Home / MAQOLALAR / XX ASR BOSHLARI OʻZBЕKISTON XALQ MAORIFI TIZIMIDA BOSH VAQF TASHKILOTI VAZIFASI

XX ASR BOSHLARI OʻZBЕKISTON XALQ MAORIFI TIZIMIDA BOSH VAQF TASHKILOTI VAZIFASI

Tarix silsilasida suveren davlatlar oʻz hududi uchun milliy taʼlim va tarbiyani qadriyatlari asosida boyitib, zamonaviylashtirib borgani koʻpchilikka manbalar asosida ayon. XIX asr oʻrtalari Oʻrta Osiyoda boshlanib ketgan siyosiy kelishmovchiliklar, toju taxt kurashlari mintaqamizning Chor Rossiyasi mustamlakasiga aylanishiga sabab boʻldi. Ilm-fan va sivilizatsiya oʻchoqlaridan biri boʻlgan Turkiston iqtisodiy tanazzul va siyosiy zulm sababli maorifdan yiroqlashtirildi. Sobiq shoʻro davrida esa taʼlim-tarbiya jarayoni mafkuraviylashtirilib, yangi mazmun kasb etdi. Chunki, bolsheviklar tashabbusi bilan sotsialistik baynalmilal madaniyat yaratish bobida barcha milliy qadriyatlar birxillashtirildi. Bu jarayon “madaniy inqilob” nomi bilan xalq taʼlimiga ham daxl qildi.

Maʼlumki, XX asr boshlari Oʻzbekiston hududida Turkiston ASSR, Buxoro XSR va Xorazm XSR mavjud boʻlgan. Bu davrda oʻlkada mahalliy maktablar, jadid maktablari (tazyiqlar ostida faoliyati taqiqlanayotgan edi – muallif), rus-tuzem maktablari va madrasalar faoliyati davom etmoqda edi. Tez orada sovet hukumati tashabbusi bilan anʼanaviy maktab va madrasalarni sovetlashtirish ishlari boshlandi. Bu harakat boshida avval Ichki Ishlar Xalq Komissarligi (NKVD), keyin Maorif Xalq Komissarligi (NKP) tarkibiga oʻtkazilgan Bosh Vaqf Boshqarmasi turgan.

Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetining 1920 yil 26 fevraldagi 87-sonli[1] farmoni asosida barcha vaqf ishlari Taʼlim boshqarmasi vakolatiga oʻtkazildi. Respublikaning barcha vaqflarini boshqarish uchun Maorif Xalq Komissariati huzurida Turkiston Respublikasi Vaqf boʻlimi tashkil etildi. Fargʻona, Samarqand va Sirdaryo hududlari Viloyat Xalq Taʼlimi boshqarmasi huzurida Viloyat Vaqf boʻlimlari tuzildi. Bu boʻlimlarning ishini yurgizish bilan viloyatlardagi kafedra mudirlari shugʻullandi.  Vaqf mulkini bevosita boshqarish uchun Maorif kasaba uyushmasi va Sotsialistik madaniyat xodimlari tarkibidan menejer-boshliq va yordamchi saylandi. Saylov jarayonida eng asosiy eʼtibor saylangan menejer va yordamchi musulmon boʻlishiga qaratildi.

Mazkur farmonda menejerning vazifalari ham belgilab oʻtildi. Hujjatda taʼkidlanishicha, menejer har bir vaqf mulki hujjati batafsil yoritilgan inventarizatsiya kitobini yuritishi kerak boʻlgan. Barcha mulklarning yozma hujjatlari asl nusxalari bilan birga menejer tomonidan mintaqaviy Vaqf boʻlimiga taqdim etib borilgan. Vaqf koʻchmas mulki gazetalarda va bozor maydonlarida maxsus shaxslar tomonidan eʼlon qilinishi asosida ochiq savdolar orqali ijaraga berilgan. Bundan tushgan mablagʻ esa Xalq Taʼlimi Komissariati depozitiga jamlangan. Bu mablagʻ oʻzbek, qirgʻiz va tatar xalq taʼlimi institutlari ehtiyojlari uchun foydalanilishi alohida qayd etilgan.

Shoʻro hukumati Vaqf mulki bilan dastlab juda ehtiyotkorona munosabatda boʻlgan. Har bir rahbarning mahalliy jamoat boʻlimlari tomonidan yuritiladigan daromad va xarajatlar kitobi boʻlishi alohida belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, ijara shartnomalari mahalliy Kommunal soha boʻlimi boshligʻi, Vaqf mulki rahbari va ijarachilar tomonidan imzolangan. Mulkni ekspluatatsiya qilish boʻyicha barcha ijara shartnomalari mulkni boshqarish boʻyicha menejer tomonidan saqlanadigan kitobda qayd etilgan. Vaqf menejeri smetasiz hech qanday xarajatga yoʻl qoʻyilmaganligi sababli Vaqf mulkidan foydalanishi ham mumkin boʻlmagan. Agar shoshilinch ravishda mablagʻ kerak boʻlsa, menejer mintaqaviy vaqf boʻlimidan ruxsat soʻrab, xarajatlarni tasdiqlaydigan bayonnomalarni taqdim etishi zarur boʻlgan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Vaqfning Viloyat Boshqarmalari vaqf mulkiga hujjati bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, har bir vaqf mulki oshkora taqdim etilayotganini qatʼiy nazoratga olgan. Viloyat boshqarmalari zimmasiga vaqf mulklarini podshohlik davrida rasmiylashtirilgan yo bunday qilinmaganligidan qatʼi nazar, barcha volost va shaharlarga maʼlum qilish taklifi bilan xabar yuborish yuklatilgan. Ular barcha hujjatsiz vaqf mulklari haqida batafsil maʼlumotlar yigʻilgach, Markaziy Vaqf Boʻlimiga yuborib, xabardor qilgan.

1922 yil 28 dekabr Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetining vaqf haqidagi[2] 173-sonli qarori tasdiqlanadi. Hujjatda roʻyxatga olingan barcha vaqf koʻchmas mulki hamda madaniy-maʼrifiy va xayriya muassasalari toʻgʻridan-toʻgʻri Vaqf Bosh boshqarmasi tasarrufi va boshqaruviga oʻtkazilgani rasmiylashtiriladi. Boshqarma vaziyatni oʻrganish, munosabat bildirish va sovetlashtirish ishlarini amalga oshiradi. Ammo bu ish  ziddiyatlarga ham olib kelishini oldindan anglab yetgan hukumat dasturga maʼlum oʻzgartirishlar kiritib borgan. Misol, masjidlarga tegishli Vaqf mulkini dastlab oʻsha masjidlarning mutavallisi tomonidan nazorat qilinib, Vaqf boʻlimi kassasiga tushmasligini belgilab qoʻygan.

173-sonli qarorda Vaqf Bosh boshqarmasi va uning mahalliy boʻlimlari Sovet hukumati maʼmuriy institutlarining barcha huquqlaridan foydalanishi mumkinligi qayd etilgan. Vaqf boʻlimlarining daromadlari quyidagi asosda toʻplangan:

a) kimoshdi savdosidan tushgan mol-mulk va ijara haqidan;

b) Vaqf mulkidan olinadigan soliqlardan;

v) savdo va sanoatdan olinadigan foydadan;

d) turli xil xayr-ehsonlardan.

Vaqf Bosh boshqarmasi xarajatlarini quyidagilar tashkil etgan:

a) mutavallilar, mudarrislar, oʻqituvchilar, ishchilar va talabalarni ish haqi va stipendiya bilan taʼminlash;

b) Vaqf mulkini taʼmirlash va saqlash;

v) Vaqf boʻlimlaridagi operatsion xarajatlar;

g) hukumat, davlat va mahalliy soliqlar;

d) ijtimoiy sugʻurta;

ye) Vaqf Bosh boshqarmasi ehtiyojlari uchun belgilangan foiz;

j) talabalarni RSFR (Rossiyaning oʻsha paytdagi rasmiy nomi – muallif) va chet ellarda oʻqish uchun yuborish;

z) binolarni zamonaviy talablarga moslashtirish;

i) oʻquvchi va talabalarga stipendiyalar va grantlar berish, u yoki bu Vaqf muassasasini Vaqf boʻlimlarining qaroriga binoan qoʻllab-quvvatlash va boshqa madaniy-maʼrifiy maqsadlar uchun xarajatlar;

Vaqf boʻlimi yangi binolarni jihozlash, yangi kurslar ochish va talabalarni RSFR va chet ellarga joʻnatish uchun Vaqf Bosh boshqarmasidan maxsus ruxsat soʻrashi oldindan belgilab qoʻyiladi. Albatta, bu ishlar katta mablagʻ sarfi bilan ham bogʻliq edi. Shuning uchun Vaqf Bosh boshqarmasi ehtiyojlarini qoplash maqsadida mahalliy boʻlimlar umumiy daromadining 10% gachasini ajratishi belgilangan.

Matbuot va manbalardan maʼlumki, 1922-1927 yillari Oʻzbekistonda 3 turdagi maktab mavjud boʻlgan. Bular: sovet maktablari, vaqf maktablari hamda madrasa maktablari. Eski usul maktablari yopilganidan soʻng Oʻzbekistonda yagona mehnat maktablari tashkil etilgan[3]. Shuni ham taʼkidlash lozimki, qishloqlarda oʻsha yillarda 3 yillik taʼlim belgilangan bir paytda,  amalda 2 yillik taʼlim berib borilgani taʼlimni tashkil etishdagi eng katta kamchilik edi. Chunki, mavjud holat boshlangʻich va oʻrta taʼlim oʻrtasidagi uzluksizlikni buzib, qishloqlarda II bosqichli (toʻliqsiz oʻrta) maktablarning rivojlanishiga toʻsqinlik qilgan. 1923 yildagina ittifoq davlatlarida umumiy taʼlim tizimini joriy etish rejasini ishlab chiqish boshlangan.

Vaqf Bosh boshqarmasi raisi Axunov boshchiligida oʻtkazilgan kengash Qaroriga binoan[4], Vaqf Bosh boshqarmasi 1924 yil 24 martda Vaqf tarkibidagi barcha maktablar istisnosiz Glavsosvos (Glavsosvos -1921 yilda RSFSR Xalq taʼlimi komissarligi tarkibida tashkil etilgan Ijtimoiy taʼlim va politexnika taʼlimi bosh boshqarmasi. Boshqarma maktabgacha taʼlim muassasalari, umumiy taʼlim maktablari, bolalarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish va barchaning malakasini oshirish uchun masʼul boʻlgan[5]) Maorif Xalq Komisarligi dasturiga oʻtkaziladi. Qabul qilingan Qarorda Vaqf Bosh boshqarmasi vaqf maktab va kurslariga dastur va qoidalarning rus va oʻzbek tillarida tuzib berilishini maʼqul topadi.

Oʻzbekiston Maorif Xalq Komissari Moʻmin Usmonov “Madaniy inqilob yuksalishda” maqolasida “1928-1929 yillarda boshlangʻich va oʻrta maktablarning hamda oʻsmirlar maktablarining miqdori 2142 ta va ulardagi oʻquvchilar 147 ming 400 ta boʻlgan boʻlsa, 1932-1933 yillarda bu maktablarning soni 5859 ga va ulardagi oʻquvchilarning soni 521 ming 400 nafarga”[6] yetganini maʼlum qiladi.

Xulosa qilib aytganda, tadqiqotimiz davomida Vaqf Bosh boshqarmasi amalga oshirgan chora va tadbirlar xalqimizning qadriyatlariga zarba berganiga shohid boʻldik. Bu siyosiy harakat natijasida jamiyatda maʼnaviy inqiroz chuqur ildiz ota boshlagan. Inson va jamiyatni anglash-oʻrganishga asoslangan anʼanaviy maktab va madrasalar faoliyati zavolga yuz tutgan. Barcha xalqlar ongida bosqichma-bosqich “baynalmilal gʻoya” targʻib etilib, sotsialistik jamiyat haqidagi utopik qarashni shakllantirib borilgan.

 

FOYDALANGAN ADABIYoTLAR
[1] Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-453, 1920 g. 42 listax. st-30
[2] Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-2272  54 listax. st-2
[3] http://reja.tdpu.uz › views › openlesson. Vospitaniye, obrazovaniye i razvitiye pedagogicheskoy mыsli v Uzbekistane v 1917-1991 gg. S. 9
[4] Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, op-1, yed.xr-2741  62 list. 21 yanvar 1924 g.-25 noyabr 1924 g St-27
[5] https://www.booksite.ru/fulltext/1/001/008/010/817.htm
[6] Qizil Oʻzbekiston 3-noyabr 1933 yil № 256 (2755)

 

Suxrob Ergashev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …