Home / MAQOLALAR / “USULUL FIQH” ILMINING UCH USTUNI

“USULUL FIQH” ILMINING UCH USTUNI

Islom ilmlari orasida eng koʻp murojaat etiladigan fan fiqh boʻlib, u islom qonunchiligidan odob-axloq meʼyorlarigacha boʻlgan barcha sohalarni oʻz ichiga olgan. Fiqh mavzulari inson hayotining hamma jabhalarini qamrab olgani sababli uni oʻrganishga talab doim yuqori boʻlgan. Islom fiqhi ikki yirik tarmoq yoki ikki asosiy qism: usulul fiqh, furuʼul fiqhga boʻlinadi.

Usulul fiqh shariatning asosiy manbalari hisoblangan Qurʼon, sunnat, ijmoʼ va qiyosga tayangan holda sharʼiy hukmlar ishlab chiqish qoidalarini oʻrganuvchi fandir. Temuriylar davri olimlaridan Sayyid Sharif Jurjoniy (1340-1414) “Taʼrifot” (“Taʼriflar”) asarida: “Usulul fiqh sharʼiy-amaliy hukmlarga yetkazuvchi qoidalar majmuidir”, deb yozgan. Mutaxassislar mazkur taʼrifni sharhlab, usulul fiqh mavzusi sharʼiy dalillar, vazifasi esa islom huquqshunoslarida dalillardan amaliy hukm ishlab chiqish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat, deydi. Shuningdek, mazkur fan kalom, tafsir, hadis, islom tarixi kabi fanlar bilan bir qatorda, tilshunoslik, mantiq, falsafa va jamiyatshunoslik fanlari bilan ham uzviy bogʻliq ekani taʼkidlanadi [1: 26]. Ushbu ilmni mukammal oʻzlashtirgan mutaxassislarga usuliy olim, faqih deb nom berilgan va ular ijtimoiy hayotda paydo boʻlayotgan yangi masalalarga shariatning munosabatini koʻrsatib, unga islom huquqi boʻyicha baho beradi.

Usulul fiqh dastavval fiqh fani tarkibida Iroqda II-III (m.VIII-IX) asrda shakllana boshlagan boʻlsa, keyingi asrda aynan movarounnahrlik olimlar saʼy-harakati bilan rivojlanib, mustaqil fan sifatida taraqqiy topgan. Ulardan Abu Zayd Ubaydulloh Dabusiy (vaf. 1038 y.), Faxrul islom Ali Pazdaviy [2: 201] (1010-1089) va Shamsul aimma Muhammad Saraxsiy (1009-1090) kabi faqihlarning usulul fiqh ilmi taraqqiyotidagi xizmatlari ulkan boʻlib, ilm ahli tomonidan “uch ustun” (arkon as-salasa) deb eʼtirof etilgan[3: 16]. Quyida ularning hanafiy usulul fiqhi rivojiga qoʻshgan hissasi tadqiq etiladi.

Usulul fiqh ilmining tarixiy taraqqiyoti davomida uch uslub, yoʻnalish shakllangan. Ular “Faqihlar yoʻnalishi” nomi bilan ataluvchi hanafiylik, “Mutakallimlar yoʻnalishi” bilan nomlanuvchi shofeʼiylik va ularning birikuvi hamda muvofiqlashuvi asosida shakllangan “muhaqqiqlar yoʻnalishi” uslublaridir.

Usulul fiqhga oid bizgacha yetib kelgan asarlarning eng qadimgisi Muhammad ibn Idris Shofeʼiy (767-820) qalamiga mansub “Risola” (“Maktublar”) asari hisoblanadi. Shofeʼiy mazhabi usulul fiqhi mazkur asar asosida shakllangan boʻlib, “mutakallimlar yoʻnalishi” deb nomlangan. Farqli ravishda hanafiy mazhabi asoschici Abu Hanifa (699-767) va uning shogirdlari – Abu Yusuf (731-798), Muhammad ibn Hasan (749-805)dan fiqhning “usul” tarmogʻiga oid biror asar keyingi avlodga yetib kelmagan. Balki ulardan qolgan asarlar furuʼul fiqhga oid boʻlib, eng asosiylari “Zohirur rivoya” toʻplamiga kiruvchi olti asardir. Mazkur olti asar Muhammad ibn Hasan Shayboniy qalamiga mansub boʻlib, ularda Abu Hanifa va uning shogirdlari tomonidan berilgan fatvolar, aytilgan sharʼiy masala va ahkomlar jamlangan. Hanafiy usuli va nazariy qoidalari mazhabboshilardan keyingi ikki asr davomida mazkur olti asarda mavjud ijtihodlar, fatvolar va ahkomlar asosida shakllantirilgan [4: 39]. Shuning uchun hanafiylik usulida farʼiy-fiqhiy masalalarga nisbatan koʻp murojaat etiladi.

Iroqlik faqih Abul Hasan Ubaydulloh Karxiy (vaf. 342/952 y.) qalamiga mansub “Risola fil usul” (“Usul ilmiga oid risola”) asari bizgacha yetib kelgan hanafiylik usuliga oid birinchi asardir. Ammo manba usulga oid oʻttiz toʻqqiz qoidanigina oʻz ichiga olgan uch-toʻrt sahifalik kichik risoladir. Mazkur qoidalar Abu Xafs Umar Nasafiy (1067-1142) tomonidan “Sharhu Madorul usul” (“Usul asosi boʻlgan qoidalar sharhi”) nomli risolada sharhlangan va u ham hajman kichik boʻlib, Faxrul islom Ali Pazdaviy (1010-1089)ning fanga oid “Kanzul vusul ila maʼrifatil usul” (“Usulni oʻrganishga yetkazuvchi xazina”) nomli asariga ilova holda nashr etilgan [5: 372]. Karxiyning yaqin shogirdi Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qalamiga mansub “Fusul fil usul” (“Usul ilmiga oid fasllar”) asari esa hanafiy usulul fiqhiga bagʻishlangan dastlabki toʻlaqonli asardir. U toʻrt jilddan iborat yirik manba boʻlib, fanning asosiy mavzularini batafsil yoritib bergan[6: 564].

Abu Bakr Jassosdan soʻng hanafiy usulul fiqhi uning nabira shogirdi Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar Dabusiy (vaf. 1038 y.) tomonidan rivojlantirildi, yangi mavzular bilan takomillashtirildi. Abu Zayd Buxoro va Samarqand oraligʻida joylashgan Dabusiya shaharchasida dunyoga kelgani sabab, oʻziga Dabusiy nisbasini olgan. Ustozi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Amr Usturshaniy (vaf. 404/1013 y.) Abu Bakr Jassosning yaqin shogirdi boʻlib, Iroqda uzoq muddat taʼlim olganidan soʻng yurtiga qaytib, talabalarga dars berish bilan mashgʻul boʻlgan. Abu Zayd Dabusiy kelajakda islom huquqining usulul fiqh (huquq nazariyalari) va ilmul xilof (qiyosiy huquqshunoslik) sohalari boʻyicha yetuk olim boʻlib yetishishida ustozi Usturshaniyning xizmati beqiyos boʻlgan [7: 22].

Abu Bakr Jassosdan keyin usulul fiqh ilmi muallimligi Buxoro tarixidagi “Yetti mashhur qozi” (“Quzzoti sabʼa”)ning biri – Abu Zayd Dabusiy qoʻliga oʻtdi. Abu Zaydning usulga oid “Taqvimul adilla fi usulul fiqh” (“Usulul fiqhga oid dalillarni mustahkamlash”), “Taʼsisun nazoir” (“Oʻxshash masalalarni asoslash”), “Amadul aqso” (“Atroflicha fikrlar”) “Asror fil usul val furuʼ” (“Usul va furuʼ ilmi sirlari”) asarlari bizgacha yetib kelgan.

Dabusiy “Taqvimul adilla” asari orqali Abu Bakr Jassosning usulul fiqhga oid ilmiy qarashlarini rivojlantirdi, ularga qoʻshimchalar qoʻshdi, toʻldirishlar qildi. Ilk marta sharʼiy dalillar lafzini toʻrt turga boʻlib, izohlab berdi va sentimental (hissiy) va sharʼiy harakat oʻrtasidagi farqlarni koʻrsatib, asoslab berdi. Shuningdek, usulul fiqhga ahliyyat (layoqat) mavzusini olib kirib, vujub ahliyati va ado ahliyati oʻrasidagi farqlarni koʻrsatib berish bilan fanning mavzularini toʻliq shakllantirdi [8: 228, 260].

Ilm ahlining “Taqvimul adilla”ga qiziqishi sababli uning qoʻlyozma nusxalari dunyo boʻylab keng tarqalgan. Asar ustida olib borilgan tadqiqotlarda uning hozir mavjud yigirmadan ortiq qoʻlyozmasi haqida maʼlumot beriladi [7: 30]. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining asosiy fondida Dabusiy vafotidan soʻng 58 yil oʻtib, 489/1096 yili koʻchirilgan nodir qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda [9: 199].

Dabusiy “Taʼsisun nazoir” asari orqali mazhablararo farqli boʻlgan huquqiy qarashlarni tartibga solish, ularni ilmiy uslubda oʻrganish qoidalarini ishlab chiqish bilan “qiyosiy huquqshunoslik” (“ilmul xilof”) faniga asos soldi[10: 39].

Dabusiydan keyin usulul fiqh ilmi bayroqdorligi uning nabira shogirdlari Faxrul islom Ali Pazdaviy (1010-1089) va Shamsul aimma Muhammad Saraxsiy (1009-1090) qoʻliga oʻtdi. Shamsul aimma Saraxsiy Dabusiyning “Taqvimul adilla”siga qoʻshimcha, toʻldirishlar qilgan holda, oʻzining mashhur kitobi – “Usul”ni yozgan [11: 9].

Shamsul aimma Saraxsiy (vaf. 1090 y.) hanafiy faqihlarning birinchi avlodi “mutaqaddimin”ning soʻnggi vakili hisoblanadi (Bartold V., 1990:101). Olimdan islom huquqiga oid katta ilmiy meros qolgan boʻlib, fiqhga bagʻishlangan “Mabsut” (“Kengaytirilgan”) asarining oʻzi oʻn olti jilddan iborat va u islom huquqi mavzularini tafsilotlari bilan toʻliq qamrab olgan. “Mabsut” Muhammad Hasan Shayboniyning “Zohirur rivoya” toʻplamiga yozilgan oʻziga xos sharh boʻlib, unda mazhab taʼlimoti va huquqiy qarashlar va yechimlar tizimli tarzda, batafsil yoritib berilgan. Saraxsiyning mazkur yirik asari keyinchalik yuzaga kelgan huquqiy taʼlimotlarga manba vazifasini oʻtadi [12: 73].

Saraxsiyning usulul fiqhga oid “Usul” (Saraxsiy tartiblagan usul qoidalari) asari fan boʻyicha asosiy qoʻllanmalardan biri hisoblanib, muallif muqaddimada asarni 479 yil shavvol oyining oxiri (1087 yil 6 fevral)da Oʻzkent qalʼasidagi hujrada yoza boshlaganini qayd etadi. Ungacha shoh asari boʻlmish “Mabsut” uzoq muddat davomida yozib tugatilganini qoʻshimcha qiladi [12: 12]. Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Sayyid Sharif Jurjoniy. Taʼrifot. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1983.
  2. Pazdaviy – arabcha manbalarda Bazdaviy (البزدوي) shaklida qoʻllangan. Ammo oʻzbek olimlari til xususiyatidan kelib chiqib, “Pazdaviy” shaklida qabul qilingan. U.Uvatov. Buyuk allomalar yurti. – T.: “Oʻzbekiston” NMIU, 2016.
  3. Fahriddin Attor. Usulul fiqh. – Istanbul: IFAV, 2013.
  4. Abdulhamid Haysam. Tatovvur al-fikr al-usuliy. – Ar-Riyod: Muhammad ibn Saʼud universiteti, 1998.
  5. Faxru-l-islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy. Usulul Pazdaviy. – Karachi: Mir Muhammad kutubxonasi, 1909.
  6. Abu Bakr Jassos. al-Fusul fi ilmil usul. – Bahrut: Dorul kutub al-ilmiya, 1996. – J I.
  7. Z. Najmiddinov. Abu Zayd ad-Dabusiy ilmiy merosining Movarounnahr fiqh ilmi rivojidagi oʻrni. – T.: OʻzXIA nashriyot-matbaa birlashmasi, 2019.
  8. Abu Zayd Dabusiy. Taqvimul adilla // noshir Xalil Muhyiddin al-Mis /. Dor al-kutub al-ilmiya, 2001.
  9. OʻzSSR fanlar akademiyasining sharq qoʻlyozmalari toʻplami (SVR) // muharrir A.A.Semyonov. T.: OʻzSSR FA nashriyoti, 1957. –J. IV.
  10. Fuad Sezgin. Tarix at-turos al-arabiy. Ar-Riyod: Muhammad ibn Saʼud universiteti, 1991. – J. 3.
  11. Abu Zayd Dabusiy. Taʼsis an-nazar. – Qohira: Maktabatu Subayh, 1974.
  12. Muhammad Abu Bakr Saraxsiy. Usul //Abul Vafo Afgʻoniy tahriri ostida /. – Haydarobod: Dor al-maʼorif an-Noʻmoniya, 1957. – J. I.
  13. Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. Islom huqushunosligi. Hanafiy mazhabi va Oʻrta Osiyo faqihlari. –T.: “TIU” nashriyoti, 2002.
  14. Ibn Xaldun. Al-Muqaddima. – Qohira: Maktabatu Ibn Taymiya, 1980.
  15. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun an asamil kutub val funun. – Bayrut. Dor kutub al-ilmiya, 1992. – J. 1.
  16. S.Gʻaybullayev. Usulul Pazdaviy asosida yozilgan asarlar. – Samarqand: “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali. 2021 (maxsus son).
  17. Hisomiddin Sigʻnoqiy. Al-Kofiy //Faxruddin Muhammadsayyid Muhammadqonit tahriri ostida/. – Ar-Riyod. Maktaba ar-Rushd, 2001.
  18. Faxrul islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy. Usulul Pazdaviy //doktor Said Bekdosh tahriri ostida/. – Madina: Dorus siroj. 2016.
  19. K.Brokelman. Tarixul adab al-arabi // arab tiliga tarjimon Doktor Abdulhalim Najjor /. – Qohira: Dor al-Maʼorif, 1989. – J. III.
Saidahmadxon GʻAYBULLAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …