Home / MAQOLALAR / YEVROPA MAMLAKATLARIDA ISLOMSHUNOSLIK TADQIQOTLARI

YEVROPA MAMLAKATLARIDA ISLOMSHUNOSLIK TADQIQOTLARI

Bugungi kunda Yevropa mamlakatlarida musulmonlar sonining tobora ortib borayotgani va bu hol ayniqsa, Germaniya, Angliya, Fransiya va Italiyada koʻproq kuzatilayotgani barchaga maʼlum. Sanab oʻtilgan davlatlarda islomshunoslik fani oʻz tarixiga ega boʻlib, islom tarixi va falsafasi, islom ilmlari boʻyicha koʻplab asarlar yozilganiga qaramay, uzoq  yillar davomida bu fanga sharqshunoslikning bir boʻlagi deb qaralib, islom dini tarqalishi natijasida unga yuzaga kelgan islom sivilizatsiyasi sifatidagi yondashuv yetakchilik qilayotgan edi. Endilikda Yevropada musulmon jamoalarining kengayib borayotgani Gʻarb olimlarini islomni alohida fan obyekti sifatida tadqiq qilish, uning turli madaniyatlarda qanday sintezlashib ketganini oʻrganish, shuningdek, yevropaliklar orasida islomga qiziqishning ortishiga sabab boʻlayotgan omillarni oʻrganish zamonaviy islomshunoslikning tadqiqot yoʻnalishlaridan biriga aylanib bormoqda.

Xozirgi zamonda Oʻzbekiston islomshunosligida katta oʻzgarishlar boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, OʻzR FA Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida islomshunoslikka taalluqli fanlar boʻyicha dasturlar, oʻquv qoʻllanmalar va darsliklar yaratilmoqda. Dolzarb muammolar yechimini aniqlashga qaratilgan doktorlik dissertatsiyalari himoyasi oʻtkazilmoqda.

Bu sohada faoliyat olib boruvchi mutaxassislar nafaqat mahalliy, balki chet tillardagi maxsus adabiyotlardan foydalanish, Yevropa islomshunoslarining asarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Hozirgi davrda nafaqat xorijiy Sharq mamlakatlari, balki Gʻarb davlatlarida ham islomshunos olimlarining asarlarini chuqur oʻrganish va tahlil qilish, shu bilan birga, mutaxassislarning dunyoqarashini kengaytirish va yangi mavzulardagi tadqiqotlar olib borish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida oʻtayotgan islohotlar Yevropada rivojlangan, yetakchi davlatlarning  oliy taʼlim sohasidagi ijobiy  tajribasidan foydalanishni talab etmoqda. Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya, va Turkiyada ixtisoslashgan universitet, institut va ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi, ularda islomshunoslik fani boʻyicha turli oʻquv kurslari oʻqitilmoqda.

Xorijiy adabiyotlarni oʻrganish natijasida maʼlum boʻldiki, Gʻarbiy Yevropa davlatlarida, xususan, Buyuk Britaniyada islomni va musulmon olamini ilmiy oʻrganish sharqshunoslik fanining ichida olib borilgan. Tadqiqotlarda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlari qiziqish doirasiga qamrab olingan. Ilk izlanishlar 1632 yilda Kembrij va 1634 yilda Oksford universitetlari tomonidan amalga oshirildi[1]. XIX asrga kelib, Buyuk Britaniyaning musulmon olami bilan savdo-tijorat aloqalari kengaygandan soʻng bu sohaga qiziqish yanada ortdi. XX asrda esa islom olamining madaniyati va tilini tadqiq qilish diplomatiya, siyosat va xalqaro iqtisodiy rivojlanishda muhim omil sifatida baholandi va unga katta eʼtibor berila boshladi.

Islomshunoslik sharqshunoslikdan chiqqani holda oʻzining metodologiyasiga, asosiy mavzulari va klassik matnlariga ega boʻlgan fan sifatida shakllandi, desak boʻladi. Ayrim olimlar unda koʻproq arab tiliga, klassik matnlarga va islom dinining asosiy manbalari hisoblangan Qurʼon va Hadisga urgʻu bersalar, boshqalari uni siyosiy, ijtimoiy va antropologik jihatdan oʻrganishga yondashishni maʼqul koʻradilar.

Islomshunoslik faniga tavsif berishda angliyalik olim doktor Atoulloh Siddiqiy quyidagilarni yozadi: “Islomshunoslik bitta fan emas, balki islomni tadqiq qilish davomida uning tarixiga, falsafasiga, ilohiyotga, sanʼatga va arxitekturaga ahamiyat berilishi lozim. Lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, islomshunoslikni oʻqitish jarayonida shunday yadro borki, biz uning universitetlar taʼlim dasturiga kiritilishiga qattiq eʼtibor berishimiz lozim. Bu klassik yadro Qurʼon, yaʼni barcha islomiy ilmlarning asosi sifatida namoyon boʻladi. U oʻz ichiga hadisni, ayrim fiqhiy ilmlarni va islom tarixini Muhammad paygʻambar (s.a.v.) tugʻilgan yildan boshlab oʻrganishni oʻz ichiga oladi deb, ayta olamiz”[2].

Buyuk Britaniyada ushbu turfa qarashlar fanning oʻzida va undagi yondashuvlarda ham oʻz aksini topmoqda. Bugungi kunda Britaniyada musulmonlarning soni koʻp boʻlishiga qaramay, Oksford universitetining ichida tashkil etilgan islomshunoslik markazidan tashqari bunday nomda ataluvchi markazlar juda ham kam uchraydi. Ayrim universitetlardagi fakultetlarning nomiga eʼtibor beradigan boʻlsak, islomshunoslik masalalarini oʻrganadigan fanlar “Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari madaniyati” deb nomlanadi. Aynan shu yoʻnalishlarning ichida ushbu davlatlar madaniyatining bir qismini tashkil etuvchi islom dini ham oʻrganiladi[3].

Islomshunoslikning Angliya oliy taʼlim tizimida oʻqitilishiga toʻxtaladigan boʻlsak, Buyuk Britaniya universitetlarida islom ilmlarini tadqiq qiluvchi va undan dars beruvchi olimlarning yetishmasligi bu fanni oʻqitish oldida turgan muammolardan biri boʻlib qolmoqda.

2007 yilda islomiy tadqiqotlar oʻtkazish Buyuk Britaniyaning milliy qiziqishlarida strategik jihatdan muhim deb belgilandi. Qirollikda musulmonlar sonining koʻpayishini hisobga olgan holda, olimlar orasida ham fan sohasining strategik  dolzarbligi toʻgʻrisida bahslar va munozaralar oʻtkazildi. Ushbu munozaralar davomida baʼzi olimlar islomshunoslik sohasiga akademik mustaqillik berilishini, fanni “siyosiylashtirishga” skeptik yondashishni qoʻllab-quvvatlasalar, qolganlari hozirgi kunda davlat ahamiyatidagi masalalarni, ayniqsa, ekstremizmga qarshi kurashishda uning roli muhimligini izohlab oʻtishdi[4].

Germaniyada islom va islom madaniyatini oʻrganish tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. 1143 yilda Ispaniyada Qurʼonning lotin tilidagi ilk tarjimasi tayyorlandi va Shveysariyaning Bazel shahrida birinchi bor nashrdan chiqarildi. Uning qayta ishlangan nashri Germaniyada 1546 yilda chiqdi va keyingi 400 yil mobaynida Yevropada oʻz ahamiyatini saqlab qoldi.

Germaniyada arab tilini ilmiy oʻrganish esa, XVI asrda, yaʼni bir qancha qoʻlyozma manbalar Heydelbergdagi kutubxonaga kelib qolganda va suriyalik xristianlar ushbu qoʻlyozmalar ustida ish olib borishganda boshlandi. Lekin oʻsha davrda islomshunoslikning haqiqiy markazi sifatida Gollandiya tan olindi. Uning yorqin namoyandalari sifatida Tomas Erpenius (vaf.1624 y.) va Jakob Golius (vaf.1667 y.) qayd etiladi. Aynan ular tomonidan Ibn Tufaylning “Hay ibn Yaqzon” kitobi arab tilidan lotin tiliga tarjima qilindi[5].        

Germaniyada islomshunoslik XIX asrda sharqshunoslikdan alohida fan sifatida ajralib chiqdi va soha boʻyicha koʻplab izlanishlar amalga oshirildi[6]. Lekin tadqiqotlar koʻp hollarda filologiyaga hamda Janubiy Afrika va Osiyo xalqlari madaniyati va tarixini matnlar asosida oʻrganishga asoslanar edi. 1933 yilga qadar Germaniya olimlari akademik institutlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega boʻlganlar. Lekin 1933-1945 yillar oraligʻida olimlarning erkinligi cheklanib, bu sohadagi izlanishlar bir qancha muddatga toʻxtab qoldi[7].

XIX asrda islomshunoslik sohasiga tanqidiy yondashuv va shu turdagi asarlar keng tarqaldi. Ularning paydo boʻlishiga turtki boʻlgan omil – bu sharqshunoslik sohasidagi yutuqlar va ayniqsa Germaniya sharqshunosligida olib borilgan izlanishlarni alohida qayd etib oʻtish lozim.

1960-1970 yillar davomida yana sharqshunoslik sohasini rivojlantirishga urinishlar boʻldi. 1972 yilda Germaniya sharqshunoslik jamiyati tomonidan berilgan hisobotda islomni alohida fan sifatida oʻrganishga va til koʻnikmalarini rivojlantirib, islom madaniyatini tadqiq qilishga eʼtibor qaratishga bir qancha sabablarni keltirib oʻtildi[8]

Fransiyada islomshunoslik XVI asrda boshlangan. 1539 yildan “Collège de France” kollejida arab tili oʻqitila boshladi va 1793 yilda Sharq tillarini oʻqitish uchun milliy maktab tashkil etildi. XVIII asrdan musulmon mamlakatlariga safarlar uyushtirish va ularning aholisi bilan qiziqishga eʼtibor oshgunga qadar sharqshunoslikning matnli va filologik anʼanalari tizimidagi taʼlim tizimi Fransiyada yetakchi oʻrinda boʻlgan. Shundan soʻng islomga etnografik jihatdan qiziqish kuchaydi va arab ilmlarini oʻqitish boʻyicha markazlar ochishga ehtiyoj tugʻildi[9].

Fransiyaning oʻzida esa ikkinchi jahon urushidan soʻng “Institut dʻÉtudes Islamiques” (Islomshunoslik instituti) birinchi boʻlib Sarbonnada tashkil etilgan. Arabiston yarimoroli  va Oʻrta Sharq mamlakatlarini oʻrganish boʻyicha 1962 yildan soʻng Bordo, Lans va Strasburgda tadqiqot markazlari ochildi. Ushbu markazlarning tashkil etilishi endilikda  islomga sharqshunoslikning bir boʻlagi sifatida qarashdan uzoqlashib, alohida fan sifatida shakllanishiga turtki boʻldi. 1997 yilda Sarbonna universitetining islom tarixi boʻyicha professori Muhammad Arkon taʼkidlaganidek, “…Fransiyada islomga nisbatan lingvistik, siyosiy va tarixiy jihatdan yondashish ustunlik qilayotgani sababli ijtimoiy va antropologik qarashlar ikkinchi darajaga tushib qolgan”[10].

1907 yildan Yevropada musulmon olamini tadqiq qilish uchun maxsus markazlar tashkil etila boshladi. Bunday markazlardan dastlabkisi professor Bekker tomonidan 1910-yilda “Der Islam” nomi ostida ochildi.

Islom dini Fransiyada eʼtiqod qiluvchilar soni boʻyicha Rim katolitsizmidan keyingi 2-oʻrinni egallaydi. Islomga eʼtiqod qiluvchilar umumiy aholining 5-10% ini tashkil etib, bu Gʻarbiy Yevropada musulmonlar sonining koʻrsatkichi boʻyicha 3-oʻrindir. Maʼlumotlarga koʻra, musulmonlarning asosiy qismi sunniylik mazhabi vakillari hisoblanadi[11]

Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, Fransiyada musulmonlar boshqa Gʻarb mamlakatlariga nisbatan oʻzlarini erkinroq his qilar ekanlar.

Fransiyada sekulyarizm (dunyoviylik) anʼanalariga qattiq amal qilinishi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan institutlar va diniy tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarining cheklanib qolishiga sabab boʻlmoqda. Islom taʼlim institutlari koʻp hollarda alohida mustaqil fuqarolik jamiyati uyushmalari tarzida tashkil etilib, unda asosan imomlar va shu bilan bir qatorda, arab tili va islom ilmlarini oʻrgatishga ham ahamiyat qaratiladi[12].

 Bugungi kunda Fransiyada islomshunoslikni oʻqitishdagi asosiy yondashuvlar bu lingvistik va adabiy yondashuvlardir. Bularga misol tariqasida siyosatshunoslik, tarix, antropologiya, din sotsiologiyasi kabilarni keltirish mumkin. Fransiyaning Sarbonna universitetida koʻproq tillarga urgʻu berilsa, Parij universiteti “Oʻrta asrlarda islom” mavzusiga koʻproq eʼtiborni qaratadi.

Ijtimoiy fanlar tarkibiga kiruvchi siyosiy jihatdan oʻrganish imkoniyati “Institut dʻÉtudes Politiques” (Siyosatshunoslik instituti)da mavjud. Ushbu institut bir qancha olimlarni oʻzida jamlagan “The Centre dʻÉtudes et de Recherches Internationales” (Xalqaro taʼlim va tadqiqotlar) milliy markazi bilan hamkorlik qiladi.

Islom va musulmon jamiyati boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar turli fanlar yoʻnalishida, jumladan, tarix, siyosat, sotsiologiya, antropologiya, til va adabiyot sohalarida tadqiqotlar olib borishni koʻzda tutgan markazlarda amalga oshiriladi. Ushbu markazlarning koʻpchiligi Oʻrtayer dengizi mamlakatlariga eʼtiborni qaratib, Fransiyaning musulmon jamiyati bilan uzoq yillik tarixini oʻrganishni oʻz ichiga oladi.

Fransiya olimlari islomshunoslikni oʻqitish boʻyicha bir qancha yoʻnalish va yondashuvlarni ishlab chiqqanlar, lekin shuni ham qayd etish joizki, bu sohada taʼlim olayotgan talabalar soni kamchilikni tashkil etadi. Fransiyada soʻnggi yillar davomida islomga bagʻishlangan koʻplab kitoblar nashr etilganiga qaramay, ularning koʻpchiligi publitsistik janr usulida yozilgan.

Xulosa qilib aytganda, koʻrib chiqilgan Yevropa mamalakatlarida islomshunoslik hali ham alohida fan sifatida shakllanmoqda. Bu fan sohasi haqida bildirilgan fikrlar turlicha va olimlarning qarashlari tarqoq holda rivojlanayotganini kuzatishimiz mumkin. Yevropa mamlakatlarida islomshunoslikni oʻqitishda yoʻlga qoʻyilgan yondashuvlar va samarali loyihalar bilan tanishish, oʻziga xos ilmiy tadqiqot tajribasini Oʻzbekistonning maxsus oliy oʻquv yurtlariga, xususan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga,  joriy qilish bugungi kun talablariga javob beradi, degan fikrdamiz.

 

[1] Albert  Hourani, Islam in European Thought.Cambridge: CUP,1991.– P.13. 
[2] Dr. Ataulloh Siddiqui. Islam at universities in England: Meeting the needs and investing in the future. England.: Minister of state for lifelong learning and further and higher education, 2007. – P. 27. 
[3] International approaches to Islamic studies in higher education. A report to HEFCE. Subject Centre for Languages, Linguistics and Area Studies and Subject Centre for Philosophical and Religious Studies. Great Britain, 2008.– P.16.
[4] Islamic Studies Network project team. Teaching Islamic Studies in higher education. England, 2010. – P.12. 
[5] Annemarie Schimmel. Islamic Studies in Germany: A Historical Overview. Islamic Research Institute, International Islamic University, Islamabad, 2010. – P.401.
[6] Mouton de Gruyter. Mapping Islamic Studies: Genealogy, Continuity, and Change. The Study of Islam in German Scholarship by Jacques Waardenburg. Berlin: New York, 1997.– P.5.
[7] Andrew Higgens. The Lost Archive: Missing for Years, Cache of Photos Spurs Research on Islamʻs Hallowed Text. The Wall Street Journal. 2008. – P. 14.  
[8] International approaches to Islamic studies in higher education. A report to HEFCE. Subject Centre for Languages, Linguistics and Area Studies and Subject Centre for Philosophical and Religious Studies. Great Britain, 2008 – P.25
[9] Mouton de Gruyter. Mapping Islamic Studies: Genealogy, Continuity, and Change. The Study of Islam in French Scholarship by Mohammed Arkoun. Berlin: New York, 1997. – P. 33.
[10] International approaches to Islamic studies in higher education. A report to HEFCE. Subject Centre for Languages, Linguistics and Area Studies and Subject Centre for Philosophical and Religious Studies. Great Britain, 2008.–  P.19.
[11] http://en.wikipedia.org/wiki/Islam_in_France
[12] International approaches to Islamic studies in higher education. A report to HEFCE. Subject Centre for Languages, Linguistics and Area Studies and Subject Centre for Philosophical and Religious Studies. Great Britain, 2008. – P.21. 
 
Saidakbar AGZAMXODJAYEV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori,
tarix fanlari doktori

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …