Home / MAQOLALAR / “AL-FOIQ FI GʻARIBIL HADIS” ASARINING LUGʻATSHUNOSLIKDAGI OʻRNI

“AL-FOIQ FI GʻARIBIL HADIS” ASARINING LUGʻATSHUNOSLIKDAGI OʻRNI

Mahmud Zamaxshariyning hadislarda uchraydigan kamyob, qiyin soʻzlarga bagʻishlangan “Al-Foiq fi gʻaribil hadis” – “Gʻarib hadislar haqida ajoyib asar” lugʻati anʼanaviy arab lugʻatnavisligi tarixida yangi, toʻrtinchi arab lugʻatchilik maktabini asoslab bergan[1].

Asarda soʻzlar alifbo tartibida berilib, u maʼnosi izohlanadi va maʼnoni ochuvchi sheʼriy yoki nasriy misollar keltiriladi[2].

Arab tarixchisi Ibn al-Asirning yozishicha, Zamaxshariy hadislarga bagʻishlangan bu asarni 516/1122 yilda yozgan. Mashhur tarixchi Ibn Hojar Asqaloniy: “Zamaxshariyning «Al-Foiq fi gʻaribi-l-hadis” kitobi gʻoyat ixcham boʻlgani bilan mazmunan keng qamrovliligi va naqllari toʻgʻriligi bilan ajralib turadigan yaxlit bir asardir»[3],  deb yozadi.

Alloma asar muqaddimasida musulmon dunyosida Qurʼoni karimdan soʻng hadislar muhim oʻrin egallashi, arab tilining chiroyli va toʻgʻri fikr qilish uchun mosligi haqida gapiradi. Hadislardagi ayrim soʻzlarning maʼnolarini idrok etishni osonlashtirish, balogʻat, fasohat tajribasini orttirish maqsadida “Al-Foiq” lugʻatini tuza boshlaganini aytadi. Xotimada esa lugʻat 516 hijriy yilda yozib tugatilgani aytilgan. “Al-Foiq” nomi ham shu yerda keltirilgan.

Arab tilidagi aksariyat lugʻatlarda boʻlganidek, “Al-Foik fi gʻaribil hadis”da ham eng avvalo soʻzning toʻgʻri oʻqilishi uchun fonetik qaydlar berilgan. Har bir soʻzdan keyin shunday qayd keltirilgan. Shuningdek “Al-Foiq”da soʻzlarning maʼnolarini ochib berishda izohli lugʻatlar uchun umumiy boʻlgan izohlardan koʻproq foydalanilganini koʻramiz. Alloma yoyiq tavsif usulini oʻrinli qoʻllagan. Bu usul arab lugʻatnavisligi istifoda etadigan eng qadimiy va shuning uchun oʻzini koʻp bor oqlagan usullardan biri boʻlib, deyarli hamma katta-kichik lugʻatlarni tuzishda undan keng foydalanilgan.

Arab lugʻatnavisligi qoʻlga kiritgan usullardan biri soʻz maʼnolarini ochishda sintaktik tahlildan foydalanishdir. Mahmud Zamaxshariy soʻzning maʼno nozikliklarini ochib berish va bu usuldan foydalanish borasida tengi yoʻq usta boʻlgan. Shuning uchun ham uning “Al-Foiq fi gʻaribi-l-hadis” asarini maʼnolari izohlangan soʻzlar majmuasi emas, balki oʻqish, tahsil olish va ziyoli boʻlish uchun zarur ilmlarni qiziqarli tarzda bayon qiluvchi asar darajasiga yetkaza oldi”[4].

Dildora MUSINOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1]Koriyev Oʻ. Abulqosim Zamaxshariy lugʻatlari.//Muloqot. 1997. -No 1. – B. 48.
[2]Rustamov A. Mahmud Zamaxshariy. -T.: Fan, 1971. – B.13.
[3]“Abul Qosim Mahmud  Zamaxshariy. Nozik iboralar. -T.: Kamalak, 1992. – B. 29
[4]Qoriyev Oʻ. Hadislar uchun lugʻat//Sharq mashʼali. -1996. -No 1-2. -B. 7

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …