qoplangan. 1923-yilda maktablar soni qisqargan boʻlsa-da, 496 ta maktab davlat byudjeti hisobidan qoplanishi va aholi tomonidan taʼminlanishi hisobidan qayta tiklanish davri ham boʻlgan. 1923-yil viloyatlar kesimida davlat byudjetiga kiritilgan taʼlim muassasalari (ilova-2) tartibi quyidagicha edi: [7. B.34]

ilova-2

Viloyatlar

Ovul-qishloq

maktabi

2 sinf

Shahar

maktablari

(30) 2 sinf

30 ta

internat

2-bosqich

maktablar

Mak

tab

Oʻqituvchi

Oʻquvchi

Mak

tab

Oʻqituvchi

Oʻquvchi

Mak

tab

Oʻqituvchi

Oʻquvchi

Mak

tab

Oʻqituvchi

Oʻquvchi

Sirdaryo

90

180

5400

6

12

480

4

48

360

6

60

1050

Amudaryo

38

76

2280

2

4

160

6

48

120

1

10

175

Turkman

78

156

4680

6

12

480

2

16

360

4

40

700

Samarqand

87

174

5220

4

8

320

6

32

240

4

40

700

Yettisuv

90

180

5400

5

10

400

5

40

300

5

50

875

Fargʻona

104

208

6240

7

14

560

7

56

420

5

50

875

Oʻrta Osiyo temir yoʻl

3

6

180

Toshkent temir yoʻl

2

4

120

Jami

492

984

29520

30

60

2400

30

240

1830

25

250

4375

Xulosa qilib eʼtirof etish lozimki, XIX asr oxiri – XX asr boshlari imperiya hukumatining Turkistonda olib borgan mustamlaka siyosati maorif tizimiga ham katta salbiy taʼsir koʻrsatgan. Turkiston xalq maorifi izdan chiqishi quyidagi omillarga bogʻliq boʻlgan: 1) moddiy qiyinchiliklar, turli soliq va ishlab berish majburiyatlari; 2) eski maktab oʻqituvchilari bolalarni imperiya hukumatiga qarshi tayyorlamoqda, degan shubha-gumonlar; 3) zamonaviy yangi usul maktablariga reformatorlar deb qarab, bu tipdagi maktablarning yopilishi; 4) eski maktab tizimini butunlay tugatib, sotsialistik maorif va madaniyatni tiklashga urinishlar.

FOYDALANGAN ADABIYOTLAR
1. Vatan tarixi (XVI-XX asr boshlari). K.2. /Mualliflar: R.Shamsuddinov, Sh.Karimov, Oʻ.Ubaydullayev; masʼul muharrirlar: Oʻ.Mavlonov, Q.Usmonov. Taqrizchilar I.Alimov va boshq.  – T.: Sharq, 2010.
  1. Oʻzbekistonning yangi tarixi. K.2. Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. T.: Sharq, 2000.
  2. I.M.Bogdanov, Gramotnost i obrazovaniye v dorevolyutsionnoy Rossii i v SSSR. (istoriko-statisticheskoye ocherki. Moskva: Izdatelstvo “Statistika”, 1964.
  3. OʻzMA. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2167 204 varaq.
  4. Konfessionalnaya (islamskaya) shkola v Uzbekistane (1917-1929)
  5. Obzor Samarkandskoy oblasti za 1910 god. Izdaniya Samarkandskogo Oblastnogo Statisticheskogo Komiteta. Samarkand-1912.
  6. P.I.Serbov, A.D.Nikiforov, «Narodnoye prosveщeniye v Uzbekistane”. Samarkand-Tashkent: Uzbekskoye gosudarstvennoye izdatelstvo, 1927.
  7. Gazeta Uzbekistanskaya pravda. 15-oktyabr 1930 g. №236 (498)
  8. Imom Buxoriy saboqlari maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnal. – T.: 2020-yil 3 son.
  9. wikipedia.org/wiki/Medrese_Sredney_Azii.
 Suxrob ERGASHEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …