Home / MAQOLALAR / SHAMOILUN NABAVIYNING QOʻLYOZMA NUSXALARI

SHAMOILUN NABAVIYNING QOʻLYOZMA NUSXALARI

IX-XII asrlar Islom Renessansi deb, eʼtirof etilgan. Aynan oʻsha davrda davlat yuritishdagi siyosat tubdan oʻzgarishi bilan bir qatorda ilm-fanning turli sohalarida yuksak choʻqqilar zabt etilgan. Ayniqsa tafsir, hadis, kalom, fiqh, tilshunoslik, matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziya va geografiya kabi yangi sohalarga qiziqish kuchaygan. Natijada Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Farobiy, Mahmud Zamaxshariy, Abulmuin Nasafiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy kabi yuzlab ajdodlarimiz serqirra isteʼdod sohiblari boʻlib yetishgan.

Bu davrda yashab oʻtgan Movarounnahr hadis maktabining yirik vakillaridan biri, mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sullamiy Termiziydir. U 209/824 yil Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida tavallud topib, 279/892 yil yetmish yoshda vafot etgan[1].

Imom Termiziy hadis ilmining sultoni, deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning shogirdidir. U diniy va dunyoviy ilmlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan oʻrgangan. Alloma Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada boʻlib, u yerning yirik olimlaridan hadis va fiqh kabi ilmlar boʻyicha taʼlim olgan. Shu bilan birga Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadislarni jamlagan.

Alloma oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Sunani Termiziy”,  “Shamoilun nabaviy”  (“Nabaviy xulq asoslari”), “Ilalu fil hadis” (“Hadislardagi illatlar”), “Risolatu fil xilofi val jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “Tarix”, “Kitobuz zuhd”  (“Zohidlik  kitobi”), “Kitobul asmou val kunya” (“Ismlar va kunyalar kitobi”) kabi asarlar shular jumlasidandir. Allomaning “Sunani Termiziy” asari “Jomiʼus sahih” (“Ishonarli toʻplam”), “Jomiʼul kabir” (“Katta toʻplam”) yoki (“Sahihi Termiziy”) nomlari bilan mashhur boʻlib, 6 ta ishonchli hadislar toʻplamidan biri hisoblanadi. Imom Termiziyning Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy hayoti, U zotning surat, siyrati, ajoyib fazilatlari va odatlariga bagʻishlangan mashhur yana bir asari “Shamoilun nabaviy” boʻlib, u 408 hadisni oʻz ichiga olgan.

Darhaqiqat, dunyoda hech bir inson tarixi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari kabi mukammal oʻrganilmagan. U zotning sunnatlari, xolqiy va xulqiy sifatlarini vasf etuvchi hadislar koʻplab muhaddislar tomonidan kitobat qilingan. Ularning ichida Imom Termiziy qalamiga mansub asarning ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati juda yuqori boʻlib, u oʻziga xos uslubi bilan Paygʻambar alayhissalom shamoyillariga oid boshqa asarlardan alohida ajralib turadi. Mazkur asar koʻp asrlardan beri nafaqat tadqiqotchi olimlarning diqqatini, balki Paygʻambar alayhissalomning siyrat va fazilatlarini oʻrganishga qiziqqan barcha musulmonlarning eʼtiborini oʻziga tortib kelgan.

Asarni mazmun-mohiyatiga koʻra ikki qismga boʻlish mumkin. Birinchi qism: bunga Paygʻambar alayhissalomning xolqiy sifatlari – surat (tashqi qiyofa)larini tavsiflagan hadislar kiradi. Ularga koʻra Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yirik suyakli, oʻrta boʻyli, gavdali, baquvvat, xushbichim, koʻkraklari keng, qorinlari bilan koʻkraklari bir (tekis), qoʻllari goʻshtdor va peshonalari keng va koʻzlari katta-katta boʻlganini bilib olish mumkin.

Ikkinchi qism: bunga Paygʻambar alayhissalomning siyratlari – ichki dunyosi va axloqiy sifatlariga oid hadislar kiradi. Ular orqali Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom axloqiy jihatdan namunaviy, mukammal bir siymo boʻlganini bilib olish mumkin. Jumladan, U zot kattayu kichik, ayol-erkak, boy-kambagʻallar bilan bir xil muomalada boʻlganlar. Basharti biror kishi nojoʻya ish qilib, uzr soʻrasa, uzrini qabul qilganlar. Yoʻlda uchragan barcha kishilarga birinchi boʻlib salom berib, samimiy hol-ahvol soʻrashganlar.

Mazkur asarning qoʻlyozma nusxalari yer kurrasining deyarli barcha mintaqalaridagi arxiv, muzey va kutubxona fondlarida saqlanib kelmoqda.

Jumladan:

Mahalliy fondlardan Oʻzb FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 1510 va 1533 yillarda[2] koʻchirilgan nusxalari;

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida XVI asrga oid qoʻlyozma nusxasi;

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida inv.№ 71 raqam ostida bir nusxasi saqlanmoqda[3].

Xorijiy fondlardan Saudiya Arabistoni “Jomiʼul Malikis Saud” kutubxonasida inv.№277, 938, 1765, 2292, 2961, 5355, 6922, 7895 va 8135 raqam ostida, “Maktabatul Jomiʼil Islom”  kutubxonasida inv.№701 va 3280 raqam ostida;

Amerika Qoʻshma Shtatlari Michigan universiteti kutubxonasida inv.№211 va 488 raqamlar ostida;

Fransiya milliy kutubxonasida inv.№ 709, 712, 713, 723, 5971, 6841 raqamlar ostida;

Gruziyadagi Korneli Kekelidze nomidagi Gruziya milliy qoʻlyozmalar markazida inv.№ 123, 447, 539, 687 va 609 raqam ostida[4] bir necha nusxalari saqlanmoqda.

Hozirda mazkur nusxalardan “Jomiʼul Malikis Saud” kutubxonasidagi 9 ta, “Maktabatul Jomiʼil Islom” kutubxonasidagi 2 ta, Michigan universiteti kutubxonasidagi 2 ta va Fransiya milliy kutubxonasidagi 6 ta qoʻlyozmaning elektron shakli Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazining elektron bazasida saqlanmoqda.

Ulardan baʼzilarining tavsifiga qisqacha toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, Saudiya Arabistoning “Jomiʼul Malikis Saud” kutubxonasida inv.№ 277 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma toʻliq boʻlib, 102 varaqni tashkil qiladi. Oʻlchami 22×15.5 sm.. Asar matni satrlari 11 qatorni tashkil etib, ular zarhal rangli ramka ichiga olingan. Asar hoshiyasida matndagi baʼzi soʻzlarga izohlar yozilgan. Poygiri bor. Asarning 3varagʻida kitob fihristi (mundarijasi) keltirilgan boʻlib, unda asar ichidagi 55 ta bob nomlari keltirilgan. Uning 4b varagʻida esa zarhal unvoni ham bor. Asar 4varaqdan basmala bilan boshlanib, Alloh taologa hamd, Paygʻambar alayhissalomga salovat keltirib, asar muallifi va birinchi bob nomini keltirgan holda davom etib ketgan:

الحمد لله وسلام على عباده الذين اصطفى قال الشيخ الحافظ ابو عيسى محمد بن عيسى بن سورة الترمذى رحمه لله باب ما جاءَ فى خلق رسول الله صلى عليه وسلم .

Asar nasx xatida koʻchirilgan boʻlib, bob nomlari, “haddasana”,  “haddasani” va  “axbarana” kabi soʻzlar qizil siyohda yozilgan.

Asar oxiri 102a varaqda.

عن ابن سيرين قال هذا الحديث دين فانظروا عمن تأخذون دينكم .   

Ibn Sirriyn rahimahulloh: “Hadis dindir, dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar” dedi, rivoyati bilan tugagan. Yaʼni diniy ilmlar jumladan, hadis, tafsir, fiqh, aqoid, axloq va shu kabi ilmlar dindir. Chunki, inson ular vositasi bilan oʻz diniga oid taʼlim, tarbiyani oladi va diniy hukmlarini oʻrganadi.        Davomi bor…

[1]Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar, Termiz tazkirasi. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2017. –B.115.
[2] Ubaydulla Uvatov. Ikki buyuk donishmand. –T.: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. 2005. –B.7.
[3] Qoʻlyozmalar katalogi. Samarqan. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti. 2018. –B.102.
[4] Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri. T-1. –T.: “Tasvir” nashriyot uyi. 2020. –B.60.
Yoʻldoshxon Isayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …