Home / MAQOLALAR / AMIR TЕMUR VA TЕMURIYLAR DAVRIDA BUXORO VOHASIDA HUNARMANDLIK TARAQQIYOTI XUSUSIDA(2-qism)

AMIR TЕMUR VA TЕMURIYLAR DAVRIDA BUXORO VOHASIDA HUNARMANDLIK TARAQQIYOTI XUSUSIDA(2-qism)

(1-qism)Buxoro hunarmandlari toʻqigan matolar ilk oʻrta asrlardayoq mashhur boʻlib, Amir Temur va temuriylar davrida ham bu matoning shuhrati pasaymagan. Zandanicha matosining Yevropa mamlakatlariga tarqalishi haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan boʻlib, tarixiy adabiyotlarda bu matoni XIV-XV asrlarda oddiy aholining sotib olishga moliyaviy ahvoli yoʻl qoʻymagani bilan bogʻliq maʼlumotlar mavjud. Jumladan, Tevton diniy-ritsarlik ordeni hujjatxonasidagi 1401 yilga oid bir hujjatda orden savdogarlarining zandanicha sotib olish bilan bogʻliq maʼlumotlari mavjudligi yuqorida keltirgan fikr-mulohazalarimizni tasdiqlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Rossiyaning Novgorod shahrida arxeologik izlanishlar jarayonida topilgan va qayin poʻstlogʻiga yozilgan XIV-XV asrlarga oid yozuvda bir ayol oʻziga “Zenden – zyadyatsu” matosidan sotib olib berishlarini soʻragani bilan bogʻliq maʼlumotlar topilgan[5: 151]. Amir Temur va temuriylar davriga oid bu maʼlumotlar Buxoro vohasida hunarmandlik taraqqiy etgani va ayniqsa, zandanicha matosining iqlimiy sharoitlari turli-tuman boʻlgan mintaqalarda birdek qadrlanganini koʻrish mumkin. Temuriylar davridan boshlab mashhur boʻlgan matolardan biri bu olacha matosi boʻlib, uni ishlab chiqarishda Buxoro yetakchi oʻrinda turgan. Buxoro yaqinidagi Olachabofon qishlogʻi oʻz zamonasining mashhur olacha matosi toʻqishga ixtisoslashgan, hunarmandlar yashagan mavze sifatida tanilgan[1: 74]. Buxoro Movarounnahrning madaniy markazlaridan biri boʻlib, nafaqat turli-tuman matolar ishlab chiqarishda, balki kiyim-kechaklar tikishda ham asosiy markazlardan biri boʻlgani tarixiy adabiyotlarda qayd etib oʻtilgan[5: 129].

Amir Temur va temuriylar davrida hunarmandlikning sopolsozlik yoʻnalishida oʻziga xos uslublar shakllangan boʻlib, bu davrda Samarqand kulolchiligi Movarounnahrda yetakchi boʻlgani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Buxoro, Shahrisabz shaharlari Samarqand kulolchiligining oʻziga xos xususiyatlarini oʻzlashtirgan edi. Tarixiy adabiyotlarda Gʻijduvon usta kulollarining Amir Temur va temuriylar davrida oʻziga xos uslubga ega boʻlgani keltirib oʻtilgan[5: 131]. Temuriylar davri idishlari tayyorlash texnikasiga koʻra monoxrom va polixrom  turlarga boʻlinadi. Monoxrom turdagi idishni asosiy yorqin foni boʻyicha koʻk rang (kobalt)da naqshlangan yoki qora rang bilan naqshlangan idish ustidan havorang sir berilgan boʻlib, u ancha kam uchraydi. Polixrom turi esa koʻk (kobalt) – toʻq jigarrang va havorang boʻyoqlar namoyonidir. Ushbu turdagi noyob idishlar arxeologik tadqiqotlarda Amir Temur davlatining barcha yirik markazlari singari Buxorodan ham topib oʻrganilgan[1: 178].

Buxoro hunarmandchiligida yana bir taraqqiy etgan soha bu metallga va, ayniqsa, qimmatbaho metallarga ishlov berish boʻlib, Amir Temur va temuriylar davrida sopol, chinni buyumlar bilan bir qatorda bronza buyumlar ham keng qoʻllanilgan[1: 75]. Bu esa, Buxoroda metallga ishlov berishning taraqqiy etganini koʻrsatadi. Buxoro Amir Temur va temuriylar davrida metall, qimmatbaho metallarga ishlov berish markazlaridan biri boʻlgani haqida yevropalik sayyohlar ham yozib qoldirganini koʻrish mumkin. Sultoniya arxiyepiskopi Ioann “Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar” asarining “Temurbek hukmronlik qilgan viloyatlar va oʻlkalar xususida” – deb nomlangan 9-boʻlimida Buxoroga taʼrif berib, uning aʼlo sifatli oltin ishlab chiqarish bilan ham  mashhur ekanini yozib qoldirgan[2: 177].

Buxoroda qimmatbaho metallarga ishlov berish taraqqiy etishi uning temuriylar davri moliyaviy markaziga aylanishida asosiy omil boʻlgan. Buxoro Mirzo Ulugʻbek davrida asosiy tanga zarb qiladigan markazga aylanganini tarixiy adabiyotlar tasdiqlaydi. Tashqi savdo uchun pul islohotlari muhim ahamiyatga ega boʻlib, Mirzo Ulugʻbek buni yaxshi anglardi. 1447 yilgacha otasi Shohruh Mirzo nomidan tanga pul zarb qildirgan boʻlib, u asosan Samarqandda zarb qilinardi. Ulugʻbek hukmronligining soʻnggi yillarida Buxoroning mamlakat moliyaviy markazi sifatidagi roli oshib borgan. Chunki 1428-1429 yillarda Buxoroda Ulugʻbek tomonidan zarb etilgan tangalar mamlakatning asosiy moliyaviy muomala vositasiga aylangan. Arxeologik yodgorliklardan 1428-29 yillarga oid tangalarning shu vaqtgacha boʻlgan tangalar bilan birga topilmagani pul islohoti oʻtkazilib, boshqa tangalar bekor qilinganini anglatadi. Buxoroda 1428-29 yillarda zarb qilingan tangalarning old tomoni oʻrtasida “Buxoro” yoki “Zarb Buxoro” deb yozilgan boʻlib, uning atrofi turli gulsimon naqshlar bilan bezatilgan. Orqa tomonida esa, “Fi at tarix sanai isna salosina va samia”, yaʼni 832 (1428-29) yil deb yozilgan[6: 65]. Tarixchi olim M. N. Fedorov maʼlumotlarida aytilishicha, Mirzo Ulugʻbek 1428-29 yillarda pul islohoti oʻtkazib, qator shaharlarda zarbxonalar ochgan va pul toʻliq almashtirilib boʻlgach, Buxorodan boshqa shaharlardagi barcha zarbxonalarni yopgan[7: 98].

Xulosa qilib aytganda, Buxoro Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahrdagi yirik hunarmandlik, savdo-iqtisodiy, moliyaviy markazlardan biriga aylanib bordi. Amir Temur, keyinchalik temuriyzodalarning Buxoro hunarmandlariga homiyligi, hunarmandlik sohalarining rivoji ushbu shaharni iqtisodiy-ijtimoiy va ishlab chiqarishdagi roli ortib borishi bilan keyinchalik uning siyosiy hayotga taʼsirining oshishiga xizmat qilgandi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Amir Temur jahon tarixida. –T.: Sharq. 1996.
  2. Amir Temur Yevropa elchilari nigohida / Rui Gonsales de Klavixo. Buyuk Amir Temur tarixi (1403-1406); Tarj., U.Joʻrayev. Sultoniya arxiyepiskopi Ioann. Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar. Tarj., B.Ermatov; Masʼul muharrir A.X. Saidov. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi matbaa ijodiy uyi, 2007.
  3. Grekov B., Yakubovskiy A. Zolotaya Orda (Ocherk istorii Djuchi v period slojeniya i rassveta v XIII-XIV vv.)/Pod redaksiyey V. Bыstryanskogo. – M.: Gospolitizdat, 1941.
  4. Rashidaddin. Sbornik letopisey Tom I. Kniga vtoraya/perevod s persidskogo O.I. Smirnovoy. Premechaniya B.I. Ponkratova i O.I. Smirnovoy. Redaksiya prof A.A. Semyonova. – M-L.: Izdatelstvo akademii nauk SSSR, 1952.
  5. Temur va Ulugʻbek davri tarixi. –T.: Qomuslar bosh tahririyati; 1996. www.ziyouz.com kutubxonasi.
  6. Toʻxtiyev I. Amir Temur va temuriylarning moliya-pul siyosati:/I.Toʻxtiyev; masʼul muharrirlar: Muhammad Ali, L.Tangriyev. – T.: Oʻzbekiston, 2006.
  7. Fedorov M.N. Klad monet Ulugbeka iz Samarkanda//Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. 8-9-son, 1969.
  8. Yuldasheva M.Yu. K voprosu o remeslennom proizvodstve v Buxarskom xanstve v XVI-XVII vekax//Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar, 4-son, 1961.
  9. Yakubovskiy A.Yu. Samarkand pri Timure i timuridax. – Leningrad, 1933.
Jamshid KOʻCHAROV,
Qarshi davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

AMIR SAID OLIMXON SHAXSIYATI

Tarixda shunday shaxslar borki, ularning hayoti doimiy ravishda odamlarda qiziqish uygʻotgan. Buxoro amirligining soʻnggi hukmdori …