Home / MAQOLALAR / «MANBALAR XAZINASIDAN – IZLANIShLAR NATIJASIGA» LOYIHASI ASOSIDA

«MANBALAR XAZINASIDAN – IZLANIShLAR NATIJASIGA» LOYIHASI ASOSIDA

Qo‘lyozmalar o‘tmishni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi va jahon madaniyatida alohida o‘rin tutadi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nodir nashrlar fondida saqlanuvchi XIII-XIX asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Turkiston zaminida bitilgan qo‘lyozmalar  betakror  ma’lumotlar manbai sifatida ilmiy izlanuvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Quyida shunday qo‘lyozmalar asosida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shovosil Ziyodov fikr-mulohazalarini havola etamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, sharqshunos, manbashunos, islomshunos, tarixchi olim Shovosil Ziyodov.

– Milliy kutubxona fondida saqlanayotgan Kashf ul-vujux il-g‘urri  li ma’ani  nazm id-durr (Nazm durdonalari ma’nolarining kashf qilinishi) qo‘lyozma Xoja Muhammad Porsoning  shaxsiy kutubxonasiga oid. Qo‘lyozma XIII asrda ko‘chirilgan. Jild foliantining 19 joyida Xoja Muxammad Porsoning muhri bosilgan.Muqova charmdan ishlangan. (Pv-189/1)

O‘rta Osiyo kutubxona madaniyati tarixini  o‘rganishda «Muhammad Porso kutubxonasi»ga bo‘lgan e’tibor so‘nggi yillarda ortib bormoqda, kutubxona sohibining ilmiy qiziqishlari borasidagi muhim ma’lumotlarni o‘rganish imkonini bermoqda. Mazkur kutubxonada saqlangan qo‘lyozmalarning umumiy alomatlaridan biri unga bosilgan romb shaklidagi muhrlar bo‘lib (bir qo‘lyozmaga bir necha bor yoki bir qo‘lyozmaning har bir varag‘ida), ularda «vaqf az kitob Xoja Muhammad Porso» yoki «vaqf in Xoja Porso ibn Mahmud al-Buxoriy» kabi jumlalar XVIII asr oxiri va XIX asr o‘rtalari oralig‘idagi turli sanalar bitilgan. Ikkinchi alomati ularning birinchi varag‘ida bitilgan arab tilidagi qaydlardir. 1994-yilda professor A.B.Xolidov «Sharq qo‘lyozmalari fihristi» materiallariga asoslangan holda maqola yozib, e’lon qildi. Bu maqolada «Porso kutubxonasi» dagi 57 ta qo‘lyozmani bir ro‘yxatda jamladi.

Qo‘lyozmalardan 34 tasi O‘z FA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Biz A.B. Xolidovning e’tiboriga tushmagan yana 74 ta qo‘lyozmani aniqlab, ushbu ro‘yxatni to‘ldirdik.

Mazkur kutubxonaga tegishli 3 qo‘lyozma, uning tarkibiga kirgan  7 ta asar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondida saqlanadi.

Shuningdek Porso kutubxonasiga tegishli barcha fondlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni tavsif qilib katalog tuzish ishlarini A.Mo‘minov,  A.Habibullaevlar bilan birgalikda  olib bormoqdamiz. Bu katalog yordamida Markaziy Osiyo kutubxonachilik tarixi, kitobat tarixi va ilk naqshbandiya tariqati tarixi bo‘yicha ma’lumotlar olish mumkin bo‘ladi.

Manba: natlib.uz

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …