Mamlakatimizda milliy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, buyuk ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish va targʻib etish, ularning xoki abadiy qoʻnim topgan maqbaralarni obod qilishga alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, naqshbandiya tariqati vakili, maʼrifatparvar va mutafakkir alloma Valixon Urgutiy xotirasiga hurmat-eʼtibor koʻrsatish va uni abadiylashtirish maqsadida Urgut shahridagi “Chorchinor” mavzesida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
“Chorchinor” Urgut shahridan 2 kilometr masofadagi togʻ tepaligida joylashgan ziyoratgoh va oromgohdir. Xalq orasida baʼzan “Yuqori chinor” deb ham ataladi. Buning sababi Urgut shahridan 1,5 kilometr pastda shunga oʻxshash “Pastchinor” ziyoratgohi ham bor. Ikkisiga ham dunyoning koʻplab mamlakatlaridan mehmonlar keladi.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, bu mavzening ziyoratgohga aylanish sabablaridan biri arab xalifaligi sarkardasi Xoja Abu Tolib Sarmast bilan bogʻliq. U xalifalikning Urgutdagi boshqaruvchilaridan biri boʻlib, “Chorchinor”dagi mashhur zilol chashma atrofiga toʻrtta chinor ektirgan. U taxminan 253/866-67 yilda vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Keyinchalik bu ziyoratgoh “Xoja Chorchinor”, deb atala boshlagan.
Abu Tohirxoja “Samariya” asarida “Chorchinor” haqida: “Hazrat Xoja Abu Tolib Sarmastning marqadi qabristonning janub tomonidagi togʻda, Samarqandga qarashli yerlardan boʻlgan Urgutdadir. Ushbu qabr tepasida minoraga oʻxshash uzun va yoʻgʻon chinorlar bor. Bu yerda bir tegirmonlik suv beradigan buloq ham bor. 1207/1792 yili qabristonning kunchiqar tomonida ilm egalarini yaxshi koʻruvchi, Ming urugʻidan boʻlgan Kattabek devonbegi yirik madrasa soldirgan. Hozir talabalar oʻqiydigan bir shinamgina joydir. Abu Tolib Sarmastning tarjimai holi belgilik emas. U burungi zamon valilaridan. Samarqand shahridan chamasi besh toshlik (40 chaqirimlik) yoʻl”[1], deb maʼlumot beradi.
Uning qabr toshida quyidagi yozuvlar borligi aniqlandi:
Namoz vaqti qazo boʻlmasdan oldin uni ado etishga shoshiling,
Oʻlimdan oldin tavba qilishga shoshiling.
Xojalarning xojasi Abu Tolib,
Ishq mayidan mast boʻldi.
Abu Tolibning ostonasini ziyorat qilmoq uchun
Erondan tashrif buyurar edilar.
Mir Haydarning ishi doimo taqvo bilan parhezkorlikdir.
Ulugʻ martabali fazilatli Shohanshoh Mir Haydarning amirlik zamoni edi.
U himmatli, saxovatli inson.
Adolat oti toʻxtovsiz chopmoqda.
Abu Tolibning muxlislaridan sanalmish sof eʼtiqodli valiy hokim Abdujabbor ibni Soʻfi Niyoz.
Bu maskan (“Chorchinor”) odamlar Alloh bilan roz aytishadigan, ibodat qiladigan joy boʻlsin deb, bir ulugʻ maʼbad-ibodatxona bino qildi.
Bu ziyoratgohning vasfiga tillar ojiz,
Sifatlarining chegarasi bepoyon.
Kim bu dargohga kelib “La sharika lahu”, deb Allohga murojaat qilib, biror tilak tilasa, uning duosini zudlik bilan ijobat qiladi (deb umid qilamiz).
Aql bu ishlarning tarixini quyidagicha taʼrifladi:
“Ravzai obidonu joyi niyoz”.
“Alloh dargohida ibodat qiluvchilar va ehtiyojmand insonlarning chirogʻi”.
Chashmaning shimoli-sharqida sohibi karomat Xoja Valixon ibn Ismoil Xoja va u kishining nabiralari olim va shoir shayx Qutbiddinxon ibni Xoja Muhiddinxon shaʼniga hashamatli maqbara qad rostlagan.
Xojagon tariqatining XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi koʻzga koʻringan namoyandalaridan boʻlgan Xoja Valixon Urgutiy oʻz davrining maʼnaviy hayotida ulkan mavqe egallagan siymolardan edi. Shuning uchun yurtimiz viloyatlari va xorijiy mamlakatlarda bu ulugʻ zotning ixlosmandlari, undan maʼnan bahramand boʻlganlar juda koʻp boʻlgan.
Markaziy Osiyoda soʻfiylik va bu suluk shoʻro tuzumiga qadar uzluksiz davom etgan. Yurtimizda XX asr boshlarida asosan naqshbandiya tariqati vakillari faoliyat olib borgan.
XVI asrda Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlogʻi bu yerga Namanganning Kosonsoyidan kelib oʻrnashgan Maxdumi Aʼzam Kosoniy-Dahbediy sharofatidan naqshbandiyaning yirik markaziga aylandi. Tariqatni keng yoyish uchun Dahbed shayxlari muayyan maqsad bilan turli hududlarga joʻnatildi.
XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Dahbediy pirlarining muridi boʻlgan bir avlod sharofati bilan Urgut ham tariqatning yirik markazlaridan biriga aylandi. Urgutiy pirlar orasidan shunday bir sulola yetishib chiqdiki, bu oila aʼzolari tariqatni otadan oʻgʻilga oʻtkaza borib, oʻziga xos bir zanjir hosil qildi. Zanjirning boshida Xoja Valixon Urgutiy turar edi. Bu zot oʻz davrida “Qutbi zamon” deya yuksak nom bilan sharaflangan. U Mavlono Mirmuhammad Ibrohim Samarqandiyning muridi boʻlgan.
Tariqatga rahnamolik qilish Eshon Valixondan oʻgʻli Eshon Muhiddinxonga oʻtgan. Tasavvufda “silsila” degan tushuncha mavjud. Bu Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan boshlangan ruhiy taʼlimning pirdan muridga oʻtib kelish zanjirini anglatadi. Tasavvuf tarixida ana shu uzilmas silsilaga (halqaga) kirmagan biror-bir shayx yoʻq.
Urgutning “Chorchinor” mavzesida Urgutiy pirlar tashabbusi va mablagʻi bilan masjid va madrasalar qurilgan. Tolibi ilmlarga yashash uchun joy, oʻqish uchun mudarrislar tayinlangan. Hatto 1920 yili Buxoroda bolsheviklar bosqini yuz berib, u yerdagi barcha madrasalar faoliyatini toʻxtatganidan keyin Buxoroi sharifning ayrim nufuzli mudarrislari Urgutdagi shu madrasaga kelib, taʼlim berishni davom ettirgan. Shu zamonlarda xalq orasida “Buxoroi sharif ilmi Urgutga koʻchdi” degan ovozalar tarqalgan. Eshon Valixon jamiyatda juda katta nufuz va mavqega ega edi. Mashhur olim, shoir Sayyid Ahmad Vasliy Samarqandiy oʻzning “Nazmus silsila” asarida yozadi:
“Ul kishi (Xoja Valixon) tufayli Urgut yetti iqlimga ovoza boʻldi, natijada butun Turonizamin shaharlari – Qarshi, Oʻsh, Hisor, Kesh, Toshkand, Fargʻona, Chorjoʻy, Koʻlob, Buxoro, Balx, Taroz, Termiz, Xoʻjand, Qorategin, Balx, Panjikent va boshqa joylardan muridlar va tolibi ilmlar yigʻilib, tarbiya topganlar, bahramand boʻlganlar”.
Vasliy vasfiy misralarning oxirida:
“Men ham shu zotning gʻulom-qullarining biri,
Yaʼni, men ham u kishiga shogird”[2], deydi.
Xoja Valixonning haq soʻzlari, insonlarni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilgani, botinan va zohiran pokiza boʻlgani, xalq orasidagi obroʻ-eʼtibori hukmron doiralarga mutlaqo yoqmas edi. Shuning uchun u kishi umr boʻyi Chorizm hukumatining kuzatuvida boʻlgan. Eshon Valixon 1915 yilda vafot etgan.
Uning qabrtoshida ajoyib husnixat bilan yozilgan qoʻyidagi lavhlarga guvoh boʻlish mumkin.
بسم الله الرحمن الرحيم
Bismillahir rohmanir rohim
(Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan boshlayman)
لا اله الا الله محمد رسول الله
La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh
(Allohdan boshqa iloh yoʻq, Muhammad sollallohu alayhi vasallam uning barhaq Paygʻambaridir)
هذا عمل اوستا عبدالرحيم ابن عابدباي
Haza amalu Usto Abdurahim ibni Obidboy
(Bu toshdagi yozuvlarni usta Abdurahim ibni Obidboy oʻyib-taroshlab yozgan)
هاتف بسال رحلتش انداخت اين ندا
Hotif ba soni rehlatash andoxt in nido.
Bir hotif (ovoz beruvchi) uning bu dunyodan rihlat qilish sanasini bildirmoqchi boʻlib, dedi:
رحمت نثار باد باكد سلطان اتقياء
Rahmat nisor bod, ba akadi sultoni atqiyo.
Muttaqiy Xudo – Haq taolodan qoʻrquvchi taqvodorlarning ishonchli Sultoniga Allohning rahmati yogʻilsin.
ان ايت رحمت كه يقين نور خدا بود
On oyati rahmat ki yaqin nuri Xudo bud.
U rahmat nishonasi boʻlgan kishi, shubhasiz, Allohning nuri edi.
با خلق خدا سوي خدا راه نما بود
Bo xolqi Xudo, Soʻi Xudo rohnamo bud.
Allohning bandalariga Xudo dargohi tomon yoʻl koʻrsatuvchi edi.
يا باطن باك امد عنه رضي الله
Bo botini pok omadu anhu roziyalloh.
U pok botin bilan keldi. Alloh undan rozi boʻlsin.
تاريخ وفاتش بهمين فرد ادا بود
Taʼrixi vafotash ba hamin fard ado bud.
Uning vafot sanasining tarixi shu yuqoridagi misrada ado etildi.
بهر تاريخ وصالش سر فرو بردم بديل
Bahri taʼrixi visolash sar furu burdam badil.
Uning yor vasliga vosil boʻlish tarixini bilish uchun men qalbimga quloq tutdim.
كفت: اكنون از كجا جون سراغ معرفت
Guft: “Aknun az kuzo joʻn surogʻi maʼrifat”?!
Dedi: “Endi bunday maʼrifat charogʻini qaydan topasan”?!
در وجود او جراغ معرفت مستور بود
Dar vujudi oʻ charogʻi maʼrifat chirogʻi mastur bud.
Uning vujudida maʼrifat chirogʻi pinhon edi.
بستترا بردند راجى از جراغى معرفت
Pastarro burdnad roji az charogʻi maʼrifat.
Umid qilinadigan maʼrifat chirogʻini olib ketdi.
Shuningdek, bu qabrtoshda bitilgan mana bu misralarda abjad hisobi sanʼati ishlatilgan.
Har bir misrada harflarni abjad hisobi bilan belgilab, bir-biriga qoʻshib chiqsak, Valixon Urgutiyning vafot etgan yili, yaʼni 1334/1915 yilni topamiz.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qadimiy Movarounnahrda yashab ijod qilgan ajdodlarimiz xoki abadiy qoʻnim topgan muqaddas ziyoratgohlar va ularda bugungi kungacha saqlanib kelayotgan epigrafik yodgorliklar ham ulkan tariximizning oʻziga xos nishonasi boy maʼnaviy meros xazinalaridan biridir. Epigrafika saqlanib qolgan bunday qabrtoshlar va ulardagi bitiklar ajdodlar tarixini yoritishda katta ahamiyat kasb etadi.