Home / MAQOLALAR / OʻZBЕKISTON: “ILMU IRFON SABOQLARI” FAZILATI

OʻZBЕKISTON: “ILMU IRFON SABOQLARI” FAZILATI

Xalq manfaatlari, millat taraqqiyoti, insoniyat maʼnaviyatiga xizmat qilgan hamma narsaning  umri uzoq boʻladi. Ulardan insoniyatga yetadigan manfaatlar oʻz-oʻzidan ortib boraveradi, kelgusi avlodlar doimo oʻz hayotlarida mayoqdek foydalanadi va dasturulamal vazifasini bajaradi. Mustaqillik davrida, ayniqsa uning soʻnggi yillarida diniy – maʼrifiy soha rivojiga berilayotgan eʼtibor xalqimiz tomonidan chin dildan qabul qilinmoqda. Mana shu yoʻnalishdagi ishlarning rivojiga “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali oʻzining munosib hissasini qoʻshgan va hozirda ham mana shu sharafli vazifani yuqori saviyada masʼuliyat bilan amalga oshirmoqda. Maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnal sifatida ish boshlagan bu maʼrifat xazinasi oʻtgan yillar har tomonlama oʻsdi, rivojlandi va hozirgi kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni mamlakatlarda, xorijiy davlatlarda ham oʻzining munosib  mavqeiga koʻtarilganligiga guvohmiz.

1999 yilda ochilgan Imom Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi qoshida taʼsis etilgan mazkur jurnalning 1-soni taqdimot davra suhbati 2000 yil 28 avgust kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan. Taqdimot marosimida Azizxon Qayumov, Alibek Rustamov kabi atoqli  akademiklari, Abdulaziz Mansurov, Abdurazzoq Yunusov, Ubaydulla Uvatov, Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy, Ozod Sharafuddinov kabi yetuk diniy-dunyoviy sohalarning bilimdon olimlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etganlar. Taqdimot marosimini Imom Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi boshqaruvining raisi Z.Munavvarov kirish soʻzi bilan ochib, mazkur nashrning ahamiyati, uning oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarga alohida toʻxtalgan. Jumladan, bu jurnalning asosiy maqsadi “maʼnaviyatimizning mustahkam ildizlaridan biri boʻlgan asl diniy qadriyatlarimiz bilan xalqimizni kengroq va chuqurroq tanishtirish orqali yoshlarimizni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshish”  ekanligi taʼkidlangan.

2017 yildan “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalining yangilanish, yangi sifat bosqichiga koʻtarilish davri boshlandi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Imom Buxoriy xalqaro markazi negizida Prezidentimiz Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Mazkur muhim ilmiy markazning asosiy nashri, yetakchi jurnali  sifatida u Oʻzbekiston Oliy attestatsiya komissiyasining allomalarimiz ilmiy-maʼnaviy merosi, dinshunoslik, islomshunoslik sohalari  boʻyicha ilmiy ishlar chop etiladigan  jurnallari roʻyxatiga kiritildi.

Oʻtgan yillar mobaynida jurnal diniy-maʼrifiy sohadagi mavzular koʻlami, maqolalarning ilmiy saviyasi, mualliflarning koʻp sonliligi bilan soha jurnallari orasida yetakchi oʻrinlarga koʻtarildi.  

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga hozirgi kunda yosh islomshunos, dinshunos, sharqshunos mutaxassislar qabul qilingan. Ular oʻzlarining ilmiy tadqiqotlariga oid yangiliklari, xulosalari, natijalarini mazkur jurnalda chop etish orqali sinovdan oʻtkazadilar va keng jamoatchilik, soha mutaxassislariga yetkazadilar.

Bugungi kunda “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali zamon bilan hamnafas qadam tashlamoqda. Hozirda jurnal maqolalari xorijiy talab va andozalar asosida chop etilmoqda. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi mutaxassis­lar jurnal faoliyati bilan tanish va unda muntazam oʻz maqolalarini chop etmoqdalar hamda uning ishi haqida ijobiy fikr bildiradilar.

Yurtimizning jadal rivojlanish davrida jurnal rahbariyatining oldida juda katta va muhim vazifalar turibdi. Ayniqsa, uning xalqaro maqomini koʻtarish, yetuk xorijlik olimlarning sohaga oid ilmiy tadqiqotlari natijalarini koʻproq chop etish, nufuzli xorijiy nashrlar bilan hamkorlikni kengaytirish dolzarbligicha qolmoqda. Jurnal 20 yillik mashaqqatli, masʼuliyatli, sharafli yoʻlni bosib oʻtib,  “Ilmu irfon saboqlari”ga aylandi. Jonajon jurnalimizni uning ziyoli  muxlisi sifatida  koʻp sonli mushtariylari nomidan muborak 20 yillik navqiron yoshi va tavallud ayyomi bilan chin dildan muborakbod  etamiz.

Zohidjon ISLOMOV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …