Home / MAQOLALAR / ALISHЕR NAVOIYNING “HAYRATUL ABROR” DOSTONIDA SABR TALQINI

ALISHЕR NAVOIYNING “HAYRATUL ABROR” DOSTONIDA SABR TALQINI

Oʻzining bebaho badiiy va ilmiy asarlari bilan Sharq xalqlari taraqqiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho asarlarida insoniy tuygʻularning oliy darajadagi talqinini koʻramiz.

Ulugʻ Tangri tomonidan insonga berilgan neʼmatlarning barcha-barchasi Alisher Navoiy qalamidan chetda qolmagan. U oʻz ijodida har bir voqea-hodisa, his-tuygʻuga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Uning hayotdagi doimiy hamrohi boʻlgan ilhom, shoirlik iqtidori, haqiqatni anglashga boʻlgan ehtiyoj, ilohiy maʼrifat, baxt, toleʼ, ilm, tafakkur va bularning zamirida yotgan asosiy narsa, yaʼni sabr uning ijodida asosiy oʻrinni egallaydi.

Hazrat Alisher Navoiyning oʻlmas merosini baʼzida tubsiz ummonga, baʼzida bahosini hech bir mezon bilan oʻlchab boʻlmaydigan duru javohirlar xazinasiga qiyoslaymiz. Asrlar davomida jahonning koʻzga koʻringan tilshunoslari-yu, adabiyotshunoslari uning bebaho ijodiyotining badiiyligi va til xususiyatlarini yoritib berishga harakat qilmoqdalar. Natijada, Alisher Navoiy ijodining yangi-yangi qirralarini zabt etishga muyassar boʻlmoqdalar. Ammo bular Navoiy ijod ummonidan bir qatra, bebaho xazinasidan bir misqol, xolos. Biz bu ilmiy risolaning ushbu qismida Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida qoʻllangan sabr talqiniga toʻxtalmoqchimiz.

Biz odatda nochorlikdan qiynalgan paytlarida boriga shukr qiladigan insonni sabrli inson deymiz. Sabr soʻziga “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da 2 xil taʼrif beriladi. “Sabr (arabcha – chidam, bardosh, iroda, qatʼiyat.) 1. Biror holat yoki hodisani bardosh bilan kutish, qanoat hosil qilish; 2. Gʻam-kulfat, musibatlarga chidash, toqat qilish, bardosh berish”[1: 409].

Tasavvufiy tushuncha sifatida sabr Tariqat bosqichlari­ning maqomlaridan biridir. “Maqomat – maqom (manzil, bekat) soʻzining koʻpligi boʻlib, solikning ruhiy-maʼnaviy kamoloti bosqichlarini anglatadi. Abu Nasr Sarroj tariqatning quyidagi maqomlarini qayd etgan: 1. Tavba 2. Varaʼ 3. Zuhd 4. Faqr 5. Sabr  6. Xavf  7. Rajo 8.Tavakkul  9. Rizo”.

Sabr-toqat, chidam – soʻfiylar tilida qiyinchiliklardan shikoyat qilmaslik, ayniqsa, Xudodan boshqaga nola-iltijo qilmaslik. Sabr etuvchi (sobir) oʻzini balo girdobiga solib, balolardan qoʻrqmaydigan odamdir. “Sabr kushoyish uchun intizorlikdir” (Sahl Tustariy), yaʼni ruhiy-maʼnaviy mushkulliklar yuz berganda, sabr qilgan solik kushoyish topadi, yaʼni manzillarini kashf etadi”[2: 26-28].

“Hayrat ul-abror” dostoni ibratli fikrlarga boyligi, mazmun-mohiyati jihatidan qimmatliligi bilan ahamiyatlidir. Maʼlumki, asarda 20 ta maqolat keltirilgan. Ushbu maqolatlarda koʻtarilgan masalalar barcha zamonlar uchun xosdir.

Dostonning dastlabki maqolati – “Iymon sharhida”. Navoiy iymonli insonga xos sifatlarni yozar ekan, koʻpchilik tomonidan javob topilmay kelayotgan bir savolga, yaʼni “Qanday insonni jamiki ezgu xislatlarga ega inson deyishimiz mumkin?”, – degan savolga javobni maqolatning 10-baytida beradi:

 Bas ani inson atagʻil beriyo,
Kim ishidur sabr ila shukr-u hayo [3].

Yaʼni: Sen shunday odamni toʻgʻri, riyosiz deb bilgin, qachonki u sabr bilan, shukru hayo bilan ish koʻrsa.

Darhaqiqat, insonning hayot deb atalmish bu maskanda yuksak maʼnaviyatli shaxs deya tan olinishi eng murakkab va mushkul ishdir. Bu nomga sazovor boʻlish uchun shoir nazdida insonda eng avvalo sabr boʻlishi lozim.

Alisher Navoiy tomonidan yuksak ardoqlangan ustozi Abu Lays Samarqandiy insonlarning yaxshi darajasiga yetishishi haqida: “Bilgilki, banda yaxshilarning darajasiga aziyatlar va mashaqqatlarga sabr qilish bilan erishadi”[4: 257], – deydi. Bu masalada ustoz-shogird munosabatlaridagi hamfikrlikni koʻrish mumkin.

Navoiy asarlarini oʻqir ekanmiz, unda bir-biriga zid boʻlgan obrazlarga duch kelamiz. “Hayrat ul-abror”ning XXXV bobida ham biri sabrli boʻlgan, ikkinchisi sabrsiz va shoshqaloq boʻlgan ikki hamroh hikoyati keltiriladi. Bu haqda navoiyshunos olim I.Haqqul quyidagilarni bayon etadi: “Navoiy aksariyat oʻrinlarda nodonga dononi zid qoʻyib mushohada yuritadi. Bu goʻyo qorongʻulikka qarshi yorugʻlik haqida soʻzlayotganga oʻxshaydi”[5: 55]. Shoir hikoyatida hamrohlar yoʻlda bir toshga duch kelishadi. Toshning orqa tarafida bir yozuv boʻlib, unda xazina haqida gapirilgandi. Mashaqqatiga bardosh bergan inson xazinaga ega boʻlar ekan. Bu mashaqqatlardan yiroq yurishni istagan kishi uchun eng yaxshi narsa – sabr qilishdir.

Har kishi bu ranjdin oʻlsa yiroq,
Sabr-u qanoat boridin yaxshiroq. (125-bet)

Sabrli inson hamrohining boylik hirsida toshning tagini qazishga tushib ketganligini koʻrib, beparvo oʻtib ketadi va bir shaharga borib qoladi. Darvozadan birinchi kirgan kishi ushbu mamlakatga podshoh boʻlishi belgilangan edi. U mamlakat shohi boʻladi. Shoshqaloq esa koʻp mehnat qilib, yakunida “Kim xomtama boʻlsa, u dunyoda doim azobda”, degan yozuvgagina erishib, tamagirlikda xor-zor boʻladi.

 Oni qanoat qilibon shahriyor,
Muni tamaʼ ranji qilib xoksor. (126-bet)

Navoiy bu hikoyat orqali sabr insonni har qanday vaziyatda toʻgʻri yoʻlga boshlashini dalillaydi. Hikoyat Gulxaniyning “Zarbulmasal” asaridagi Yapaloqqush va Koʻrqush oʻrtasidagi suhbatni eslatadi.

 Sabr bilan basta eshikdur kushod,
Sabr bilan topadi eranlar murod.
Sabr qilsang gʻoradin halvo bitar,
Besabrlar oʻz ayogʻidin yitar [6: 13].

Kushod – ochilgan, ochiq maʼnosini ifodalaydi. Eran – 1. Erkak, odam, inson. 2. Askar, soldat maʼnosida qoʻllaniladi[7: 212-217]. Sabrli inson uchun barcha eshiklar ochiq. Bunday inson, albatta, oʻz murodiga yetadi.

Navoiy asarning alohida bir bobida sabr timsoli hisoblanmish Ayyub paygʻambar haqida hikoya qiladi. Bob soʻngida lirik chekinish sifatida yozilgan ikki-uch baytli soqiynoma shoirning sabrga boʻlgan munosabati va uning shaxsiyatidagi kuchli iroda sohibi ekanligini koʻrsatadi.

 Bot boʻlu bir jom ila yetuk futuh,
Sabr esa Ayyubcha, yoʻq umri Nuh. (174-bet)

Ushbu bayt tasavvufiy mazmunga ega. Shoir umrim Nuh umricha boʻlmasa ham, sabrda Ayyubcha borman deydi. Maʼlumki, Ayyub paygʻambar sabr-toqat timsoli sifatida talqin etiladi.

Maloyiklar Yaratganga Ayyub faqat senga ibodat qilgani uchun unga behisob davlat – ilohiy xislat berilgan, deb malomat qiladilar. Alloh bu neʼmatlarni bermasam ham uning ishi toatdir, deya gʻaybdan balo yuborib, uni sinaydi. Oʻn oʻgʻli tom bosib halok boʻladi, oʻzi xastalikka uchrab, butun tanasini qurt qoplab oladi. Odamlar oʻzlarini undan chetga olishadi. Ayoli tilanchilik qilib, unga mehribonchilik koʻrsatadi. Shayton ayol qiyofasiga kirib, pul berib sochidan qirqib berishini soʻraydi. Va erkak qiyofasiga qaytib, uni Ayyubga koʻrsatadi…

Olim shoirning bir jumlasiga eʼtibor qaratadi: “Badanidagi qurtlarning birortasi tushib ketguday boʻlsa, Ayyub uni olib qayta joyiga qoʻyar, sizlarni Tangri nasib etgan derdi”. Alloh inoyati bilan u yana sogʻayadi. Xotini Rahimaning pokligi isbotlanadi. Halok boʻlgan bolalari tirilib keladilar[8]. 

Diqqatingizni yana bir narsaga qaratmoqchimiz. Nima uchun mutafakkir iymonga bagʻishlangan bobda sabrga yuksak baho beradi? Bizningcha, Navoiy sabrni iymonning ajralmas bir qismi, uning asosi deb talqin qilgan.

Xulosa qilib aytganda, Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining oʻn ikki, oʻn toʻqqiz, yigirma besh, qirq yettinchi boblarining har birida bir baytdan iborat 8 misra sheʼrda sabr tilga olinadi. Ushbu misralardan quyidagilar anglashiladi:

  1. Asar pandnoma boʻlganligi sababli sabrli boʻlish haqida oʻgit beradi.
  2. Insonning yaxshiligi, toʻgʻriligi uning sabrliligi bilan oʻlchanadi.
  3. Sabrsiz qay ahvolga tushishini hikoya orqali obrazli aks ettiradi.
  4. Navoiyning “Ilmi nujum”dan ham yaxshi xabardorligi.
  5. Mutafakkir shaxsiyatidagi sabrlilik xususiyatining yuksakligi va boshqalar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 3-tom. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007.
  2. Komilov N. Tasavvuf. – T.: Movarounnahr, 2009.
  3. Alisher Navoiy. Hayrat ul-abror. –T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2006. –B. 74. (Izoh: boshqa misollar ham shu manbadan olinib, sahifada beti koʻrsatiladi.)
  4. Tafakkur durdonalari. 111 Vatandosh allomalarimizning hikmatli fikrlari. – T., 2012.
  5. Ibrohim Haqqul. Mushohada yogʻdusi. – T.: Fan – 2009.
  6. Gulxaniy. Zarbulmasal. – T., 1972.
  7. Berdak Yusuf. Mumtoz adabiy asarlar uchun lugʻat. – T., 2010. 
  8. www.ziyonet.uz. Ilhom Ahror. Sarchashmalar.
Maftuna OCHILOVA,
Navoiy davlat konchilik instituti akademik litseyi
oʻqituvchisi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …