Home / MAQOLALAR / “MUSTALAHUL HADIS” ILMINING SHAKLLANISHI VA TARQALISHIDA IMOM BUXORIYNING OʻRNI

“MUSTALAHUL HADIS” ILMINING SHAKLLANISHI VA TARQALISHIDA IMOM BUXORIYNING OʻRNI

Mustaqillik yillarida islom dini, madaniyati va falsafasini oʻrganishga, islomiy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni qayta tiklashga katta eʼtibor qaratildi. Chunki islom dini milliy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizga aylangan. Islom taʼlimoti dunyoviy tafakkur bilan sintezlashib ketgan. Sharqda tasavvuf falsafasi rivojlanib, kishilik jamiyatida yaxlit umumfalsafiy merosni yaratishga muhim hissa qoʻshgan. “Oʻzbekistonday oʻtmishi insoniyat tarixi, kishilik hayoti ibtidosi bilan bogʻliq boʻlgan makonda tugʻilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burhonuddin Margʻinoniy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom Gʻazzoliy, Aziziddin Nasafiy, Xoja Ahror Valiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy kabi yuzlab daholar borki, ular islom dinini oddiy, kundalik taqvo va ibodatdan tom maʼnodagi taʼlimot darajasiga olib chiqdilar. Insoniyat taraqqiyotini butunlay oʻzgartirib yuborgan, jahon sivilizatsiyasiga gʻoyatda kuchli taʼsir oʻtkazgan Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, ulugʻ sarkarda va davlat arbobi sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa bobokolonlarimiz dunyoviy taraqqiyotni, tabiiy fanlar, falsafa, mantiq va adabiyot rivojini islom taʼlimoti bilan mushtarak holda tushundilar va rivojlantirdilar. Davr, tarixiy sharoit shunday ediki, ana shu omillarning biri kam boʻlgan taqdirda buyuk ixtirolar, olamu odam taqdiri va istiqboli bilan bogʻliq boʻlgan kashfiyotlar dunyoga kelmagan boʻlur edi.” Ana shunday mashhur ajdodlarimizdan biri Imom Buxoriydir.

Imom Buxoriyning falsafiy qarashlari, u toʻplagan eng ishonchli hadislarni oʻrganish hozirgi yangilanayotgan oʻzbek jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega. Zotan, dunyo musulmonlari Qurʼoni karimdan keyingi mavqeda koʻradigan ushbu hadislarning moʻtabar irfoniy-maʼrifiy, maʼnaviy-ahloqiy va ruhiy-tarbiyaviy ahamiyati davlatimizning barkamol avlod siyosati bilan hamohangdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzlar ekan, “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab avaylashga daʼvat etadi,” dedi. Shu bilan birga, Prezidentimiz yuqori minbardan turib, Imom Buxoriy nomini tilga oldi va jaholatga, zalolatga, aqliy va hissiy biqiqlikka qarshi faqat bilim va tafakkur bilan, maʼrifat bilan qarshi chiqish mumkinligini alohida taʼkidladi.

Islom dini va adabiyotiga oid adabiyotlarda hadislar bobida “hadis ilmi”, “hadis – sunnat”, “Qurʼondan keyingi ikkinchi masdar”, “ahli sunnat”, “hadis toʻplamlari”, “musnad hadis”, “sahih hadis” kabi iboralar koʻplab uchraydi. Ushbu ibora va tushunchalar haqida maʼlum bir tasavvurlarga ega boʻlmaslik turli chalkashlik va murakkablikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun biz “Mustalahul hadis” ilmining shakllanishiga bevosita taalluqli boʻlgan yuqoridagi ibora va tushunchalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.

“Hadis” soʻzi arabchadan kelib chiqqan boʻlib, “soʻz”, “kalom”, “paygʻambar soʻzi”, “hikoya”, “naql” degan maʼnolarni anglatadi. Diniy-ilmiy kitoblarda “hadis” deyilganda, Muhammad paygʻambarning aytgan gap-soʻzlari, qilgan ishlari nazarda tutiladi [6:156]. Demak, “hadis ilmi” deganda Muhammad paygʻambar gap-soʻzlari va feʼlini oʻrganish, jamlash, tasniflash va sharhlash bilan bogʻliq faoliyat turi tushuniladi.

“Sunnat” arab tilida “tariqat – maʼnaviy yoʻl” degan maʼnoni anglatadi. Shundan kelib chiqib, Paygʻambar s.a.v.ning sunnatlari deganda tariqatlari, yoʻllarini tushunamiz [6:157]. Diniy-ilmiy talqinda sunnatga quyidagicha taʼrif beriladi: “Paygʻambar (s.a.v.)dan asar boʻlib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli maʼlumotlar “sunnat” deyiladi” [6:9]. Mazkur taʼrifda “gap”, “ish”, “taqrir”, “xalqiy”, “xulqiy-axloqiy sifatlar” va “tarjimai hol” degan iboralarga duch kelamiz. Ular haqida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻzining “Muqaddima” kitobida toʻxtalib oʻtgan. Ilm ahliga talqini maʼlum boʻlgani uchun, ularni takrorlab oʻtirmay, hali ilmiy isteʼmolga kirmagan “taqrir” maʼnosini berish bilan chegaralanamiz. “Taqrir” – bir narsaga iqror boʻlish, uning toʻgʻriligini tasdiqlash-maʼqullash maʼnosini anglatadi. Sunnatdagi taqrir esa Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning sahobai kiromlar tomonidan sodir boʻlgan baʼzi narsalarni maʼqullashlaridan iborat”. Yuqoridagi talqinlardan kelib chiqsak, “Sunnat va hadis bir-birining oʻrnida ishlatilib kelgan istilohlardir. Ularga yana ham diqqat qilsak, hadis xosroq, sunnat umumiyroq ekani koʻrinadi” [6:9].

“Qurʼondan keyingi ikkinchi masdar”, Qurʼoni karimni izohlovchi va bayon etuvchi Rasulullohning hikmatli gaplari, manbalari deganda sunnat-hadislar tushuniladi. “Sunnat-hadisning maʼnosi Allohdan, lafzi Paygʻambardan boʻlgan vahiydir” [6:13]. Musnad turli mavzulardagi hadislar toʻplami boʻlib, unda “hadis rivoyat qiluvchi sahobalar islom dinini qabul qilgan vaqtiga koʻra, yoki alifbo tartibida joylashtirilgan” [1:4].

“Sahih” arabcha soʻz boʻlib, ishonarli, toʻgʻri, xatosiz degan maʼnolarni anglatadi. U bilan birga diniy-ilmiy adabiyotlarda “gʻayrisahih” yoki “mavzu hadis” degan tushuncha ham qoʻllaniladi. “Gʻayrisahih” yoki “mavzu hadis” ishonchsiz, notoʻgʻri, xato maʼnolarini anglatib, “Sahih” soʻzining aksi sifatida ishlatiladi. Sunnat-hadislarni toʻplash Muhammad (s.a.v.) paygʻambar davridayoq boshlangan. “Islomning birinchi kunidan boshlab, moʻmin-musulmonlar kattayu-kichik har bir narsani oʻz paygʻambarlaridan oʻrgana boshladilar. Ular u zotdan ilohiy dastur boʻlgan Qurʼoni karim oyatlaridan tortib, to oddiy tahorat olishgacha boʻlgan hamma narsalarni asta-sekin qabul qilib olar edilar. Shuning uchun ham Muhammad (s.a.v.) muborak hayotlarining biror lahzasi ham sahobai kiromlarning diqqat eʼtiboridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning muborak ogʻizlaridan chiqqan har bir soʻz, oʻzlaridan sodir boʻlgan har bir harakat shariat hukmi, oʻrnak, shaxsiy misol, hikmat, nasihat va koʻrsatma sifatida qabul qilinardi” [6:16]. Shu tariqa sahobalar Muhammad paygʻambarning sunnat-hadislarini toʻplab, oʻrganib, ularga amal qilib, keyin esa boshqa musulmonlarga, ular oʻz navbatida avlodlari-tobeʼinlarga yetkazganlar. Bu borada Abu Hurayra, Oysha onamiz, Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Masʼud, Anas ibn Molik, Abu Saʼd al-Hudriy, Sohib ibn Yazid, Ibn Abbos, Ummu Salama, Jobir ibn Abdulloh, Anas, Uqba ibn Omar kabi sahobalardan koʻplab hadislar keltirilganini eslash mumkin. Biroq bu saʼy-harakatlar ilmiy xarakterda emas edi. Hatto Hazrati Umar va Hazrati Usmon xalifaligi davridagi hadislar toʻplashga qoʻyilgan qatʼiy talablar, Muhammad paygʻambarning “Sizlarga ikki narsani qoldirdim. Agar ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz. Bular – Allohning Kitobi va Sunnatimdir” [6:14], degan alohida taʼkidlariga qaramay, ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy, mazhabiy, qavmiy-eʼtiqodiy, xususiy ixtiloflar tufayli sunnat-hadislarda gʻayrisahih rivoyatlar, gaplar ahli dinni islomdan, Muhammad paygʻambar (s.a.v.) taʼlimotidan chalgʻituvchi fikrlar, oqimlar paydo boʻldi. Hazrati Usmon davrida islom dini keng tarqalib Muhammad paygʻambar (s.a.v.) sunnat-hadislaridan shaxsan xabardor sahobalar turli yurtlarga tarqalib ketdi. “Qolaversa, siyosiy fitnalar chiqib, turli janjallar boshlandi. Xilma-xil firqalar yuzaga keldi. Orada ham qurolli, ham fikriy, ham dahanaki janglar avj oldi. Maʼlumki, tarafkashlik, guruhbozlik bor joyda, mutaassiblik bor joyda oʻz tarafdorlarini qoʻllash uchun hech narsadan qaytilmaydi. Bunday paytda mustaqil qolish juda ham qiyin. Har kim, har taraf oʻzining haqligini isbotlash uchun toʻgʻri-notoʻgʻri barcha chora-vositalarni ishga sola boshlaydi. Oʻsha paytdagi ommaviy hayot diniy hayotdan iborat boʻlgani uchun har kim oʻzini dindor koʻrsatishga, qilayotgan ishiga, aytayotgan gapiga Qurʼon va Sunnatdan dalil keltirishga urinar edi” [6:25]. Bunday paytda islom dinini gʻayridiniy unsurlardan, sunnat-hadislarni soxta gaplar, rivoyat va xabarlardan xoli qilish lozim boʻldi. “Asr boshida Qurʼondan boshqa narsani rasmiy ravishda yozmaslik davlat siyosati boʻlsa, endi oʻsha vaqtdagi omillar oʻzgargan …hadislarni rasmiy ravishda yozib, ehtimom berishni davlat siyosatiga aylantirish davr talabi boʻlib qolgan edi” [5:26]. Mazkur talabni sahobalarni koʻrgan, ularning rivoyat va naqllarini, soʻzllarini eshitgan, amallarini shaxsan kuzatgan tobeʼinlar amalga oshirishga kirishdilar. Natijada islom diniga, Muhammad paygʻambar (s.a.v.) hayotiga boʻlgan qiziqish turli diniy, metafizik va ilmiy qarashlarga ega muhaddislarni hayot sahnasiga olib chiqdi. Aynan ular “Mustalahul hadis” ilmining yuzaga kelishiga zamin tayyorladilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qayd etishiga muvofiq bu “hijriy toʻrtinchi asrda yuzaga chiqdi. Shundan boshlab ulamolar mustalah ilmi haqida alohida mustaqil kitoblar yozdilar” [5:26]. Shayxning keltirishicha, bu borada yaratilgan birinchi kitob qozi Muhammad Hasan ibn Abdurahmon ibn Xollad Romahurmuziyning “Al-muhammadisul fosil baynar – roviy val voʼiy” asaridir. “Lekin Romahurmuziy bu kitobida “Mustalahul hadis”ning barcha bahslarini qamrab ola bilmagan” [5:27]. Shundan keyin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hadisshunoslik ilmining shakllanishiga hissa qoʻshgan muhaddislar va ularning turli yurtlarda saqlanayotgan asarlarini keltiradi. Ular qatorida Hokim Abu Abdulloh Naysoburiyning “Maʼrifatu ulumul hadis”, Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Xatiyb Bagʻdodiyning “Kifoya fiy ilmir-rivoya” va “Al-Jomeʼ li axloqir-roviy va adabis someʼ”, qozi Iyoz ibn Muso Yahyoubiyning “Al-ilmaʼu ila maʼrifati usulir-rivayati va taqyidis-samʼi”, Abu Naʼiym Ahmad ibn Abdulloh Asbahoniyning “Al-mustahroj u ala maʼrifati ulumul hadis”, Abu Amr ibn Abdurrohman Shaxrazuriyning “Ulumul hadis” (“Muqaddimatu Ibn Saloh”), Abu Hafs Umar ibn Abdulmajiyd Mayonajiyning “Malaa yasaʼul muhaddisa jahluhu”, Muhyiddin Yahyo ibn Sharaf Navaviyning “At-Taqriyb vat-taysiyr li maʼrifati sunanil beshiyrin-nazkiyr”, Jaloluddiyn Abdurrohman ibn Abu Bakr Suyutiyning “Tadriybur-roviy fiy sharhi taqriybin Nabaviy”, Zaynuddiyn Abdurrohiym ibn Husayn Iroqiyning “Nazmud-durar fiy ilmil asar”, Muhammad ibn Abdurrohman Sahoviyning “Fathul mugʻiys fiy sharhi alfiyatil hadis”, Hofiz ibn Hajar Asqaloniyning “Nuxbatul fikar fiy mustalahi ahlil asar”, Umar ibn Muhammad Bayquniyning “Mamzumatul Bayquniya”, Sayyid Shariyf Jurjoniyning “Muxtasar fiy mustalahi ahlil asar”, Hofiz Shamsuddiyn Muhammad ibn Ahmad Zahobiyning “Al-muvqiza fiy ilmi mustalahil hadis”, Abdulhaq ibn Sayfuddiyn ibn Saʼdulloh Buxoriy Dehlaviyning “Muqaddima fil ulumil hadis” asarlari mavjuddir.

Imom Buxoriyning hadislar toʻplashga va “Al-Jomiʼ as-Sahih”ni yozishga kirishgani borasida turli fikrlar mavjud. “Mazkur asarning yozilish sabablaridan biri Imom Buxoriy hazratlarining ustozi, hadis ilmida moʻminlarning amiri Isʼhoq ibn Rohavayhning soʻzlari deb koʻrsatilgan, Ibrohim ibn Maʼqal an-Nasafiydan rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriy: “Isʼhoq ibn Rohavayh bir kuni: “Qaniydi sizlar Rasululloh (s.a.v.)ning hadislaridan sahihlarini toʻplab bir asar taʼlif etsangizlar,” deb aytdi. Mana shu soʻzlar mening qalbimga qattiq oʻrnashib qoldi. Natijada “Al-Jomiʼ as-Sahih”ni jamlashga kirishdim,” dedi.” [4:14] Shu bilan birga bu toʻgʻrida boshqa rivoyatlar va talqinlar ham mavjud. Sharqda buyuk ishlar bunday plyuralistik talqinlarsiz, rivoyat va afsonalarsiz boʻlishi mumkin emas. Ularni tahlil qilish bizning vazifamizga kirmaydi, bu borada manbashunoslarning izlanishlariga murojaat etish mumkin. Tadqiqotchi N.Qobilovning keltirishicha, Imom Buxoriy “Al-Jomiʼ as-Sahihni taxminan 217/833 yilda 23 yoshlarida Masjidul Haramda boshlab, 233/849 yilda qirq yoshga toʻlmasdan 16 yil davomida yozib tugatgan. “Al-Jomiʼ as-Sahih”dan oldin hadislar darajalariga qarab ajratilmagan. Imom Buxoriy ishonchli hadislarni toʻplab, ularni nosahihlaridan ajratib, “mutlaq yangicha bir yoʻlni kashf etib, hadisshunoslik sohasida “oltin yoʻl”ni boshlab berdi.” “Al-Jomiʼ as-Sahih” 97 kitob va 3881 bobdan iborat, unda 7563 hadis keltirilgan. Kitobning hoshiyasidagi muallaq hadislar 1391 ta, biron-bir hadisga ergashib, uni toʻldirib kelgan hadislar 344 ta, barcha hadislarning adadi 9082 taga yetadi. Ularni Imom Buxoriy 600 000 (olti yuz ming) hadis ichidan ajratib, tekshirib, tahlil qilib, qayta-qayta sinab olgan.”

“Mustalahul hadis”ning ilm, ilmiy faoliyat sohasi deyilishi gʻarbona tafakkurga ega kishida, ayniqsa, diniy-ilmiy merosdan bexabar boʻlib kelgan tadqiqotchida savol, eʼtiroz uygʻotishi tabiiy holdir. Shuning uchun “Mustalahul hadis” ilmining tadqiqot obyekti (predmeti), maqsadi, asosiy kategoriyalari, unda qoʻllaniladigan metodlar haqida maʼlumot berib oʻtish darkor. Imom Buxoriyning hayoti, diniy-ilmiy izlanishlari, asosiy asarlari “Al-Jomiʼ as-Sahih” va “Al-Adab al-Mufrad” aynan “Mustalahul hadis”ning ilm sifatida shakllanishi va tarqalishiga xizmat qiladi.

Ochiq aytish kerakki, mustaqillik yillarida eʼlon qilingan diniy-ilmiy asarlarda “Mustalahul hadis” oʻzining immanent qonuniyatlari va talablariga ega ilmiy faoliyat ekani esga olinmaydi. Hatto shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” (“Ishonarli toʻplam”) asariga yozgan muqaddimasida ham, uning 2002 yilda tayyorlagan “Hadis va hayot” kitobi muqaddimasida ham “Mustalahul hadis” mavjudligi keltirilmaydi. Ularda “hadis ilmi”, “sunnat tarixi” kabi iboralar tilga olinsa-da, aslida ular “Mustalahul hadis”ning aynan oʻzi emas. Bizning fikrimizcha, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻzining oʻttiz toʻqqiz jildlik “Hadis va hayot” majmuasini tayyorlash jarayonida musulmon Sharqida shakllangan “Mustalahul hadis”ni diniy ilm sifatida oʻzbek oʻquvchilariga taqdim etish zarurligini anglab yetgan. Shu bois u 2010 yilga kelib “Mustalahul hadis” ilmi haqida kitob tayyorlashni niyat qiladi va bu boradagi ishlarni boshlab yuboradi. Mazkur niyatning mahsuli sifatida “Sharq” nashriyoti shayxning “Mustalahul hadis” kitobini, “Hadis va hayot” majmuasi tarkibida, 2011 yili chop etadi.

Eng avvalo shuni chuqur ehtirom bilan qayd etishimiz zarurki, “Mustalahul hadis” oʻzbek tilida, balki butun Markaziy Osiyo (Movarounnahr) xalqlari tilida, hadis ilmiga oid eng muhim ilmiy, metodologik va diniy-falsafiy masalalarni yoritishga jazm qilgan ilk asardir. Ungacha bitilgan diniy-ilmiy asarlarda hadislarning ratsional asoslari, Muhammad paygʻambar(s.a.v.)ning soʻzlari, deganlari, hayot tarzi, eʼtiroflari bilan bogʻliq masalalar u yoki bu darajada qayd etib kelingan, ammo ularning hech biri “Mustalahul hadis” ilmi mavjudligini asoslashga intilmagan. Hatto diniy-ilmiy izlanishlarida Muhammad paygʻambar(s.a.v.)ning sunnat-hadislariga eng koʻp murojaat etgan Gʻazzoliy, Fariduddin Attor, Imom Aʼzam, Imom Shofiʼiy ham bu borada biror aniq fikr bildirganlari maʼlum emas. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ochiq tan olishga majbur boʻladi: “Bizning muhaddislarimizdan oldin kerakli insonlarning ijtimoiy oʻrni va salohiyatini alohida oʻrganib, oʻsha oʻrganilgan maʼlumotlarni ilmiy ravishda qayd qilib, kitob shakliga keltirgan xalq boʻlmagan. Roviylarning ishonchli yoki ishonchsiz ekanliklarini, ularning yod olishdagi quvvat darajalari va boshqa narsalarni oʻrganish uchun olib borilgan izlanishlar natijasida mazkur buyuk ilm yuzaga kelgan” [5:5]. Ushbu ichki ziddiyatlarga toʻla, bir-biriga muvofiq kelmaydigan ikki fikrni mantiqiy tahlil etishga berilmay, yuqoridagi taʼkiddan maʼlum boʻladiki, “Mustalahul hadis” to qozi Abu Muhammad Hasan ibn Abdurrohman ibn Xollad Romahurmuziyning “Al-muhaddisul fosil baynar-roviy val voʼiy” asari (u kishining hijriy 360 sanasida vafot etgani maʼlum) gacha diniy-ilmiy taʼlimot faoliyat sifatida maʼlum emas edi. Shuning uchun ham Shayx qozi Abu Muhammad Hasan ibn Abdurrohman ibn Xollad Romahurmuziy asarlarini hadis ilmi shakllanishini boshlab bergan “birinchi kitob” deb ataydi” [5:10].

“Mustalahul hadis” shunday ilmki, unda hadisni qabul qilish yoki rad etish uchun matn va sanadning ahvollarini tekshirishni oʻrgatadigan qoida va usullar oʻrganiladi” [5:19]. Bu oʻrinda “sanad” deyilganda hadis aytuvchilar, ularning ketma-ket kelishi, oʻzaro bogʻliq holda rivoyat qilishi kabilar tushuniladi. Demak, hadis shunchaki keltirilmaydi, uni rivoyat qiluvchilarning ismi-sharifi, maqomati, agar Muhammad paygʻambar (s.a.v.) sahobalariga yaqin boʻlsa, ushbu yaqinligi kabilar navbatma-navbat, xronologik tarzda tekshirilib aniqlanadi. Hadis Nabiy sallallohu alayhi vassallamgacha, xronologik tarzda yetib borishi zarur.

Hadislarni eng ishonchli, yaʼni boshqalarga aynan yetkazuvchilar sahobalardir. Shuning uchun ularning hadislari hech ikkilanmay qabul qilinadi. Sahobalardan keyin keladigan hadischilarning naql qilishi toʻgʻriligi, holi, ishonchliligi, adolati, zobti, hadisning uzilmay yetib kelishi diqqat bilan oʻrganiladi [5:28]. Koʻrinib turibdiki, har bir hadisning ishonchli yoki ishonchsiz, sahih yoki gʻayrisahih ekanini aniqlash roviy (rivoyat, hadis aytuvchi)larning hayotini, sahobalarga aloqasini, Muhammad paygʻambar(s.a.v.)ga yaqinligini, qaysi mazhabda ekanini bilishga yetaklaydi. Hadislarni yod olish uncha qiyin mashgʻulot emas, balki sahobalar va roviylarning ketma-ket kelishini, hadisni avval boshida kim eshitgan, unday keyin kimlar qabul qilgan va kelgusi avlodlarga yetkazgan, ularniyu islomdagi maqomati, mazhabi qanday boʻlganini bilish haqiqiy ilmiy izlanishni taqozo etgan. Imom Buxoriyning Bagʻdod hadis ulamolari oldidagi imtihon paytida chalkash xabarlarni izchil, ketma-ket toʻgʻrilab, javob bergani u zotning yirik ilm egasi ekanidan dalolat beradi [2:27].

Hanafiy ulamolar hadislarni “mutavotir hadis”, “mashhur hadis” va “ohod hadis”larga ajratadilar. Mutavotir hadislarni ikkilanmay ishonchli, mutlaq sahih, toʻgʻri hadis, deyish mumkin. Uning talabiga koʻra, hadisni Rasululloh (s.a.v.)dan kamida oʻnta sahoba, ushbu sahobalardan kamida oʻnta tobeʼin, ushbu tobeʼinlardan kamida oʻnta roviy eshitgan boʻlishi shart. Yaʼni, sanadning har bir tabaqasi roviylar, hadischilar soni oʻntadan kam boʻlmasligi darkor.

Mashhur hadisning roviylari har bir tabaqada kamida uchta boʻlishi talab etiladi. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” va “Al-Adab al-Mufrad” asarlaridagi sunnat-hadislarning aksariyati ushbu yoʻnalishdadir. Masalan, “Al-Jomeʼ as-Sahih”ning 1-bobidayoq Imom Buxoriy keltiradi: “Urva ibn Zubayr rivoyat qiladilar, u kishi ersa, Oysha onamizdan eshitgan ekanlar: “Horis ibn Hishom roziyallohu anhu rasululloh s.a.v.dan: “Yo, rasululloh, sizga vahiy nechuk kelgusidur?” – deb soʻradi. Rasululloh (s.a.v.): “Menga vahiy baʼzan qoʻngʻiroq ovozi yangligʻ kelgusidir. Kuchli vahiy kelganda shunday boʻlgʻay. Shunda men butun borliqni unutgum va vahiy soʻzlarini uqib olgumdir. Baʼzan esa, menga inson qiyofasidagi farishta vahiy keltirgʻay, men uning aytganlarini yodlab olgayman” deb javob qildilar” [1:7].

Bu oʻrinda ikkita sahoba (Oysha onamiz va Horis ibn Hishom) va bir roviy (Urva ibn Zubayr) ismlari tilga olingan. Ohod (ahad) hadis bir kishi yoki ozchilik tomonidan yetkaziladi.

“Mustalahul hadis” ilmida “aziz hadis” ham mavjuddir. Unda roviylar soni har bir tabaqada kamida ikki kishi boʻlishi zarur. Ammo ular ichida “mutavotir hadis” Qurʼoni karimning umumiy hukmini xoslaydi, mutlaq hukmini qayd etadi” [5:35].

Hadislarni yod olishga alohida eʼtibor berilgan. Islom olamida inson xotirasiga, zehniga, yod olish koʻnikmasiga ishonish muhim oʻrin tutadi, hatto Qurʼoni karimni yoddan bilish, boshqalarga yod orqali yetkazish anʼana boʻlgan. Imom Buxoriyning oʻzi ham Qurʼoni Karimni yod bilgan, uch yuz ming hadisni, ularni yetkazgan roviylar hayoti, eʼtiqodi, holi, mazhabi, adolatli ekanini xotirasida saqlagan. Yodlash, xotirada saqlash unga hadislarni vaʼz qilish uchungina emas, balki sahobalar va roviylar xabarlarining sahihligini tekshirib koʻrish, sinovdan oʻtkazish uchun zarur edi. Imom Buxoriy “oʻz shayxi al-Humaydiy Abdulloh ibn Zubayrni oʻrganib, ishonchli roviy ekaniga qanoat hosil qilganidan keyin al-Humaydiyning shayxi Sufyonni oʻrganishga kirishadi. Sufyonda ham hadisi qabul boʻlishi uchun zarur hamma shartlarni topganidan keyin ikkovlari qayerda, qachon, qanday uchrashganlari haqida hujjat va dalil keltiradi. U ham sobit boʻlganidan keyingina uchinchi roviyni oʻrganishga kirishadi. Shunday qilib, har bir hadisni necha kishi rivoyat qilgan boʻlsa, hammasi tekshirib chiqiladi [6:33].

Matn, hadisdagi soʻzlar, iboralar Mustalahul hadis ilmida eng muhim qism hisoblanadi. Sanadlar, roviylar holi oʻrganilgach, matn tekshiriladi. Muhammad paygʻambar lafziga xos iboralar, soʻzlar muhaddis eʼtiborida turadi, u mazkur iboralar, soʻzlar orqali hadisning sahihligini aniqlaydi. Bu oʻrinda muhaddisdan grammatika va stilistika qonun-qoidalaridan xabardorlik talab etiladi. Soʻzlar va iboralarning lugʻaviy, mantiqiy hamda aksiologik mohiyatini topish, oʻrganish alohida ilmdir. Arab tilini mukammal egallagan Imom Buxoriy har bir hadisdagi soʻzlar va iboralarni diqqat va qunt bilan oʻrganib, tekshirib, ularni boshqa hadislardagi variantlari, sinonimlari bilan qiyoslab chiqqan. Shunday sinovdan oʻtgan hadislarni u sahih hisoblab, asarlariga kiritgan. “Rivoyat etilishicha, Imom Buxoriy hazratlari koʻpincha, gʻusl qilib, ikki rakat namoz oʻqib, uyquga yotar ekanlar. Tushlarida Muhammad s.a.v. kelib, “ushbu hadis mendan” desalar, turib, kitoblariga yozar ekanlar” [6:34].

Bundan maʼlum boʻladiki, chuqur diniy-ilmiy izlanishlar muhaddisning butun oʻy-fikrini, qalbi va vujudini chulgʻab olgan, u har bir hadisni borligʻidan, his-tuygʻularidan oʻtkazgan, sahih ekanligiga hatto uyqusida ham asos izlagan.

Imom Buxoriyning “Mustalahul hadis” ilm rivojiga qoʻshgan buyuk hissasini u zot tirik paytidayoq eʼtirof etishgan. Shu bois ham islom olamida buyuk muhaddislar sifatida tan olingan allomalar boshida Imom Buxoriy turadi, undan keyin u zot kabi sahih hadislar toʻplagan Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Dorimiy Samarqandiy keladi. Eng muhimi shundaki, ushbu olti buyuk muhaddislarning toʻrttasi bizning yurtimizdan chiqqan yurtdoshlarimizdir. Bu misol Imom Buxoriy diniy-ilmiy izlanishlari, asarlari oʻlkamizda hadis ilmining shakllanishi va tarqalishiga qanchalik katta taʼsir qilganini koʻrsatadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Qurʼoni karim. Alouddin Mansur tarjimasi. –T.: Choʻlpon,1992.
  2. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. “Al-Jomiʼ as-Sahih” (Ishonarli toʻplam) 1-jild. T.: – Qomuslar bosh tahririyati, 1991.
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Mustalahul hadis”. –T.: Sharq, 2011.
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Muqaddima. 1-Juz. –T.: Sharq, 2004.
  5. Alimov U.Imom Buxoriy barakoti. –T.: Movarounnahr, 2007.
  6. Qobulov N. “Sahihu-l-Buxoriy”ning yozilishi tarixi va uslubi // Imom Buxoriy saboqlari, 2009.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Yaxshilik va axloq. 34-Juz. –T.: Sharq, 2011.
  8. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Namoz kitobi. 6-Juz. – T.: Sharq, 2011.
  9. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Roʻza kitobi. 9-juz. – T.: Sharq, 2011.
Nodira MUSAYEVA
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, f.f.n.

Check Also

OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Oʼrta Osiyo xalqlari orasida milliy mansublik tushunchasi yaxlit …