Home / MAQOLALAR / “USULUL FIQH” ILMINING UCH USTUNI(2-qism)

“USULUL FIQH” ILMINING UCH USTUNI(2-qism)

Ammo muallif “Usul” asarini qachon yozib tugatgani haqida xabar qoldirmagan. Asarni yozishga kirishganidan vafotiga qadar boʻlgan muddat qisqaligi hamda asar mavzularini taqsimlash, tartiblashda ochiqlanmagan ayrim mavhumliklar borligi uni yakunlagandan soʻng qayta koʻrib chiqish, tahrirlash imkoniyatiga ega boʻlmaganini bildiradi. Shunday boʻlsa-da, asar yuqori ilmiy saviyada yozilgani sababli har doim ilm ahlining eʼtibor markazida boʻlgan.

“Usulus Saraxsiy” 1954 yil Abul Vafo Afgʻoniy tomonidan ikki jildda nashrga tayyorlanib, Hindistonning Haydarobod shahrida “Dorul maorif Noʻmoniya” nashriyotida chop etilgan. Keyinchalik Bayrutda 1973, 1993 va 1997 yillari qayta nashr etilgan.

Hanafiylik usulul fiqhi Faxrul islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy ilmiy faoliyati orqali oʻzining eng yuqori darajasiga koʻtarildi. Olim oʻzining “Usulul Pazdaviy” nomi bilan mashhur boʻlgan “Kanzul usul ila maʼrifatil usul” asarida oʻzigacha boʻlgan usulga oid barcha qarash, yondashuv, rivoyat va dalillarni jamladi hamda ularni yangicha uslub bilan tahrirlab, ixchamlashtirib, aniqlashtirib berdi. Natijada mazkur kitob usulul fiqh xulosasi oʻlaroq yuzaga keldi va keyingi davr manbalari asosan unga tayanib yozildi. Mashhur arab tarixchisi Ibn Xaldun (1332-1406) oʻzining mashhur “Muqaddima”sida: “Usulul fiqhning hanafiylar yoʻnalishida juda koʻp asarlar yozilgan. Avvalgilardan Abu Zayd Dabusiyning kitobi, keyingilardan Sayful islom Pazdaviyning asari eng foydali va mukammalidir”, deb eʼtirof etadi [13: 428].

“Usulul Pazdaviy” asari muqaddimasida muallif uni yozishdan koʻzlagan maqsadi haqida toʻxtalib oʻtgan: “Fanni muxtasar holda, aniq va tizim bilan yoritib berish, amaliy misollar bilan bogʻlab tushuntirish toki oʻz bobida murojaat etiladigan manba boʻlsin”. Muallifning maqsadi qanchalik amalga oshganini asarlar haqida maʼlumot beruvchi mashhur manba – “Kashfuz zunun” (“Shubhalarni ochish”)da kelgan quyidagi jumlalardan bilish mumkin: “Usulul Pazdaviy oʻzida qimmatli maʼlumotlarni jamlagan muhim manbadir va faqihlar unga sharh yozishda goʻyo musobaqa qilgan”. Mazkur satrlar muallifi Hoji Xalifa soʻzining davomida asarga yozilgan sharhlardan oʻndan ortigʻi haqida maʼlumot berib oʻtgan [14: 182].

Usulul fiqhga oid keyingi davr adabiyotlarining barchasi “Usulul Pazdaviy”ga bevosita yoki bilvosita bogʻliq ekanini koʻrish mumkin. Asarga bevosita sharh, hoshiya, taxrij, muxtasar va muntaxab turkumida yozilgan kitoblar soni juda koʻp boʻlib, tadqiqotlarda hozirgacha aniqlangan ellikka yaqin ana shunday asar haqida maʼlumot beriladi [15: 198]. Jumladan, Hamiduddin Ali Romishiy Buxoriy (vaf. 667/1268 y.)ning “Favaid ala usulil Bazdaviy”, Husomiddin Husayn Sigʻnoqiy Buxoriyning (vaf. 714/1314 y.) “Kofiy sharhul Bazdaviy”, Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriy (vaf. 730/1330 y.)ning “Kashful asror an Usuli Faxril islom Bazdaviy” va Akmaluddin Bobartiy Misriy (vaf. 786/1398)ning “Taqrir li usulil Bazdaviy” nomli sharhlari, Abulfido Zaynuddin Qosim ibn Qutlubugʻo (vaf. 1474 y.)ning “Taxrij ahadisi Usul Bazdaviy” asari hamda Husomuddin Axsikatiy Fargʻoniyning (vaf. 644/1246 y.)ning “Muntaxabul Husomiya” va Abul Barakot Nasafiy (vaf. 710/1310)ning “Manorul anvor” nomli muxtasar (qisqartma)lari “Usulul Pazdaviy” asosida yozilgan mashhur manbalardir. Ular bir necha marta nashr etilgan [16: 142].

“Usulul Pazdaviy”ning 2016 yilgi nashrini amalga oshirgan Doktor Said Bekdosh Faxrul islom Pazdaviy va uning saboqdosh doʻsti Shamsul aimma Saraxsiyning sohaga oid “Usul” asarlari qiyosiy oʻrganib, bunday xulosa qiladi: “Pazdaviyning “Usul” asari Saraxsiyning shu sohadagi kitobidan ancha oldin yozilgan edi va “Usulul Pazdaviy” hamda “Usulus Saraxsiy” oʻrtasida uslub va maʼlumotlarda oʻxshashliklar mavjudligi, hatto baʼzi oʻrinlar bir-biriga harfma-harf monand ekanidan, Pazdaviyning asari muallif davridayoq ilm ahli eʼtiboriga tushgani va asosiy tayanch manba sifatida qabul qilinganini bilish mumkin” [17: 29].

Manbalarda Faxrul islom Pazdaviy Dabusiyning “Taqvimul adilla”siga izoh va qisqartma sifatida “Sharh Taqvimul adilla” hamda “Muntaxab Taqvimul adilla” nomli asarlar yozgani keltirilsa-da, ularning faqat ikkinchisi bizgacha yetib kelgan [18: 126].

“Usulul Pazdaviy”ning dunyo boʻylab qoʻlyozma nusxalari ham keng tarqalgani ilmiy doiralarda uni tan olingan manba sifatida qabul qilinishini bildiradi. Gʻarb olimi Karl Brokelman asarning Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika mamlakatlaridagi kitob fondlarida saqlanayotgan yigirma beshta qoʻlyozma nusxasi haqida maʼlumot keltirgan [19: 289]. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti asosiy fondida ham asarning uchta nodir qoʻlyozma nusxasi № 1397, № 3112, № 4739 inventar raqamlari bilan saqlanmoqda[9: 187].

Dabusiy, Saraxsiy va Pazdaviy asarlari orqali usulul fiqh ilmi oʻzining yakuniy shakli va mazmuniga ega boʻldi va ular haqli ravishda fanning “arkonus salasa” (“uch ustuni”) unvoniga sazovor boʻldi. Butun musulmon ummati ularning soʻzlarini, asarlarida bildirgan fikrlarini eng toʻgʻri va yakuniy xulosa sifatida qabul qiladi [3: 16].

Xulosa qilib aytganda, usulul fiqh ilmi dastavval Iroq oʻlkasida yuzaga kelgan boʻlsa-da, keyingi asrlarda movarounnahrlik faqihlar saʼy-harakatlari bilan rivojlanib, toʻlaqonli fan sifatida shakllandi. Mazkur faqihlardan Abu Zayd Dabusiy, Faxrul islom Pazdaviy va Shamsul aimma Saraxsiy oʻz ilmiy ishlari orqali hanafiylik usulini toʻliq shakllantirdi, mavzularini tizimga va tartibga solib chiqdi hamda barcha qarash va fikrlarni umumlashtirib, tahrirdan oʻtkazdi.

Movarounnahrlik ulamolarning usulul fiqhga oid asarlari butun musulmon olamida eʼtiborli manbalar sifatida qaraladi. Ularda koʻtarilgan masalalar bugungi kunda ham dolzarblik kasb etib, ilmiy dargohlarda darslik sifatida oʻqitiladi. Islom dini maqsadi va mazmun-mohiyatini teran anglashga bagʻishlangan mazkur asarlar jamiyatimizda dinni toʻgʻri tushunish bilan bogʻliq ayrim muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga egadir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Sayyid Sharif Jurjoniy. Taʼrifot. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1983.
  2. Pazdaviy – arabcha manbalarda Bazdaviy (البزدوي) shaklida qoʻllangan. Ammo oʻzbek olimlari til xususiyatidan kelib chiqib, “Pazdaviy” shaklida qabul qilingan. U.Uvatov. Buyuk allomalar yurti. – T.: “Oʻzbekiston” NMIU, 2016.
  3. Fahriddin Attor. Usulul fiqh. – Istanbul: IFAV, 2013.
  4. Abdulhamid Haysam. Tatovvur al-fikr al-usuliy. – Ar-Riyod: Muhammad ibn Saʼud universiteti, 1998.
  5. Faxru-l-islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy. Usulul Pazdaviy. – Karachi: Mir Muhammad kutubxonasi, 1909.
  6. Abu Bakr Jassos. al-Fusul fi ilmil usul. – Bahrut: Dorul kutub al-ilmiya, 1996. – J I.
  7. Z. Najmiddinov. Abu Zayd ad-Dabusiy ilmiy merosining Movarounnahr fiqh ilmi rivojidagi oʻrni. – T.: OʻzXIA nashriyot-matbaa birlashmasi, 2019.
  8. Abu Zayd Dabusiy. Taqvimul adilla // noshir Xalil Muhyiddin al-Mis /. Dor al-kutub al-ilmiya, 2001.
  9. OʻzSSR fanlar akademiyasining sharq qoʻlyozmalari toʻplami (SVR) // muharrir A.A.Semyonov. T.: OʻzSSR FA nashriyoti, 1957. –J. IV.
  10. Fuad Sezgin. Tarix at-turos al-arabiy. Ar-Riyod: Muhammad ibn Saʼud universiteti, 1991. – J. 3.
  11. Abu Zayd Dabusiy. Taʼsis an-nazar. – Qohira: Maktabatu Subayh, 1974.
  12. Muhammad Abu Bakr Saraxsiy. Usul //Abul Vafo Afgʻoniy tahriri ostida /. – Haydarobod: Dor al-maʼorif an-Noʻmoniya, 1957. – J. I.
  13. Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. Islom huqushunosligi. Hanafiy mazhabi va Oʻrta Osiyo faqihlari. –T.: “TIU” nashriyoti, 2002.
  14. Ibn Xaldun. Al-Muqaddima. – Qohira: Maktabatu Ibn Taymiya, 1980.
  15. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun an asamil kutub val funun. – Bayrut. Dor kutub al-ilmiya, 1992. – J. 1.
  16. S.Gʻaybullayev. Usulul Pazdaviy asosida yozilgan asarlar. – Samarqand: “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali. 2021 (maxsus son).
  17. Hisomiddin Sigʻnoqiy. Al-Kofiy //Faxruddin Muhammadsayyid Muhammadqonit tahriri ostida/. – Ar-Riyod. Maktaba ar-Rushd, 2001.
  18. Faxrul islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy. Usulul Pazdaviy //doktor Said Bekdosh tahriri ostida/. – Madina: Dorus siroj. 2016.
  19. K.Brokelman. Tarixul adab al-arabi // arab tiliga tarjimon Doktor Abdulhalim Najjor /. – Qohira: Dor al-Maʼorif, 1989. – J. III.
Saidahmadxon GʻAYBULLAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …