Home / MAQOLALAR / MARKAZIY OSIYODA MAʼRIFIY ISLOM TUSHUNCHASI VA UNING RIVOJLANISH BOSQICHLARI

MARKAZIY OSIYODA MAʼRIFIY ISLOM TUSHUNCHASI VA UNING RIVOJLANISH BOSQICHLARI

X asrning oxirida Movarounnahr hayotida juda muhim voqealar yuz berdi. Somoniylar davlatining qulashidan keyin bu mintaqa ustidan hokimiyatni Qoraxoniylar oʻz qoʻliga oldi (hukm dav. 999-1211 yy.). Qoraxoniylar islomni qabul qilgan turk qabilalari ittifoqini boshqardi. Mintaqadagi turkiy xalqlar shahar-dehqonchilik mintaqalariga asta-sekin kirib kelishi va oʻtroq boʻlib qolishi arab istilolaridan ancha ilgari boshlangan edi. Barcha tarafdan sahrolar bilan oʻralgan Movarounnahrning geografik joylashuvi oʻtroq va koʻchmanchi xoʻjaliklar orasidagi munosabatlarni bir-biri bilan uzviy bogʻlab qoʻydi. Natijada Movarounnahrning oʻtroq rayonlarida hanafiylik mazhabining qaror topishi bilan u, tabiiyki, turkiy xalqlar orasida ham tarqaldi.

Ilk islom davrida bu mintaqada kaysoniyya-mubayyida, qarmatiyya-ismoiliyya, karromiyya, shofeʼiyya jamoalarining faol harakatlari koʻzga tashlanadi. Ayniqsa, shofeʼiylarning Shosh, Iloq, Isfijob, Taroz, Usbanikat, Forob singari markazlarda olib borgan faoliyati koʻp manbalarda oʻz aksini topdi. Lekin, pirovard natijada Movarounnahrning hanafiylik markazlarining uzluksiz va muntazam kuchayib borishi yuqorida zikr etilgan oʻlkalarda ham hanafiylikning toʻliq gʻalabasini taʼminladi. Bu jarayonlar natijasida hanafiylik mazhabi anʼanaviy islomga xos boʻlgan barcha jihatlarni oʻzida kasb etdi. Shu sababli Movarounnahrga kelgan Qoraxoniylar, Xurosonni zabt etgan ilk Saljuqiylar (hukm dav. 1038-1092 yy.) boshqa mazhablar ichida birinchi galda hanafiylarning homiylariga aylandi [1: 30].

Somoniylar davlatining Movarounnahr va Xuroson qismlarining Qoraxoniylar va Gʻaznaviylar (hukm dav. 977-1186 y.y.) orasida boʻlib olinishi Movarounnahrdagi jamiyat taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi.

Birinchidan, Movarounnahr oʻzining islom tarixida ilk bor chuqur islom taʼlimotlariga asoslangan xolda Xurosondan siyosiy jihatdan ajralib, rivojlana boshladi.

Ikkinchidan, ulkan Qoraxoniylar davlati vujudga kelishi natijasida Movarounnahr hali islom chuqur kirib bormagan “Bilodut turk” (Sirdaryoning oʻrta va quyi havzasi, Yettisuv va Sharqiy Turkiston) bilan birga bir davlat tarkibiga kirdi. Koʻpchilik aholi uchun islom yangi voqelik edi. Ijtimoiy tafakkurda islom timsoli oʻzlashtirildi va rivojlantirildi. U hali barqaror holatga yetishmagan edi. Butun mintaqa miqyosida Markaziy Movarounnahr shaharlari (birinchi oʻrinda, Buxoro va Samarqand) maʼnaviy va madaniy markaz boʻlib qoldi.

Uchinchidan, Qoraxoniylar Somoniylarning markazlashgan boshqaruv tizimi oʻrniga mayda aymoqlarga boʻlib boshqarish tuzumini kiritdi. Bu tuzum mahalliy hokimlarni oʻz hududlarida mustaqil qildi. Bu hududlarning markazlarida shahar hayoti jadallik bilan rivojlandi.

Movarounnahrdagi siyosiy hokimiyatning almashuviga koʻpchilik aholi befarq (S.G., 1991) qaradi. Bu davrda Somoniylarning qoʻshinlari orasida juda koʻp turkiylardan iborat qoʻshin bor edi. Bir tarafdan, Qoraxoniylar mahalliy jamiyatdagi ijtimoiy fikrni, ikkinchi tarafdan, xalqaro ahvolni hisobga olib, oʻzlarini “moʻminlar amiri” deb eʼlon qildi va Xalifa Qodir (hukm dav. 991-1031 yy.) nomidan tangalar zarb qila boshladi [2: 333].

Qoraxoniylar davrida Buxoro va Samarqand bilan bir qatorda Oʻzgand, Axsikat, Koson, Margʻinon, Xoʻjand, Koshgʻar, Isfijob va boshqa viloyat markazlarida ham shahar hayoti taraqqiy etdi. Musulmon dunyosida shaharlar oʻz-oʻzini boshqarish organlariga ega emasdi. Shaharlar hayotining barcha taraflari, hattoki savdo-sotiqni tashkil qilish davlat apparati tomonidan nazorat qilinar va boshqarilar edi. Maishiy sohadagi qulaylik davlat rahbarining yoki shahar boylarining himmatiga bogʻliq edi. Bunday sharoitda musulmon shaharlarida zamonaviy sotsiologlar yaʼni “norasmiy liderlar” deb atalgan shaxslarning roli juda katta edi. Ular asosan shahar aholisining barcha tabaqalari bilan bogʻlangan islom bilimdonlari va islom ilohiyotchilari orasidan chiqqan edi. Musulmon ulamolarining aksariyati savdo-sotiq, hunarmandlik faoliyatini olib borgan. Dinning aqidalarini axloqiy, huquqiy normalarini ishlab chiqish davlat va uning diniy muassasalarining emas, balki diniy nuqtai nazardan shaxsiy hukm chiqarish (ijtihod)ga ilmi yetarli deb tan olingan kishilar (mujtahid, muftiy) tomonidan chiqarilar edi[3]. Somoniylarga nisbatan islomiy dunyoqarashlari soddaroq boʻlgan Movarounnahrning yangi hokimlari – Qoraxoniylar mahalliy ulamo-faqihlarga katta hurmat bilan qaradi. Yangi vaziyatda esa islom bilimdonlari sanalgan faqihlar ijtimoiy fikrning toʻliq egalari boʻlib qoldi. Biroq, hokimlar bilan faqihlar orasidagi munosabatlar bir tekis boʻlmay, baʼzida keskin tus olardi. Masalan, xoqonga nomaqbul maslahatlar bergani uchun mashhur faqih Shamsul aimma Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy (vaf. 1093-94 y.) Oʻzgandga surgun qilinib, zindonband qilingan, 1069 yili Buxoroda Ismoil ibn Ahmad Saffor qatl etilgan. Lekin koʻpincha hukumat va diniy nomayondalar orasidagi munosabatlar tinch xarakterga ega boʻlib, tomonlar bir-birlarining manfaatlarini hisobga olishga harakat qilgan. Markaziy shaharlardagi ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazishi mumkin boʻlgan faqihlar boshqa shaharlarga, koʻpincha Keshga surgun qilingan. Masalan, Shamsul aimma Halvoiy, Faxrul islom Pazdaviylarning vafotlaridan soʻng ularning jasadlari Keshdan ona shaharlariga olib kelinib dafn etilgan. Qarama-qarshi turgan kuchlar oʻrtasida muayyan muvozanat hukm surgan. Misol uchun, Buxoro jome masjidida hokimiyat tayinlagan xatib oʻz xutbasini oʻqib boʻlgach, omma orasida boobroʻ boʻlgan faqih namozga imomlikka oʻtgan[4: 370b].

Qoraxoniylar davrida iqtisodiyot, fan va madaniyat sohalarida mushtarak taraqqiyot yuz bergan. Hunarmandlik, savdo, fan, madaniyat, amaliy sanʼat rivojlangan. Kun sayin koʻpayib borayotgan madrasalarning katta xarajatlari vaqf mulklaridan tushgan daromadlar bilan qoplangan. Davlat arboblari, xayr­ehson egalari saroylar, doʻkonlar va hammomlar qurib, ularni va baʼzan oʻz yerlarini madrasalarga vaqf qilar edi [5]. Mudarrislar, mutavallilar va tolibi ilmlarning maoshlari ushbu mulklardan keladigan daromaddan toʻlangan. Masalan, Ibrohim Tamgʻochxon tomonidan yozilgan vaqfnomada belgilanganidek, Samarqand madrasasi mutavallisi (idora qiluvchisi)ning bir yillik maoshi 2000 dirham , fiqh mudarrisi maoshi 3600 dirham, adabiyot fanlari mudarrisi maoshi 1200 dirham, Qurʼoni karim mudarrisi maoshi 1200 dirham va toliblar maoshi 360 dirham boʻlgan. Oʻsha davrda mavjud narxlarga koʻra, bir mudarrisning bir oylik maoshiga 150­200 dona yopilgan non, 2­3 ta qoʻy sotib olish mumkin boʻlgan[6].

Turk tadqiqotchisi Kavakji bergan maʼlumotlarga koʻra, mazkur davrda 300 ga yaqin faqih mavjud boʻlib, 150 dan koʻproq fiqhiy (huquqiy) asarlar, 20 ta fatovo (fatvolar majmualari) yozilib, ulardan 98 foizi hanafiy mazhabiga tegishli boʻlgan.

Malikshohning (hukm dav. 1072-1092 yy.) Movarounnahrga 1089 yildagi yurishidan keyin Qoraxoniylar oʻzlarini Saljuqiylarning (hukm dav. 1038-1194 yy.) tobesi deb tan oldi. Saljuqiylarning Movarounnahr ichki ishlariga aralashuvi bu mintaqada hanafiylar va shofeʼiylarning oʻrtasidagi ziddiyatlarning yanada keskinlashuviga olib keldi. Shofeʼiylarga qarshi kurash jarayonida hanafiylar kalom masalalarida Abul Yusr Pazdaviy, Abul Muʼin Nasafiy, Alouddin Samarqandiy saʼy-harakatlari bilan Moturidiyya taʼlimotini qayta jonlantirdi. Usulul fiqh (islom huquqi qoidalari) sohasida Abu Zayd Dabusiy, Shamsul Aimma Saraxsiy, Faxrul islom Pazdaviy faoliyatlari natijasida hanafiylar anʼanaviylik qatʼiy talablariga javob beruvchi izchil taʼlimot, prinsiplari asosida yaratilgan asarlarga ega boʻldi. Furuul fiqh (islom huquqi sohalari) sohasida ham mazhab normalari sharʼiy dalillar asosida tartibga solindi. Bu sohada Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari fiqh ilmining mislsiz yodgorligi sifatida butun islom olamida eʼtirof etildi. Bu davrda hanafiylar va shofeʼiylar oʻrtasidagi keskin munosabatlar haqida ham manbalar xabar beradi.  Movarounnahrlik hanafiylar oʻz mazhablarining shofeʼiylardan ustunligini xalq koʻz oʻngida turli dalillar bilan isbotlashga urindi: Abu Hanifaning Imom Shofeʼiydan ilgari yashagani, shuning uchun sahoba va tobeinlardan dars olgani, ustozlarining soni 400 dan oshiq ekani, aksincha, Imom Shofeʼiyning ustozlari soni 80 ga yetmasligi va ular orasida Abu Hanifa shogirdlarining borligi haqidagi faktlar keltirildi. Shuningdek, hanafiy olimi Shamsul aimma Saraxsiy Imom Shofeʼiydan 10 marta koʻproq matnni yod biladi deb isbotladi. “Ahli hadis” va ular ichidan shofeʼiylar faoliyati katta shaharlarda, qishloqlarda, jumladan, Buxoro viloyatida, Shosh, Isfijob, Taroz, Usbanikat, Forob, Xiva shaharlarida kuzatiladi. Shoshda shofeʼiylik taʼlimotini Abu Bakr Muhammad ibn Ali Qaffol Shoshiy (vaf. 976-77 y.) tarqatdi. Abbodiyning biografik toʻplamida shoshlik besh faqihning tarjimai holi keltiriladi. Qoraxoniylar davri uchun ushbu mintaqa boʻyicha bironta ham hanafiy faqihning biografiyasi eslatilmaydi[7: 122].

Sulton Sanjar (hukm dav. 1097-1157 yy.) hukmronlik yillarida mahalliy hanafiy faqihlarining bir guruhini boshqasiga qarshi qoʻllab-quvvatlash siyosati olib borildi. Sulton Sanjar Safforiylar sulolasining sardori Ibrohim ibn Ismoil Safforni (vaf. 1139 y.) Marvga surgun qildi. U Buxoroda Sadrlar sulolasini qoʻllab-quvvatladi. U sadrlar sulolasi asoschisi Abdulaziz ibn Umar ibn Moza va uning oʻquvchisi Abdulaziz ibn Usmon Fazliy Nasafiy (vaf. 1138 y.) Buxoroda nishopurlik Soʼidiy hanafiy faqihlari oilasining noibi sifatida qozilik lavozimiga taʼyin etdi[8: 222].    Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Agadjanov S.G. (1991) Gosudarstvo Seldjukidov i Srednyaya Aziya v XI-XII vv. – M.: Nauka.
  2. Bartold V.V. Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya.− Sochineniye. T. I., T.VI. – M.: Vostochnaya literatura, 1963.
  3. Bekmirzaev, I. (2020). SUBJECT: QĀDĪʼS DĪWĀN ACTIVITIES IN ISLAM (THE 10TH-13TH CENTURIES). The Light of Islam, 2020(2), 98-109 // https://uzjournals.edu.uz/iiau/vol2020/iss3/7.
  4. Ömer Soner Hunkan. Türk Hakanlıgı (Karahanlılar) Kuruluş-Gelışme-Çöküş (766-1212). – Istanbul: Tanıtım Hızmetlerı Tıcaret Lımıted Şırketı, 2007. – 523 b., Reşat Genç. Karahanlı Devlet Teşkılatı(XI-XII.Yüzyıl). – Istanbul: Kültür Bakanlıgı Yayınlfarı, 1981.
  5. Gafurova, Irodaxon (2020) “ROLE OF WAQF PROPERTIES IN THE HISTORY OF TURKESTAN,” The Light of Islam: Vol. 2020 : Iss. 3 , Article 7 // https://uzjournals.edu.uz/iiau/vol2020/iss3/7
  6. Kavakcı Y. Z. XI ve XII Asırlarda Karahanlılar Devrinde Ma varaʼ al-Nahr İslom Hukukçuları. − Ankara: Sevinç Matbaası, 1976.
  7. Muminov A.K. Rol i mesto xanafitskix ʼulamaʼ v jizni gorodov Sentralnogo Mavarannaxra (II-VII/VIII-XIII v): Dis. … dokt. ist. nauk. – Toshkent: TIU, 2003.
  8. Bekmirzayev, I. I. (2014). Istoriko-pravovoye znacheniye zakonodatelnыx dokumentov, sostavlennыx v musulmanskom prave srednevekovыmi mazxabami. Credo new, (1), 7-7 // Akademiya Google https://scholar.google.com/scholar?
  9. Bekmirzaev, I. (2014). Hanafi Legal Documents in Transoxiana. The Advanced Science Journal, 5.
  10. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Katoʼib aʼlomi-l-axyor. – Toshkent: Oʻz FA SHI. – Qoʻlyozma № 91. – 171a, 179b, 193a v.
  11. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Katoʼib aʼlomi-l-axyor. – Toshkent: Oʻz FA SHI. – Qoʻlyozma № 91. – 82b, 149b v.
  12. Bosworth C.E. Abu Abdallah al-Khwarazmi on the technical terms of the secretaryʼs art (a contribution to the administrative history of mediaeval Islam) // Journal of the Economic and Social History of the Orient. – (Apr., 1969). – Vol. 12, № 2.
13. Norqobilov, Mirzoqul (2020) “Philosophical and logical analysis of sophistic thinking in the work “sharh al-aqeed annasafi” by the great thinker Sadeddin Taftazani,” The Light of Islam: Vol. 2020 :Iss. 3, Article 14 // https://uzjournals.edu.uz/iiau/vol2020/iss3/14.
Ilhomjon BEKMIRZAYEV,
OʻzXIA kafedra mudiri, Tarix fanlari doktori,
Irodaxon GAFUROVA,
Falsafa fanlari doktori (PhD), OʻzXIA

Check Also

Tarozidan urib qoluvchilarga vayl boʻlsin

(Abu Hafs Nasafiyning «At-Taysir fit tafsir» asari asosida) Ijtimoiy hayotda odamlar bir-biri bilan oldi-sotdi qilib, …