Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (7-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (7-qism)

Abdurahmon Jomiy (1414-1492). Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad – fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirgan. Jomiy madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi “Dilkash” (Navoiy maʼlumotiga koʻra, “Nizomiya”) madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlidaa tahsil olgan. Keyinroq bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Fazlulloh Abu Lays kabi olimlardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan taniladi. Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. Oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Qoshgʻariyni tanlaydi.

Hirot taxtiga temuriy sulton Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng Jomiyning mavqe juda ortadi.

Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida koʻrishgan. Shunda unga oʻzining bir risolasini taqdim qilgan. 1476-1477 yillarda Navoiy Jomiyni oʻziga pir, deb taniydi. Garchi, Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulugʻ, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin doʻst va hamkor boʻlgan. Jomiy oʻzining (“Nafahot al-uns”, “Bahoriston” kabi) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy oʻz asarlarida (“Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois” singari) Jomiyni katta hurmat bilan tilga oladi. Jomiy “Nafahot ul-uns” (“Azizlar nafasi”), “Risolai musiqiy” (“Musiqa risolasi”), “Risolai muammo” (“Muammo risolasi”) kabi oʻndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan. Vafotidan avval lirik sheʼrlarini 3 devonga boʻlib, ularga “Fotihat ush-shabob” (“Yoshlikning boshlanishi”), “Vositat ul-ikd” (“Oʻrtadagi dur”) va “Xotimat al-hayot” (“Hayot xotimasi”) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini eʼtiborga olgan.

Oʻzbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xoʻjaliklari, koʻchalari, maktablari Jomiy nomi bilan ataladi. Samarqand shahrida Navoiy bilan Jomiy haykali oʻrnatilgan.

Alisher Navoiy (1441-1501). Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi. Toʻliq ismi Nizomiddin Mir Alisher. Navoiy taxallusi ostida chigʻatoy (yoki oʻzbek tili) va forsiyda ijod qilgan. Gʻarbda chigʻatoy adabiyoti hisoblanmish oʻzbek adabiyotining eng yirik namoyandasi. Umuman olganda, butun turkiy xalqlar orasida u kabi yirik shaxs yoʻqdir.

Navoiy yoshligidan Xurosonning boʻlajak hukmdori Husayn Boyqaro bilan doʻstlashgan. 10-12 yoshidan sheʼr yozishni boshlagan. Navoiyning zamondoshi boʻlmish tarixchi Xondamir maʼlumotlariga koʻra, Lutfiy qarigan chogʻlarida bolakay Navoiy bilan koʻrishadi va uning sheʼriy iqtidorini yuqori baholaydi. Xususan, uning

“Orazin yopqoch koʻzumdin sochilur har lahza yosh

Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh”.

Satrlarini baholar ekan, imkoni boʻlsa, oʻzining butun umri davomida yozgan asarlarini mana shu misralarga almashishini aytadi.

1464-1465 yillar Navoiy ijodining shinavandalari uning ilk sheʼriy toʻplamini (devonlari) tayyorlashadi. Bundan koʻrinib turibdiki, oʻsha paytiyoq Navoiy mashhur shoir boʻlib ulgurgan. Husayn Boyqaro Hirotni egallaganidan keyin mamlakatning siyosiy hayotida ham faol ishtirok etadi. 1480 yil Hirot shahrida va boshqa viloyatlarda oʻz hisobidan bir nechta madrasa, 40 rabot (yoʻlovchilar uchun bekat), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik va boshqalarni qurdiradi.

Navoiy temuriylarning soʻnggi hukmronlik yillarida yashab ijod qilgan. Shuning uchun uning asarlarida jamoat ruhi, davrga xos muhim muammolar ustundir. 1490-1501 yillar Navoiy eng nafis, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy asarlarini yaratgan. Ijodi juda ulkan – olti dostonining hajmi 60 000 yaqin misrani tashkil etadi. 1483-1485 yillar “Xamsa”ni yaratgan – “Hayrat ul-Abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” (“Yetti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”). Navoiy oʻz asarlari bilan turkiy tilning boyligi va goʻzalligini isbotlab, oʻsha paytlari udum boʻlgan faqat forsiyda yozish adibni cheklab qoʻyishini koʻrsatib bergani bilan ham oʻzbek adabiyoti rivojida juda katta muhim tutadi.

Kamoliddin Behzod (1455 -1535). 1468 yildan 1506 yilgacha Hirotda ishlagan va yirik rassomlik maktabi ustalaridan biri boʻlgan miniatyurachi. Gʻarbda “Sharq Rafaeli” deb tan olingan. Oʻzining takrorlanmas ijodi, goʻzal sanʼati va ajoyib mahorati bilan nafaqat Sharq xalqlari, balki butun dunyo xalqlari madaniyati tarixida sezilarli iz qoldirgan, uning taraqqiyoti uchun barakali hissa qoʻshgan zabardast musavvir. Tarixiy manbalarda yozilishicha, uning nomi Behzod boʻlib, Hirot ahli uni suyub, erkalab Kamoliddin, deb chaqirgan. Alisher Navoiy uni oʻz maktublaridan birida “ustod Behzod” deb ataydi.

Behzod asosan taniqli Hirot xattoti va rassomi Mirak Naqqosh Xurosoniy qoʻlida tarbiya topadi. Shuningdek, yoshligida mashhur sanʼatkor Sulton Ali Mashhadiy bilan juda yaqin munosabatda boʻlgan.

Behzod musavvir sifatida tanilgach, 1487 yil Sulton Husayn farmoni bilan saltanat kutubxonasiga rahbar etib tayinlangan. Tez orada bu joy oʻz davrining badiiy akademiyasiga aylanadi. Uni mutaxassislar “Nigor xonayi Behzod” yoki “Behzod akademiyasi” deb atagan. Behzoddan rang-barang janrlarda koʻplab asarlar qolgan. U Sharq tasviriy sanʼatini janr, mavzu, gʻoyaviy yoʻnalishi, tuzilishi, ranglar tanosibi, shakl va voqealar mutanosibligi jihatdan yangi taraqqiyot choʻqqisiga koʻtardi, daho allomalarning shoh asarlarini, tarix kitoblarini bezadi, zamonasidagi buyuk shaxslarning aksini – portretini yaratib, tasviriy sanʼatimiz tarixiga portret janrini olib kirdi.

Davomi bor…
Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …