Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING NISHOPUR FITNASIDAN XALOS BOʻLISHI

IMOM BUXORIYNING NISHOPUR FITNASIDAN XALOS BOʻLISHI

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy 250/864 yili Xurosonning Nishopur shahriga kelib, u yerda bir muddat hadisdan taʼlim bergan. Nishopurliklar Imom Buxoriyni yaxshi koʻrgan va kelganidan juda xursand boʻlgan. Imom Buxoriyni kutib olish uchun shahar ulamolari va amirlari hamda oddiy xalq toʻp-toʻp boʻlib koʻchaga chiqqan. Imom Buxoriy fitna sodir boʻlguncha shu yerda yashagan. Fitna esa Abu Usmon Said ibn Marvon Bagʻdodiyning vafotidan soʻng boʻlgan. U 252/866 yili shaʼbon oyining oʻrtasida vafot etgan.

Hokim “Tarixi Naysobur” asarida bunday deydi: “Imom Buxoriy Nishopurga 250/864 yilda kelgan. U yerda bir muddat hadisdan taʼlim bergan holda yashagan”.

Shaharning eng peshqadam imomi muhaddis Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy shu yerda edi. Talaba va ulamolar uning oldiga kelardi. Uning majlislari hamisha ahli ilm va muhaddislar bilan toʻla edi. Imom Buxoriy kelganda, odamlar juda xursand boʻldi. Xossatan, ahli ilm. Imom Zuhaliy: “Bu olim va solih odamning oldiga borib, undan hadis eshitinglar”, dedi. Odamlar shunday qildi.

Ahmad ibn Adiy bunday deydi: “Menga mashoyixlardan bir jamoasi aytib berdi. Muhammad ibn Ismoil Nishopurga kelganda, odamlar uning atrofida toʻplanib dars ola boshladi. Nishopurning baʼzi mashoyixlari buni koʻrganda, unga hasad qildi. Baʼzi mashoyixlar hadis sohiblariga: “Muhammad ibn Ismoil: “Qurʼonni talaffuz qilish maxluq”, deyapti. Uni mana shu majlisda imtihon qilib koʻringlar”, dedi. Odamlar Imom Buxoriyning majlisida toʻplanganda, bir odam turib: “Ey Abu Abdulloh! Qurʼonni talaffuz qilish maxluq yoki maxluq emasligi haqida nima deysiz?” dedi. Imom Buxoriy unga javob berishdan bosh tortdi. U odam yana: “Ey Abu Abdulloh!” deb savolini qaytardi. Imom Buxoriy yana javob berishdan bosh tortdi. Uchinchi marta soʻraganda, Imom Buxoriy unga: “Qurʼon – Allohning kalomi, maxluq emas, bandalarning feʼllari – maxluq va imtihon qilish-bidʼat”, deb javob berdi. Shunda haligi odam va boshqalar shovqin koʻtarib, Imom Buxoriyning oldidan chiqib ketdi. Imom Buxoriy joyida qoldi”.   

Ibn Hajar “Muqaddima”da bunday keltiradi: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Nishopurga kelganda, nishopurliklar biror voliy yoki biror olimga qilmagan hurmat-ehtiromni unga koʻrsatdi. Ular Imom Buxoriyni shahar tashqarisiga chiqib, toʻp-toʻp boʻlib koʻtib oldi. Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy: “Kim ertaga Muhammad ibn Ismoilni kutib olishni xohlasa, kutib olsin. Men ham uni kutib olaman”, dedi. Imom Buxoriyni Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy va Nishopurning barcha ulamolari kutib oldi. Imom Buxoriy shaharga kirib, buxoroliklarning hovlisiga joylashdi. Shunda Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy bizga: “Undan kalom haqida biror narsa soʻramang. Agar bizga xilof javob bersa, u bilan oramizga ixtilof tushadi. Xurosondagi nosibiy, rofiziy, jahmiy va marjiʼiy toifalarining barchasi bizga ichqoralik qiladi”, dedi. Muhammad ibn Ismoilning oldida odamlar koʻpayib ketdi. Hatto hovli va sahnasi toʻlib ketdi. Kelganining ikkinchi yoki uchinchi kuni bir odam turib, Imom Buxoriydan Qurʼonni talaffuz qilish haqida soʻradi. Imom Buxoriy: “Feʼllarimiz maxluq va lafzlarimiz feʼllarimizdandir”, deb javob berdi. Odamlarning orasida ixtilof paydo boʻldi. Baʼzilar Imom Buxoriy aytmagan gapni u kishiga nisbat berib: “Muhammad ibn Ismoil: “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluq”, deyapti”, dedi. Baʼzilar: “Yoʻq, aytmadi”, dedi. Mana shu masalada ularning orasida ixtilof paydo boʻldi. Hatto ular bir-biriga tashlandi. Shunda hovlidagilar toʻplanib ularni chiqarib yubordi”.

Bu xabar Imom Buxoriy aytmagan gap tarqalib ketganiga dalolat boʻladi. Odamlar bu masalaga juda qattiq kirishib ketdi. Ular Imom Buxoriyning aytmagan gapini aytdi deb, fitna tarqatib yubordi. Oʻsha davrning juda koʻp ulamolari bu fitnani toʻxtatishga harakat qildi. Lekin fitnachilar uni keng tarqatib yuborgan edi.

Xatib Bagʻdodiy “Tarixi Bagʻdod”da Xaffof nomi bilan tanilgan Abu Amr Ahmad ibn Nasr ibn Ibrohim Nishopuriydan rivoyat qiladi: “Biz bir kuni Muhammad ibn Isʼhoq Qaysiyning huzurida edik. Muhammad ibn Nasr Marvaziy ham biz bilan birga edi. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy zikr qilinganda, Muhammad ibn Nasr Marvaziy bunday dedi: “Men Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: “Kim Muhammad ibn Ismoil: “Qurʼonni talaffuz qilishim  maxluq”, degan deb aytsa, u yolgʻonchi kazzobdir. Albatta, men bu gapni aytmaganman”, deganini eshitdim. Shunda unga: “Ey Abu Abdulloh! Odamlar bu gapga shoʻngʻib ketgan”, dedim. U: “Men faqat sizga aytgan va hikoya qilganlarimdan boshqasini aytmaganman”, dedi”.

Abu Amr Xaffof bunday deydi: “Men Muhammad ibn Ismoilning oldiga kelib, u bilan bir hadis toʻgʻrisida munozara qildim. Hatto u mamnun boʻldi. Shunda men: “Ey Abu Abdulloh! Bu yerda bir odam siz haqingizda Muhammad ibn Ismoil mana shu gapni aytgan deb yuribdi”, dedim. U: “Ey Abu Amr! Men sizga aytadigan gaplarimni qulogʻingizga quyib oling: “Nishopur, Qavmis, Ray, Hamadon, Halvon, Bagʻdod, Kufa, Madina, Makka va Basra ahlidan birortasi Muhammad ibn Ismoil: “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluq” degan, deb aytsa, u yolgʻonchi kazzobdir. Albatta, men bu gapni aytganim yoʻq. Men faqat: “Bandalarning feʼllari maxluq”, deganman”, dedi”.

Imom Buxoriy bunday deydi: “Men haqimda Muhammad ibn Ismoil: “Qurʼonni talaffuz qilishim maxluq” degan, deb aytgan har qanday odam yolgʻon gapirib meni qoralabdi. Albatta, men: “Bandalarning feʼllari maxluq”, deganman, xolos”. Imom Gʻunjor buni “Tarixi Buxoro”da Imom Buxoriyning tarjimai holida mashhur imom Muhammad ibn Nasr Marvaziyga bogʻlangan sahih sanad bilan keltirgan. U Imom Buxoriydan mana shu gapni eshitgan. Yana Xaffof Abu Amr Ahmad ibn Nasr Nishopuriyning sanadi bilan ham keltirgan. U ham Imom Buxoriydan mana shu gapni eshitgan.

Bu xabarlardan Imom Buxoriyning: “Qurʼonni talaffuz qilish maxluq”, demagani aniq boʻladi. Bu yolgʻonni baʼzi hasadgoʻy va nodonlar tarqatgan. Ulardan keyingi davrlarda yashab oʻtgan ulamolardan birortasi Imom Buxoriy mana shu gapni aytgan desa, u ham yuqorida aytib utilganidek, yolgʻonchi boʻladi.

Imom Buxoriy bu fitnadan keyin “Xolqu afʼolil ibod” kitobini yozgan va u voqeani aytib bergan. Kitobning sanadlariga qaraydigan boʻlsak, Imom Buxoriy uning mazmunini 256/870 yilda, yaʼni vafotidan sal oldin aytib bergan.

Tafakkur qiluvchi bu kitobdan yuqoridagi fitnaga dalolat qiladigan baʼzi ishoralarni va Imom Buxoriyning musulmonlarga qilgan baʼzi nasihatlarini topadi.  

Bu kabi fitnalardan saqlanish lozim. Shuning uchun Muhammad ibn Shodil Imom Buxoriydan: “Siz haqingizda hikoya qilingan mana shu masalaga nima deysiz?” deb soʻraganda, Imom Buxoriy: “Ey oʻgʻilcham! Bu tahlikali masala. Men Ahmad ibn Hanbalni va bu masalada unga yetgan aziyatlarni koʻrganman. Bu masala haqida gapirmaslikni qasd qilganman”, degan.

Odamlar Imom Buxoriyning gapini toʻgʻri tushunmagan. Shuning uchun u haqda behuda gaplar tarqalgan. Unga qarshi fitnalar sodir boʻlgan. Nishopurda sodir boʻlgan fitna sababli, Imom Buxoriy u yerdan chiqib, ona yurtiga qaytgan.

Alloh taoloning marhamatini qarangki, Imom Buxoriyning hayotida sodir boʻlgan sinov va aziyatlar u kishiga hech qanday zarar bermadi. Balki Alloh taolo uni ahli sunna val jamoa imomlaridan qildi va martabasini baland qildi. Uning “Sahihul Buxoriy” kitobi islom olamida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bayon qilingan asarlarning eng ulugʻi boʻldi. Shuni ham yaxshi bilamizki, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hadis ilmida moʻminlarning amiri va ahli sunnaning imomi kabi unvonlarga sazovor boʻldi. U kishi goʻzal sabri va Allohdan savob umid qilgani tufayli oʻzidan keyingilar uchun namunaga aylandi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …