Home / MAQOLALAR / ABU NASR FOROBIYNING TAʼLIMNI RIVOJLANTIRISH BORASIDAGI QARASHLARI

ABU NASR FOROBIYNING TAʼLIMNI RIVOJLANTIRISH BORASIDAGI QARASHLARI

Vatan ostonadan, inson yashab, nafas olib turgan goʻshadan boshlanadi. Odamzot oʻzi voyaga yetgan ona zaminga doim mehr-muhabbat koʻrsatishi, uning muqaddas sanalgan har bir hovuch tuprogʻini koʻziga tutiyodek surishi, unga nisbatan bir umr farzandlik sadoqati bilan yashashi ham farz ham qarzdir[1].

Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ ibn Tarxon Forobiy (873-950 yy., Oʻtror shahri) islom ilmlari gʻoyatda rivojlangan, kuch-qudratga toʻlgan, butun musulmon olamida, xususan, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Bagʻdodda qator ilmiy markazlar vujudga kelgan bir ajoyib davrda yashab ijod qildi. Oʻsha vaqtlari Qurʼon ilmlari, ayniqsa, tafsir gʻoyat taraqqiy etgan, hadis ilmi misli koʻrilmagan darajada rivojlanib, oʻzining yuksak choʻqqisiga yetgan hamda toʻrtta fiqhiy mazhab yuzaga kelib, musulmon xalqlari orasida mustahkam islom qonunshunosligi vujudga kelgan edi.

Abu Nasr Forobiy yunonlarning ilmini, xususan, Arastuning falsafiy merosini chuqur oʻrganib chiqib, islom olamida ilohiy hikmatlar manbai boʻlgan Qurʼon va hadislarga asoslangan falsafa ilmiga asos soldi. Shu sababli “Islom ulamolari orasidagi ilk faylasuf”, “Muallimus soniy” va “Sharq Arastusi” nomlari bilan Gʻarbu Sharqda shuhrat qozondi. Ilmning turli sohalariga oid 160 dan ortiq asar va risolalar yozdi. Allomaning kitoblari, xususan, “Fozil odamlar shahri” deb nomlangan asari Sharq maʼnaviyatida yangi sahifa ochib berdi. Bu asar asrlar osha hanuzgacha bashariyatni baxt-saodat va maʼnaviy komillik sari yetaklovchi muhim vositalardan biri boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Shu bois yurtimizda Abu Nasr Forobiy ilmiy-maʼnaviy merosining gultoji boʻlgan bu asarni oʻrganib, ilmiy tadqiq etish va keng ommaga yetkazishga keng eʼtibor berilmoqda.

Alloma mazkur asarida axloqshunoslik, musiqashunoslik, davlat boshqaruvi, falsafa va mantiq ilmi masalalari bilan birga, taʼlimni rivojlantirish borasida oʻzining aniq va asosli nazariy qarashlarini olgʻa suradi. Jumladan, insonni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishda muhim oʻrin tutuvchi vositalarni, bunda jamiyat va taʼlim-tarbiyaning oʻrni haqidagi fikr va qarashlarini oʻrtaga tashlaydi. Shuningdek, alloma odamzotning insoniy fazilatlar bilan yoʻgʻrilgan holda shakllanib, kamolga yetishini va bunda jamiyatning alohida oʻrni borligini taʼkidlaydi: “Inson tugʻilganda kamolotli boʻlib tavallud topmaydi, odamlar orasida oʻsha vaqti farq ham boʻlmaydi, ularning xulqi, faoliyati, hayoti oʻxshash boʻladi, faqat keyinchalik oʻzgaradi, yaʼni ijtimoiylashuv jarayonida jamiyatda odamlar ming yillardan buyon amal qilib kelayotgan qadriyat va meʼyorlarni qabul qiladi. Ularga moslashadi, tevaragidagi voqealar va muhit taʼsirida yaxshi yoki yomon odatlarni oʻrganadi. Shu bois odamlardagi xato va kamchilik, yutuq va muvaffaqiyatlar ularda jamiyat rivojiga qarab keyinchalik shakllanadi. Inson jamiyatdagi qarama-qarshiliklarni oʻziga singdira boshlaydi va bu jarayonda har xil mushkulotlarga duch keladi”.

“Inson faoliyatining adolatga yaqin yo uzoqligi uning aql-zakovati, xulqi, yashayotgan jamiyatiga bogʻliqdir. Unda yomonlik haqidagi fikrlar ozroq boʻlsa, adolatga yaqin boʻladi, koʻproq boʻlsa, adolatdan, insofdan uzoqroq boʻladi. Xulq, albatta, insondagi yaxshi yoki yomon xislatlarning nisbatiga bogʻliqdir”, deb, shakllanib kelayotgan yosh avlod ongidan yomon illatlarni chiqarib tashlab, ularning oʻrnini yaxshi xislatlar bilan toʻldirish zarurligini uqtiradi.

Forobiy yoshlarda taʼlim-tarbiya taʼsirida ijobiy xislatlar va insoniy fazilatlarning shakllanishi haqida soʻz yuritib: “Har bir inson boshdan komil emas, ammo tugʻma ravishda oʻziga xos boʻlgan ichki shuur ila bosqichma-bosqich komillikka jiddu jahd bilan intiladi”, deydi va bu jarayonda ularga oʻzlari qiziqqan kasb-hunarni oʻrgatish lozimligini, agar oʻzlarida biror kasbga intilish yo istak boʻlmasa, majburiy tarzda taʼlim berish kerakligini aytadi. Yaʼni, taʼlim-tarbiya borasida ikki yoʻl: ixtiyoriylik va majburiylikni qoʻllash toʻgʻrisida oʻz tavsiyalarini ilgari suradi.

Ixtiyoriy holatda taʼlim-tarbiya berishda “qanoatbaxsh, chorlovchi, ilhomlantiruvchi soʻzlar yordamida odat hosil qilinadi, malaka vujudga keltiriladi, odamdagi gʻayrat, qasd-intilish harakatga aylantiriladi”, deb intiluvchan talabani uning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish uchun ilm va hunar tomon yetaklash va bunda bor imkoniyatlardan foydalanish zarurligini uqtiradi[2].

Nazariy va amaliy bilimlarga intilmaydigan, hayotda biror maqsadga ega boʻlmagan yoshlarni kinoyali tarzda “…gapga kirmaydigan qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlar. Chunki ular oʻz istaklaricha, soʻz bilan gʻayratga kiradiganlardan emas. Ulardan birortasi nazariy bilimlarni oʻrganishga kirishsa, uning fazilati yaxshi boʻladi. Kasb-hunarlarni va juzʼiy sanʼatlarni egallashga intilish boʻlmasa, bunday odamlarni majbur etmaslik kerak. Chunki shahar xalqlariga tarbiya berishdan maqsad ularni fazilat egasi qilish va sanʼat ahllariga aylantirishdir”, deya bayon qilib, ularga majburiy taʼlim-tarbiya berish usulini qoʻllash kerakligini, bu jarayonda talabaning qanday kasb-hunarga salohiyati yetarli ekanini aniqlash va salohiyati yetmagan narsaga majburlamaslik zarurligini aytadi[3]. Jumladan, tarbiya haqida alohida fikr bildirib: “Tarbiya oqillikni vujudga keltiradi. Kishining tarbiyasi boʻlmasa, u bemaʼnilikni xush koʻradi”, deydi[4].

Demak, Forobiy taʼlim-tarbiya berishda yoshlar nimalarga qiziqishi, ularning qanday kasb-hunarga intilishi bilan hisoblashish va intilishi boʻlmagan yoshlarni muayyan bir kasbga yoʻnaltirish metodikasini bundan oʻn asr oldin ilgari surgan. Alloma orzu qilgan va oʻz asarida bayon etgan bu taʼlim tizimi bugungi kunda bizning diyorimizda toʻlaligicha oʻzining amaliy ifodasini topmoqda. Hozir yetishib kelayotgan yosh avlod uchun majburiy oʻrta taʼlim va toʻgaraklar, keyin esa muayyan kasbga yoʻnaltirilgan uch yillik ixtiyoriy-majburiy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgani Forobiy gʻoyalarining hayotda oʻz isbotini topganiga yorqin dalildir.

Biz “Fozil odamlar shahri” asaridan faqat allomaning taʼlimga oid qarashlari haqida soʻz yuritdik. Albatta, bu kitobning hikmatlari bisyor. Buni mazkur asar zamonlar osha oʻzining qiymati va dolzarbligini yoʻqotmay kelayotganidan ham anglab yetish mumkin. Allomaning bu kitobi qanchalik koʻp mutolaa qilinsa, oʻzidagi sir va hikmatlarni shunchalik koʻp namoyon qilaverishi shubhasizdir. Jumladan, bu asar yoshlarimizning axloqiy tarbiyasida, ayniqsa, oʻzligini anglashida ular tayanadigan bebaho manbalardan biri boʻlib xizmat qiladi.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. Oʻzbekiston tarixi kafedrasi. “Oʻzbekiston tarixi” fanidan maʼruza matnlari, Toshkent – 2010.
[2] Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Abdulla Qodiriy nashriyoti, T.: – B 184.
[3] Oʻsha asar. – B 185
[4] Oʻsha asar. – B 30.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …