Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING SOʻNGGI KUNLARI

IMOM BUXORIYNING SOʻNGGI KUNLARI

Imom Buxoriy Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahih hadislarini toʻplab, islom olamiga tanilganidan soʻng ona vataniga qaytib keladi. Buxoro xalqi oʻzining faxri boʻlgan muhaddis olimni shodlik bilan kutib oladi. Odatdagidek buyuk muhaddis xalqqa hadis aytishni boshlaydi.

Darslarda son-sanoqsiz odamlar hozir boʻlar edi. Kuchli va yoqimli ovoz sohiblari Imom Buxoriy aytgan har bir hadisni xalqqa yetkazib turar edi.

Xalq gʻoyatda xursand boʻlib, Imom Buxoriydan dars olish baxtidan mamnun edi. Kun sayin dars ishtirokchilari koʻpayib, atrofdagi qishloqlardan ham odamlar kelib, ularga qoʻshilar edi. Bu bilan Imom Buxoriyning obroʻ-eʼtibori yanada ortib borar edi. Shunday bir paytda  Buxoroning voliysi Xolid ibn Ahmad Zoʻhliy Imom Buxoriyga odam yuborib,  farzandlariga “Sahihul Buxoriy” va “Tarix”dan dars berishni talab qiladi. Imom Buxoriy uning huzuriga borishdan bosh tortadi. Voliy yana odam yuborib, Imom Buxoriydan oʻz farzandlari uchun alohida, boshqalarni aralashtirmasdan hadis majlisi oʻtkazishni amr qiladi. Imom Buxoriy bu buyruqni ham qabul qilmaydi. Oqibatda voliy Imom Buxoriyni Buxorodan chiqarib yuborishni amr qiladi.

Imom Buxoriy duosi mustajob – toʻxtovsiz qabul boʻladigan zotlardan edi. Qiynalgani sababli oʻziga zarar bergan odamlar haqida: “Ey Allohim! Menga qilgan dushmanligini oʻziga, avlodlariga va ahli ayoliga koʻrsatgin!” deya duo qiladi. Bir oy oʻtmasdan Tohiriylarning amiri kelib, voliy Xolid ibn Ahmad Zoʻhliyni ishdan oladi. Keyin u hajga borish maqsadida yoʻlga chiqadi. Bagʻdodga yetganida xalifa Moʻtamadning ukasi Muvaffaq ibn Mutavakkil uni tutib qamaydi va u qamoqda vafot etadi.

Boshqalar ham ahli oilasi bilan baloga uchrab, boshiga koʻp qiyinchiliklar tushadi.

Imom Buxoriy Buxorodan chiqib, Samarqand tomon yuzlanadi. U kishi yoʻlda Samarqand voliysi ham u kishining kelishidan xursand emasligidan xabar topadi. Shu sababli Samarqandga yetmay, ikki farsax masofadagi Xartang qishlogʻida yashovchi qarindoshinikiga kelib tushadi. Imom Buxoriy kechalari namoz oʻqib ibodat qilar edi. Bir kecha tungi namozdan keyin: “Ey Allohim! Yer yuzi barcha narsasi ila menga tor boʻlib qoldi. Meni oʻzingga olgin!” deb duo qiladi. Shundan keyin bir oy oʻtmay vafot etadi.

“Tabaqot ash-Shofiyya” kitobida Muhammad ibn Abu Hotim Imom Buxoriy uyida yashagan Gʻolib ibn Jabroildan bunday hikoyani keltiradi: “Abu Abdulloh biznikida bir necha kun yashadi. Keyin bemor boʻlib qoldi. Ahvoli ogʻirlashganda, Samarqand voliysining elchisi kelib, oʻzi bilan birga olib ketishini aytdi. Chunki Samarqand xalqi voliydan Imom Buxoriyning kelishini talab qilgan edi. Ulugʻ mehmonimiz Samarqandga borishga tayyorlana boshladi. Mahsilarini kiydi. Sallasini oʻradi. Men u kishining bilagidan suyab yigirma qadam yurgan vaqtimda, boshqa kishi minishi uchun ulovni yetaklab kelayotganda, u kishi: “Meni qoʻyinglar, yurishga holim boʻlmayapti”, deb oʻtirib oldi. Shu vaqtda u kishidan juda koʻp ter oqdi. Bir qancha duolar qilganidan keyin yonboshladi va jon taslim qildi. Imom Buxoriyning bizga qilgan vasiyatlari orasida: “Meni uchta oq mato bilan kafanlanglar. Ular orasida koʻylak va salla boʻlmasin”, dedi. Biz shunday qildik”.

Abdulvohid ibn Odam Tavovusiy aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushimda koʻrdim. U zot bilan birga bir toʻp sahobalari ham bor edi. U zot bir joyda turibdilar. Salom bergan edim, alik oldilar.
“Ey Allohning Rasuli! Bu turishingizning boisi ne?!” dedim.
“Muhammad ibn Ismoilni kutib turibman”, dedilar.
Bir necha kundan keyin uning vafoti haqida xabar keldi. Tekshirib koʻrsam,  Nabiy sollallohu alayhi vasallamni tushimda koʻrgan kunda Imom Buxoriy vafot etgan ekan”.

Imom Buxoriy Ramazon hayitiga oʻtar kechasi xufton namozi vaqtida vafot etdi. Ramazon hayiti kuni, juma namozidan keyin 256/870 yili birinchi shavvol kuni Xartangda dafn qilindi.

 “Al-Bidoya van-Nihoya” kitobida Imom Buxoriyning dafn marosimiga bosh-qosh boʻlgan Ibrohim ibn Muhammaddan rivoyat qilinadi: “Men Muhammad ibn Ismoilning dafn marosimiga mutasaddi boʻlganman. U Xartangda vafot etganidan keyin Samarqand shahriga olib borib dafn qilmoqchi boʻldim. Ammo bir oʻrtogʻimiz bunga qarshilik qilgach, Xartangga dafn qildik”.

 “Al-Bidoya van-Nihoya” va boshqa manbalarda yozilishicha, Imom Buxoriy qabrining tuprogʻidan mushk-anbarning hidi anqib chiqib, qabr ustidan oppoq ustunlar osmonga qarab boʻy choʻzgan ekan. Buni koʻrgan odamlar Imom Buxoriyning avliyo zot ekanini gapirgan. Imom Buxoriy bu dunyoda oʻn uch kun kam oltmish ikki yil hayot kechirgan.

Otabek Bahriyev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …